2 iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun. “Davlatimiz ramzlari – muqaddas timsollar”



Yüklə 29,38 Kb.
tarix21.10.2022
ölçüsü29,38 Kb.
#65685
26-mavzu

2 iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun. “Davlatimiz ramzlari – muqaddas timsollar”.


Davlat ramzlari el-yurtning hurligi, milliy g‘urur va mentaliteti, shonli tarixi, ma’naviy-madaniy boyligi, urf-odat va an’analari, buyuk maqsad va ezgu orzu-intilishlarini o‘zida aks ettiradi.
Istiqlolga erishgach, mamlakatimiz ham o‘z davlat ramzlariga ega bo‘ldi. Bugun O‘zbekiston o‘z Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi va Valyutasiga ega.
Davlatimiz gerbida xalqimizning tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topgan. Unda tasvirlangan gullagan vodiy uzra nur sochayotgan oftob serquyosh yurtimizga, undagi obod manzillarga ishora. Baland tog‘lar oralab oqayotgan daryolar – hayot boqiyligi timsoli bo‘lsa, gerbning so‘l tomonidagi bug‘doy boshoqlari xalqimizning rizq-ro‘zi butunligidan, o‘ng tomonidagi qiyg‘os ochilgan g‘o‘za ifodalangan chambar xalqimizning oppoq orzulari, ezgu niyatlaridan dalolatdir. Gerbning yuqori qismida elu yurtimiz jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan.
Gerbimiz markazida baxt va olijanoblik timsoli bo‘lgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib, parvozga shaylanib turibdi. Bu xalqimizga xos ezgu orzu-umidlar ifodasidir. Zero, elimiz Humoni azal-azaldan baxt qushi sifatida tasavvur etib kelgan.
Gerbimizdagi ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, ezgulik, baxt-saodat, to‘kinlik, farovonlik kabi orzu-umidlarini o‘zida namoyon etadi. Gerbning pastki qismidagi davlatimiz bayrog‘ini ifodalovchi chambar bandiga zarhal harflar bilan “O‘zbekiston” so‘zi bitilgan.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi tarixiy qonunda belgilanganidek, Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, hokimliklar, qo‘mitalar, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari binolari, chet ellardagi mamlakatimiz diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining peshtoqida o‘rnatilgan. Respublikamiz davlat chegaralaridagi Davlat gerbi barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. Vatan ostonasidagi davlatimiz ramzini ko‘rib, beixtiyor qalbimiz entikadi, muqaddas zaminimizga bo‘lgan mehr-muhabbatimiz yanada oshadi.
Davlat gerbi tasviri har birimizning mana shu saxovatli zamin farzandi, ushbu ozod yurt fuqarosi ekanimizni tasdiqlovchi fuqarolik pasportida ham aks ettirilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda mamlakatimiz fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda istiqomat qiladigan barcha shaxslar davlatimiz gerbini hurmat qilishlari shart ekani belgilab qo‘yilgan.
Davlat ramzlari muqaddasdir. 2010 yil 24 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi”gi qonunga muvofiq, davlatimiz ramzlaridan foydalanish qoidalari yanada takomillashtirildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas.
Ha, mustaqil Vatanimizning Davlat gerbi ulkan g‘oyaviy-tarbiyaviy ahamiyatga molik timsol sifatida barchamiz uchun qadrli va muqaddasdir. Uni har safar ko‘rganimizda shunday betakror, hech kimdan kam bo‘lmagan qudratli mamlakatda yashayotganimizdan faxr-iftixor tuyg‘ularini his etamiz.
Xalqimizning eng aziz bayrami – mustaqilligimizning o‘ttiz bir yilligi tobora yaqinlashmoqda. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, avvalo, xalqimiz, yoshlarimizning bilimi, tafakkuri, saviyasi, ijtimoiy faolligi har tomonlama yuksalib, Vatanimizning qudrati, xalqaro maydonda tutgan o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani ham istiqlol tufaylidir.
2-iyul – O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun. 1992-yil aynan shu sanada mustaqil respublikamizning yangi davlat ramzlaridan biri – Davlat gerbi tasdiqlangan edi.
Gerb qadim zamonlardan muayyan davlat yoki hududda yashovchi turli millat va elatlarning tarixi, orzu-umidi, tafakkuri, ijtimoiy va siyosiy hayotda amal qilib yashaydigan qonun-qoidalari, urf-odatlari va an’analarini ifoda etib kelgan. Davlatning ichki va siyosatini yurtishda, ayniqsa, xalqaro munosabatlarda muhim hujjatlarga, muhrlarga, tangalarga davlat gerbi tasviri tushirilgan.
O‘zbekiston gerbida ham xalqimizning tarixi, bugungi kuni va porloq kelajagi o‘z aksini topgan. Unda tasvirlangan zarrin nur sochayotgan oftob qo‘ynida yashnayotgan vodiy serquyosh yurtimizga, undagi obod go‘shalarga ishora. Baland tog‘lardan oqib tushayotgan daryolar – Ona Vatanimizdagi go‘zal tabiat va boqiy hayot timsoli bo‘lsa, bug‘doy boshoqlari va qiyg‘os ochilgan paxta chanoqlari xalqimizning rizq-ro‘zi butunligi hamda ezgu niyatlariga dalolatdir. Gerbning yuqori qismida xalqimiz jipsligining ramzi hisoblanmish sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan.
Davlat gerbi markazida oliyjanoblik, fidoyilik va baxt timsoli – afsonaviy Xumo qushi qanotlarini yozib, parvozga shay holatda turibdi. Bu xalqimizga xos ezgu niyatlar – tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo'lidagi orzu-umidlar timsolidir.
Davlat gerbi shu yurtda yashayotgan har bir insonning hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Biz mamlakatimizning davlat ramzlari – bayrog‘i va gerbini har kuni, har joyda ko'ramiz, madhiyamiz sadolari tez-tez qulog‘imizga chalinadi. Shu sabab bo‘lsa kerak ular biz uchun odatiy tushunchalarga aylanib qolgan, ba’zida ko‘p ham e’tibor bermaymiz. Ammo, ularni xalqaro tadbirlar – sport musobaqalari, xalqaro anjumanlar, davlat rahbarlarining tashriflarida yoki olis yurtlarda bo'lgan vaqtimizda ko‘rib qolsak yoki tinglasak, shubhasiz, yuragimizga eng yaqin tuyg‘ularni his etamiz. Ana shunday onlarda har birimizning ong-u shuurimizda bayrog‘imiz, barcha Vatandoshlarimiz uchun umumiy uy hisoblangan Ona Vatanimiz ramzi hisoblanmish quyoshning zarrin nurlariga burkangan vodiy, xumo qushi tasvirlangan gerbimizga nisbatan g‘urur va hurmat tuyg‘ulari jo‘sh uradi, beixtiyor ko‘zlarimizda yosh qalqiydi. Aslida shunday bo'lishi ham kerak. Zero, taniqli notiq Sitseron ta’kidlaganidek: " – Vatanga muhabbat barcha ezgu fazilatlarning asosidir".
Davlat gerbini sevish – bu kishini shu jamiyatning bir qismi ekanligini anglash, o‘z xalqi va davlatiga beqiyos hurmati ifodasidir. Darhaqiqat, zamonaviy dunyoda fuqaro o‘z yurtidan tashqarida, dunyoning qaysi burchagida bo‘lmasin, doimo o‘z davlati himoyasida bo‘ladi. Davlat gerbi tasviri mana shu ona zamin farzandi, mustaqil yurt fuqarosi ekanligimizni tasdiqlovchi fuqarolik pasportida ham o‘z aksini topgan.
Davlat gerbi, ayniqsa, shu yurt taqdiriga o‘zini baxshida etgan – harbiy xizmatchilar hayotida benihoya muhim o‘rin tutadi. Davlat ramzlariga eng ko‘p duch keladiganlar ham shu insonlar, aslida. Harbiy xizmatchilarning har bir libosida bayroq va gerb o‘z aksini topgan, har bir yangi kuni madhiya sadolari bilan boshlanadi. Davlat ramzlari ularning shu yurt posponi, zimmasiga Vatan tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek, ulkan mas’uliyat yuklatilganligini eslatib turgandek, go‘yo.
Haqiqatdan ham, harbiylar davlat bayrog‘i va gerbi ostida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jasoratlar ko‘rsatishga qodir. Tarixdan bunga juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Mard insonlar milliy ramzlar ostida o‘z Vatani ozodligi uchun kurashda also tolmaydilar. Bunday vatanparvarlar shubhasiz, yurt himoyasi, daxlsizligini ta’minlashda va jamiyatning gullab-yashnashida beqiyos ahamiyatga ega. Shuning uchun ham shu yurtni o‘z vatani deb biluvchi har bir inson davlat ramzlarini yaxshi bilishi, ularning ma’nosini chuqur anglashi, davlat ramzlarini himoya qilishi va ko‘z qorachig‘idek asrashi lozim. Zero, ular ajdodlarimiz uzoq yillar orzu qilgan, kurashgan, hayoti va jonini fido qilgan ozodlik, mustaqil Vatanimiz timsollaridir.
Yüklə 29,38 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin