3
KIRISh
Iqtisodiyot rivojlanishining hozirgi bosqichida
respublikamizda faoliyat
yuritayotgan banklarning roli tobora ortib bormoqda. Chunki xo’jalik yurituvchi
sub’ektlarning hech biri bank xizmatini chetlab o’tib faoliyat yurita olmaydi, o’zaro
hisob-kitoblarini bank yordamisiz o’tkaza olmaydi. Shu sababli bank tizimini
mustaxkamlash, ularning erkinligini oshirish yo’lida isloxotlarga
xukumat miqyosida
e’tibor berib kelmoqda. Chunki bank tizimida o’tkazilayotgan islohotlar nafaqat
banklarning, balki butun iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlashga asos bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 15 apreldagi «Bank tizimini
isloh qilish va erkinlashtirishning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida»gi
Qarorining qabul qilinishi respublikada faoliyat yuritayotgan banklarning
rivojlanishiga katta hissa qo’shadi. Ushbu qarorda tijorat
banklarning tashkil etishga
qo’yiladigan talablari, ularning operatsiyalari, imtiyozlar, kreditlash bilan bog’liq
muammolarga alohida o’rin ajratilgan. Hozirgi kunda bank
tizimi rivojlanib borar
ekan, banklar o’rtasidagi o’zaro aloqalar, hisob-kitoblarni o’tkazish mexanizmini
takomillashtirish talab etiladi. Ushbu qo’llanma «Bank ishi» yo’nalishi bo’yicha
magistraturadagi bir qator mutazassisliklarda,
jumladan, «Kredit», «Bank auditi»,
«Xalqaro bank ishi», «Xalqaro valyuta-kredit munosabatlari», «Bank qimmatli
qog’ozlari», «Bank risklari» mutaxassisliklar talablari uchun mo’ljallangan. O’quv
qo’llanma ushbu fan bo’yicha ishlab chiqilgan namunaviy dastur va ishchi-o’quv
dasturlari asosida yozilgan. O’quv qo’llanmada to’lov tizimining mazmuni, uning
tarkibi, respublikada milliy to’lov
tizimining shakllanishi, elektron to’lov tizimini
tashkil etishning zarurati va shartlari, printsip va funktsiyalari o’z ifodasini topgan.
Shu bilan birga iqtisodiyotdagi naqd pulsiz hisob-kitoblar,
davlat byudjetining kassa
ijrosi bo’yicha operatsiyalar, banklar tizimidan o’tganini hisobga olgan holda
yuqoridagilar o’quv qo’llanmada batafsil yoritib berilgan. O’quv qo’llanmada yangi
bank
texnologiyalari, ularning qo’llanilishi ham o’z ifodasini topgan.
Mazkur o’quv qo’llanmadan – «Bank ishi» yo’nalishi bo’yicha o’qiyotgan
barcha oliy o’quv yurtlarining bakalavriat va magistratura bo’limlari talabalari,
kollejlar, biznes maktab talabalari, shuningdek bank mutaxassislari va bank faoliyati
bilan qiziquvchilar foydalanishi mumkin.
«Banklarda hisob va to’lov tizimi» o’quv qo’llanmasi
respublikada birinchi
marta o’zbek tilida chop qilingan. Shu sababli uni yozish davomida ba’zi bir
kamchiliklarga yo’l qo’yilgan bo’lishi mumkin. Ushbu kamchiliklar bo’yicha o’z
fikr-mulohazalaringiz va takliflaringizni bildirishingizni so’raymiz va oldindan
minnatdorchilik bildiramiz.