18,ALIKSANDR SERGEYVICH PUSHKIN VA NIKOLAY ALEKSEYVICH NEKRASOV ERTAK- DOSTONLARDA ILGARI SURILGAN G'OYALAR Har bir xalqning donishmandligi va qalb nazokatini o’zida mujassamlantirgan shoiri bo’ladi. Rossiyada inson maʼnaviy olamining musavviri, shubhasiz, Pushkindir. U nurga intilib, doim ozodlik uchun kurashuvchi shoir, buyuk optimist bo’lib yetishdi. Rus xalqining yana bir buyuk shoiri Aleksandr Blok: “Pushkinning nomi naqadar jarangdor”, deb taʼriflagan edi.
A. S. Pushkin xalq og’zaki ijodini bolalikdan berilib o’rgandi. Buloqdek qaynab-toshgan xalq og’zaki ijodi shoirning ilhomiga ilhom qo’shdi. Kelajakda mashhur shoir bo’lib, jahonga tanilishida boy manba bo’lib xizmat qildi. U, ayniqsa, o’zining ertakdostonlari bilan yosh kitobxonlarning hurmat-olqishiga sazovor bo’lib kelmoqda.
A. S. Pushkin o’zining “Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak” (1831), “Baliqchi ham baliq haqida ertak” (1833), “O’lik malika va yetti bahodir haqida ertak” (1833), “Oltin xo’roz haqida ertak” (1834) kabi ertak-dostonlari bilan jahon bolalar adabiyoti xazinasini yanada boyitdi.
Yuqorida biz taʼkidlab o’tgan asarlarning hammasi boy va rang-barang xalq og’zaki ijodi taʼsirida yuzaga kelgan. Bu asarlar zamirida aniq mavzular yotganligini ko’ramiz. Masalan, shoir “Ajoyib bolalar” xalq ertagi asosida “Shoh Saltan… haqida ertak”, “Qurimsoq kampir” ertagi va rus xalq folklorining to’plovchilaridan biri V. Dal hikoya qilib bergan sujet asosida “Baliqchi ham baliq haqida ertak”, “Sehrli ko’zgu” ertagi asosida “O’lik malika va yetti bahodir haqida ertak”, uzoq yillar xalqni ayovsiz ishlatib, unga rahm-shafqat nima ekanligini bilmay o’tgan va uning hatto pok xizmatlarini o’zida mujassamlashtirgan “Shabarsha batrak” asosida “Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak” yotganligini ko’ramiz. Bu ertaklarning hammasi shoirning ijodxonasida ishlanib, sayqallanib, yanada o’qimishli, taʼsirli chiqqan.
A. S. Pushkin oddiy, mehnatkash xalqni yaxshi ko’radi, uni iloji boricha himoya qilishga, yon bosishga harakat qiladi. Shuning uchun ham uning ertak-dostonlarida xalqqa bo’lgan cheksiz muhabbat tuyg’usi barq urib turadi.
Dadon shohni oling (“Oltin xo’roz haqida ertak”). U g’irt ahmoq. Na xalqni sevadi va na farzandlariga mehribon otalik qila oladi. Dadon o’taketgan darajada maishatparast va kaltabin. U butun podshohligidan, xalqidan, farzandlaridan o’zga yurtlik makkora ayolni ustun qo’yadi. Buni xalq, xudo kechirmaydi. Natijada shoh xalq qahr-g’azabiga duchor bo’ladi. Oltin xo’roz tepkisidan halok bo’lgan shohga birovning rahmi kelmaydi, aksincha, shohning o’limi ularga shodlik va ozodlik baxsh etadi.
Pop (“Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak”) obrazi ustida shoir qattiq ishlaydi. Uning tekinxo’r, ochko’z, o’zgalar hisobiga umr kechiradigan bir pastkash kimsa ekanligini keskin ochib tashlaydi.
Unga qarama-qarshi qilib oddiy va halol, mehnatkash va bahodir yigit Balda obrazini ijod cho’qqisiga ko’taradi.
Ikki qahramonning bozordagi o’zaro suhbatidanoq kitobxon kim qanday odam ekanligini darhol sezadi:
“Bo’lsin oshpaz, otboqar ham duradgor, Ayt-chi, bunday arzon malay qayda bor?” Balda debdi: “Yaxshi malay bo’layin, Bergan obi yovg’oningga ko’nayin. Xizmatimga haq to’laysan shu xilda: Peshanangga uch chertaman bir yilda”. Ha, hayotda har bir narsaning, jumladan, tekinxo’rlik, ochko’zlikning ham poyoni, oxiri bor. Kaltabin Pop chertkini yeb halok bo’ladi.
Taniqli rus shoiri Nikolay Alekseevich Nekrasovning bolalik yillari Volga bo’ylarida – o’zi tug’ilib o’sgan joylarda o’tgan edi. Shoirning yoshlik tarbiyasida oqila onasining roli katta bo’lgan. Shu bois u keyinchalik “Ona” poemasini onasiga bag’ishlab yozgan edi. O’g’lining dehqon bolalari bilan o’ynashi, yayrab yurishini xohlagan ona – Yelena Andreevna bo’lajak shoirning xalqparvarlik ruhida tarbiyalanib o’sishiga munosib hissa qo’shgan edi.
Bugina emas, Nekrasovning enagasi ham hayot va xalq ijodi ruhi bilan sug’orilgan ajoyib ertaklar aytib, bo’lajak shoir xayolotini qanoatlantirar edi. Shu-shu Nekrasov ertaklarni juda sevib qoldi. O’z Vatanining dala va o’rmonlariga, qor va sovuqlariga, bahorgi “yashil shovqiniga” muhabbat bog’ladi.
Nekrasov dehqon bolalari bilan hamisha hamnafas bo’lganligi uchun dovyurak, botir va jasoratli bola bo’lib o’sdi. Bo’lajak shoir 10 yoshga to’lganda uni Yaroslavl gimnaziyasiga o’qishga berishadi. O’qituvchilar bilimga havasmand, isteʼdodli bolaga durust saboq bera olmadilar. Natijada u gimnaziyani tashlab, mustaqil o’qishga berilib ketadi. Otasi uning ofitser bo’lib yetishishini istar edi. Shuning uchun ham uni Peterburgdagi kadetlar korpusiga o’qishga yuboradi. Lekin ilm-fan cho’qqilarini egallashga intilgani tufayli Peterburg universitetiga o’qishga kiradi. Ammo otasi o’g’lining o’zboshimchaligidan tajang bo’lib, moddiy yordam bermay qo’yadi. Biroq maqsad yo’lida sobitqadam Nekrasov moddiy mahrumliklar sharoitida yashash va olg’a harakat qilishga intiladi. Ana shu yillarda oddiy odamlar turmushi og’ir ekanligini sezadi va umrining oxirigacha ular haqida to’lib-toshib kuylaydi.
Nekrasov dehqonlar to’g’risida, ayniqsa, ko’p sheʼrlar yozadi. Bu sheʼrlarni o’qir ekansiz, go’yo dehqonlarning o’zlari o’z og’ir mehnatlari va qayg’u-alamlari haqida so’zlab berayotganday tuyuladi. Nekrasov ularning hayotini shunchalik yaxshi bilar, ularni o’ziga shunchalik yaqin tutardi. Nekrasovning sheʼrlari go’zal, ohangdor, juda boy va ayni zamonda juda sodda tilda yozilgan edi. Bu tilni u Yaroslavl gubernasidagi qishloqda o’tkazgan bolalik yillarida o’rgangan edi. U dehqonlar tilini juda yaxshi bilardi, bu uning sheʼrlarida ham shunday oddiy, tabiiy va ravon jaranglaydi.