Kritik massa. O‘z-o‘zini kuchaytiruvchi zanjir reaksiyasi ro‘y berishi uchun (k > 1) faol zonaning hajmi biror kritik qiymatdan kichik bo‘lmasligi kerak. Faol zonaning zanjir reaksiyasini amalga oshirish mumkin bo‘lgan eng kichik hajmi kritik hajm deyiladi. Kritik hajmda joylashgan yonilg‘i massasi kritik massa deyiladi. O‘z-o‘zidan bo‘ladigan zanjir reaksiyasi ro‘y berishi uchun zarur bo‘lgan uran massasining minimal qiymatiga kritik massa deyiladi. Qurilmaning tuzilishi va yonilg‘ining turiga qarab, kritik massa bir necha yuz grammdan, bir necha o‘n tonnalargacha bo‘lishi mumkin. 9 cm radiusli shar shaklidagi 92 238U uran uchun kritik massa 50 kg ni tashkil qiladi.
Yadro reaktorining himoyasi.Zanjir reaksiyasida neytronlar, β- va γ-nurlanishlar manbayi bo‘lgan yadro parchalari hosil bo‘ladi.
Boshqacha aytganda, uran reaktori – turli xil nurlanishlar manbayi. Ularning katta singish qobiliyatiga ega bo‘lgan neytronlari va γ-nurlari ayniqsa xavflidir. Shuning uchun, reaktorda ishlovchi xodimlarning himoyasini tashkil qilish muhim ahamiyatga ega. Bu maqsadda 1 m qalinlikdagi suv, 3 m gacha qalinlikdagi beton va cho‘yanning qalin qatlamidan foydalaniladi.
Atom energetikasining qulayliklari.Insoniyat doimo arzon va qulay energiya manbalariga ega bo‘lishga intilgan. Yadro reaktorlarining yaratilishi esa yadro energetikasining sanoatda qo‘llanilishiga, ya’ni undan inson ehtiyojlari uchun foydalanishga imkon yaratdi. Yadro yonilg‘isining zaxiralari kimyoviy yonilg‘i zaxiralaridan yuzlab marta ko‘p.
Shuning uchun elektr energiyaning asosiy qismi atom elektr stansiyalarida (AES) ishlab chiqarilganda edi, bu – bir tomondan, elektr energiyaning tannarxini kamaytirsa, ikkinchi tomondan, insoniyatni bir necha yuz yillar davomida energetika muammolaridan xalos qilgan bo‘lardi. AESlarning ancha kichik maydonni egallashini ham ta’kidlash lozim. Dunyoda birinchi AES 1954-yilda Obninsk shahrida ishga tushirilgan. Undan keyin esa juda ko‘p ulkan AESlar qurildi va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.