Jamg‘arma Vasiylik kengashi — Jamg‘armani boshqarishning yuqori organi;
Jamg‘arma ijroiya direksiyasi — Jamg‘armaning ijrochi organi bo‘lib, Jamg‘armaga joriy rahbarlikni amalga oshiradi hamda uning faoliyati uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi;
darsliklar to‘plami — har yili Jamg‘arma Vasiylik kengashi tomonidan tegishli sinflar va ta’lim tillari bo‘yicha tasdiqlanadigan ijara tizimiga kiradigan darsliklar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-maydagi PQ–362-sonli “Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, umumta’lim maktablarining birinchi sinf o‘quvchilari uchun darsliklar har yili, 2—4-sinflar uchun — ikki yilda bir marta va 5—9-sinflar uchun — to‘rt yilda bir marta yangilanadi.
Umumta’lim maktablarining 2—4-sinf o‘quvchilari uchun chet tillari bo‘yicha darsliklarning ish daftarlari har yili yangilanadi.
3. Darsliklar to‘plami umumta’lim maktablarining kutubxona jamg‘armalaridan ixtiyoriylik asosida ijaraga beriladi.
O‘quvchi va o‘qituvchilarni chet tillar bo‘yicha darsliklar va ularni O‘MQlar bilan ta’minlash, ularni belgilangan muddatlarga rioya etilgan holda qayta nashr etish Jamg‘armaning aylanma mablag‘lari hisobidan bepul amalga oshiriladi.
2-bob. Darsliklar va O‘MQlarni nashr etishga buyurtmani shakllantirish va bajarish
4. Darsliklar va O‘MQlarni nashr etishga buyurtmani shakllantirish va ularni umumta’lim maktablariga yetkazib berish mazkur Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Xalq ta’limi vazirligi zarur darsliklar va O‘MQlar bilan ta’minlanganligi bo‘yicha umumta’lim maktablari kutubxona jamg‘armalarini har yili inventarizatsiya qilish hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari va o‘qituvchilarining darsliklar bilan ta’minlanganligini o‘rganish asosida keyingi kalendar yili uchun darsliklar va O‘MQlarga bo‘lgan ehtiyojning prognoz ko‘rsatkichlarini chakana savdo tarmog‘i orqali, umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasi hisobidan bepul ta’minlanish va ijara asosida ta’minlanish kesimida har yili 1-iyungacha Jamg‘arma ijroiya direksiyasiga taqdim etadi. Bunda keyingi kalendar yili uchun o‘quvchilarning istiqbol kontingenti O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda aniqlanadi.
6. Respublika bo‘yicha darsliklar va O‘MQlarga bo‘lgan yakuniy ehtiyoj Xalq ta’limi vazirligi tomonidan aniqlanadi.
7. Kelgusi o‘quv yilida foydalanishga tavsiya etilgan darsliklar va O‘MQlar ro‘yxati 1-avgustga qadar mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanib, barcha umumta’lim maktablariga yetkaziladi va ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.
8. Ijara tizimiga kiradigan darsliklar ro‘yxati Jamg‘arma Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi va 10-avgustgacha kelgusi o‘quv yiliga darsliklarni xarid qilishga istiqbol kvotalarni shakllantirish uchun umumta’lim maktablariga yetkaziladi va ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.
9. Kelgusi o‘quv yilida foydalanishga tavsiya etilgan darsliklar va O‘MQlar ro‘yxati hamda Jamg‘arma Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan ijara tizimiga kiradigan darsliklar ro‘yxati umumta’lim maktablarining kutubxona jamg‘armalari uchun budjet mablag‘lari hisobidan darsliklarni xarid qilishga har yilgi buyurtmalarni shakllantirish hamda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan darsliklar bilan ta’minlashning istiqbol ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun asos bo‘ladi.
10. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili 1-sentabrgacha kelgusi o‘quv yiliga darsliklar va O‘MQlarni xarid qilishga buyurtmalarni shakllantirish uchun talabnoma (bundan buyon matnda buyurtma deb yuritiladi) shakli tasdiqlanadi hamda barcha umumta’lim maktablariga yetkaziladi.
11. Buyurtma quyidagi ko‘rsatkichlar asosida shakllantiriladi:
birinchi sinfga o‘quvchilarni qabul qilishning istiqbol ko‘rsatkichlari;
darsliklar bilan bepul ta’minlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilarning soni;
ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari;
umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasida o‘tkazilgan xatlov natijalari.
12. Umumta’lim maktabining birinchi sinfiga o‘quvchilarni qabul qilishning istiqbol ko‘rsatkichlari umumta’lim maktabi joylashgan hududda har yili o‘tkaziladigan kuzatuvlar natijalari asosida aniqlanadi.
13. Kelgusi o‘quv yili uchun darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi o‘quvchilarning ro‘yxati har yili 1-sentabrgacha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari iltimosnomasiga va ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan shakllantiriladi.
14. Umumta’lim maktablari tomonidan har yili 15-sentabrdan kechiktirmasdan ota-onalar qo‘mitasi bilan birgalikda kelgusi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar bilan ta’minlash usulini tanlash yuzasidan ota-onalar yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar orasida mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi anketa asosida so‘rov o‘tkaziladi.
Bunday so‘rov umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidan darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadigan o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar orasida o‘tkazilmaydi.
15. Birinchi sinfga o‘quvchilarni qabul qilishning istiqbol ko‘rsatkichlari, darsliklar bilan bepul ta’minlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilarning soni hamda ota-onalar yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asosida umumta’lim maktabi bo‘yicha buyurtma loyihasi tayyorlanadi. Bunda buyurtma loyihasidagi darsliklar va O‘MQlar soni umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasida o‘tkazilgan xatlov natijalariga asosan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan foydalanishga tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxatiga muvofiq bo‘lgan va kelgusida foydalanish uchun yaroqli deb topilgan darsliklar soniga kamaytiriladi.
16. Umumta’lim maktabi bo‘yicha buyurtma hamda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan darsliklar va O‘MQlarni erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar (bundan buyon matnda erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar deb yuritiladi) umumta’lim maktabi pedagogik kengashi tomonidan muhokama qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
17. Umumta’lim maktabi bo‘yicha buyurtma hamda erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar umumta’lim maktabi tomonidan har yili 1-oktabrgacha qog‘oz (imzolangan va tasdiqlangan holda) hamda elektron shaklda xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limiga taqdim etiladi.
18. Umumta’lim maktablari bo‘yicha buyurtmalar hamda erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi tomonidan fanlar, ta’lim tillari, darsliklar va O‘MQlar nomlari hamda sinflar kesimida har bir umumta’lim maktabi bo‘yicha tahlil qilinadi va umumlashtiriladi.
Tuman (shahar) bo‘yicha buyurtmalar hamda erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar har yili 10-oktabrgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasiga (bundan buyon matnda hududiy xalq ta’limi organlari deb yuritiladi) taqdim etiladi.
19. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda nashriyot, bosmaxona va kitob-savdo tashkilotlari bilan birgalikda har yili oktyabr-noyabr oylarida barcha viloyat markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida umumta’lim maktablari uchun kelgusi o‘quv yiliga mo‘ljallangan darsliklar va O‘MQlarning ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-yarmarkalari tashkil etiladi.
20. Tuman (shahar) bo‘yicha buyurtmalar hamda erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar hududiy xalq ta’limi organlari tomonidan tahlil qilinadi hamda Jamg‘arma ijroiya direksiyasining hududiy vakillari bilan birgalikda darsliklar va O‘MQlarning ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-yarmarkalari natijalarini ham inobatga olgan holda umumlashtiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha buyurtmalar hamda erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar fanlar, ta’lim tillari, darsliklar va O‘MQlar nomlari va sinflar kesimida tasdiqlanadi hamda 20-noyabrgacha Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etiladi.
21. Hududiy xalq ta’limi organlari tomonidan taqdim etilgan buyurtmalar hamda erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumlashtiriladi va har yili 1-dekabrgacha mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda kelgusi o‘quv yilida respublika bo‘yicha umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun darsliklar va O‘MQlarni xarid qilishning istiqbol kvotalari shakllantiriladi hamda bir oy ichida ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Jamg‘arma Vasiylik kengashiga taqdim etiladi.
Respublika bo‘yicha umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun darsliklar va O‘MQlarni xarid qilishning istiqbol kvotalarini tasdiqlash, shuningdek unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Jamg‘arma Vasiylik kengashining qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Respublika bo‘yicha darsliklarni xarid qilishning istiqbol kvotalarini har bir hududlar kesimida shakllantirishda 1-sinf o‘quvchilariga sinflar va ta’lim tillari bo‘yicha buyurtmaning umumiy hajmidan 5% gacha, 2 — 9-sinf o‘quvchilariga darsliklardan foydalanish davrlarida sinflar va ta’lim tillari kesimida eng ko‘p o‘quvchilar kontingenti tahlili asosida umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasining zaxirasi shakllantirilishi mumkin.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining 2015-yil 21-dekabrdagi 27-mh, 106, 24, 10-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2577-1, 28.12.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 649-modda)
23. Jamg‘arma Vasiylik kengashining qarori bilan respublika bo‘yicha darsliklar va O‘MQlarni xarid qilishning istiqbol kvotalari tasdiqlangandan keyin, Xalq ta’limi vazirligi:
15-yanvargacha respublika bo‘yicha ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan darsliklar va O‘MQlarni erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlarni tuman va shaharlar hamda umumta’lim maktablari kesimida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi orqali tegishli nashriyot, bosmaxona va kitob-savdo tashkilotlariga taqdim etadi;
1-fevralgacha respublika bo‘yicha darsliklar va O‘MQlarni xarid qilishning istiqbol kvotalarini umumta’lim maktabi uchun zaxirani inobatga olgan holda har bir umumta’lim maktabiga yetkazilishini tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
1-aprelgacha qonunchilik hujjatlari talablari asosida umumta’lim maktablarining kutubxona jamg‘armalari uchun darsliklar va O‘MQlarni nashr etish va qayta nashr qilish yuzasidan tender va (yoki) tanlov savdolarining o‘tkazilishini tashkil etadi;
(23-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasining zaxirasini hisobga olgan holda mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha darsliklar va O‘MQlarning taqsimotini tuzadi hamda darsliklar va O‘MQlarni 1-avgustgacha barcha umumta’lim maktablariga yetkazilishini ta’minlaydi.
24. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tuzilgan darsliklar va O‘MQlarning taqsimoti asosida hududiy xalq ta’limi organlari tomonidan tumanlar va shaharlar bo‘yicha, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan esa, har bir umumta’lim maktabi bo‘yicha darsliklar va O‘MQlarning taqsimoti tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Darsliklar va O‘MQlarni xarid qilish va yetkazib berish, shuningdek qonunchilik hujjatlariga muvofiq Jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladigan boshqa xarajatlar bo‘yicha to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi orqali amalga oshiriladi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
26. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan erkin sotib olish bo‘yicha istiqbol ko‘rsatkichlar asosida har yili 1-iyulgacha zarur hajmlar va nomlardagi darsliklar hamda O‘MQlar nashr etilishini ta’minlaydi.
27. Chakana savdo tarmog‘i orqali erkin sotish uchun nashr etilgan darsliklar va O‘MQlarni sotish uchun tegishli nashriyot, bosmaxona va kitob-savdo tashkilotlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda shaharlar va tumanlar markazlarida ixtisoslashtirilgan yarmarka-savdo shoxobchalari, olis aholi punktlarida darsliklar chakana savdosi tarmoqlari, shu jumladan maxsus maktab bozorlari tashkil etiladi.
3-bob. Umumta’lim maktablarining ayrim toifadagi o‘quvchilarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan darsliklar bilan aniq manzilli ta’minlash
28. Darsliklar va O‘MQlarni (chet tillari bo‘yicha darsliklar va ularga O‘MQlar bundan mustasno) xarid qilish va yetkazib berish bo‘yicha quyidagi xarajatlar Jamg‘arma tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi:
umumta’lim maktablarining birinchi sinf o‘quvchilarini ta’minlash uchun;
“Mehribonlik” uylari, maxsus maktab va maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari bo‘lgan o‘quvchilarni ta’minlash uchun;
ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilarni ta’minlash uchun, nodavlat umumta’lim maktablari bundan mustasno;
umumta’lim maktablari ijara tizimini darsliklar bilan birlamchi ta’minlash uchun;
umumta’lim maktablari o‘qituvchilarini O‘MQlar bilan ta’minlash uchun.
29. Nodavlat umumta’lim maktablarining 2—9-sinf o‘quvchilarini Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilingan darsliklar bilan ta’minlash ijara to‘lovi asosida amalga oshiriladi, chet tillari bo‘yicha darsliklar va ularga O‘MQlar bundan mustasno.
30. Birinchi sinf o‘quvchilari, “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab va maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari bo‘lgan o‘quvchilar va ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilar umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasi tomonidan darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadi. Bunda darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi o‘quvchilarning ro‘yxati 1-sentabrgacha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari iltimosnomasiga va ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan umumta’lim maktabining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
31. Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsoni mavjud bo‘lgan o‘quvchilarni darsliklar bilan ta’minlash foydalanishga yaroqli bo‘lgan mavjud darsliklarni hisobga olgan holda umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasini yangilash va to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
32. O‘quvchini boshqa umumta’lim maktabiga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan taqdirda, unga bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar uch kun ichida umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasiga qaytarilishi lozim. Bunda umumta’lim maktabi ma’muriyati tomonidan o‘quvchi joriy o‘quv yilida darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanishi lozimligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi. O‘quvchi uni qabul qilgan umumta’lim maktabi tomonidan mazkur ma’lumotnoma asosida darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadi.
33. Umumta’lim maktabining kutubxona jamg‘armasida boshqa umumta’lim maktabidan kelgan, shu jumladan, darsliklar to‘plami ijara asosida beriladigan o‘quvchilar uchun darsliklar to‘plami bo‘lmagan taqdirda, ularni zarur darsliklar to‘plami bilan ta’minlash mazkur Nizomning 5-bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
34. Umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan darsliklar va O‘MQlar bilan umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasining zaxirasi hisobidan bepul ta’minlanadi.
35. O‘quvchi va o‘qituvchilarga bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar va O‘MQlar o‘quv yili yakunida to‘liq hajmda umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasiga qaytariladi, birinchi sinf o‘quvchilariga berilgan ish daftarlari bundan mustasno.
4-bob. Darsliklarni ijaraga berish va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish
36. Ijara tizimidagi darsliklar to‘plami o‘quvchilarga umumta’lim maktabi ma’muriyati va o‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud homiy o‘rtasida mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladigan darsliklarni ijaraga berish to‘g‘risidagi namunaviy shartnoma asosida beriladi.
37. Bepul foydalanish uchun taqdim etiladigan darsliklar va O‘MQlar, shu jumladan chet tillari bo‘yicha darsliklar va ularga O‘MQlar umumta’lim maktabi ma’muriyati va o‘quvchining ota-onasi yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud umumta’lim maktabi o‘qituvchisi o‘rtasida mazkur Nizomning 7-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladigan darsliklar va/yoki o‘quv-metodik qo‘llanmalarni bepul foydalanishga berish to‘g‘risidagi namunaviy shartnoma asosida beriladi.
38. Foydalanishga berilganligi to‘g‘risida har bir darslik va O‘MQga kutubxonachi tomonidan tegishli qaydlar qo‘yiladi.
39. Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi miqdori respublika bo‘yicha yagona bo‘lib, u Jamg‘arma Vasiylik kengashi tomonidan sinflar va ta’lim tillari kesimida tasdiqlanadi va 25-avgustgacha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan barcha umumta’lim maktablariga yetkaziladi, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
40. Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi miqdorini aniqlash jarayonida tegishli miqdordagi darsliklarni joriy moliya yilida yangilash va ijara tizimiga kiritilishida ularni xarid qilish va yetkazib berish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larning shartnomaviy hajmi, Jamg‘arma ijroiya direksiyasining o‘tgan moliya yilidagi haqiqiy xarajati hamda o‘tgan moliya yilidagi Jamg‘arma tomonidan haqiqatda olingan yoki kelgusi moliya yilida olinishi kutiladigan daromadlar hisobga olinadi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 1-iyundagi PQ-363-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq darsliklar uchun ijara to‘lovlarini hisoblash va to‘lash tartibi Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
(40-band O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining 2015-yil 21-dekabrdagi 27-mh, 106, 24, 10-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2577-1, 28.12.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 649-modda)
41. Darsliklar to‘plamlari uchun ijara to‘lovi miqdorlarini aniqlashda istiqbol ko‘rsatkichlar qo‘llanganligi sababli, tegishli o‘quv yilida ijara to‘lovi miqdorlarining hisoblashda kamchiliklar mavjud bo‘lishi va buning natijasida ijara mablag‘lari ortiqcha yoki kam tushishi mumkin. Belgilangan ijara to‘lovi mablag‘larining ortiqcha yoki kam tushganligi aniqlanganda, mazkur ortiqcha yoki kam olingan summa kelgusi o‘quv yilida tegishli sinf va ta’lim tili bo‘yicha ijara to‘lovlari miqdorlarini hisoblashda kamaytirish yoki oshirish yo‘li bilan hisobga olinadi.
42. Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi shartnomaga asosan 30-sentabrgacha to‘liq hajmda to‘lanadi.
O‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar pul mablag‘lari vaqtinchalik yo‘qligi sababli, ijara to‘lovi muddatini uzaytirish to‘g‘risida umumta’lim maktabi ma’muriyatiga murojaat qilishi mumkin. Bunda ijara to‘lovi muddati umumta’lim maktabi vasiylik kengashi qarori va direktor buyrug‘i bilan uzaytiriladi.
Ijara to‘lovi muddati uzaytirilgan taqdirda, mazkur to‘lovning 50 foizi 30-sentabrgacha, qolgan qismi esa 30-noyabrgacha to‘lanishi lozim.
43. Darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovlari umumta’lim maktabining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda to‘lanadi.
44. Ijara to‘lovlari to‘langanligini, shuningdek yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan darsliklar va O‘MQlar uchun zarar qoplanganligini tasdiqlovchi to‘lov hujjatlari (to‘lov topshiriqnomasi, kvitansiya) nusxasi o‘quvchining (o‘qituvchining) familiyasi, ismi, otasining ismi, sinfi va ta’lim tili, tegishli o‘quv yili, umumta’lim maktabining raqami va uning hududiy mansubligi ko‘rsatilgan holda umumta’lim maktabining buxgalteriyasiga taqdim etilishi zarur.
45. Ijara to‘lovlari, shuningdek yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan darsliklar va O‘MQlar uchun umumta’lim maktabining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga kelib tushgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan besh kun ichida Jamg‘armaning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
46. Ijara to‘lovlari, shuningdek yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan darsliklar va O‘MQlar uchun umumta’lim maktabining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga kelib tushgan pul mablag‘larini umumta’lim maktabining ehtiyojlari va boshqa maqsadlar uchun sarflash taqiqlanadi.
47. Nodavlat umumta’lim maktablarida darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovlarining to‘lanishi ularning ma’muriyati tomonidan tashkil etiladi. Bunda ijara to‘lovlari ushbu muassasalar tomonidan mazkur Nizomning 42-bandida belgilangan muddatda Jamg‘armaning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga naqd yoki naqd pulsiz shaklda to‘lanadi.
48. Darsliklar to‘plami o‘quvchilarga quyidagi muddatlarda berilishi lozim:
darsliklardan ijara asosida foydalanadigan o‘quvchilarga shartnomaga asosan ijara to‘lovi to‘langandan, ijara to‘lovini to‘lash muddati uzaytirilgan hollarda, uning yarmi to‘langandan keyin. Bunda ijara to‘lovi to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjati nusxasining umumta’lim maktabining kutubxonachisiga taqdim etilishi darsliklar to‘plamini berish uchun asos bo‘ladi;
darsliklardan bepul foydalanadigan o‘quvchilarga tegishli shartnoma tuzilgan holda 10-sentabrgacha.
49. Darsliklarni to‘liqsiz to‘plamda ijaraga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
50. O‘quvchini boshqa umumta’lim maktabiga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan taqdirda, unga ijara asosida foydalanish uchun berilgan darsliklar uch kun ichida umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasiga to‘liq to‘plamda qaytarilishi lozim. Bunda to‘langan ijara to‘lovi qaytarilmaydi va o‘quvchiga umumta’lim maktabi ma’muriyati tomonidan darsliklar to‘plamidan foydalanish uchun ijara to‘lovi to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotnoma va tegishli to‘lov hujjatining nusxasi beriladi. O‘quvchi uni qabul qilgan umumta’lim maktabi tomonidan mazkur ma’lumotnoma va to‘lov hujjatining nusxasi asosida darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadi. Ma’lumotnoma yo‘qolgan taqdirda, uning dublikati beriladi.
51. Darsliklar yoki O‘MQlardan foydalanish usulidan qat’i nazar, ular yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan taqdirda, o‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoxud homiylar yoki o‘qituvchilar zararni xuddi shunday darslik yoki O‘MQlar bilan qoplaydi yoxud uning birlamchi hujjatlarda (hisob-fakturada, yuk xatida) ko‘rsatilgan qiymatini quyidagi miqdorlarda to‘laydi:
birinchi sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning bir baravari miqdorida;
2 — 4 sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning ikki baravari miqdorida;
5 — 9 sinf o‘quvchilarining har bir darslik va (yoki) O‘MQlari uchun — uning to‘rt baravari miqdorida.
52. Umumta’lim maktablarida ko‘rinarli joyga ijara tizimi bilan bog‘liq quyidagi ma’lumotlar joylashtirilishi shart:
darsliklar to‘plamlarini foydalanishga berish va ijara to‘lovini to‘lash tartibi;
darsliklar to‘plamlaridan foydalanish shartlari va muddatlari;
joriy o‘quv yili uchun Jamg‘arma Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan ijara to‘lovlari miqdorlari;
darsliklar yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga keltirilgan taqdirda, zararni qoplash tartibi.
53. Tegishli o‘quv yili uchun ortiqcha to‘langan ijara to‘lovlari yoki noto‘g‘ri o‘tkazilgan mablag‘lar aniqlanganda, umumta’lim maktabi tomonidan Jamg‘arma ijroiya direksiyasiga yozma ravishda murojaat qilinadi. Bunda Jamg‘arma ijroiya direksiyasining hududiy vakili mazkur murojaatning asosliligini umumta’lim maktabiga borgan holda o‘rganadi va natijasi bo‘yicha ma’lumotnoma tuzib, uni ko‘rib chiqish uchun Jamg‘arma ijroiya direksiyasiga taqdim etadi.
54. Ortiqcha to‘langan ijara to‘lovlari hamda noto‘g‘ri o‘tkazilgan mablag‘lar mavjudligi tasdiqlanganda, ushbu mablag‘lar Jamg‘arma ijroiya direksiyasi tomonidan Jamg‘armaning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘idan umumta’lim maktabining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
55. Umumta’lim maktabining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytarilgan mablag‘lar bevosita umumta’lim maktabi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ularni to‘lagan shaxslarga qaytariladi.
(55-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
5-bob. Darsliklarni qayta taqsimlash
56. Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasida darsliklar to‘plamlari yoki muayyan nomdagi darsliklar yetishmovchiligi mavjud bo‘lganda, umumta’lim maktabi ma’muriyati tomonidan o‘quv yili boshlangungacha darsliklarni foydalanishga berish sharti, zarur bo‘lgan soni, sinfi va ta’lim tilini aniq ko‘rsatgan holda qo‘shimcha darsliklar to‘plamlari yoki darsliklarni ajratish to‘g‘risida xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limiga yozma ravishda murojaat qilinadi.
57. Umumta’lim maktablarining murojaatiga asosan, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi tomonidan tegishli hududdagi umumta’lim maktablari bo‘yicha sinflar va ta’lim tillari kesimida o‘quvchilar kontingenti va ularning darsliklar bilan ta’minlanishi tahlil qilinadi.
Tahlil natijalariga asosan, xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi tomonidan tegishli tuman (shahar) hududi doirasida umumta’lim maktablari orasida darsliklar to‘plamlarini qayta taqsimlash to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Darsliklarni berish va qabul qilish, ularni bir umumta’lim maktabining balansidan boshqa umumta’lim maktabining balansiga bepul o‘tkazilishini inobatga olgan holda buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari asosida amalga oshiriladi. Bunda darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovlari ularni o‘z balansiga qabul qilgan umumta’lim maktabining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga to‘lanadi.
(57-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
58. Darsliklar to‘plamlari yetishmovchiligini ularni tegishli hududdagi umumta’lim maktablari bo‘yicha qayta taqsimlash orqali bartaraf etish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda:
xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tegishli hududiy xalq ta’limi organiga;
hududiy xalq ta’limi organlari tomonidan Xalq ta’limi vazirligiga darsliklar to‘plami soni, sinfi va ta’lim tilini aniq ko‘rsatgan holda qo‘shimcha darsliklar to‘plamlarini ajratish to‘g‘risida yozma ravishda murojaat qilinadi.
59. Tumanlar (shaharlar) bo‘yicha darsliklar to‘plamlari yuzasidan tahlil o‘tkazish va ularni qayta taqsimlash hududiy xalq ta’limi organlari tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha darsliklar to‘plamlari yuzasidan tahlil o‘tkazish va ularni qayta taqsimlash Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur Nizomning 57-bandida belgilangan tartibda amalga oshiradi.
6-bob. Darsliklar va O‘MQlarni umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasiga qabul qilish
60. Qabul qilingan darsliklar va O‘MQlarning hisobini yuritish uchun umumta’lim maktabi kutubxonachisi tomonidan quyidagilar yuritiladi:
mazkur Nizomning 8-ilovasiga muvofiq shaklda Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi barcha turdagi darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning hisobini yuritish kitobi;
mazkur Nizomning 9-ilovasiga muvofiq shaklda Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi ijara tizimiga kiradigan darsliklarning hisobini yuritish kitobi;
mazkur Nizomning 10-ilovasiga muvofiq shaklda Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi ijara tizimiga kirmaydigan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning hisobini yuritish kitobi;
mazkur Nizomning 11-ilovasiga muvofiq shaklda Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasining inventar kitobi;
mazkur Nizomning 12-ilovasiga muvofiq shaklda Yo‘qolgan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar o‘rniga qabul qilingan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar hisobini yuritish kitobi.
61. Mazkur kitoblar raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi rahbari tomonidan imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim. Ularning to‘g‘ri, aniq va to‘liq yuritilishi uchun umumta’lim maktabining kutubxonachisi javobgardir.
62. Darsliklar va O‘MQlar mazkur Nizomning 13-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladigan dalolatnomaga asosan qabul qilinadi hamda umumta’lim maktabining balansiga kirim qilinadi.
63. Poligrafik nuqsonlari va (yoki) boshqa kamchiliklari mavjud bo‘lgan darsliklar va O‘MQlar keyinchalik ularni tegishli nashriyot yoki bosmaxonaga qaytarish uchun uch kun ichida umumta’lim maktabi tomonidan darsliklar va O‘MQlarni “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat unitar korxonasining (bundan buyon matnda “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUK deb yuritiladi) tegishli hududiy filialiga qaytariladi.
64. Poligrafik nuqsonlari va (yoki) boshqa kamchiliklari mavjud bo‘lgan darsliklar va O‘MQlar shartnomalarda belgilangan muddatlarda tegishli nashriyot yoki bosmaxona tomonidan qabul qilinib, “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filialiga boshqasi bilan almashtirib beriladi hamda “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filiali tomonidan tegishli umumta’lim maktabiga topshiriladi.
65. Darsliklar va O‘MQlarni umumta’lim maktabining kutubxona jamg‘armasiga qabul qilish hamda hisobdan chiqarish bitta birlamchi hujjat (hisob-faktura, yuk xati) asosida alohida partiyalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
66. Qabul qilingan darsliklar va O‘MQlar Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi barcha turdagi darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning hisobini yuritish kitobiga, shundan keyin tegishliligi bo‘yicha Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi ijara tizimiga kiradigan darsliklarning hisobini yuritish kitobi yoki Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi ijara tizimiga kirmaydigan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning hisobini yuritish kitobiga kirim qilinadi.
Mazkur kitoblarni to‘ldirishda yo‘l qo‘yilgan xato bir chiziq bilan o‘chiriladi va keyingi qatorga to‘g‘ri yozuv kiritiladi. Bunda kitoblarda ochiq qatorlar qoldirib ketish, shuningdek ulardagi yozuvlarni o‘chirish, bo‘yash, ularning ustidan qog‘oz yopishtirish taqiqlanadi.
67. Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasiga qabul qilingan darsliklar va O‘MQlar markalanadi (shtempellanadi).
68. Har bir darslik va O‘MQning hisobi unga individual inventar raqamini berish va ushbu raqamni har bir darslik va O‘MQ muqovasining ichki qismiga va 17 varag‘iga qo‘yib chiqish yo‘li bilan olib boriladi.
69. Darslik va O‘MQning individual inventar raqamini o‘zgartirishga yoki o‘chirib tashlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
70. Foydalanuvchilar tomonidan yo‘qotilgan va ularning aybi bilan foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan darsliklar va O‘MQlar o‘rniga qabul qilingan darsliklar va O‘MQlar Yo‘qolgan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar o‘rniga qabul qilingan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar hisobini yuritish kitobiga qayd etiladi. Ushbu daftarga qayd etilgan darsliklar va O‘MQlar mazkur Nizomning 14-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladigan dalolatnoma asosida kirim qilinadi.
71. Umumta’lim maktabiga homiylik yordami sifatida taqdim etilgan yoki umumta’lim maktablari tomonidan budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan xarid qilingan darsliklar va O‘MQlar qabul qilingan paytdan boshlab uch kun ichida manbasi ko‘rsatilgan holda umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasida alohida kitobda hisobga olinadi.
7-bob. Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi darsliklar va O‘MQlarni xatlovdan o‘tkazish, ularni hisobdan chiqarish va utilizatsiya qilish
72. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili 1-iyungacha umumta’lim maktablari kutubxona jamg‘armalaridan hisobdan chiqarilishi lozim bo‘lgan darsliklar va O‘MQlarning ro‘yxati mazkur Nizomning 15-ilovasiga muvofiq shaklda ularning nashr etilgan yili, nomi, sinfi, muallifi va o‘rtacha vazni aniq ko‘rsatilgan holda tasdiqlanib, umumta’lim maktablariga yetkaziladi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
73. Umumta’lim maktablarining kutubxona jamg‘armalari har yili 1-iyulgacha umumta’lim maktabi ma’muriyati, hisobchisi, kutubxonachisi va boshqa mas’ul xodimlaridan iborat tarkibda umumta’lim maktabi direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan komissiya tomonidan xatlovdan o‘tkaziladi.
74. Xatlov natijalari mazkur Nizomning 16-ilovasiga muvofiq shaklda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
75. Xatlov jarayonida ortiqcha darsliklar va O‘MQlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ular umumta’lim maktabining kutubxona jamg‘armasiga kirim qilinadi.
76. Yo‘qolgan darsliklar va O‘MQlar mazkur Nizomning 17-ilovasiga muvofiq shaklda, foydalanish muddati tugagan darsliklar va O‘MQlar mazkur Nizomning 18-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladigan dalolatnomalar asosida 1-avgustgacha hisobdan chiqariladi hamda bu haqda tegishincha Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi barcha turdagi darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning hisobini yuritish kitobiga, Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasining inventar kitobiga va Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi ijara tizimiga kiradigan darsliklarning hisobini yuritish kitobiga yozuv kiritiladi.
Foydalanish muddati tugagan darsliklar va O‘MQlar to‘liq hajmda hisobdan chiqarilishi lozim. Bunda umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi foydalanish muddati tugamagan darsliklar va O‘MQlarni hisobdan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
77. Darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi dalolatnomalar va ularga ilova qilingan hujjatlar umumta’lim maktabida uch yil davomida saqlanishi zarur.
78. Yo‘qolgan darsliklar va O‘MQlarning qiymati mazkur Nizomning 51-bandida belgilangan miqdorda qoplanadi.
79. Darsliklar va O‘MQlar umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidan hisobdan chiqarilganda, bir vaqtning o‘zida umumta’lim maktabining balansidan ularning qiymati ham hisobdan chiqariladi.
80. Darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi dalolatnomalarda ko‘rsatilgan darsliklar va O‘MQlar soni ularni umumta’lim maktabiga qabul qilish paytida rasmiylashtirilgan hujjatlardagi ma’lumotlar bilan solishtiriladi.
81. Umumta’lim maktablari tomonidan darsliklar va O‘MQlarning o‘rtacha vaznini hamda foydalanuvchilar tomonidan yo‘qolgan va qiymati qoplangan darsliklar va O‘MQlar miqdorini hisobga olgan holda umumta’lim maktabi bo‘yicha utilizatsiya qilinadigan darsliklar va O‘MQlarning hajmi aniqlanadi hamda xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlariga taqdim etiladi.
82. Tegishli hudud bo‘yicha utilizatsiya qilinadigan darsliklar va O‘MQlarning hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan hududiy xalq ta’limi organlariga, hududiy xalq ta’limi organlari tomonidan esa, Xalq ta’limi vazirligiga yo‘qolgan va qiymati qoplangan darsliklar va O‘MQlar miqdorini ko‘rsatgan holda taqdim etiladi.
83. Hududiy xalq ta’limi organlari yoki ular tizimiga kirmaydigan umumta’lim maktablari bilan “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filiali o‘rtasida utilizatsiya qilinadigan darsliklar va O‘MQlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida yozma ravishda kelishuv tuziladi. Kelishuvda tegishli hudud bo‘yicha utilizatsiya qilinadigan darsliklar va O‘MQlarning umumiy vazni ko‘rsatiladi hamda hududiy xalq ta’limi organi yoki Xalq ta’limi vazirligi tizimiga kirmaydigan umumta’lim maktabi rahbari va “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolanadi.
Utilizatsiya qilinadigan darsliklar va O‘MQlar har bir umumta’lim maktabidan “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filiallari tomonidan mazkur Nizomning 18-ilovasiga muvofiq shaklda tuzilgan dalolatnoma asosida 1-sentabrgacha olib chiqib ketiladi. Bunda utilizatsiya qilinadigan darsliklar va O‘MQlarni olib chiqib ketishga tayyorlash umumta’lim maktablari tomonidan, ularni yuklash va olib chiqib ketish “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning hududiy filiallari tomonidan amalga oshiriladi.
84. Utilizatsiya qilinadigan darsliklar va O‘MQlar “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filialiga topshirilgunga qadar umumta’lim maktablari tomonidan foydalaniladigan darslik, O‘MQ va adabiyotlardan alohida saqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
85. “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filiallari qog‘oz mahsulotlarni qayta ishlash uchun qabul qiladigan tashkilotni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlaydi, u bilan shartnoma tuzadi va unga utilizatsiya qilinadigan darsliklar va O‘MQlarni topshiradi.
(85-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
86. Utilizatsiya qilinadigan darsliklar va O‘MQlarni topshirishdan olingan mablag‘lar “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filiali tomonidan uch ish kuni ichida, biroq darsliklar va O‘MQlarni umumta’lim maktabidan olib chiqqan kundan keyin oltmish kundan kechiktirmasdan bajarilgan ishlar uchun to‘lov ushlab qolingan holda Jamg‘armaning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazilishi lozim.
87. “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filiallari bajargan ishlari uchun to‘lov miqdori O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan deklaratsiya qilinadigan (tasdiqlanadigan) narxlarga (tariflarga) muvofiq belgilanadi.
88. Hududiy xalq ta’limi organlari tomonidan “O‘quv ta’lim-ta’minot” DUKning tegishli hududiy filiallari bilan birgalikda utilizatsiya qilingan darsliklar va O‘MQlar bo‘yicha reyestr tuziladi va 1-noyabrgacha Jamg‘arma ijroiya direksiyasining hududiy vakillariga topshiriladi.
8-bob. Buxgalteriya hisobi va hisobot
Oldingi tahrirga qarang.
89. Darsliklar va O‘MQlar harakati bo‘yicha buxgalteriya hisobi va hisoboti umumta’lim maktabi hisobchisi tomonidan buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(89-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
90. Umumta’lim maktablari tomonidan har yili yanvar va iyul oylarining 5-sanasigacha xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlariga tegishli o‘quv yili uchun mazkur Nizomning 19-ilovasiga muvofiq shaklda darsliklar to‘plamlari harakati to‘g‘risida hisobot hamda mazkur Nizomning 20-ilovasiga muvofiq shaklda yo‘qolgan yoki keyinchalik foydalanishga yaroqsiz holatga kelgan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar to‘g‘risida hisobot taqdim etiladi.
91. Tumanlar va shaharlar bo‘yicha umumlashtirilgan hisobotlar, shuningdek har bir umumta’lim maktabi bo‘yicha hisobotlar har yili yanvar va iyul oylarining 10-sanasigacha xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan hududiy xalq ta’limi organlari va Jamg‘arma ijroiya direksiyasining hududiy vakillariga taqdim etiladi.
92. Jamg‘arma ijroiya direksiyasining hududiy vakillari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan umumta’lim maktablarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan ko‘chirmalar so‘rab olishga haqli.
93. Umumta’lim maktablarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan ko‘chirmalar asosida hududiy xalq ta’limi organlari va Jamg‘arma ijroiya direksiyasining hududiy vakillari tomonidan ijara to‘lovlari va yo‘qolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan darsliklar va O‘MQlar bo‘yicha tushumlar sinflar va ta’lim tillari kesimida tahlil qilinadi.
Umumta’lim maktablari va hududlar kesimida umumlashtirilgan hisobotlar hududiy moliya organlari bilan kelishiladi hamda har yili yanvar va iyul oylarining 15-sanasigacha Xalq ta’limi vazirligi va Jamg‘arma ijroiya direksiyasiga taqdim etiladi.
94. Darsliklar to‘plamlari harakati to‘g‘risidagi hamda yo‘qolgan yoki keyinchalik foydalanishga yaroqsiz holatga kelgan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar to‘g‘risidagi hisobotlar barcha bosqichlarda qog‘oz (imzolangan va tasdiqlangan holda) hamda elektron shaklda taqdim etiladi.
9-bob. Umumta’lim maktablari kutubxonachilarining ish natijalarini baholash mezonlari
95. Umumta’lim maktabi kutubxona jamg‘armasidagi darsliklar va O‘MQlar hisobining yuritilishi, ulardan foydalanilishi, ularning saqlanishi, ular bo‘yicha to‘lov hujjatlarining mavjudligi va harakati, shuningdek o‘quvchilar orasida darsliklarni avaylab-asrash tuyg‘usini rivojlantirishga yo‘naltirilgan tarbiyaviy ishlar umumta’lim maktablarining kutubxonachilari tomonidan olib boriladi.
96. Quyidagilar umumta’lim maktablari kutubxonachilarining ish natijalarini baholash mezonlari hisoblanadi:
mavjud darsliklar va O‘MQlarni umumta’lim maktabining kutubxona jamg‘armasiga qabul qilish va hisobdan chiqarish bo‘yicha dalolatnomalarning to‘g‘ri tuzilganligi va saqlanayotganligi;
umumta’lim maktabining kutubxona jamg‘armasida ish kitoblarining to‘liq va to‘g‘ri yuritilganligi;
umumta’lim maktabining kutubxona jamg‘armasida mavjud darsliklar va O‘MQlardan foydalanish holatining tahlil qilinganligi;
darsliklar va O‘MQlar zarur sharoitlarda va tartibli saqlanayotganligi;
umumta’lim maktabining kutubxona jamg‘armasidagi darsliklar va O‘MQlar o‘z vaqtida xatlovdan o‘tkazilganligi;
foydalanish muddati tugagan darsliklar va O‘MQlar umumta’lim maktabining kutubxona jamg‘armasidan o‘z vaqtida hamda to‘liq hisobdan chiqarilganligi;
o‘quvchilar va o‘qituvchilar orasida darsliklar va O‘MQlarni avaylab-asrash tuyg‘usini rivojlantirishga yo‘naltirilgan tarbiyaviy ishlar olib borilishini tashkil etish samaradorligi;
o‘z faoliyatida axborot texnologiyalaridan samarali foydalanganligi.
10-bob. Yakuniy qoidalar
97. Umumta’lim maktabining ma’muriyati quyidagilar uchun mas’uldir:
umumta’lim maktabida o‘quvchilarni ijara asosida darsliklar bilan ta’minlashning tashkil etilishi va uning samaradorligi;
o‘quvchilar, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni ijara tizimi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirilishi;
darsliklarni foydalanishga berish to‘g‘risidagi shartnomalarning tuzilishi;
ijara to‘lovlari tushumlari bo‘yicha hisob-kitoblarning yuritilishi, naqd pul mablag‘larining o‘z vaqtida bank kassasiga topshirilishi;
darsliklar va O‘MQlarning saqlanishi va harakati hamda ijara tizimi uchun har yilgi buyurtmalarning shakllantirilishi.
Oldingi tahrirga qarang.
98. Noto‘g‘ri yoki qalbaki hujjatlar asosida darsliklar to‘plamini bepul foydalanishga berish holatlari aniqlanganda, mazkur hujjatlarni rasmiylashtirgan shaxs qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi va to‘lanmagan ijara to‘lovi summalari ushbu shaxsdan undiriladi.
(98-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
99. Foydalanuvchilar (ijaraga oluvchilar) ijara to‘lovlarining o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi, ulardan oqilona foydalanilishi hamda o‘quv yili yakunida olingan darsliklar va O‘MQlarning to‘liq qaytarilishi uchun javobgardir.
100. Jamg‘arma ijroiya direksiyasining hududiy vakillari hududdagi tuman va shahar maktablari bo‘yicha ijara tizimining yuritilishi ustidan ishlarni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
Umumta’lim maktablarini darsliklar
va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash
tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni umumta’lim maktablariga yetkazib berish sxemasi
Umumta’lim maktablarini darsliklar
va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash
tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA