Buxgalteriya balansi tuzilishi va uning tarkibi. Balans buxgalteriya hisobotining asosiy shakli. Hisobot davriga korxona moliyaviy holatini tavsiflaydi. Moliyaviy hisobot tizimida balans muhim ahamiyatga ega bo‘lib, yillik hisobot tarkibidagi unda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, chunki xalqaro andazalar talablariga yaqinlashdi va bozor munosabatlariga qaratildi. Balansning aktiv va passiv moddalarining mazmuni ichki hamda tashqi foydalanuvchilarga undan foydalanish imkoniyatini berdi. Ichki va tashqi qiziquvchilar uchun korxona faoliyatining moliyaviy natijalari, uning moliyaviy barqarorligi, kreditor qarzlarining hajmi, bank kreditlari bo‘yicha qarzlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar zarur.
Korxona ichida balansda keltirilgan axborotlar xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish, xarajatlar va yo‘qotishlarni qisqartirish zaxiralarini qidirib topish, korxona hisobidan to‘lanadigan jarimalar sabablarini bartaraf etish uchun keng qo‘llaniladi.
Yillik hisobotga tushintirish xati, korxona rahbarining faoliyatning yo‘nalishi to‘g‘risidagi ma’ruzasi, ilova qilinadi. Bu korxonaning asosiy analitik hujjatlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Bunda asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha reja bajarilishiga ta’sir etuvchi quyidagi omillar ochib tashlanadi: mahsulot miqdori, assortimenti, sifati, mahsulot sotish hajmi, foyda summasi, tannarxni pasaytirish, mehnat unumdorligini oshirish, samaradorlik, ilmiy - konstruktorlik ishlarini natijalari va istiqbollari va shu kabilar. Tushintirish xatining mazmuni ishlab chiqarishni tashkil etish va texnologiya xususiyatlari bilan belgilanadi. Bugungi kunda moliyaviy hisobotlarning yangi shakllari tasdiqlangan.
Balansga asosan korxonaning to‘lov qobiliyati va boshqa bir qancha sifat ko‘rsatkichlarini hisoblab tahlil qilish mumkin.
Balans ma’lumotlari bo‘yicha korxonaning sof aylanma mablag‘lari yoki kapitalini aniqlab olish uning istiqboldagi rivojlanishini ta’riflaydi.
Sof aylanma mablag‘lar yoki kapital = Aylanma aktivlar – Qisqa muddatli majburiyatlar.
Sof aylanma mablag‘lar yoki kapital hajmi korxona tomonidan o‘z qarzini to‘lagandan so‘ng uning potentsial rivojlanish qobilyatini ta’riflaydi.
Bunday ma’lumotlarga asosan korxona menejerlari korxona holatini rivojlantirish bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qilishadi.
Balans ma’lumotlaridan foydalanadigan tashqi qiziquvchilar uchun korxona kapitalining tuzilishi ko‘rsatkichlari muhim ahamiyatga ega.
Kapitalning tuzilishi ko‘rsatkichlari korxonaga uzoq muddatli qo‘yilmalar qo‘ygan investorlar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilish darajasini ta’riflaydi. Ular korxonaning uzoq muddatli qarzlarini to‘lash qobiliyatini aks ettiradi.
Korxona egalarining ulushi qanchalik ko‘p bo‘lsa, shunchalik korxona moliyaviy barqaror, iqtisodiy mustahkam bo‘ladi va tashqi kreditorlarga qaram bo‘lmaydi.