14-MAVZU: ISLOM QADRIYATLARI
REJA:
1.Islomda
inson huquqlari himoyasi, ijtimoiy tenglik,
adolat va tolerantlik
g’oyalari.
2. Islomda axloqiy qadriyatlar.
3. Islom dinining jahon sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni.
Tayanch so’z va iboralar: Islom dini, Muhammad payg'ambar(s.a.v),
Qur'on, Hadislar, Kalom falsafasi, tasavvuf, huquq falsafasi, tasavvuf
Qur’on va hadis — islom ta’limotining asosiy manbalari.
«Qur’on» arabcha «qara’»-o’qimoq, oddiy o’qish ham shuningdek,
ma’lum matnni ohang bilan o’qish, ya’ni «qiroat qilish», «Tilovat qilish»
mazmunidagi fe’ldan, «o’quv», «o’qiladigan kitob» ma’nosini beradi. Qur’oni
karim – Olloh tarafidan 23 yilga yaqin
muddat mobaynida Muhammad
payg’ambarga oyatma-oyat, sura-sura tarzida nozil qilingan ilohiy (sakral) kitobdir.
Bu kitob islom dinining muqaddas manbasi hisoblanadi. Islom ilohiyot
maktablaridan biri ahl as-sunna va-l-jamoa ta’limotiga ko’ra, Qur’on
Olloh
taoloning so’zi va uning azaliy ilmidir.
Arab tarixchilarining xabar berishlaricha, xalifa Usmon Qur’onni
mutolaa qilib o’tirganida fitnachi musulmonlar tomonidan o’ldirilgan. U kishining
qoni Qur’on sahifasiga to’kilgan, degan naql xalq orasida keng tarqalgan. Bundan
Kufadagi
kitob savdogarlari foydalanib, ko’p nusxada «qonli» Qur’on nusxalari
tayyorlab sotganlar. Hozirgi paytda jahon muzey
va kutubxonalarida bunday
nusxalar saqlanadi. Ulardan biri Toshkent shahrida O’zbekiston musulmonlar
idorasida saqlanadi. Unda ham qon izlari bo’lib, shu nusxa aynan xalifa Usmonga
tegishli degan fikrlar mavjud. Mazkur Qur’on 353 varaqdan iborat bo’lib, varaqlar
o’lchami 68x53 sm., matn yozilgan qism hajmi 50x44 sm. Sahifalar kiyik terisidan
ishlangan bo’lib, har biriga 12 qatordan chiroyli kufiy xatida yozuv bitilgan. Ko’p
varaqlari yo’qolgan va keyinchalik qog’oz sahifalar bilan to’latilgan.