15,HAMZA IMONBERDIYEV VA ABDURAHMON AKBAR HAYOTI VA IJODI Shalpangquloq, hoy, filcha, Javob bergil soʻroqqa. Suv toʻla xartuming-la Ketayapsan qayoqqa? – E, doʻstim, bu sayyohlar Rosa tegdilar jonga. Ermakka gulxan yoqib, Xavf solishar oʻrmonga. Shunga boʻlib koʻz-quloq, Yuribman kun kechirib. Ular yoqib ketishgan Gulxanlarni oʻchirib… Bu ajoyib misralar, ma’no va mazmunga boy, badiiy jihatdan yuksak darajadagi she’r iste’dodli bolalar shoiri Hamza Imonberdiyev qalamiga mansub. U 1954 yilda Qozog’iston Respublikasi Shimkent viloyatining Suzoq qishlog’ida dehqon oilasida tavallud topdi. Hozirgi Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika universitetining filologiya fakultetida Abusaid Ko’chimov, Abdug’affor Hotamov kabi yozuvchilar, Shuhrat Jabborov, Hamid Habibullayev kabi taniqli jurnalistlar bilan birin-ketin o’qidi. Talabalik yillarida yuqoridagi ijodkor do’stlari bilan O’tkir Rashid rahbarlik qilgan fakultetning “Chashma” to’garagida, universitetning “Ma’rifat yo’lida” gazetasida she’riy mashqlarini tobladi.
Universitetni imtiyozli diplom bilan tamomlagan bo’lajak bolalar shoiri H. Imonberdiyev o’z mehnat faoliyatini “Tong yulduzi” gazetasida boshladi. Umrining so’nggi o’n yilini esa “Cho’lpon” nashriyotida, kichkintoylar uchun katta adabiyot chop etadigan maskanda muharrirlik bilan o’tkazdi.
Talabalik yillaridayoq ijodda kitobxon ko’ziga tashlanib qolgan bolalar shoiri Hamza Imonberdiyev “Quvnoqlar quvonchi”, “Shokoladxo’rlar”, “Kulgi shaharchasi”, “G’aroyib pufak”, “Oydagi tomosha”, “Qutichada mitticha”, “Lofchilar – aldoqchilar”, “G’aroyib Kent hangamalari”, “Bir kunlik mo’jiza” kabi kitoblar muallifi sifatida bolalar dilidan mustahkam joy oldi.
Shoir asarlari rang-barang, mavzu doirasi keng. U har bir katta-kichik asarida kenja kitobxon do’stlarini nimagadir o’rgatadi, o’rganishga, ibrat olishga, turmushda xulosa chiqarib yashashga chorlaydi.
Xalqda: “Birovga chuqur qazisang, unga o’zing qulaysan”, degan naql bor. Bu borada “Kalila va Dimna”da juda ibratomuz bir hikoya bor. U har qanday odamga ta’sir qiladi:
“Bir kuni Qoraquloq o’rmon chetiga chiqib o’tirgan edi, bir sichqonning jahd-u jadal bilan daraxt tomirini kemirayotganini ko’rib qoladi. Daraxt tilga kirib unga dedi: – Ey, dilozor va sitamkor! Nima uchun jonim rishtalarini qirqyapsan? Sichqon uning nola-yu zoriga e’tibor bermay, o’z ishini davom ettiraverdi. Nogah bir burchakdan ilon chiqib, sichqonga hamla qildi va bir zumda yutib yubordi. Qoraquloq bu voqeadan “Dilozorning jazosi ozor ekan”, degan xulosa chiqarib oldi. Shu vaqt bir tarafdan tipratikan kelib, ilonning dumidan tishladi-yu, boshini ichiga tortib g’ujanak bo’lib oldi. Ilon jahl bilan unga o’zini ura boshlagan edi, a’zoyi badanini tikanlar pora-pora qilib yubordi. Ilon o’sha zahoti o’ldi. Qoraquloq bundan ibrat darsi oldi. Ilon o’lgach, tipratikan boshini chiqarib, uning yaxshiyaxshi joyidan tanlab yedi. Qorni to’ygach, daraxt soyasida koptokdek bo’lib yumalab, huzur qilib yotgan edi, nogah bir och tulki kelib qoldi. Tipratikanning nayzalaridan qo’rqib, uni hiyla bilan o’ldirmoqchi bo’ldi. U tipratikanni ag’anatib qorniga yozildi. Tipratikan yomg’ir yog’yapti shekilli deb o’ylab, boshini chiqargan ham ediki, tulki bir hamla bilan uni cho’rt uzdi, bo’shashib qorni ochilib qolgan tipratikanni ishtaha bilan yeb oldi. Shu vaqt bo’riga o’xshagan vahshiy bir it kelib, tulkini turgan yerida bo’g’ib, uning go’shti bilan ochligini qondirdi. Qoraquloq bu ajoyibotlarni ko’rib, hayron qolib yotar edi. It endi dam olishga hozirlik ko’rayotganda bir qoplon kelib, uning siynasidan oldi. Qoplon hali itni tugatmagan ham edi, ovchi kelib, bir o’q bilan uni tinchitdi. Qoplonning joni hali uzilmagan edi, u yerdan bir otliq o’tib qoldi. Unga qoplonning terisi yoqib, ovchi bilan urisha boshladi. Qilich solib, ovchining boshini tanidan judo qildi va qoplonning terisini olib yo’lga tushdi. U yuz qadam ham yurmagan ediki, oti qoqilib, yerga yiqildi. Gardani sinib, shu onda halok bo’ldi”. Bolalar shoiri Hamza Imonberdiyev “O’q” she’rida xuddi shunga yaqin bir voqeani yosh kitobxonga havola qildi. Kamondan bemavrid otilgan o’q hayotda bosar-tusarini bilmaydi, u o’ta dahshatli, qasd qilish ishtiyoqida hammaga dag’dag’a qiladi. O’q hech kimni nazar-pisand qilmaydi, chor tomonni nobud qilaman, otaman, bag’rini tilaman,
Odatda, kim haddidan oshsa, yon-atrofdagilar bilan hisobkitob qilib yashamasa, o’ziga ortiqcha bino qo’ysa, albatta, hayotda qoqiladi. Chor tomonga dahshat solib, hammaning jonini olmoqchi bo’lgan o’q o’ziga nisbatan zo’rroq mergan otgan o’qqa duch kelib vayron bo’lishi kitobxon bolalarni quvontiradi.
Shoir she’rlarini rang-barang dedik. U haqiqatan ham shunday. “Tarbiyachi” asari buning yorqin isboti bo’la oladi. Inson insofli, adolatli, or-nomusli bo’lsa, har bir bosadigan qadamini o’ylab, bilib tashlaydigan bo’lsa, hayotda qoqilmaydi, baxtiyor bo’ladi. Bunday odamlarni vijdonli, or-nomusli kishilar deb atashadi.
Oʻzbek bolalar adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan Abdurahmon Akbar 1962 yil 22 aprelda Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi Niyozboshi qishlogʻida ziyoli oilada tugʻildi. Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti kechki boʻlimida (1979–1987) tahsil oldi. Armiya xizmatini quruvchi askarlarning “Stroitel” (“Binokor”) gazetasida (1981–1983) adabiy xodim sifatida oʻtadi. Xizmatdan qaytgach, Yangiyoʻl tumanidagi 25-maktabda ona tili va adabiyoti fanidan (1985–1986) dars berdi. 1986 yildan umrining oxirigacha “Choʻlpon” nomidagi bolalar nashriyoti matbaa ijodiy uyida xizmat qildi.
Abdurahmon Akbarning ilk kitobi 1987 yilda, “Kichkintoy va paxtaoy” nomi bilan bosilib chiqdi (M. Qodirov bilan birgalikda). Shundan soʻng “Soʻzlovchi yomgʻir” (1990), “Ehtiyotkor toshbaqa” (1991), “Yozning tugʻilgan kuni” (1992), “Oʻyinqaroq bulutcha” (1996), “Oʻrdakcham” (2005), “Jonli savatcha” (2005), “Uyquchining tushlari” (2006), “Gonzik olib kelgan dori” (2006), “Eng katta mehr” (2006), “Niyozbosh istiqbol sari” (2007), “Bolalar bogʻchasi uchun sevimli ertaklar” (2009), “Mening doʻstim kompyuter” (2010) nomli 15 dan ortiq sheʼriy, adabiy-badiiy va tarjima kitoblari chop etildi. 1991 yili “Ehtiyotkortoshbaqa” nomli kitobi Usmon Nosir nomidagi mukofotga sazovor boʻldi.Abdurahmon Akbar tarjimasida “Texnikaning katta ensiklopediyasi”, “Kichkintoylar uchun jonivorlarning katta ensiklopediyasi”, “Jonivorlarning katta ensiklopediyasi”, “Jajji kichkintoylar uchun bilimlarning katta kitobi”, “Maktabgacha yoshdagi bolalar ensiklopediyasi”, “Sehrli qirollik oroli”, G. X. Andersenning “Ertaklar” kitobi, “Jajji kichkintoylar uchun ensiklopediya” deb nomlangan kichik yoshdagi oʻquvchilarga moʻljallangan ilmiy-maʼrifiy, badiiy kitoblar nashr etildi.Shoirning sheʼr va tarjimalari boshlangʻich sinf oʻquvchilarining “Ona tili”, “Oʻzbek tili”, “Oʻqish kitobi”, “Atrofimizdagi olam”, “Odobnoma” kabi darsliklaridan, shuningdek, kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari uchun nashr etilgan “Bolalar adabiyoti” darsligi va “Oʻzbek bolalar adabiyoti” antologiyasidan joy oldi.Abdurahmon Akbar 2006 yili “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
16, CHET EL BOLALAR ADABIYOTINING UMUMIY TAHLILI SHARL. PERRONING BOLALARGA ATALGAN ASARLARIDA ILGARI SURILGAN G'OYALAR Mustaqil mamlakatimizda kattalar adabiyotining ajralmas bir boʻlagi boʻlgan bolalar adabiyotining rivojlanishi, har tomonlama boyib borishida tarjima asarlarining oʻrni, ahamiyati katta. Negaki, tarjima asarlarini oʻqigan har bir yosh kitobxonning dunyo haqidagi fikri, tasavvuri boyib, oʻsha xalqning yashash sharoitlari, urf-odatlari, mehnatlari, orzu-intilishlari bilan oshna boʻladilar.
Asrlar osha xuddi ertak kabi eldan elga, tildan tilga oʻtib, dillarni yashnatib yurgan “Qizil Shapkacha”(Sh. Perro), “Robinzon Kruzo” (D. Defo), “Gulliverning sayohatlari” (J. Svift), “Dyumchaxon” (H. Andersen), “Oltin baliq” (A. S. Pushkin), “Tom Soyerning boshidan kechirganlari”, “Shahzoda va gado” (M. Tven), “Kapitan Grant bolalari”, “Ostin-ustin” (S. J. Vern), “Don Kixot” (J. Servantes) kabi asarlar yosh qalblarning olamga nisbatan qiziqishlarini joʻsh urdirib yuboradi.
XX asrda bunyod etilgan “Maugli” (R. Kipling), “Kichkina Shahzoda” (A. De Sent – Ekzyuperi), “Katta va kichik Karlson” (A. Lindgren), “Toshkent – non shahri” (A. Neverov), “Vinni Pux” (A. Miln), “Ahmoq sichqoncha haqida ertak” (S. Marshak), “Uch baqaloq” (Y. Olesha), “Quvnoq japbaqlar” (B. Kerboboyev), “Doktor Aybolit” (K. Chukovskiy), “Temur va uning komandasi” (A. Gaydar), “Chipollinoning sarguzashtlari” (J. Rodari), “Styopa amaki” (S. Mixalkov), “Kim boʻlsam ekan?” (V. Mayakovskiy), “Bilmasvoy quyosh shahrida” (N. Nosov) singari olam kezib yurgan asarlar oʻzbek kitobxon bolalarida katta taassurot qoldirmoqda.
Yuqorida tilga olingan asarlar yosh kitobxonni nimagadir oʻrgatadi, nimagadir daʼvat etadi. Bu asarlarning koʻpchiligida onaVatanga muhabbat, uning ozodligi va baxti uchun jon fido qilish (“Uch baqaloq”), noshukur boʻlmaslik, ota-ona pand-nasihatiga quloq solish (“Ahmoq sichqoncha haqida ertak”), tabiatga buyuk mehr (,, Maugli”), tabiatni asrash, hayvonot olamini sevish (“Doktor Aybolit”), odamlar xizmatini bajarish, beminnat yordam koʻrsatish (“Temur va uning komandasi”), oʻziga pishiq-puxta boʻlish, ichki sirlarni oʻzgalarga oshkor qilmaslik (“Qizil Shapkacha”), namunali oʻqish, kasb-hunar egasi boʻlish (“Kim boʻlsam ekan?”), sergak, tadbirkor boʻlish hamda quvnoqlikka intilish (, Quvnoq japbaqlar”)dek oliyjanob gʻoyalarning yotishi bolalarning tarjima asarlariga nisbatan boʻlgan qiziqish va ishtiyoqlarini oʻstiradi.
Bir misol. Italiyaning butun jahon bolalari taniydigan J. Rodari (1920–1980) degan yozuvchisi bor. Uning “Chipollinoning sarguzashtlari” degan ajoyib asarini bolalar huzur qilib oʻqiydilar. Qarang, Chipollino Chipolonining oʻgʻli edi. Uning yettita akalari ham bor edi. Chipollotto, Chipollochcho, Chipolluchcho va boshqa piyoz xonadonining Chipolotto oʻgʻillari shular jumlasiga kiradi. Ayonki, qayerda piyoz boʻlsa, oʻsha yerda koʻzlarda nam boʻladi. Chipollinolar uncha keng boʻlmagan bir yashikning ustidagi joyda istiqomat qilar edilar. Mabodo, bularning uylarining oldilaridan olifta zodagonlar oʻtib qoladigan boʻlsalar, darhol dastroʻmollari bilan burunlarini berkitib, koʻzlaridan yosh oqizib oʻtib ketar edilar. Negaki, ular piyozning achchiq hidiga chiday olmas edilar-da!
Ana shunday quvnoq kuychi J. Rodarining “Hunarning hidi qanaqa?” degan bir sheʼri bogʻchalarimiz dasturidan uzoq yillardan beri joy olib keladi. Sheʼr quvnoq misralar asosiga qurilgan. Har qanday oʻquvchini bir oʻqishda, tinglashda oʻziga rom etib oladi. Boshda kitobxon: “Iya, hunarning ham hidi boʻladimi?” – deydi. Lekin sheʼrni oʻqigach, tinglagach, Rodariga ishonadi, qoyil qoladi, xulosa chiqaradi.
Buyuk fransuz shoiri va tanqidchisi Sharl Perro badiiy ertak asoschisi sifatida maʼlum va mashhurdir. U oʻzining “Qizil qalpoqcha”, “Zolushka” va “Etik kiygan mushuk” asarlari bilan jahonga tanildi.
Sh. Perro badiiy ertaklar ijod etishdan oldin xalq ogʻzaki ijodini mehr va ishtiyoq bilan chuqur oʻrgandi. Shuning uchun ham u oʻz ertaklarida xalq udumlarini dadil ilgari surdi. Perro qahramonlari oʻz mehnatsevarliklari hamda saxiyliklari bilan ajralib turadilar. Gʻarazgoʻylik, maqtanchoqlik, qizgʻanchiqlik oʻrnini yaxshilik, mehribonlik bosib ketishi hamon kitobxonni shod etib kelmoqda.
Sharl Perrodan bor-yoʻgʻi oʻn ikki ertak saqlanib qolgan. Qaysi ertagiga nazar tashlamang, barchasida bolalar zavq oladigan qirralar bor ekanligini darrov payqaysiz. Dunyoda uning “Etik kiygan mushuk” ertagini oʻqimagan yoki shu ertak asosida yaratilgan multfilmni miriqib tomosha qilmagan bola topilmasa kerak.
Ertakda aqllilik, bilimdonlik, topagʻonlik bosh masala qilib qoʻyiladi. Boshqa asarlarida boʻlgani kabi Sh. Perro bu ertakda ham folklor anʼanalariga yana bir bor sodiq qoladi. Ertak qahramoni – tegirmonchining kenja oʻgʻli Karabs fahm-farosat, aql bilan ish koʻrib, oʻz murod-maqsadiga yetadi, baxtiyor boʻladi.
Sharl Perroning barcha personajlari pishiq-puxtaligi bilan ajralib turadi. Ularning koʻpchiligi odamlarni, hayvon-u parrandalarni sevib, erkalab, eʼzozlaydigan boʻladilar. Zolushkani (“Zolushka”) olaylik. Uni oʻgay ona-yu qizlar xush koʻrmaydilar, xolos. Qolgan barcha jonzot Zolushkani yaxshi koʻradi. Uning oʻz baxtini topib, osoyishta turmush kechirishini istaydi. Zolushka juda chiroyli, odobli, shirinsoʻz, kamtarin, odamlarga, jonivor-u parrandalarga nisbatan mehribon. Uning bunday fazilatlari, mehnat, halollik va poklik bilan hayotda oʻz oʻrnini topishi, sevganiga turmushga chiqib baxtli boʻlishi ertak tinglovchida yaxshi taassurot qoldiradi.
Sh. Perro ijodida “Qizil Qalpoqcha” alohida oʻrinda turadi. Ertakning taʼsirli va jozibali chiqishi uchun Qizil Qalpoqchaning tabiiy holda ijobiy tomoniga koʻp sayqal beradi, bolalar koʻz oʻngida u dunyodagi tengi yoʻq, juda yoqimtoy qizcha sifatida gavdalanadi. Boʻrining yovuzligi, surbetligi, uning kampir qiyofasiga kirib olishi har bir bolada chuqur nafrat hislarini qoʻzgʻatadi.
Boshqa ertaklarda boʻlgani kabi “Qizil Qalpoqcha”da ham voqea yaxshilik bilan tugashi bolalarning quvonchiga quvonch qoʻshadi.
Sharl Perroning “Havorang soqol”, “Eshak terisi”, “Uyqudagi malika” kabi ertaklari xuddi “Qizil Qalpoqcha” kabi bolalarbopdir.
Mana toʻrt yuz yildirki, shoirning “Qizil Qalpoqcha” asari jahon kezib yuribdi. Ertakning oʻziga xos xususiyatlaridan biri quvnoqlikdir. Ha, qizchani hamma yaxshi koʻradi, hamma sevadi. Bundan u mutlaqo taltayib ketmaydi. U juda yoqimtoy, oddiy va sodda. Shu oddiy va soddaligi, pismiq va mugʻambir emasligi unga pand beradi, boʻriga yem boʻlishiga oz qoladi.
Sharl Perroning bu ertak orqali kichkintoylarga aytadigan gaplari koʻp. Eng avvalo, u barcha bolalarni xuddi Qizil Qalpoqcha kabi oddiy va quvnoq boʻlishga chaqiradi va kattalarning har bir topshirigʻini soʻzsiz bajarishga daʼvat etadi.
Ikkinchidan, oʻrtadagi sirni oshkor qilmaslikka, oʻziga pishiq-puxta boʻlishga chorlaydi.
Boʻri ochkoʻz, pismiq va mugʻambir. Shu sababli qizchaning soddaligidan foydalanadi. U bir oʻq bilan ikki quyonni urish qabilida ish tutadi. Boʻri Qizil Qalpoqchadan osongina safari haqidagi maʼlumotni bilib olgach, endilikda qizchaning oʻziga qoʻshib uning buvisini ham yeyish payiga tushadi. Ammo Qizil Qalpoqchaning baxtiga oʻtinchilar kelib qolishadi.
Ertak tinglovchi har bir bola voqeani mana shunday ijobiy tugashini xush koʻradi, quvnoq Qizil Qalpoqchaning boʻriga yem boʻlishini aslo xohlamaydi. Ertakning umrboqiyligi va jahongashtaligi ham ana shunda