Rejalashtirish. Asosiy reja echimlari odatda dasturni tayyorlash jarayonida ishlab chiqiladi, byudjetni tayyorlash jarayonining o’zi ham mohiyat jihatidan bu rejalarga aniqlik kiritishdir. Bunda ayrim bo’linmalar bo’yicha yoki kompaniyaning vazifalari bo’yicha yaqin davrdagi operatsiyalarga aniqlik kiritiladi.
Muvofiqlashtirish va aloqa.Har bir ma’suliyat markazi boshqa ma’suliyat markazlariga ta’sir qiladi va o’zi ham ularning faoliyatiga bog’liq bo’ladi. Byudjetni ishlab chiqish jarayonida faoliyatning ayrim turlari tashkilotning barcha bo’linmalari korxonaning umumiy maqsadini amalga oshirib, o’zaro kelishib ishlaydigan tarzda muvofiqlashtiradi. Ishlab chiqarish rejalari marketing bo’limining rejasi bilan muvofiqlashtirilishi juda muhimdir, ya’ni rejalashtirilgan sotuv hajmiga va tayyor mahsulotning pirovard zahiralarining istalgan darajasiga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish muhimdir. Materiallarni xarid qilish rejasi ishlab chiqarish byudjetida belgilangan mahsulot miqdorini ishlab chiqarishga asoslanishi kerak va xokazo.
Rahbariyat rejalari barcha ijrochilar bu rejalarning mazmunini tushunmagunlaricha bajarilmaydi. Ularda qancha xizmat va tovarlarni ishlab chiqarish zarur, qanday odamlardan, qanday usullardan foydalanish zarur; qancha xom-ashyo va materiallarni sotib olish zarur, sotish uchun qanday narx belgilash, kelgusida qanday siyosatga va qanday cheklashlarga amal qilish kerak? - shu kabi aniq bandlar bo’ladi. Bunday axborotga reklamaga, texnik xizmat ko’rsatishga sarflanishi mumkin bo’lgan eng ko’p summa, ma’muriyat sarflari, ish haqi stavkasi va ish vaqti miqdori, mahsulot sifatining zarur darajasi misol bo’la oladi. Tasdiqlangan byudjet bu rejalardagi miqdor axborotini va mavjud cheklashlarni muvofiqlashtirish uchun eng muhim vositadir.
Rag’batlantirish.Byudjet tuzish jarayoni ma’suliyat markazlarining rahbarlarini shu markazlarning maqsadlarini amalga oshirishga, demak umuman korxona maqsadini amalga oshirishga rag’batlantirish uchun qudratli vositadir. Har bir rahbar o’zlarining ma’suliyat markazidan nimalarni kutishayotganini yaxshi bilishi lozim.
Agar menejerlar o’z bo’linmalari byudjetini ishlab chiqishda faol ishtirok etsalar, byudjetning rag’batlantiruvchi ahamiyati yanada ortadi. Bo’linmalar va vazifalar bo’yicha byudjetlarni ishlab chiqishda hamda kelgusi davr uchun asosiy umumiy byudjetni tayyorlashda boshqaruvning barcha darajalarining bevosita ishtirok etishi ijrochilar ishtirokida rejalashtirish deb ataladi.