Iste'molchilar - mazkur firma mahsulotining xaridorlari hisoblanadigan jismoniy va huquqiy shaxslar (fuqarolar, oilalar, firmalar, jamoat tashkilotlari va davlat muassasalari). Iste'molchilar o’rtasidagi katta farqqa qaramay, ularda umumiy xususiyatlar bor. Ular marketing maqsadlariga bog’liq holda maqsadli guruhlarga birlashtirilishi mumkin bo’lgan jins, yosh, malaka, ehtiyojlar tarkibi, daromadlarni belgilaydi. Umuman, bozordagi xatti-harakatlari strategiyasi jihatidan bir-biridan ancha farq qiladigan iste'molchilarning besh turi farqlanadi. Bular yakka iste'molchilar, oilalar yoki uy xo’jaliklari, vositachilar, ta'minotchilar, davlat va jamoat tashkilotlarining mas'ul shaxslari yoki xodimlaridir.
Salmoqli qismini yakka iste'molchilar tashkil etadi, ya'ni aholining tovar va xizmatlarni faqat o’zining shaxsiy foydalanishi uchun sotib oladigan qismi. Oilalar yoki uy xo’jaliklari asosan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini xarid qiladilar. Miqyoslariga va xaridlarining hajmiga ko’ra ular ham iste'molchilarning asosiy turiga kiradi. Vositachilar ancha professional xaridorlardir, zero, ular tovarlarni asosan qayta sotish maqsadlarida sotib oladilar. Shu bilan bog’liq holda ular tovar narxiga, uning o’ramiga, saqlanish muddatlari kabi omillarga ko’proq e'tibor beradilar. Firmalarning xodimlari bo’lgan ta'minotchilar moddiy-texnika ta'minoti uchun tovarlarni sotib oladilar, bunda ular e'tiborining markazida tovarning narx va miqdoriy tavsifi, transport xarajatlari, ishlab chiqaruvchining obro’i, mijoz istagiga reaktsiyaning tezligi, to’lovni kechiktirish imkoniyati kabi ko’rsatkichlar turadi. Davlat va jamoat muassasalarining mansabdor yoki javobgar shaxslari o’zlarinikini emas, balki jamoat mablag’larini sarflaydilar. Ishlab chiqaruvchini tanlashda ular, eng avvalo, ishonchlilik, qonunga rioya qilishlik, shuningdek, shaxsiy aloqalari sharoitlaridan kelib chiqib yo’l tutadilar.
Aloqalar o’rnatiluvchi auditoriya - mohiyatan bu qo’yilgan maqsadlarga erishish niyatini bildirgan shaxslarning muayyan guruhi. Ular quyidagi tiplarga bo’linadilar (24-chizma).