O‘qituvchi (pedagog) – pedagogik, psixologik va mutaxassislik
yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus ma‘lumot, kasbiy tayyorgarlik va
ma‘naviy-axloqiy sifatlarga ega hamda ta‘lim muassasalarida
faoliyat ko‘rsatuvchi shaxs.
O‘qish – ma‘lum usullar yordamida tashkil etilgan bilimlarni o‘rganish
jarayoni; o‘quvchilar tomonidan o‘quv faoliyati usullarini egallab
olishga yo‘naltirilgan faoliyat.
O‘quv dasturi – muayyan o‘quv fani bo‘yicha bilim, ko‘nikma va
malakalar mazmuni, umumiy vaqtning mavzularni o‘rganilishi
bo‘yicha taqsimlanishi, mavzularning ketma-ketligini belgilash
hamda ularning o‘rganilish darajasini yorituvchi me‘yoriy hujjat.
O‘quv rejasi – ta‘lim muassasida o‘qitiladigan o‘quv fanlarining tartibi,
ularning o‘quv yili bo‘yicha taqsimlanishi, har bir o‘quv faniga
ajratiladigan haftalik va yillik o‘quv soatlari, shuningdek, o‘quv yili
tuzilishini belgilovchi me‘yoriy hujjat.
O‘quv fani – ta‘lim muassasalarida o‘quvchilarning yosh, idrok etish
imkoniyatlariga muvofiq ularga muayyan fan sohasi bo‘yicha
umumiy yoki mutaxassislik bilimlarini berish, ko‘nikma va
malakalarni shakllantirishni ta‘minlovchi manba.
O‘quvchilar jamoasi – ijtimoiy-foydali ahamiyat kasb etuvchi umumiy
maqsad va birgalikdagi faoliyatga asosan jipslashgan o‘quvchilar
birlashmasi, guruhi.
O‘quvchilarning o‘z-o‘zini boshqarishi - o‘quvchilarning jamoa
faoliyatini uyushtirish va boshqarishdagi faol ishtiroklari.
O‘quv qo‘llanmasi – 1) ma‘lum o‘quv fanlari bo‘yicha metodik materiallar,
tushuntirishlar, tavsiyalarni yorituvchi hamda o‘qituvchi yoki
o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan manba; 2) muayyan fan bo‘yicha
tayyorlangan hamda metodik jihatidan o‘quv-tarbiyaviy jarayonda
bevosita foydalanish imkonini beruvchi qo‘shimcha o‘quv
materiallari.