Nazorat savollari 1. Marketing axboroti nima?
2. Birlamchi axborot nimasi bilan ikkilamchi axborotdan farq qiladi?
3. Marketing axboroti tizimiga ta'rif bering.
4. Korxonalar uchun axborot qanday ahamiyatga ega?
14-MAVZU. MARKETING MUHITI 14.1. Marketing muhiti tushunchasi va mohiyati 14.2. Korxona mikro-muhiti
14.3. Korxona makro-muhiti
14.1. Marketing muhiti tushunchasi va mohiyati
Marketing muhiti deganda korxona marketing xizmati xodimlarining mijozlar bilan yaxshi hamkorlik munosabatlarini o’rnatish va bu munosabatlarning saqlanishiga bevosita ta'sir ko’rsatuvchi sub'ektlar va kuchlarning majmui tushuniladi. Muhit doimiy o’zgarishda, ya'ni u yoki bu salbiy yo ijobiy ta'sir ko’rsatishi mumkinligi sababli, uni tizimli o’rganish, alohida jarayonlarni va ularning o’zaro aloqasini kuzatish zaruriyati marketing tadqiqotlari jarayonida juda muhim tadbir bo’lib hisoblanadi. Hatto muhitning arzimas o’zgarishiga e'tibor bermaslik yoki nazoratni susaytirish korxonaning va bozorning boshqa sub'ektlari ishida juda og’ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Odatda muhitlar mikromuhit va makromuhitlarga ajratiladi.
Makro-muhit yoki tashqi sharoitlar omillari asosan tizimli, umumiy bozor doirasidagi omillardan iborat. Bu erga turli xil iqtisodiy, huquqiy, siyosiy, demografik, geografik, milliy, ilmiy-texnikaviy, texnologik, ijtimoiy-madaniy va boshqa xarakterdagi ta'sirlarning keng spektri kiradi.
Mikro-muhit yoki ichki sharoitlar omillari korxonaning faoliyati va uning imkoniyatlariga bevosita tegishli. Mikro-muhitning asosiy qismi firma boshqaruvining nazorati ostida bo’ladi (faoliyat sohasini aniqlash, kadrlarni tanlash, xodimlar malakasining umumiy darajasi va marketing madaniyati, maqsadli bozorlar (segmentlar)ni, tovarlar harakatining yo’llarini tanlash, raqobat kurashida strategiyalarni ishlab chiqish, marketing vazifalarini echish.
Shunday qilib, mikro-muhitni o’rganish bozorning aniq sub'ektiga nisbatan qo’llanilgan holda amalga oshiriladi, undan farqli ravishda makro-muhit esa marketing va bozor sub'ektlari, mamlakat va xalq iste'moli tovarlari sohalari uchun umumiy ko’rinishda namoyon bo’ladi.