O’QUV MATERIALLARI
1–Mavzu: Fuqarolik jamiyati. O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fanining predmeti, maqsad va vazifalari.
R e j a :
Fuqarolik jamiyati. O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fanining predmeti hamda uni organish zarurati.
Fanning asosiy tushunchalari va uning qonuniyatlari.
O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qurishning o’ziga xos xususiyatlari.
Demokratik jamiyat qurishning umumjahon e’tirof etgan qonuniyatlari va uning O’zbekistonda o’ziga xos taraqqiyot yo’lining mavjudligi.
1. Mustaqillik tufayli O‘zbekiston o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini huquqiy davlat va demokratik jamiyat qurish yo‘lini belgilab oldi va ushbu yo‘ldan og‘ishmay olg‘a bormoqda. Shuning uchun ham O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyotini o‘qitishni taqazo qilmoqda. Ushbu fanning o‘qitilishi bir tomondan mamlakatimizning mustaqillikka erishishi samarasi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, mustaqillik tufayli O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘lining ustuvor yo‘nalishini demokratik jamiyat qurish bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi. Demokratik jamiyat qurish maqsadlari esa ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, ko‘pgina muammolarni o‘z ichiga oladi. Bunda asosan ikki muhim jihat demokratik jamiyat qurishda dunyo mamlakatlari erishgan yutuqlar, umume’tirof etilgan tamoyillar, ikkinchidan, har bir mamlakat va xalqning o‘ziga xos, milliy – ma’naviy xususiyatlarini hisobga olish va fanni o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik tufayli demokratik jamiyat qurishni asosiy maqsad qilib belgilab oldi, milliy-ma’naviy merosimizga, milliy davlatchilik asosidagi qadriyatlarimizga tayangan holda o‘ziga xos va mos taraqqiyot yo‘lini tanladi hamda fuqarolik jamiyati qurilishi bilan bog‘liq vazifalarni aniqlab oldi.
Mamlakat hayotida keng-ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan qonuniyatlarni bilish va o‘rganishda, demokratik taraqqiyot yo‘lida «O‘zbek modeli» ni tadbiq etishda Fuqarolik jamiyati. O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fanini o‘rganishning o‘ziga xos zarurat va sabablari mavjud.
Birinchidan, butun dunyoda demokratiya, demokratik jamiyat to‘g‘risida ishlab chiqilgan konsepsiyalarda demokratik jamiyatning qiyofasi, asoslari, yashash va rivojlanishning umum’etirof etilgan qonuniyatlari hamda uning har bir davlat, xalqning milliy-ma’naviy xususiyatlari bilan bog‘liq jihatlari tobora keng miqyosida o‘z ifodasini topmoqda. Bugungi kunga kelib, dunyoning 160 dan ortiq davlatlarida demokratik tuzum umumbashariy va milliy qadriyat sifatida qaror topgani, demokratiya insoniyat hayot tarzining eng maqbul rivojlanish yo‘li ekanligining e’tirof etilayotgani demokratiyani fan sifatida o‘rganishni taqozo etayotgan sabablardan biridir.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda barpo etilayotgan demokratik jamiyat - uning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash, o‘rganish zarurati ham ana shu qonuniyat bilan bog‘liqdir. Hozirgi paytgacha ijtimoiy-siyosiy fanlar tizimida huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishga bevosita taalluqli bo‘lgan masalalarni ilmiy jihatdan yaxlitligicha o‘rganadigan fan vujudga kelmagan. O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fani eng avvalo, jahon sivilizatsiyasining tarixiy tajribalariga asoslangan holda, mamlakatimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, adolatli demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etishning nafaqat nazariy masalalarini, balki, uning amaliy jihatlarini ham yaxlit tarzda o‘rganadi. Bu fanni yana shuning uchun ham o‘rganish zarurki, Sharq va G‘arb sivilizatsiyalari tutashgan makonda tarixda birinchi bo‘lib, umume’tirof etilgan demokratiya tamoyillari milliy qadriyatlar bilan to‘ldirilmoqda. Jamiyatimizdagi bu jarayonni atrofimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy hodisalar, voqealar va ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni aniq voqeligimiz bilan chambarchas o‘rganish, tahlil qilish zarur. Bu zarurat Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning «Pirovard maqsadi miz-ijtimoiy yo‘naltirilgan barqaror bozor iqtisodiyotiga, ochiq tashqi siyosatga ega bo‘lgan kuchli demokratik huquqiy davlatni va fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir» deb ta’kidlagan umumstrategik vazifani amalga oshirish bilan bog‘liq. Bu vazifani ushbu fanni o‘rganishni zarur qilib qo‘ygan uchinchi asosiy sabablardan biri deyish mumkin. Ma’lumki, XX asrning so‘nggi o‘n yilligida dunyo haritasida 20 dan ortiq mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi. Birinchi Prezidentimiz I.A. Karimov ta’kidlaganidek «Ular hozirgi til bilan aytganda, sotsialistik o‘tmishga ega bo‘lgan, o‘z siyosiy mustaqilligini tinch yo‘l bilan qo‘lga kiritgan davlatlardir. Bu davlatlar mustaqil rivojlanish va ijtimoiy munosabatlarni yangilash yo‘liga qadam qo‘ydi». Ana shu mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlagan davlatlardan biri O‘zbekiston Respublikasidir.
Mustaqillik, O‘zbekiston xalqi hayotida yangi tarixiy davrni boshlab berdi. Bu davrning ma’no va mohiyati O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurishning «O‘zbek modeli» bilan uzviy bog‘liqdir. Mustaqillik qo‘lga kiritilmaganida, O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini o‘zi tanlay olmas edi. O‘zbekiston o‘zining milliy davlatchilik negizlariga xos bo‘lgan siyosiy, ijtimoiy - iqtisodiy, ma’naviy kamolot va taraqqiyot yo‘lini belgilab oldi. Mamlakat oldida turgan maqsadni ta’kidlar ekan, - Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov shunday degan edi: «Biz quradigan jamiyat O‘zbekiston xalqining munosib turmushini, huquqlari va erkinliklarini kafolatlashi, milliy qadriyatlarimiz va madaniyatimizning qayta tiklanishini, insonning ma’naviy-axloqiy barkamolligini ta’minlashi kerak».
Mustaqil davlatimiz misolida demokratik jamiyat qurish jarayonida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, ayrim hayotiy saboqlarni ilmiy tahlil qilishni taqozo qilmoqda. Mamlakatimizda demokratik jarayonlarning mohiyatini bilish, unga ijobiy yondoshish uchun demokratiyaning milliy va umuminsoniy qadriyat sifatida shakllanish bosqichlarini chuqur o‘rganishdek strategik vazifani faqatgina ushbu fan bajaradi.
Bu fan o‘z oldiga bir qator vazifalarni qo‘ygan. Ular ko‘proq, O‘zbekistonda demokratik fuqarolik jamiyati qurishning o‘ziga xos va umum’etirof etilgan qonunlarini bilish, nazariy xulosalar va umumlashmalar chiqarishdan iboratdir. Xususan, fuqarolarda demokratik jamiyat talablariga javob beradigan dunyoqarash, fikrlar xilma-xilligi, erkinlikni qadrlash, inson qadr-qimmati, sha’ni va or-nomusini hurmat qilish bilan bog‘liq qadriyatlarni shakllantirish shular jumlasidandir.
Ushbu fan turli xil uslublardan foydalanadi. Bular tajriba, qiyosiy tahlil, empirik–sotsiologik va ilm-fanning boshqa zamonaviy uslublaridir.
Fuqarolik jamiyati. O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fani ham ijtimoiy gumanitar, siyosiy fanlarda e’tirof etilgan o‘rganish ob’ekti, manbai, predmetiga ega. Bu ob’ekt va predmetning xususiyatlarini hisobga olgan holda aytadigan bo‘lsak, mazkur fan fuqarolik jamiyati-demokratik jamiyat qurish qonuniyatlarini o‘rganadi hamda tadqiq qiladi. Ayni paytda, fanning o‘ziga xos xususiyatlari, ob’ekti, predmeti, qonuniyatlari tushunchalari bor.
Mazkur fan predmeti - O‘zbekistonda demokratik jamiyatning shakllanishi, fuqarolik jamiyati qurilishi, qaror topishi va amal qilinishining dunyoda e’tirof etilgan umumbashariy prinsiplari hamda milliy tamoyillariga asoslanadi. Bu fanning predmeti va ob’ekti mamlakatimizga xos va mos xususiyatlardan kelib chiqib erkin, demokratik adolatli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘llari va qonuniyatlarini o‘rganishdir. Shuningdek, O‘zbekiston ijtimoiy hayotining barcha sohalari fanning ob’ektidir.
|
Fuqarolik jamiyati. O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti: Bir tomondan demokratik jamiyat to‘g‘risidagi mavjud qarashlarga, nazariyalarga hamda mamlakatimizning davlatchilik tarixiy merosi bilan bog‘liq mutafakkirlarning g‘oyalarini hisobga oladi:
Mustaqillik yillarida demokratik jamiyat qurilishi to‘g‘risidagi muhim konseptual g‘oyalar va qarashlarning ishlab chiqilishi va unda O‘zbekistonning o‘ziga xos rivojlanish yo‘li xususiyatlariga tayanadi: Bu sohada mustaqillik yillarida erishilgan demokratik jamiyat qurish tajribasiga tayanib o‘rganadi.
O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatida tutgan o‘rni, o‘zaro manfaatli hamkorlik asoslarini ishlab chiqish va rivojlanish qonuniyatlarini bilish muhim o‘rin tutadi:
Fuqarolik jamiyati. Demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fanining o‘rganadigan sohalari quyidagilarni tashkil qiladi:
1. Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining demokratlashuvi va siyosiy sohani erkinlashtirish:
2. Xalq hokimiyatchiligi va uning manbai, fuqaro-jamiyat-davlat munosabatlari:
3. Mamlakatda Konstitutsiya va qonunning ustuvorligi:
4. Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari hamda burchlari bilan bog‘liq umumiy qoidalar va demokratik tamoyillar:
5. Jamiyat va shaxs munosabatlari:
6. Jamoat birlashmalari:
7. Oila:
8. Davlat hokimiyatini tashkil etish sohalari va h.k.
Demokratiyaning vazifasi - fuqarolarning huquqlari tan olinadigan va himoya qilinadigan, ularning burchlariga rioya etiladigan va bajariladigan jamiyatni qurishdan iborat.
|
Hozirgacha hech qaysi davlat bunga mukammal erishmagan, faqat unga harakat qilib kelmoqda. Demokratik jamiyat davlatchilik sohasida har bir mamlakat va xalqning demokratiyada umum’etirof etilgan qadriyatlari va tamoyillari hisobga olinadigan, milliy madaniy meros xususiyatlariga tayaniladigan, fuqarolarning huquqlari tan olinadigan va himoya qilinadigan, boshqaruvda fuqarolar faol ishtirok etadigan jamiyatdir.
Umumiy tarzda demokratiya deganda, hammaning manfaatlari yo‘lida ko‘pchilikning hokimiyati va ozchilikning irodasini hurmat qilish tushuniladi.
Demokratiya xalqni o‘z erkinligi va mustaqilligi, har bir shaxsning manfaatlari va huquqlarini o‘zboshimchalik bilan cheklashlarga va shu yo‘sindagi harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydigan fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish shaklidir.
2. Mazkur fan o‘zining mantiqiy tuzilishiga hamda ilmiy tahlil usullari va vositalariga ko‘ra mustahkam nazariy asos hamda manbalarga asoslanadi. Bu o‘rinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ning 1948 yil 10 dekabr da qabul qilgan «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi» ni keltirish mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qaror va qonunlari, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning «O‘zbekistonning: o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li», «Yo‘limiz-mustaqil davlatchilik va taraqqiyot yo‘li», «Istiqlol va ma’naviyat», «O‘zbekistonning siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillari», «O‘zbekiston-bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li», «Hozirgi bosqichda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning muhim vazifalari», «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari», «Ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot-pirovard maqsadimiz», «O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari», «Biz tanlagan yo‘l - demokratik taraqqiyot va ma’rifiy dunyo bilan hamkorlik qilish», «O‘zbekiston-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida», «Hayotimizning, taraqqiyotimizning huquqiy asosi», «Parlament jamiyat hayotining ko’zgusi», «Bizning bosh maqsadimiz-jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir», «Inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari-eng oliy qadriyat» kabi qator fundamental va ustuvor asarlari, ma’ruzalari, nutqlari, farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari ham kursni o‘rganishning asosiy manbalari bo‘lib xizmat qiladi.
Fuqarolik jamiyati. O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fani bilan bog‘liq tushunchalar mavjud. Bugungi kunda demokratik qadriyatlarning asosiy tushunchalarini to‘la-to‘kis o‘zlashtirib olish jamiyatni demokratlashtirishning muhim sharti bo‘lib qolmoqda.
Ularni o‘rganishda quyidagi uchta jihatni alohida hisobga olish lozim:
1. Ijtimoiy gumanitar fanlarda ishlatiladigan umumiy tushunchalar. Masalan: jamiyat, sivilizatsiya, erkinlik, huquq, qonun, madaniyat, taraqqiyot, demokratiya :
2. Ijtimoiy-siyosiy fanlarda ishlatiladigan tushunchalar bilan yaqin bo‘lgan tushunchalar: huquqiy davlat, xususiy mulk, fuqarolik jamiyati, siyosat, siyosiy hokimiyat, siyosiy tashkilotlar, siyosiy tizim, siyosiy rejim, siyosiy plyuralizm, siyosiy ong, siyosiy madaniyat va boshqalar :
3. Fuqarolik jamiyati. O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fani o‘rganadigan tayanch tushunchalar: «O‘zbekistonning o‘ziga xos va mos taraqqiyot yo‘li», erkinlik, musta-qillik, demokratiya, qonun ustuvorligi, «demokratik davlatchilik», «demokratik jamiyat», «demokratiya», «demokratik jamiyat to‘g‘risidagi qarashlar», «demokratik jamiyatning milliy–ma’naviy negizlari», «milliy-ma’naviy qadriyatlar», O‘zbekiston iqtisodiy hayotining erkin demokratiyalashuvi, ijtimoiy hayot va demokratiya, siyosiy hayotning demokratik tamoyillari, «demokratik qadriyatlar», «O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurilishi», «Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot», «O‘zbekiston va jahon hamjamiyati», «Milliy davlatchilik va demokratiya» va boshqalar.
Fuqarolik jamiyati. O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyotini o‘rganish jarayonida yana quyidagi tushunchalar: «liberal demokratiya», «demokratiya va bozor iqtisodiyoti», «demokratiya sharoitida inson huquqlari va erkinligi», «demokratiya va millatlararo munosabatlar», «davlatni demokratik boshqarish», «demokratiyaning asosiy unsurlari» ko‘proq ishlatilishi tabiiy. Bu tushunchalarni har birining o‘ziga xos ma’nosi va mazmuni bor.
Dostları ilə paylaş: |