10-mavzu: Havfli yuklarni tashish payitida xavfsizlik texnikasi talablari. Reja: 1.Yuklarni havflili darajasi bo’yicha toifasi.
2.Havfli yuklarga belgi qo’yish.
3.Har xil turdagi yuklarni tashishda texnika xavfsizligi.
Mehnat muhofazasining asosiy vazifalaridan biri, ishchilarga xavfsiz ish sharoitini yaratib berishdan iborat. Xavfsiz ish sharoiti, ya'ni mehnat xavfsizligi — bu ishlab chiqarish sharoitida ishchilarga barcha xavfli va zararli omillar ta'siri bartaraf etilgan mehnat sharoiti holati hisoblanadi. Ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar ishlab chiqarish sharoitida ko'pgina fizik-kimyoviy omillar ta'sirida yuz beradi. Bunday xavfli omillarni yuzaga kelishi texnologik jarayonning tavsifi, ish jihozlarining konstruksiyasi, mehnatni tashkillashtirish darajasi va shu kabi bir qancha omillarga bog'liq bo'ladi. Xavfli omillar yuzaga kelish tavsifiga bog'liq holda real va yashirin bo'lishi mumkin. Real xavf aniq, ko'zga ko'rinarli tashqi belgilari bilan tavsiflanadi. Yashirin xavflarga ish joyining tartibsizligi, iflosligi, xavfsizlik talablariga javob bermasligi, ish jihozlari va moslamalardan noo'rin, ya'ni boshqa maqsadlarda foydalanish, uzilgan elektr simlari, ishchining xato va noto'g'ri harakati kabilar ham kiradi.
Insonning hayotiy faoliyatida doimiy yoki vaqtincha xavfli omillar yuzaga keladigan joy—xavfli zonalar deb ataladi. Insonga, xavfli omillar bevosita u bilan kontaktda bo'lish orqali yoki belgilangan masofadan kam masofada yaqinlashilganda ta'sir etishi mumkin.
Xavfsizlikni ta'minlovchi texnik vositalar Ishlab chiqarishda xavfsizlikni ta'minlash, asosan, quyidagi tadbirlar yordamida amalga oshiriladi:
a) texnikalarni xavfsizlik talablari asosida loyihalash va tayyorlash;
b) xavfdan himoyalanishning muhandislik-texnik vositalaridan foyda-lanish;
d) xavfsiz texnologik jarayonlarni tatbiq etish;
e) ishchilarni xavfsizlik texnikasi bo'yicha malakali o'qitish;
f) xavfsiz ish joyi va ish sharoitini tashkillashtirish.
Xavfning turi va kelib chiqish sabablariga bog'liq holda xavfli omillardan himoyalanish usullari ikki xil: faol va passiv turlarga bo'linadi.
Faol himoya xavfli omillarni hosil bo'lishi yoki uning ta'sir darajasini kamaytirishga yo'naltirilgan bo'ladi.
Passiv himoya xavfli omillarning insonga ta'sirini bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar majmuidan iborat bo'lib, u ishni tashkil etish, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish, xavfsizlikni ta'minlovchi texnik vosi-talardan foydalanish yo'llari orqali amalga oshiriladi.
Xavfsizlikni ta'minlovchi texnik vositalar jumlasiga to'siqlar, saqlash qurilmalari, blokirovkalash moslamalari, signalizatsiya, masofadan boshqarish jihozlari va tormoz qurilmalari kiradi.
To'siq qurilmalari. To'siq qurilmalari o'zining tuzilishi jihatidan soddaligi va ishonchliligi sababli mashina va mexanizmlarning xavfli zonalaridan himoyalashda keng qo'llaniladi. Ular xavfli omil bilan inson orasida ishonchli to'siq hosil qilib, ishchi harakatining to'g'ri yoki noto'g'ri bo'lishiga qaramasdan jarohatlanishdan saqlaydi. Bundan tashqari, to'siqlar ish jarayonida to'satdan otilib ketgan metall zarralari, detal qismlari va uskunalardan, ish joyini changlanish va gazlanishdan ham saqlaydi.
To'siqlar konstruktiv tuzilishi va ishlatilish funksiyasiga ko'ra turli xil bo'ladi. Ular doimiy yoki vaqtinchalik bo'lishi mumkin.
Doimiy to'siqlar mexanizmlarning ajralmas qismi hisoblanadi. Doimiy to'siqlar qo'zg'aluvchan va qo'zg'almas ko'rinishda bo'ladi. Qo'zg'almas to'siqlar ish vaqtida ishchini xavfli omillardan ishonchli himoya qiladi, ular faqatgina mashinani ta'mirlash yoki unga texnik xizmat ko'rsatish vaqtlaridagina, ya'ni mashina ishlamayotgan, xavf yo'q bo'lgan vaqtlardagina yechib olinishi mumkin. Bunday to'siqlar o'rnatilgan mashina va mexanizmlarda texnologik jarayon borishini kuzatish mumkin emasligi asosiy kamchilik hisoblanadi.
Qo'zg'aluvchan to'siqlarni esa, qo'shimcha jarayonlarni, jumladan, ish asboblarini almashtirish, ishlov beriladigan buyumni o'lchash, rostlash ishlarini bajarishda yengil yechib olish yoki boshqa tomonga surib qo'yish mumkin bo'ladi.
Vaqtinchalik to'siqlar, asosan, nostatsionar ishlarni bajarishda ishlatiladi. Qo'zg'aluvchan to'siqlarga ko'chma to'siq, parda va ekranlarni misol qilish mumkin. Bunday to'siqlarga elektr payvandchining ish joyi to'siqlari, quduq, o'ra, chuqurliklar oldiga o'rnatilgan to'siqlar misol bo'lishi mumkin.
To'siqlarning konstruksiyasi va materiali u o'rnatiladigan mexanizmning konstruktiv xususiyatlari hamda texnologik jarayon talablariga bog'liq holda tanlanadi. Ular quyma yoki payvand kojux, panjara va temir karkasli to'r shaklida bo'lishi mumkin. Texnologik jarayon borishini kuzatish talab etilmaydigan xavfli zonalarga o'rnatiluvchi to'siqlar metall, plastmassa yoki yog'ochdan tayyorlanadi. Agar texnologik jarayon talabi bo'yicha xavfli zonada bajariladigan ishni doimiy ko'z bilan kuzatish talab etilsa, u holda u yerga o'rnatiladigan to'siqlar panjarasimon, to'rsimon shaklda yoki shaffof materiallardan (organik oyna, tripleks, pleksiglas) tayyorlanadi.
Blokirovkalash qurilmalari. Mashina va mexanizmlarning o'ta xavfli zonalarida xavfsizlikni oshirish maqsadida to'siqlar bilan birgalikda blokirovkalash qurilmalaridan ham foydalaniladi.
Blokirovka — bu mashinalar qismini muayyan holatda ushlab turuvchi vosita va uslublar majmui hisoblanadi.
Ko'pgina mexanizmlarda xavfsizlikning texnik vositalari kompleks holda ishlatilsa-da, xavfsizlik to'liq ta'minlanmaydi. Chunki, ko'pgina baxtsiz hodisalar ishchining e'tiborsizligi yoki xavfsizlik qoidalariga amal qilmasligi sababli kelib chiqadi.
Saqlash qurilmalari. Saqlash qurilmalarining asosiy vazifasi nazorat qilinishi talab etiladigan ko'rsatkichlar (kuch miqdori, bosim, harorat, siljish uzunligi va b.) ruxsat etilgan miqdordan ortgan taqdirda, mashina yoki mexanizmni ishdan avtomatik ravishda to'xtatishdan iborat. Shu sababli, saqlash qurilmalarining konstruksiyalari mashina va texnologik jarayonlarning xususiyatlariga bog'liq holda turlicha bo'lishi mumkin.
Ishlab chiqarishdagi xavfli omillarning hosil bo'lish tabiatiga ko'ra saqlash qurilmalari 4 guruhga bo'linadi:
1. Mexanik zo'riqishlardan saqlovchi;
2. Mashina qismlarining belgilangan chegarada harakatlanishini ta'-minlovchi;
3. Bosim va haroratni ruxsat etilgan me'yordan ortishini taqiqlovchi;
4. Elektr toki kuchini ruxsat etilgan miqdordan ortmasligini taqiqlovchi.
Birinchi gurahdagi saqlash qurilmalariga mufta, yuk ko'tarishni cheklash moslamalari, uzuuvchi shtift va regulyatorlar kiradi.
Ikkinchi gurah saqlash qurilmalariga mashina va mexanizmlarning harakatlanuvchi qismlarini belgilangan chegarada harakatlanishini ta'minlovchi moslamalar: ajratgich, tayanch, to'xtatgichlar kiradi.
Uchinchi guruh saqlash qurilmalariga bosim ostidagi bug', gaz yoki suyuqliklar bilan ishlovchi mexanizmlardagi saqlash klapanlari va membranalar misol bo'la oladi. Barcha bug' qozonlari, gidravlik va pnevmatik tizimlar, bosim belgilangan me'yordan ortib ketganda avtomatik ravishda ishga tushuvchi klapanlar bilan jihozlanadi. Saqlash klapanlaridan foydalanish yetarli bo'lmagan sharoitlarda membranalardan foydalaniladi. Membranalar yupqa metall plastinkalardan tayyorlanadi va bosim belgilangan miqdordan ortib ketganda plastinka yorilib, ortiqcha bosim atmosferaga chiqarilib yuboriladi. Shu sababli, membrana plastinkasining qalinligi tizimdagi bosimga mos holda tanlanadi.
Mashina va mexanizmlarning me'yori ish rejimida elektr kuchlanishda bo'lishi talab etilmaydigan qismlarida elektr tokining yuzaga kelishi turli xil baxtsiz hodisalarni keltirib chiqaradi. Bunday xavfli vaziyatlardan hamda elektr toki kuchini belgilangan miqdordan ortib ketishining oldini olish uchun eruvchi saqlagichlar ishlatiladi. Bunday saqlagichlar elektr toki me'yoriy miqdordan ortib ketganda erib uziladi va tok ta'minotini to'xtatadi. O'ta xavfli elektr qurilmalarida avtomat ajratgichlardan foydalaniladi.