1,Adabiyot (Bolalar adabiyoti) fanining maqsad va vazifalari


,XUDOYBERDI TO'XTABOYEV VA FARHOD MUSAJON HAYOTI VA IJODI



Yüklə 124,17 Kb.
səhifə18/27
tarix03.02.2023
ölçüsü124,17 Kb.
#82720
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   27
10,XUDOYBERDI TO'XTABOYEV VA FARHOD MUSAJON HAYOTI VA IJODI
Xudoyberdi To’xtaboyevning “Tarjimai holimdan lavhalar”ida shunday yozilgan:“Men 1932 yilning 17 dekabrida Farg’ona viloyatidagi Katta Tagob qishlog’ida tug’ilgan ekanman. Otam To’xtavoy 21 yoshida quloq qilingan bo’lib, Tojikistonning Chorku degan joyida vafot qilgan. Ikki yildan so’ng onam Sorabibi xolasi Ashirbibi o’lib, besh bolasi yetim qolgani sababli, uning eri Usta Qodirga turmushga chiqqan (qarindoshlarning qarori shunday bo’lgan) ekan.
Mening tarbiyam bobom Erkavoy, enam Robiyabibilarning ixtiyorida bo’lgan. Ruhim, xulqi-ahloqim va harakterimda neki bo’lsa, bog’bon bobom, ertakchi enam tufayli shakllangan.
O’smirlik davrlarim Ikkinchi jahon urushi yillariga to’g’ri kelgan. 1949 yili Qo’qon pedagogika bilim yurtini, 1955 yili Toshkent davlat universitetini (ilgari SAGU deb atalgan) bitirganman.
1958 yili Toshkentga keldim. Avval “Toshkent oqshomi”, so’ng hozirgi “O’zbekiston ovozi” gazetalarida hammasi bo’lib 14 yil ishladim.
14 yil davomida 300 dan ortiq felʼyeton yozdim. Yo’q, baribir, ulardan ko’nglim to’lmadi. Bostirib kelayotgan tankka qarshi rogatka (cho’zma)ga kesak solib otganimiz bilan taʼsir qilmaganidek, jamiyatdagi illatlarga qaratilgan felʼyetonlarimning ham hech taʼsiri bo’lmayotgandek edi. “Ruhi-dunyosi pok bo’lgan, tarbiyaga quloq soladigan, savob va gunohni bilishga intilayotgan, ruhim go’zallikka talpinayotgan bolalar dunyosida ishlasam qalay bo’larkan”, deb o’ylay boshladim va shunday qaror qabul qildim”.
X. To’xtaboyev o’zi taʼkidlagandek, butun ijodiy salohiyatini bolalar, o’smirlar dunyosini sharh etishga, ularning maʼnaviy olamini boyitishga xizmat qiladigan asarlar yaratishga baxsh etdi. Shu bois yoshlar nashriyoti, “Gulxan”, “Yosh kuch” jurnallari, “Isteʼdod” jamg’armasi boshqaruvida rahbar lavozimlarida ishlab, bola va o’smir ruhiyatidagi go’zallikni himoyalashga, boyitishga eʼtibor qaratdi.
Eʼlon qilingan hikoya va to’plamlari: “Shoshqaloq” (1961), “So’qmoqlar” (1966), “Muhabbat qo’shig’i” (1967), “Jonginam, shartingni ayt” (1969), qissalari: “Sir ochildi” (1961), “Omonboy bilan Davronboy sarguzashti” (1974), romanlari: “Sariq devni minib” (1968), “Sariq devning o’limi” (1973), “Besh bolali yigitcha” (1976), “Qasoskorning oltin boshi” (1981), “Yillar va yo’llar” (1983), “Shirin qovunlar mamlkati” (1986), “Mungli ko’zlar” (1988), “Jannati odamlar” (1966), “Qiz talashgan o’smirlar”, “Quyonlar saltanati”, “Qiz bolaga tosh otmang”, barcha-barchasi, uning qizg’in ijodiy faoliyatining samarasi bo’ldi.
Adib 1972 yili O’zbekiston Yoshlar tashkilotining mukofoti, 1982 yili “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi” unvoni, 1989 yili O’zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
O’zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To’xtaboyevning asarlari tojik, qirg’iz, turkman, ozarbayjon, arman, rus, ukrain, belorus, moldovan, eston, latish, litva, fin, bolgar, venger, nemis, chex, italyan ‒ jami 24 tilga tarjima bo’lgan.
“Sariqni devni minib” asarining jahon tillariga tarjima qilinishiga sabab, 1971 yili Italiyaning Rim shahrida o’tgan jahon bolalar yozuvchilarining kengashida Janni Rodarining shu asar haqida aytgan iliq gaplari bo’lgan edi.
“O’zbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
O’zining qisqa hajmli va hayajonli hikoyalari, mazmundor qissalari, kichkintoylarni to’lqinlantiradigan pesalari bilan bolalarning quvonchlariga quvonch ulasha olgan qalamkashlardan biri Farhod Musajon 1933 yilda Toshkent shahrida tug’ilgan. 1956 yilda ToshDUning sharq fakultetini tamomladi. Bir necha yil 0ʼzbekiston radiosida, “O’zbekiston madaniyati” gazetasida, “G’uncha” jurnalida mehnat qildi. 1966 yildan esa “O’zbekfilm”da muharrir, keyinchalik bosh muharrir vazifalarida o’z faoliyatini davom ettirdi.
F. Musajonning ilk asari 1955 yilda eʼlon qilingan. Shundan so’ng “Daradagi qishloqda” (1960), “Turdi, galstuk va men” (1970), “Oftobni quvlab” (1970), “Chin do’stlik” (1976), “Chevar qiz” (1982), “Buloq suvi” (1982), “Turdi, velosiped va men” (1983), “Glotok rodnikovoy vodiʼ”, “Tekin tomosha” (1989) kabi kitoblarining maydonga kelishi bolalar uchun katta bayram bo’ldi.
1977 yilda adib o’zining bolalarga atab yozgan barcha hikoyalarini jamlab, yigirma ikki taboqdan iborat katta kitobini qayta ishlagan va to’ldirilgan holda chop ettirdi. Bu kitobini ham ilgarigisiga o’xshab “Tekin tomosha” deb atadi. 0ldingisidan farqli o’laroq, bu kitob uch qismdan iborat: kichkintoylar uchun, o’rtancha yoshdagilar va o’smirlar uchun.
Farhod Musajon ijodining o’ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, uning aksar hikoyalari quvnoq hazil-mutoyiba hissi bilan sug’orilgan. Adibning barcha hikoyalarida beg’ubor va zavqli bolalik davri ruhiyati saqlangan. Shuning uchun uning hikoyalari oson o’qiladi, oson hazm boTadi. Natijada taʼsir kuchi ham ortadi.
Adib ijodining yana bir jihati u o’z personajlarini yomon yoki yaxshi, adabiy atamalar qo’llab aytadigan bo’lsak, salbiy yoki ijobiyga ajratmaydi. Ularga baho berar ekan, feʼl-atvori qandayligini tasvirlar ekan hech qachon kuchli iboralarni, “ablah, iblis, yaramas, gazanda” va hokazo haqoratomuz, qattiq-quruq so’zlarni ishlatmaydi. Zero, inson sifatida endi shakllanayotgan bolalarga nisbatan bunday o’tkir so’zlarni ishlatish insofdan va adolatdan emasligini tushunadi. U o’z qahramonlarini, qandayligidan qatʼi nazar, o’yinqaroqmi, lapashangmi, ayyormi, dangasami, maqtanchoqmi – hammasini birday sevardi va sevib tasvirlardi. Uning uchun yomon bola umuman yo’q, kamchiligi bo’lishi mumkin, deylik yolg’onchiroq, xasisroq, xudbinroq, lekin nokas bola yo’q, har qanday bolani ham to’g’ri yo’lga solib yuborish mumkinligiga ishonardi. Va shu muborak maqsad yo’lida ijod qildi.
Farhod Musajonning o’ziga xos uslubi bor edi. Uning asarlaridan bir parchagina o’qigan odam muallifning kimligini aniqlab olishi mumkin. U aniq, sodda, tushunarli va ixcham yozardi. Shu sababli katta mahorat evaziga yillar davomida paydo bo’ladigan va shakllanadigan badiiy soddalik tufayli uning asarlari o’qimishli chiqadi. Bolalar tili bilan aytsak, hikoyalari “rostakam bo’lgan voqeaga o’xshaydi”. Darhaqiqat, adib voqealarni xuddi hayotdagidek ishonarli va qiziqarli qilib so’zlab beradi. Bu juda muhim. Negaki bolalar hikoya voqealariga ishonmasalar asarning taʼsir kuchi yo’qqa chiqadi. Mana shu omil – ishontira olish mahorati Farhod Musajon ijodining eng muhim xususiyatlaridan edi.
Farhod Musajon barcha yoshdagi bolalar uchun yozdi. Uning kitoblari orasida maktabgacha tarbiya yoshidagi, maktab yoshidagi, kichik va o’rta hamda katta yoshdagi bolalarga va o’smirlarga bag’ishlangan asarlarini ham uchratish mumkin.
Maʼlumki, maktabgacha tarbiya bolalar kitobxonligi, asosan, ota-onalar, tarbiyachilar tomonidan amalga oshiriladi. Bolalar o’zlari tinglagan asarlari yordamida atrof-muhit bilan tanisha boradilar. Ona yurtga, tabiatga muhabbat xislatlari; mehnat qilish va mehnat ahlini hurmat qilish kabi fazilatlar shu yoshdan shakllana boshlaydi. Turmushda qizg’anchiq bo’lmaslik, kasbhunar egallashga intilish, kattalarni hurmat qilish kabi ijobiy fazilatlar ham shular jumlasiga kiradi. Bolalarning pedagogikpsixologik xususiyatlarini yaxshi o’rgangan Farhod Musajon kichik yoshdagi bolalarga bag’ishlab “Eng yaxshi chana”, “Shodiyona kun”, “Shiqildoq”, “Pahlavon va nimjon”, “Sovg’a”, “Ajoyib buzoqcha”, “Yaxshilik”, “To’lab ber”, “Varrak”, “Dog’” kabi o’nlab hikoyalar yaratgan.
Adibning “Varrak” asarining mazmuni oddiygina varrak yasash voqeasi asosiga qurilgan. Asarda kichkintoylarni bolalikdan boshlab mustaqil harakat qilishga chaqiriladi.
Ana shunday jozibali asarlaridan yana biri “Eng yaxshi chana”dir. Bu hikoyada qo’li ochiq, saxovatli, bag’ri keng bo’lish, xasis, ziqna bo’lmaslik kabi g’oyalar kichkintoylar ongiga yetkaziladi.
Latifjonga dadasi chana olib beradi. Quvonchdan bolaning boshi ko’kka yetay deydi.
Latifjon boshda ancha qizg’anchiq bo’ladi. Shuning uchun chanada bitta o’zi uchadi. Boshqalarni chanaga yaqin keltirmaydi, unga birovning qo’li tegib ketsa, chanani ko’tarib uyiga chopadi.
Latifjonning dadasi o’g’lidagi bunday qizg’anchiqlikni payqaydi, lekin unga pand-nasihat qilib o’tirmaydi. Aksincha, quyidagi ibratli hikoyatni keltiradi:
– Bilasanmi, – debdi dadasi o’g’liga, – men bu ajoyib chanani qayerdan oldim? Bunaqasi magazinda sotilmaydi, bu buyurtma bilan qo’lda yasalgan chana. Uning yoshi oltmishda. Ha, oltmish yil burun bu chanani bir og’aynimning dadasi olib bergan ekan. Og’aynim o’sha paytda sendek ekan. Chananing chiroyliligini ko’rib uchishga uning ham ko’zi qiymabdi. Kattaroq bo’lganimda ucharman, hozir bolalar tortib olib eskitib qo’yishadi, deb asrab yuraveribdi. Oradan yillar o’tibdi, bir kuni qarasa bolaligi tugab, chol bo’lib qolibdi. Endi unga chana kerak emas ekan, chunki qariganda uyalmasdan chana uchadimi?! Og’aynim chanani menga sovg’a qilar ekan, beg’ubor bolalik chog’imda maza qilib ucholmadim, ishqilib sening o’g’lingga yaxshi xizmat qilsin dedi. Shunaqa, o’g’lim, qizg’anchiq odam zavqdan mahrum bo’ladi!



Yüklə 124,17 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   27




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin