TARAQQIYOTNING “O‘ZBEK MODELI” VA UNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI O‘zbek modelining asosiy tamoyillari Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan mustaqillikning dastlabki yillarida ishlab chiqilgan. U jamiyatimiz hayotini har tomonlama isloh etish va bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin, adolatli demokratik davlat qurishning strategik yo‘lidir.
Mamlakatimiz o‘zining ana shu maqsadlariga erishish uchun taraqqiyotning o‘ziga xos yo‘lini tanladi. Milliy istiqlol g‘oyasi ana shu yo‘ldan borayotgan xalqimizni pirovard maqsadlarga yetaklaydi, taraqqiyotning o‘zbek modelini amalga oshirishga yordam beradi. Taraqqiyot modeli deb, muayyan davlat tomonidan bir ijtimoiy tuzumdan ikkinchi ijtimoiy tuzumga o‘tish yoki biron-bir jamiyatdagi umrini o‘tab bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni zamonaviy talablar asosida isloh etish borasida tanlab olingan rivojlanish yo‘liga aytiladi.
O‘zbekiston tanlab olgan taraqqiyot yo‘li bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o‘tishni ta’minlab beradigan taraqqiyot modeliga misol bo‘la oladi. Dunyoda bu borada ancha tajriba to‘plangan. Masalan, yaponlarning Ikkinchi jahon urushidan keyingi taraqqiyot yo‘li davlat tuzumi – monarxiyani saqlab qolgan holda, jamiyatdagi hukmron munosabatlarni zamonaviy talablar asosida isloh etish modeliga misol bo‘la oladi.
O‘zbekistonning sobiq ma’muriy-buyruqbozlik tuzumidan bozor iqtisodiyoti munosabatlariga asoslangan erkin, demokratik jamiyatga o‘tishining o‘ziga xos va mos yo‘li – jahonda o‘zbek modeli deb tan olingan rivojlanish yo‘lidir. Uning asosiy mazmuni jamiyatni inqilobiy tarzda emas, balki bosqichma-bosqich, ya’ni tadrijiy ravishda isloh etishni nazarda tutadi.O‘zbek modeli o‘zining nazariy va amaliy jihatlariga ega. U nazariya, ya’ni ta’limot sifatida mamlakatimizning salohiyati va keng imkoniyatlaridan, tabiiy boyliklari, aholisining ongi, bilimi va yaratuvchilik mahoratidan kelib chiqqan holda rivojlantirish tamoyillarini belgilab beradi. Oddiy til bilan aytganda, o‘zbek modeli nazariy jihatdan bizning o‘zimizga xos va o‘zimizga mos yo‘limizni asoslaydi.Amaliy faoliyat dasturi sifatida esa bu model islohotlarning huquqiy negizini yaratish va mustahkamlashga qaratilgan aniq siyosatni bugungi sivilizatsiya sharoitida qanday yuritish yo‘lyo‘riqlarini tavsiya etadi. Uning amaliy jihati boshqaruv, tashkilotchilik ishlari va aniq ijro mexanizmini o‘zida aks ettiradigan va ularning ijrosini ta’minlaydigan farmonlar, qarorlar, davlat dasturlarini qabul qilishni hamda investitsiya, soliq, moliya-kredit, iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni nazarda tutadi. Xo‘sh, o‘zbek modelining afzalliklari va asosiy ustuvor xususiyatlari nimalardan iborat? O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, nafaqat o‘zining iqtisodiy taraqqiyot tamoyillarini, balki milliy davlatchilik asoslarini tiklash modelini ham ishlab chiqishi zarur edi. Shu bilan birga, milliy qadriyatlar, xalqning o‘zligi va g‘ururini qayta tiklash, rivojlantirishni ham talab qiladi. Bularning barchasi jamiyatning ijtimoiy-sinfiy tuzilmasini tubdan yangilash va mustaqillik g‘oyalarini amalga oshirish uchun mutlaqo yangicha fikrlab, yangicha ish yuritadigan kadrlarni tarbiyalash zaruratini yuzaga keltirdi. Germaniya, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Xitoy, yuqorida tilga olingan Yaponiya kabi mamlakatlarning taraqqiyot modellari ko‘proq iqtisodiy modellar edi. Ular siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotni tubdan yangilashni nazarda tutgan emas. Ushbu mamlakatlarning birortasida iqtisodiy islohotlar davrida milliy davlatchilik, madaniy meros va ona tilini tiklash singari masalalar dolzarb bo‘lmagan (faqat Janubiy Koreyada davlat qurilishi muhim ahamiyat kasb etgan).
O‘zbek modeli esa yuqorida aytib o‘tganimizdek, jamiyatning barcha sohalarini birdek isloh etishga qaratilgan. U iqtisodiy munosabatlarni yangicha asosda rivojlantirish bilan birga, davlat qurilishi, jamiyatni demokratlashtirish, mulkdorlar sinfi va o‘rta biznesni shakllantirish kabi davlatchilik negizini tashkil etadigan masalalarni hal etishni nazarda tutadi. Bularning barchasi o‘zbek modelining o‘ziga xos ustuvor xususiyatlaridir. Bu modelni ishlab chiqishda taraqqiy topgan mamlakatlarning bozor munosabatlariga o‘tish tajribasi, mustaqillik uchun kurash yillaridagi tarixiy sinov va saboqlar, xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzi va tafakkuri – barcha-barchasi hisobga olindi.
Jamiyatni isloh etishning chuqur ilmiy asoslangan quyidagi besh tamoyili o‘zbek modelining asosida turadi.
Birinchi tamoyil: Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi. Iqtisodiy islohotlar hech qachon siyosat ortida qolmasligi kerak, ular biror mafkuraga bo‘ysundirilishi ham mumkin emas. Ichki va tashqi iqtisodiy munosabatlar mafkuradan xoli bo‘lishi lozim.
Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi va mafkuradan xoliligi o‘zbek modelining asosiy tamoyilidir. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning mazmun-mohiyatini aks ettiribgina qolmay, balki yurtimiz iqtisodiy hayotining yangiliklarga, ilg‘or tajribalar va oqilona tashabbuslarga ochiqligini ham ko‘rsatadi. Mazkur tamoyil iqtisodiy rivojlanishda ma’naviyatning ahamiyati nechog‘liq muhim ekanini ham nazarda tutadi.
Ikkinchi tamoyil: Davlat – bosh islohotchi. U islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi, yangilanish va o‘zgarishlar siyosatini ishlab chiqishi va uni izchillik bilan amalga oshirishi lozim. Mustabid tuzum asoratlaridan xalos bo‘lish jarayonida o‘zini o‘zi tartibga soladigan yetuk rivojlangan iqtisodiy mexanizm birdaniga vujudga kelib qolmaydi. Shu boisdan ma’muriy buyruqbozlikka, markazlashgan iqtisodiyotga asoslangan tuzum qoldiqlarini tugatish, bu yo‘ldagi turli ziddiyat va qarshiliklarni yengib o‘tish, yangi munosabatlarni qaror toptirish uchun o‘tish davriga xos siyosat olib borilishi kerak.
Boshqacha aytganda, o‘tish davri sharoitida iqtisodiy islohotlarni o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Islom Karimov o‘zbek modelining mazkur tamoyilini ilmiy asoslab berar ekan, quyidagilarni ta’kidlaydi: «O‘tish davri davlat xalq xo‘jaligining, ayniqsa, uning asosini, tizimini belgilaydigan tarmoqlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi, narx-navolarni tartibga solib turishi, shuningdek, bevosita yordam berishda imtiyozlar yaratishi, bevosita yordam ko‘rsatish yo‘li bilan ana shu tarmoqlarga madad berishi lozim».
Taraqqiyotning o‘zbek modeli jamiyatni inqilobiy tarzda emas, balki evolutsion-tadrijiy ravishda isloh etishdir.
Bozor munosabatlariga o‘tishning besh tamoyili: Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, mafkuradan xoliligi
Davlat – bosh islohotchi
Qonunning ustuvorligi
Kuchli ijtimoiy siyosat yuritish
Bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish iborat ekanini asoslab beradi va ayni paytda turli ijtimoiy guruhlarning, nodavlat va jamoatchilik tashkilotlarining, alohida shaxslarning islohotchilik tashabbuslari va faoliyatlari cheklanmasligini, aksincha, davlat ularga yordam berishini bildiradi.
Uchinchi tamoyil: Jamiyat hayotining barcha sohalarida qonunning ustuvorligi. Bu tamoyil demokratik yo‘l bilan qabul qilingan Konstitutsiya va qonunlarni hech istisnosiz hamma hurmat qilishi va ularga og‘ishmay rioya etishini nazarda tutadi. U quyidagi uch yo‘nalishda o‘z aksini topgan.
Birinchidan, mazkur tamoyil turli mulk shakllarining huquqiy asosda rivojlanishini ta’minlaydi. Mulkdorlar va xo‘jalik yurituvchi shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar huquqiy me’yorlar yordamida tartibga solinadi. O‘zboshimchalik yoki turli iqtisodiy zo‘ravonliklarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ikkinchidan, jamiyatda demokratik jarayonlar rivojlanib boradi, aholining siyosiy madaniyati va faolligi oshadi. Fikrlar xilma-xilligi va qarashlar rang-barangligi uchun huquqiy kafolatlar paydo bo‘ladi. Inson huquqlari ta’minlanadi. Noqonuniy imtiyozlarga yoki aksincha, kamsitishlarga chek qo‘yiladi.