2-Laboratoriya ishi. Manometrik termometrlar yordamida haroratni o\'lchash
2-Laboratoriya ishi. MANOMETRIK TERMOMETRLAR YORDAMIDA HARORATNI O’LCHASH.
Manometrik termometrlar texnik asbob bo‘lib, termotizimning ish moddasi jixatidan gazli, suyuqli va kondensasion (bug‘-suyuqllkli) termometrlarga bo‘linadi. Bu asboblar suyuq va gazsimon muhitlarning -150 dan + 1000°C gacha bo‘lgan haroratini o‘lchash uchun qo‘llaniladi.
Manometrik termometrlar ko‘rsatuvchi va o‘ziyozar qilib ishlanadi. O’ziyozar termometrlar doiraviy yoki lentasimon diagramma qog‘ozi bilan ta’minlanadi. Diagramma qog‘ozini sinxron dvigatel, ba’zi turlarida esa soat mexanizmi siljitadi.
Manometrik termometrlar kimyo sanoatida keng qo‘llaniladi, Ular portlash xavfi bor joylarda ishlatilishi mumkin. Bu holda diagramma qog‘ozi soat mexanizmi bilan yuritiladi. Manometrik termometrlarning sxemasi 1-rasmda ko‘rsatilgan. Asbob termoballon 1, kapillyar naycha 2 va manometrik qism 3-9 dan iborat. Manometrik prujina 3 ning bir uchi tutqich 4 ga kavsharlangan. U kanal orqali prujinaning ichki bo‘shlig‘ini termoballon bilan ulaydi. Prujinaning ikkinchi bo‘sh uchi germetiklangan va tortqich 5 yordamida sektor 6 bilan bog‘langan. Bu sektor o‘z navbatida trubka 7 bilan tishli ilashish vositasida ulangan. Trubka 7 ning o‘qiga strelka 8 o‘rnatilgan. Uzatish mexanizmdagi oraliqni to‘ldirish uchun spiral tola
9 o‘rnatilgan, uning ichki o‘ramining uchi trubka o‘qiga ulangan.
Asbobning termoballon, kapillyar va manometrik prujinasi ish moddasi, asosan, gaz (gazli termometrlarda) va suyuqlik (suyuqlikli termometrlarda) bilan boshlang‘ich bosimda to‘ldiriladi. Termoballon isishi bilan ish moddasining germetiklangan termotizimdagi bosimi oshadi, buning natijasida prujina yoyila boshlaydi va uning bo‘sh uchi siljiydi. Prujina bo‘sh uchining siljishi uzatish mexanizmi orqali (tortqich, sektor va trubka) ko‘rsatkichning holati bo‘yicha hisobga olinadi. Termoballon, odatda, zanglamas po‘latdan ishlanadi, kapillyar esa jezdan yoki po‘latdan ishlanib, uning tashqi diametri 2,5 mm, ichki diametri esa 0,35 mm ga teng bo‘ladi. Asbob vazifasiga ko‘ra kapillyar naychaning uzunligi turlicha (0,6 m dan 60 m gacha) bo‘ladi. Manometrik termometrlarda bir chulg‘amli, ko‘p chulg‘amli (chulg‘amlar soni 6 dan 9 gacha) va spiralli manometrik prujinalar ishlatiladi.