Og‘ir yadroning bo‘linishi. Og‘ir yadrolarning bo‘linish imkoniyatini, 7.12-rasmda keltirilgan solishtirma bog‘lanish energiyasining massa soniga bog‘liqlik grafigi asosida tushuntirish mumkin. Bu grafikdan ko‘rinib turibdiki, og‘ir yadrolarning solishtirma bog‘lanish energiyasi Mendeleyev jadvalining o‘rta qismidagi elementlarning solishtirma bog‘lanish energiyasidan 1 MeV ga kichik. Demak, og‘ir yadrolar o‘rta yadrolarga aylansa, unda har bir nuklon uchun 1 MeV dan energiya ajralib chiqar ekan.
Agar 200 ta nuklonli yadro bo‘linsa, unda ≈ 200 MeV atrofida energiya ajralib chiqadi va uning asosiy qismi (≈ 165 MeV) yadro parchalarining kinetik energiyasiga aylanadi.
Uran yadrosining bo‘linishi.1938–1939-yillarda nemis fiziklari O. Gan va F.Strassmanlar neytron bilan bombardimon qilingan uran yadrosi ikkita (ba’zida uchta) bo‘lakka bo‘linishi va bunda katta miqdorda energiya ajralishini aniqladilar. Bu bo‘linishda davriy sistemaning o‘rta elementlari hisoblanmish bariy, lantan va boshqalar hosil bo‘ladi.
Tajriba natijalari quyidagicha tahlil qilindi. Neytronni yutgan uran yadrosi g‘alayonlangan holatga o‘tadi va ikkita bo‘lakka parchalanib ketadi. Bunga sabab – protonlar orasidagi kulon itarishish kuchining yadro tortishish kuchlaridan katta bo‘lib qolishidir. Yadro parchalari musbat zaryadlangan bo‘lganligi uchun ham bir-birlarini kulon kuchi ta’sirida itaradi va katta tezlik bilan otilib ketadi. Bir paytning o‘zida 2–3 ta ikkilamchi neytron ajralib chiqadi.
Tajribalarning ko‘rsatishicha, ikkilamchi neytronlarning asosiy qismi uchib chiqayotgan, g‘alayonlangan parchalardan ajraladi. Bo‘linish mahsulotlari turli-tuman bo‘lib, qariyb 200 xil ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin.
Massa soni 95 dan 139 gacha bo‘lgan yadrolarning hosil bo‘lish ehtimoli eng katta bo‘ladi.
Teng massali bo‘linish ehtimoli ancha kichik va kamdan kam hollardagina ro‘y berishi mumkin. Bo‘linish reaksiyasining quyidagicha holi eng ko‘p ro‘y beradi: