Gulxaniy asarlarining tili va badiiy vositalari haqida nima deya olasiz? Gulxaniy asarlari faqat g`oyaviy mazmuni bilangina emas, balki badiiy tili va uslubi bilan ham o`sha muhitdagi adabiyot vakillari ijodidan keskin farq qiladi. Chunki Gulxaniy asarlarining, ayniqsa, “Zarbulmasal”ning tili o`sha vaqtlardagi jonli xalq tiliga yaqin bo`lishi bilan diqqatga sazovordir.
Gulxaniy xalq ommasiga manzur bo`lgan asarlarini yozishda faqat xalqning jonli tili va og`zaki ijodiyotiga tayanib qolmadi, balki o`zbek mumtoz adabiyoti vakillari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning ijodiy tajribalaridan, nasrdagi mahoratidan bahramand bo`ldi. Ayniqsa, Alisher Navoiyning nasriy asari – “Mahbub ul-qulub” Gulxaniyning “Zarbulmasal” ni yaratishiga samarali ta`sir etdi.
“Zarbulmasal”ning tili va muallif uslubi ustida so`z borar ekan, “Echkining oti Abdulkarim bo`larga so`z kerak”, “Sening kordonlig`ing kulol mo`ndida suv ichgandek ekan”, “Og`zi oshga etganda burni qonagan men bo`ldim”, “Xom tarvuzni qo`ltig`ingga olma” kabi iboralarni eslatib o`tamiz. Bunda Gulxaniyning maqol va masallardan aniq ifodalar va iboralar ijod etishdagi mahorati yaqqol ko`zga tashlanadi, ko`rinadi. U xalq askiya va yumori tajribasidan foydalanib, qiziqarli lavhalar ham chizdi. Buni Boyo`g`li uyidagi bazmning tarqalishi tasvirida ravshan ko`rish mumkin: “Alqissa, zamondin keyin bazmlari tuganib, mug`anniylar olganlariga quvonib, oroyish uzilib, ma`raka buzilib, el oyog`i tinib, orom uchun etikdan oyoq… chiqardilar”. Bundan tashqari, “Zarbulmasal”dagi voqealarning mantiqiga bog`lanib kelgan “Yapaloq sha`n-shavkatlar bilan to`y olib keldi”, “Og`zingizdan o`rgulay, to`ram”, “Bo`rimisiz, tulki?” kabi iboralar aniq hamda “teva”, “tushov”, “palos”, “taqiya” kabi xalq orasida keng tarqalgan nomlar Gulxaniyning katta hayotiy va ijodiy tajribaga ega bo`lganini, asar tilining boyligi, ommabopligi va uslubining ravonligini ravshan ko`rsatadi.
Gulxaniy “Zarbulmasal”da tabiat manzaralarini turli badiiy bo`yoqlarda ustalik bilan tasvirlab bera olgan:
Yo`lda temurdek edi qumlar qiziq…
Gulxaniy voqea tasviriga ustalik bilan yumorga xos ruhni kiritadi. Masalan, yozuvchi Xolboqi misgarning “Ey tosh kemirgur nafas… meni namozxon aylading”, deb o`z nafsiga qilgan malomati, Muhammad Qosimning mardikor do`ppisini tortib olib: “Mening do`ppimning tovonini sen berursan” deb qilgan da`vosi, Yodgor po`stindo`zning “Chokdan musht o`tmasa yaxshi tikish” degan javobi engil kulgiga sabab bo`ladi. Bu hol muallifning yumordan ham ustalik bilan foydalana olish mahorat egasi ekanligidan dalaolat beradi.
“Zarbulmasal”ning kompozitsiyasi hikoya ichida hikoyalar san`atkorona ulanib kelgan ertaklarning kompozitsion qurilishiga o`xshab ketadi. Bir qator masallar asosan voqea bilan bog`lanadi, syujet qismlari (voqea tuguni, rivoji, kulminatsion nuqtasi va echimi) ixcham va bir butunlikni tashkil etadi.