Tovar sifatini rag‘batlantiruvchi omillarga yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarilishinining turli ko‘rinishdagi moddiy va ma’naviy rag‘batlantirilishi, iqtisodiy kurashning (raqobat) etarili darajada ekanligi, bozorda tovar sifatini nazorat qilishning etarli darajada yo‘lga qo‘yilganligi kabilarni sanab o‘tish mumkin.
Tovar sifatining saqlanishiga yordam beruvchi omillarga tovar upakovkasi, saqlash, tashish va foydalanish shartlari kabilarni kiritish mumkin.
Upakovka muomala jarayonida tovarni shikastlanishdan, yo‘qolishdan va ifloslanishdan saqlaydigan vosita yoki vositalar jamlamasidan iboratdir. Bu vositalar tovarlarning nafaqat iste’mol xususiyatlarini saqlaydi, balki u tovarning yaxshigina reklama tashuvchisi vazifasini ham ado etadi, xizmat ko‘rsatish madaniyatining yuksalishiga omil bo‘ladi, iste’molchi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi. Idishlar(taralar) vazifasiga ko‘ra iste’mol va transport idishlariga bo‘linadi. Idishlar foydalaniladigan materiallarga qarab tiplarga bo‘linadi (yog‘och, metall, shisha kabilardan tayyorlangan) va shakllariga qarab turlarga bo‘linadi (yashiklar, bochkalar, qutilar, paketlar va boshqalar).
Iste’mol taralari tovar bilan birgalikda iste’molchiga kelib tushadi. Iste’mol taralari vazifalari va tovarning iste’mol xususiyatlariga bog‘liq holda turli-tuman bo‘lishi mumkin. Iste’mol taralari asosiy turlari butilkalar, flakonlar, bankalar, tubalar, paketlar, turli ko‘rinish va o‘lchamdagi qutilar hisoblanadi. Ular shisha va metaldan, turli markadagi qog‘oz va kartondan, plastmassalardan (polietilen, zarbga chidamli polistrol, organik shisha) tayyorlanadi. Plastmassa taralar bugungi kunda juda keng foydalanilmoqda, chunki ular nisbatan arzon, mustahkam, kimyoviy jihatdan ancha barqaror, engil, va dekorativ material hisoblanadi. Iste’mol tarasi tovarni iste’molchiga jo‘natish jarayonini yakunlaydi, shuning uchun u jozibador, konstruktiv va rang echimi bo‘yicha zamonaviy, qulay bo‘lishi lozim.
Transport taralari tovarni tashish va saqlash jarayonida saqlaydi, ortish-tushirish ishlarini mexanizatsiyalashtirishni osonlashtiradi.
Tara va o‘rash-joylash materiallari tovar xususiyatlariga mos bo‘lishi, engil, suv va namlikni o‘tkazmaydigan, hidsiz, atrof-muhitga salbiy ta’sir etmaydigan bo‘lishi kerak.
Tovarlarni saqlash- qisqa va uzoq vaqt bo‘lishi mumkin, u savdo jarayonining muhim unsurlaridan biridir.
Tovarlarni saqlashda ularga quyidagi omillar ta’sir etadi: fizik-kimyoviy- namlik, harorat, yorug‘lik, kislorod va havodagi boshqa gazlar; mexanik- turli ko‘rinishdagi yuklamalar (siqish, buklash, turtish, zarblar); biologik- mikroorganizmlar, hashoratlar, kemiruvchilar.
Nisbiy namlik- bu bir birlik havoda maksimal bo‘lishi mumkin namlikka nisbatan haqiqatda mavjud bo‘lgan namlik bo‘lib, u foizlarda hisoblanadi. Ko‘pchilik tovarlar 65 5% namlikda saqlanadi.
Harorat nisbiy namlik bilan bog‘liq. Harorat ko‘tarilganda namlik kamayadi va aksincha. Ko‘pchilik tovarlar uchun optimal saqlash harorati Q16-20oS ni tashkil etadi.
Yorug‘lik tabiiy va sintetik polimerlarning eskirishini tezlashtiradi, plastmassalarning rangi, yaltiashi va tiniqligiga salbiy ta’sir o‘tkazadi, matolarning rangi buzilishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga yorug‘lik mikrobiologik jarayonlarning sekinlashuviga yoki to‘xtashiga, kuya va boshqa hashoratlarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu sababli omborlarda yoyilgan kunduzgi yoki sun’iy yorug‘lik tushib turishi ta’minlanishi shart.
Havodagi kislorod lak va bo‘yoqlarni oksidlantiradi, himoya qoplamasi bo‘lmagan metall buyumlarni zanglatadi. Shu sababli kislorod bilan faol reaktsiyaga kirishadigan materiallar germetik idishlarga joylanadi, metall mahsulotlar esa maxsus moylar bilan moylanadi.
Mexanik ta’sirlar- turtilish, urilish, taxlash vaqtida tovarga tushadigan yuk kabilardan iboratdir. Bu ta’sir ham deyarli barcha tovarlar uchun xosdir, biroq shisha, keramika mahsulotlari kabi mahsulotlar uchun juda ahamiyatlidir.
Tovarlarning iste’mol xususiyatlari ijtimoiy, funktsional, ergonomik, ishonchlilik, estetiklik, xavfsizlik kabi xususiyatlarning yig‘indisidan iboratdir.
Tovarning iste’mol xususiyatlari guruhlarga, kichik guruhlarga va tasniflashning boshqa kategoriyalariga bo‘linadi. Tasniflashning quyi bo‘g‘inlarida albatta tovarning tabiiy xossalari (kimyoviy, fizik va fizik-kimyoviy) va bevosita o‘lchash mumkin bo‘lgan konstruktsion kattaliklari turadi. Yuqori bo‘g‘in tasnifidagi ko‘rsatkichlar ushbu tabiiy ko‘rsatkichlarga bog‘liq bo‘ladi.
Tovar iste’mol xossalarining ijtimoiy ko‘rsatkichlariga ushbu tovarni ishlab chiqarish va sotishning maqsadga muvofiqligi (ushbu tovarga bo‘lgan talab qondirilmagan), tovarning ijtimoiy manzili va iste’molchi klassi (havaskorlar uchun fotoapparat, keksalar uchun maxsus tovarlar), tovarning optimal assortimentga mosligi (tovarning bitta funktsional kompleks bilan bog‘laganligi), tovar ma’naviy eskirishining tezligi hamda ushbu tovar keltirib chiqaradigan qo‘shimcha ijtimoiy effektlar(turli tovar va xizmatlarning bozorga joriy etilishi boshqa bir tovar yoki xizmatga bo‘lgan talab ni keltirib chiqarishi) kabilar kiradi.
Funktsional ko‘rsatkichlar tovarning foydaliligini, ya’ni uning o‘z funktsiyalarini bajara olish qobiliyatini ko‘rsatadi. Unga asosiy funktsiyani bajarilishning takomillashtirilganligi ko‘rsatkichi (bu ko‘rsatkich tovarning tarkibiga (sovunda moy kislotalarining ulushi, sintetik smolalarning polimerlanish darajasi kabilar), funktsional va texnik samaradorlik ko‘rsatkichiga (shamollatgich tomonidan haydaladigan havoning hajmi, sovutkich yoki havo konditsionerining sovuq ishlab chiqarish ko‘rsatkichi kabilar), konstruktiv ko‘rsatkichlariga (piyola, stakan yoki choynakning shakli va sig‘imi kabilar) bog‘liq bo‘ladi), foydalanishning universalligi ko‘rsatkichi, yordamchi operatsiyalarni bajarilishining takomillashtirilganligi ko‘rsatkichi (o‘rnatish va ishga tushirishning oddiyligi va kam vaqt talab qilishi, foydalanishning qulayligi va boshqalar) kabi ko‘rsatkichlar kiradi.
Tovar iste’mol xossalaring ergonomik ko‘rsatkichlariga gigienik, antorpometrik va fiziologik va psixologik ko‘rsatkichlar kiradi.
Ishonchlilik ko‘rsatkichi mazkur tovarning ma’lum bir vaqt oralig‘ida o‘z funktsional xususiyatlarini saqlab ola qolishini bildiradi. Ishonchlilik murakkab xossa bo‘lib, u quyidagi nisbatan oddiy xossalar jamlamasidan tashkil topadi: buzulmay ishlay olish, uzoq muddatga yaroqlilik, ta’mirlash imkonining mavjudligi va saqlanishning oddiyligi va uzoq vaqtliligi.
Buzulmay ishlash ehtimoli birning ulushlari sifatida beriladi (masalan, changyutkichlar uchun 100 soat buzulmay ishlash ehtimoli 0,95 ga teng), buzulmay ishlay olishi kilometrlarda, soatlarda beriladi (televizorlar uchun kamida 2100 soat, ko‘pi bilan 7700-7800 soat, sovutkich uchun kamida 2500 soat, maksimumi esa 9300 soatgacha, kompyuter qattiq magnit disklari uchun o‘rtacha 1000 000 soat).
Uzoq muddatga yaroqlilik ko‘rsatkichi tovarning (ta’mirlash vaqtidagi uzilishlar bilan birgalikda) o‘z ish qobiliyatini ushlab tura olishining eng uzoq vaqti tushuniladi.
Tovarning estetik xususiyatlari integral xususiyat bo‘lib, u tovarning naflilinini, ratsionalligini, go‘zalligi va badiiy ifodaga ega ekanligini bildiradi.
Tovarning ekologik ko‘rsatkichlari uning atrof-muhitga, insonga zararli ta’sirining darajasi va uning ko‘rinishlarini bildiradi.
Tovarning xavfsizligi biologik, elektrik, mexanik, yong‘in xavfsizligi kabilardan iborat bo‘ladi.
Tovarning iqtisodiy ko‘rsatkichlari avvalo tovarning tannarxini, uning raqobatbardoshligini bildiradi.
Mahsulotning fizik, kimyoviy, fizik-kimyoviy, mexanik, texnologik xossalari uning iste’mol qiymatini belgilab beruvchi asosiy xossalardir.
Mahsulotning fizik xossalari: xom ashyo, material va mahsulotlarning massasi: zichligi, hajmi (uyma) massasi, 1 m massasi va boshqalar; material va mahsulotlarning o‘lcham ko‘rsatkichlari; erish harorati, issiqdan kengayish, termik chidamlilik, o‘rtacha chidamlilik kabi termik xossalari; elektr o‘tkazuvchanlik, elektrik qarshilik, dielektrik singdiruvchanlik, elektrik pishiqlik kabi elektr xossalari; magnit singdiruvchanlik, magnitlanish va magnitsizlanish tezligi kabi magnit xossalari; tovush o‘tkazuvchanlik tovush yutuvchanlik kabi akustik xossalari; rang, yaltirash, shaffoflik, nur singdiruvchanlik kabi optik xossalari; suv, gaz, chang va havo singdiruvchanlik, uyushib qolish, qochish kabi sorbtsion xossalari fizik xossalar qatoriga kiradi. Muayyan maqsadlar uchun xom ashyo va material tanlashda fizik xossa ko‘rsatkichlarini bilish zarur. Material va ashyolarning ko‘pgina turlari uchun fizik xossa ko‘rsatkichlari davlat standartlari bilan normalab beriladi.
Mahsulotning kimyoviy xossalari: kimyoviy xossalar xom ashyo, material va shulardan yasalgan tayyor buyumlarning turli kimyoviy modda va emiruvchi muhit ta’siriga bo‘lgan nisbatini ko‘rsatadi. Suvga, kislotaga, ishqor, benzin va moyga chidamliliq yorug‘lik ta’siriga munosabati (eskirishi), shuningdek aktivligi (boshqa mahsulot turlari bilan o‘zaro ta’sirda bo‘lishi) qobiliyati sanoat mahsulotining asosiy kimyoviy xossalari qatoriga kiradi. Eruvchanlik qovushoqlik, yonish issiqligi, detanatsion chidamlilik, alanga olish va qotish harorati kabi fizik-kimyoviy xossalar sanoat mahsulotining sifatiga ancha ta’sir etadi.
Mahsulotning mexanik xossalari: cho‘zish, siqish, egilishga chidamlilik; deformatsiya (cho‘zish, siqish, surish, burish va boshqalar), qattiqlik, zarb qovushqoqligi, mo‘rtlik elastikliq plastiklik chidamlilik sanoat mahsulotining eng muhim mexanik xossalari hisoblanadi. Ishlab chiqarishda yoki foydalanishda turli tashqi kuchlar duch keluvchi materiallar va buyumlarni ta’riflashda mexanik xossalar nazarda tutiladi. Xom ashyo va materiallarning vazifasi, detal va ashyolarning puxtaligi va ko‘pga chidashi ularning mexanik xossalariga bog‘liq bo‘ladi. Material va buyumlarning mexanik xossalari davlat standartlari bilan me’yorlashtiriladi va mahsulot etkazib berishda yuk jo‘natish hujjatlarida ko‘rsatiladi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasida xalq iste’moli tovarlariga standartlar O‘zbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat komiteti tomonidan ishlab chiqiladi. Standart talabi bilan belgilanadigan tovarlarning sifat ko‘rsatkichlari ularning oziqlik qiymatini, lazzatlilik xususiyatlarini, zararsizligini va yangiligini, umuman mahsulot sifatini kafolatlaydi. Standartlar haridorlarning huquqlarini himoya qiladi. Umuman davlat standarti orqali xalq iste’moli tovarlarining sifatini fan-texnika taraqqiyoti darajasi, xalq xo‘jaligi, aholi va jahon bozori talablariga mos holda boshqarish amalga oshiriladi.
Xalq iste’moli tovarlariga nisbatan qo‘llaniladigan standartni mahsulot ishlab chiqarish va sotish jarayonida iste’mol qiymatini solib ko‘rish uchun etalon-namuna vazifasini o‘taydigan me’yoriy-texnik hujjat deb ta’riflash mumkin. Mamlakatimizda ishlab chiqiladigan me’yoriy-texnik hujjatlar 3 toifaga bo‘linadi:
1. Davlat standarti. Davlat standartlari respublika miqyosida hamma ministrliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar uchun majburiy hujjat hisoblanadi. Bu standartlar eng asosiy xalq iste’moli tovarlariga ishlab chiqariladi va Davlat standartlashtirish komiteti tomonidan tasdiqlanadi.
2. Tarmoq standartlari. Bu standartlar shu tarmoqqa qarashli korxonalar va tashkilotlar ishlab chiqargan tovarlar uchun hamda ular qaysi idoraga qarashli bo‘lishidan qat’iy nazar, shu tovarlarni ishlab chiqaradigan va sotadigan barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga nisbatan qonuniy kuchga ega bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Tarmoq standartlari shu tarmoq uchun etakchi bo‘lgan vazirlik tomonidan tasdiqlanadi. Tarmoq standartlari ko‘pincha shu tarmoqka qarashli korxonalar va tashkilotlar faoliyatida ishlatiladigan xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar uchun ishlatiladi.
Texnik shartlar. Bu standartlar kichik hajmda ishlab chiqariladigan, xususiyatlari hali yaxshi o‘rganilmagan xalq iste’moli tovarlari uchun yaratiladi. Texnik shartlar juda qisqa muddat kuchda bo‘ladi. Texnik shartlar shu tovarni ishlab chiqarishda etakchi bo‘lgan vazirliklar, viloyat ijroiya komitetlari, shahar xalq deputatlari kengashi va boshqa tashkilotlar tomonidan tasdiqlanadi.
1 Foydalanish (ekspluatatsiya) so’zi ishlatilish chog’ida o’z resurslarni asta-sekin sarf etib boradigan tovarlarga (changyutkich, televizor, avtomobil, kiyim-kechak kabilar) nisbatan ishlatilsa, iste’mol qilish iborasi esa ishatilish chog’ida o’zi sarf bo’ladigan tovarlarga (oziq-ovqatlar, sovun, atir-upa kabilar) nisbatan ishlatiladi.