7,Zafar Diyor va Shukur Sa’dullaning hayoti va ijodi
ZAFAR DIYOR (1912-1946) Bolalarning jo`shqin kuychilaridan biri Zafar Diyor 1912-yilda Namangan viloyatining hozirgi Chust tumani, Samsoqtepa qishlog’ida kambag’al dehqon oilasida tug’ildi. 1916-yilda Zafarlar oilasi Toshkent shahriga ko`chib keladi. Zafarning otasi dalada, onasi esa bosmaxonada mehnat qiladilar.
1927-yilda Zafar to`liqsiz o`rta maktabni bitiradi va Samarqanddagi Narimonov nomli pedagogika texnikumiga o`qishga kiradi. Texnikumda ko`proq ilm-fan sirlaridan bahramand bo`lishga harakat qiladi. Uning dastlabki she’riy mashqlari shu bilim yurti devoriy ro`znomasi sahifalarida ko`rina boshlaydi.
Yigirmanchi yillar oxiri va o`ttizinchi yillar boshlarida uning yoshlar gazeta va jurnallarida ilk she’rlari Chop etila boshlandi. Zafar Diyorning birinchi she’ri yosh shoirlarning “Qurilish kuylari” degan to`plamida bosilib chiqdi. Ko`p o`tmay, uning birinchi she’rlar to`plami ham “Qo`shiqlar” nomi bilan 1933- yilda nashr etildi.
Yosh shoir 1933-yilda bilim yurtini muvaffaqiyatli bitirgach, o`qituvchi bo`lib ishlay boshladi. Bu xol uning maktab va bolalar hayoti bilan yaqindan tanishishida, yosh avlod hayoti haqida yozadigan asarlarining hayotiy, puxta bo`lishida ijobiy rol’ o`ynaydi. Uning bunday ruhdagi she’r, hikoya va ocherklari 1928-yildan boshlab matbuot sahifalarida tez-tez bosilib turdi.
1934 -yilda Zafar Diyor Samarqanddan Toshkentga qaytadi va hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida adabiy xodim, keyinroq ro`znomaning mas’ul kotibi bo`lib ishlaydi. Shu bilan birga u hozirgi Toshkent davlat pedagogika universitetining til va adabiyot fakul’tetiga kirib, o`qishni davom ettiradi. O`zbek hamda qardosh xalqlar yozuvchilarining asarlarini qunt bilan o`rganadi. Zafar Diyor kichkintoylar uchun she’rlar yozar ekan, izlanish, o`qish, o`rganish zarurligini dildan his etadi. “Bolalar uchun asar yozishni men o`zim uchun juda qiyin va mas’uliyatli vazifa deb bilaman. Bu mas’uliyatli vazifaning uddasidan chiqish uchun tinmay ijodiy izlanishdaman”.
O`sha yillari gazetada Zafar Diyor bilan birga ishlagan yozuvchi Hakim Nazir o`z esdaliklarida shunday yozadi: “Men Zafarni o`ylasam uni nuqul shod-hurram bolalar qurshovida, quvnoq chehrasidan nur taralib, sertabassum lablaridan she’r durdonalari taralayotganday ko`raman. Chindanam u bolalarga juda yaqin edi. Maktablar va bolalar uylarida, kutubxona va bog’chalarda bot-bot bo`lar, yosh kitobxonlarga yangi-yangi she’rlarini bolalarcha muloyim, sodda, shirali ovoz bilan o`qib berar, ayrim she’rlarini yoddan juda o`xshatib deklamatsiya qilar, bolalarga ham she’r o`qitib eshitardi. Shunda u o`zining qaysi she’rlari bilan bolalar ko`rigidan yaxshi o`tganini, qaysi she’rini ko`proq sevib qolganlarini ko`rar, bolalarga yoqtirish uchun qanday she’rlar yozish lozimligini faxmlab olardi. “Biz bolalarga nuqul o`rgatibgina qolmay, ulardan o`rganib ham turishimiz kerak”, derdi.
Zafar Diyor 1935-yilda dastlabki mashhur asarlaridan biri bo`lgan “Mashinist” dostonini yaratdi. Dostondagi Ashur obrazi baxtiyor yoshlarning fazilatlarini umumlashtirishga bag`ishlangan.
O`tgan asrning boshlarida yoshlarni o`qitish, ilmli, kasb-hunarli qilib etishtirish muhim ishlardan biri bo`lib turgan bir paytda “Mashinist”ning maydonga kelishi bolalar adabiyotida muhim voqea bo`ladi.
Dostonning asosiy qahramoni Ashir g’irt yetim. Ko`cha-ko`ylarda sarson-sargardon bo`lib yurgan, o`g’irlik qilib tirikchilik o`tkazib yurgan bola dostonda yaxshi insonlarning ko`magi, yordami bilan katta bir kasb egasi – mashinist (poezd haydovchi) bo`lib kamol topishi kitobxon bolalarda katta taassurot qoldiradi.
Davr, zamonning tuhfasi bois Ashir kasb-hunar egasi bo`lishdan tashqari, uning ongi va tushunchasi ham o`sadi. U Vatanga sadoqatli, har doim olg’a intiluvchi ilg’or yoshlardan biri bo`lib etishadi. Shuning uchun doston qahramoni o`z umirini Vatan yo`liga tikishga tayyor turadi:
Sevinaman, hali yoshman, ko`p yashayman Bu o`lkaning saodati – baxti uchun.