SIFAT ANALIZI Atom emissiya usuli (AES) atomlar tomonidan chiqarilgan juda ko’p spektr chiziqlarini bir vaqtda qayd qilish imkoniyatini beradi. Shuning uchun, ham AES ko’p elementli analiz usuli hisoblanadi. Usulning bu muhim afzalligi uni, namunaning tarkibida qanday elementlar borligini aniqlash uchun ya’ni, sifat analizi uchun qo’llashga imkon beradi.
Atom spektrlarining ajoyib xususiyatlaridan biri ularning chiziqli tuzilishidir. Shu sababga ko’ra, atom spektrlari ko’p ma’lumotga ega. Chiziqning spektrdagi joyi, ya’ni to’lqin uzunligi har bir element uchun xususiydir va uning bu xossasini sifat tahlili uchun ishlatish mumkin. Chunki har bir elementning elektron tuzilishi boshqasinikidan farq qilgani uchun ularning spektri ham o’ziga xosdir. Masalan natriyning spektrida to’lqin uzunliklari mos ravishda 589,0 va 589,6 nm bo’lgan ikkita intensiv sariq chiziq bor
(rangli rasm). Xuddi shunday kaliyning spektrida ham ikkita intensiv ko’k chiziq bor (rangli rasm).
Agar natriy biror qotishmaning, mineralning tarkibida bo’lsa uning spektrida ham shu ikkala chiziq ko’rinadi (rangli rasm).
An’anaviy atomlash manbalari ichida sifat analizi o’tkazish uchun eng ma’qbuli yoy razryadi hisoblanadi. Birinchidan, yoy temperaturasi ko’pchilik elementlarni atomlash va qo’zg’atish uchun yetarlidir, ikkinchidan, yoyning temperaturasi uchqun razryadi va induktiv bog’langan plazmanikiga qaraganda. past bo’lganligi uchun bunday qo’zg’atish usuli bilan olingan spektrda chiziqlar soni oz bo’ladi, bu esa o’z navbatida, chiziqlarni qaysi elementlar chiqarayotganini topishni osonlashtiradi. Yoy razryadining asosiy kamchiligi, uning turg’un emasligi esa, sifat analizi o’tkazishda katta rol o’ynamaydi, chunki, sifat analizida chiziqlarning intensivligi emas, balki uning to’lqin uzunligi (chiziqning spektrdagi o’rni) ishlatiladi.
Sifat analizning vazifasi namunaning spektridan ma’lum elementga tegishli chiziqning bor-yo’qligini aniqlashdan iborat. Bitta spektr chiziqning joyi, ya’ni to’lqin uzunligi bo’yicha ham elementni aniqlash mumkin. Amaliyotda spektr chiziqning to’lqin uzunligini o’lchash aniqligini hisobga olish kerak. Shuning uchun chiziq biror elementga tegishli ekanligi masalasini yechish uchun odatda yetarli darajada intensivlikka ega bo’lgan analitik chiziqlar deb ataluvchi chiziqlarning spektrda bor-yo’qligi orqali hal etiladi. “Oxirgi” chiziqlar deb ataluvchi chiziqlar bu talabni qanoatlantiradi. “Oxirgi” chiziqlar deb elementning namunadagi miqdori kamayib borishi bilan uning spektridagi chiziqlar orasida uzoq davom etadigan, ya’ni oxirda ko’rinmaydigan chizig’iga aytiladi. Agar elementning rezonans chiziqlari spektrning ko’rinuvchi yoki ultrabinafsha sohalarida bo’lsa, odatda ular oxirgi chiziqlar bo’ladi. Asosiy holatga o’tishlar natijasida hosil bo’ladigan spektr chiziqlariga rezonans chiziqlar deyiladi. Masalan litiy atomida rezonans chiziq elektronni sathdan sathga o’tishi natijasida hosil bo’ladi va uning to’lqin uzunligi 670,8 nm ga teng.
Namunada elementning borligi juda ishonchli bo’lishi uchun spektrda unga tegishli bir necha chiziqni topish kerak.