1,Adabiyot (Bolalar adabiyoti) fanining maqsad va vazifalari
9,PO'LAT MO'MIN VA QUDRAT HIKMATNING HAYOTI VA IJODI Poʻlat Moʻmin adabiyot ixlosmandlariga, xususan, yosh avlodga shoir, dramaturg sifatida tanish va yaqindir. U oʻzining quvnoq sheʼrlari, zavqli qoʻshiqlari, qiziqarli dostonlari va ertaklari bilan bolalarning sevimli shoirlaridan biriga aylangan edi.
U 1922 yil 24 dekabrda Toshkent shahrida tavallud topadi. Avval pedagogika bilim yurtida tahsil oladi. Soʻng Toshkent Davlat pedagogika institutini tugatib (1944), oʻqituvchilik qiladi. 1948–1950 yillarda gazetalarda adabiy xodim, 1951–1952 yillarda Oʻzbekiston Davlat nashriyoti bolalar adabiyoti boʻlimining mudiri boʻlib ishlaydi. 1954–1960 yillarda Yozuvchilar uyushmasida, 1962–1964 yillarda Madaniyat vazirligi qoshidagi Sanʼat ishlari boshqarmasida xizmat qiladi.
1949 yilga kelib uning “Sayrang, qushlar” nomli ilk toʻplami chop etiladi. Ketma-ket “Boʻl tayyor!”, “Tish choʻtkasi ertagi” (1955), “Hunardan unar” (1958), “Toʻgʻri oʻsgan gul boʻlar” (1960), “Aql qayerda boʻlar?” (1962), “Oltin nay” (1967), “Rahmatga rahmat” (1969), “Eson va omon” (1971), “Odob va oftob” (1971), “Yaxshilarga oʻxshasam”, “Gul va piyoz”, “Kuldi xiyol”, “Men sevaman, sen sevasanmi?”, “Oltin boshoqlar”, “66 oltin qoʻl”, “Ertakdan ertakka” (1990), “Fardlar kitobi” (1993) va boshqa toʻplamlari nashr etildi. Uning “Bolajon, bolajonim” kitobi 2004 yilda kitobxonlar qoʻliga tegdi. Bu toʻplamlarning hammasida yoshlarning begʻubor ruhiy dunyolari, qalb harorati va iztiroblari ifodalangan.
Poʻlat Moʻmin dramaturg sifatida ham “Qovoqvoy va Chanoqvoy” (1970), “Suqatoy va Konfetoy”, “Bahodirning jasorati” kabi asarlarini yaratgan.
U, ayniqsa, mohir qoʻshiqchi shoir sifatida elga tanilgan. Shoirning “Indamadi”, “Onadur ul, onadur”, “Senga bir gap aytaman” kabi oʻnlab qoʻshiqlari oʻzining sodda va ravonligi, musiqiy va xalqchilligi bilan xalqimiz yuragidan oʻrin olgan.
U mohir tarjimon sifatida A. Pushkin, V. Mayakovskiy, S. Marshak, S. Mixalkov, A. Barto, N. Nosov asarlarini ona tiliga oʻgirgan.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Poʻlat Moʻminning adabiyotimiz oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholangan. U 1998 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Qudrat Hikmat oʻzbek bolalar adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan shoirlardan biridir. U 1925 yili Toshkentning Sebzor mahallasida tugʻildi. Onasidan erta ajraladi (1934). Otasi dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shugʻullangan oddiy mehnatkash kishi edi. Qudrat Hikmat hali oʻrta maktabda oʻqib yurgan (1934–1944 ) yillardayoq, adabiyotga mehr qoʻyib, sheʼrlar mashq qila boshlaydi. Shoir sifatida maktab devoriy gazetasiga oʻz sheʼrlari bilan qatnashadi. Unga Oybek, Quddus Muhammadiy kabi ustozlar mehribonlik koʻrsatishadi. 1945 yildan boshlab Qudrat Hikmat sheʼrlari gazetalar, “Gulxan”, “Sharq yulduzi” kabi jurnallarda chop etiladi. Qudrat Hikmat 1947 yildan boshlab mashhur baxshi Islom shoir Nazar oʻgʻliga adabiy kotib boʻlib xizmat qiladi. Bu hol ijodkordagi xalqchillikning kamol topishiga olib keladi. U 1957 yilda Toshkent davlat kechki pedagogika institutini tugatgan. Birinchi sheʼriy toʻplami ‒ “Mening vatanim” 1950 yilda nashr etiladi. Shundan soʻng “Baxtli bolalar”, “Tinchlik ‒ obodlik”, “Doʻstlik”, “Uch oʻrtoqning sovgʻasi”, “Nabira mehri”, “Onaxonim”, “Alisher va kitob”, “Toshbaqalar xujumi”, “Soatjonning soati” kabi oʻnlab sheʼriy guldastalari, “Chirchiq farzandi” dostoni, “Ilon shoh va uning amaldori Ari haqida ertak” kabi asarlari yaratiladi.
Qudrat Hikmat qaysi mavzuda, qaysi janrda qalam tebratmasin, halol, topqir va chopqir bolalar dunyosini kashf etishga intiladi. Doʻstlik, tinchlik, oʻzaro birdamlik, vatanparvarlik gʻoyalarini olgʻa suradi. Sheʼrlaridagi bolalarcha samimiylik, begʻuborlik va toʻgʻrilik shoir asarlarining jozibali boʻlishini taʼminlaydi.
Qudrat Hikmat mohir tarjimon sifatida S. Marshak, S. Mixalkov, A. Barto kabi rus shoirlarining sheʼrlarini oʻzbekchaga oʻgirgan.
U 1968 yili ogʻir betoblikdan soʻng 43 yoshida vafot etgan. Ammo:
Olmos mening yuragim, Tolmas mening yuragim. Kim aytadi sheʼrimda Qolmas mening yuragim ‒ deganidek, shoir oʻz sheʼrlarida uzoq yashash baxtiga muyassar boʻlgan ijodkorlardan sanaladi.