1. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar mazmuni.
2. Iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash.
3. Ma’naviy-ma’rifiy tanlovlarda ishtirok etish.
Tayanch tushunchalar: ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy tanlovlarda ishtirok etish, iqtidorli talabalarni qo‘llab quvvatlash Ma’naviy-ma’rifiy ishlar mazmuni.Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» degan hayotbaxsh g‘oyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Bu borada olib borilayotgan muhim ishlarga qaramasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalardagi yangilanishlar jarayonida ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.
Xususan, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarni tashkil etishda yaxlit tizimni takomillashtirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ma’naviy tahdidlardan himoya qilish borasida tashkiliy-amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlarni takomillashtirish, ushbu yo‘nalishda davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektorning ijtimoiy hamkorligini yanada kuchaytirish talab etilmoqda.
Mavjud muammolarni hal etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samarasi va ta’sirchanligini oshirish, ko‘lami va miqyosini yanada kengaytirish, mamlakat aholisi, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirishning yagona tizimini yaratish maqsadida quyidagilar ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish;
oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash;
targ‘ibot-tashviqot va tarbiya yo‘nalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish;
el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholining Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish;
madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va san’atning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida ma’naviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish;
geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.