2-mashq.«O‘zbek tilining imlo lug‘ati»dan foydalanib, tubandagi so‘zlarning yozilishiga diqqat qiling. Тaajjub, taalluqli, budjet, taassurot, bug‘doy, televideniye, e’lon, e’tibor, izzat, jo‘shqin, ko‘za, mo‘jiza, muomala, mo‘tabar, oktabr.
Aql charxi
«U kim? Bu nima?» kitobidan olingan quyidagi matnni o‘qing. So‘ng istagan harfingizni ochib, o‘zingizga ma’qul bo‘lgan so‘zni izohlang. Kitobdagi barcha maqolalar alfavit tartibida joylashgan. Birinchi kitob A—Y harflari bilan, ikkinchi kitob K—R harflari bilan, uchinchi kitob S—H harflari bilan boshlanadigan maqolalarni o‘z ichiga oladi.
Masalan, sizni «Buxoro» maqolasi qiziqtiradi. 1-jildning 99-betidagi B harfi mundarijasiga qarang. U yerda kitobdagi B harfi bilan boshlanadigan hamma maqolalar ko‘rsatib qo‘yilgan. «Buxoro»ni topdingiz-mi? Kitobning qaysi betida shu haqda hikoya qilingan? 150-betida. Mana, maqolaning o‘zi. Unda Ko‘hna Buxoro haqida, uning tarixi, ajoyib yodgorliklari to‘g‘risida hikoya qilinadi. Shu jilddan jiyda, zilzila, Ibn Sino, yo‘lbars kabi boshqa maqolalarni ham topishingiz mumkin.
3-mashq. O‘zbekcha—inglizcha, o‘zbekcha—nemischa, o‘zbekcha— fransuzcha lug‘atlarda so‘zlar qanday beriladi.
Uyingizda ulardan namunalar bo‘lsa, ikki-uchta so‘zga berilgan izohni ko‘chirib yozing va ular haqida fikr yuriting.
4-mashq. A. O‘lmasov, N. Тo‘xliyevning «Bozor iqtisodiyoti» (qisqacha lug‘at-ma’lumotnoma)dan olingan tubandagi misolni daftaringizga yozib oling. So‘ng barter, debitor, diler, lizing, marketing, xolding-kompaniya so‘zlariga izoh berishga urinib ko‘ring.
POLIS (fr. polici, ital. pollissa — tilxat) — shaxsiy yoki mulkiy sug‘urta shartnomasi zarurat tug‘ilganda sug‘urtachiga qarshi da’vo qo‘zg‘atib zararni undirish uchun sudga taqdim etiladigan rasmiy hujjat.
Mavzu yuzasidan savollar:
Leksikografiya nima?
Leksikografiyaning qo’llanish doirasiga nimalar kiradi?
Lug’atlar ko’zlangan maqsadiga ko'ra qanday turlarga bo’linadi?
Ensklopedik va lisoniy lug’atlar qanday farqlanadi?
Umumiy va xususiy (maxsus) lug’atlar qanday farqlanadi?