Ikkinchidan,baholash mezoni o’qituvchi va o’quvchi o’rtasida ixtiloflarni keltirib chiqarishga emas, aksincha, o’zaro faol hamkorlik, bir-birini tushuna olishlari uchun xizmat qilishi lozim.
Uchinchidan, baholash mezoni faqatgina o’quvchilar tomonidan bilim, ko’nikma va malakalarning o’zlashtirilish darajasini nazorat qilish uchungina emas, balki ta’limni tashxis etishning faol ko’makchisiga aylanishi zarur.
Baholashning besh balli tizimi birdan beshgacha farqlanuvchi dastlabki baholar qo’yish tartibini bildirib, mohiyati esa baholarning o’rtasidan kelib chiqqan holda choraklik (yillik) o’zlashtirish natijalarini aniqlash tartibidan iborat.
Masalan, o’quvchi biror o’quv fanidan uchta nazorat ishini 3, 4 va 5 ga bajargan, joriy nazorat bo’yicha ham shunday natijalarni qayd etgan bo’lsa, unga chorak uchun «4» baho qo’yiladi. Bu esa joriy, oraliq va yakuniy nazorat paytida yaxshi tayyorgarlik ko’rgan o’quvchining ijobiy baholanishi o’rniga, chorak yoki yil oxirida muayyan mavzudan «5» bahoga berilgan javoblarining mutlaqo inobatga olmasligiga sabab bo’ladi..
Reyting tizimida o’zlashtirish natijasi nazoratning ko’rsatilgan barcha shakllardan o’tish jarayonida to’plangan ballarni qo’shish yo’li bilan aniqlanadi. Har bir nazorat turi uchun 10 balldan taqsimlanganda (o’quv fani uchun 100 ball hisobida) unga 7, 5, 8, 7 ball qo’yilsa, o’quvchining chorak yoki yarim yillik uchun to’plagan bali 27 ballni tashkil etadi, bu esa 55 foizdan kam, shuning uchun u yetarlicha reyting balini to’plamaguncha va barcha nazorat shaklidan o’tmaguncha attestatsiya qilinmaydi. Demak, reyting tizimi olingan baho bilan egallangan bilim o’rtasida tafovut kelib chiqishining oldini oladi.
Reyting tizimi yana bir qator afzalliklarga ega, chunonchi:
- ta’lim jarayonida baholash tizimi imkoniyatlarini kengaytirish;
- o’quvchi bilimini eng adolatli mezonlar yordamida aniqlash;
- ta’limni standartlashtirish jarayoni uchun zarur imkoniyatlarni ochib berish;
- ta’lim standartlarida ko’zda tutilgan o’quv dasturiga kirgan majburiy ixtiyoriy mavzularning to’laligicha o’zlashtirilishi;
- o’quvchilarda o’z ustida mustaqil ishlashga intilish, erkin fikr yuritish, bilimlarni egallashga nisbatan izchil yondashuv yuzaga keladi;
- o’quvchilarda yomon baho olishga bo’lgan qo’rquv yo’qolib, uning o’rniga bilimlarni ixtiyoriy o’zlashtirish, mavjud kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish yo’lida mustaqil ishlash imkoniyati yaratiladi. Boshqacha aytganda, qo’rquv o’rniga intilish, rejalashtirish, harakat qilishga ehtiyoj tug`iladi, o’rganishga nisbatan qiziqish ortadi.