Gulxaniy “Zarbulmasal” asarini yozishda xalq og`zaki ijodidan unumli foydalanganmi? Mehnatkatkash xalq hayotini yaxshi bilgan hajviy asarlar muallifi Gulxaniy xalqning orzu-umidlarini, uning og`zaki ijodini juda yaxshi bilar edi. U o`zbek va tojik tillaridagi bir qancha maqol, masal va hikmatli so`zlardan san`atkorlarga xos badiiy mahorat bilan ijodiy foydalandi. Keltirilgan barcha maqollar asarning g`oyaviy mazmunini ochishga yordam beradi. Masalan, Yapaloqqushning o`g`liga o`z qizini berishni lozim ko`rmagan Boyo`g`li sovchi bo`lib kelgan Ko`rqushga qarab shunday deydi:
“Sen menga nasihat o`qig`ali keldingmu?”. “Anglamay so`zlagan og`rimay o`lar…”
Gulxaniy xalq og`zaki ijodi materiallarini qayta ishlash bilan birga, uning g`oyaviy yo`nalishini, shakli, uslubi va badiiy xususiyatlarini to`la saqlab qolishga intiladi. Shuningdek, ayrim maqollarni ko`chma ma`noda ham qo`llaydi. Bu esa istiora yoki metaforik iboralardir. Masalan, “Tikansiz gul, sadafsiz dur, mashaqqatsiz hunar bo`lmas” iborasi bir ishni bitkazish uchun mashaqqat chekishga to`g`ri keladi, degan ma`noda ishlatilgan.
Gulxaniy “Zarbulmasal”da ijodiy foydalangan ko`pgina maqol, matal, masal, hikmatli so`zlar ham xalqimizning jonli tilida va yozma adabiyotida qo`llaniladi. Bu maqollarda kishilarning mehnatsevarlik, har bir masalaga aql-idrok bilan yondashish, to`g`rilik, sofdillik, sabotlilik kabi ajoyib fazilatlari ulug`lanadi. Masalan, “Bugungi ishni ertaga qo`yma”, “Uyat o`limdan qattiq”, “Evi bilan so`zlaganning qurboni bo`l”, “Yolg`on masal turmas», “Bo`ynida illati borning oyog`i qaltirar”, “Yaxshi bilan yurding – etding murodga, yomon bilan yurding - qolding uyatga” kabi o`rinli qo`llangan maqollar xalq donoligini ifodalab keladi.
Maqollar “Zarbulmasal”ning tilini boyitib, uning g`oyaviy-badiiy qimmatini, shiradorligini oshirishga xizmat qiladi. Maqollarga juda katta e`tibor bergan Gulxaniy o`z asarlaarini “Zarbulmasal” deb nomlaydi. Zarbulmasal maqol demakdir.
Maqol xalq og`zaki ijodining eng ixcham, lekin nihoyatda sermazmun janridir. U xalqning ko`p yillik tajribasi natijasida orttirgan donishmandligini namoyish etadi.
Umuman, maqol va hikmatli so`zlar, A.M.Gorkiy aytganidek, xalqning o`ziga xos hayotini, tajribalarini namunaviy yo`sinda ifodalaydi.
Gulxaniy “Zarbulmasal”da: “Ammo roviylar andoq rivoyat qilurlarkim”, “Bor erdi Farg`onada bir sorbon”, “Murod-maqsadlariga etdilar” kabi xalq rivoyatlari va xususan, ertaklar, qissalarga xos an`anaviy muqaddima va xotima gaplardan juda o`rinli foydalangan. Bu esa asar tili va uslubining sodda va maroqli bo`lishiga xizmat qilgan.
Yozuvchi “Zarbulmasal”da aksar xalq og`zaki ijodiga xos bo`lgan saj, ya`ni nasriy ifodaning qofiyalanishidan ham foydalangan. Misol uchun “Farosatning oyog`i oqsoq”, “Tevadek yegani sho`ra va yantoq”, “Oyog`idan osilgan sutqoq, oqqushga o`xshagan Jalol bo`qoq…” kabilarni eslatib o`tamiz. Bunday prozada vazn bo`lmasa ham, lekin ichki qofiya mavjud. Prozadagi bunday qofiya saj deyiladi.
Shunday qilib, satirik yozuvchi Gulxaniy “Zarbulmasal”da xalq og`zaki ijodi imkoniyatlaridan unumli va o`rinli foydalanish bilan o`z asarining g`oyaviy-badiiy jihatdan pishiq va xalqqa manzur bo`lishiga erisha oldi.