Robototexnika sohasi Ma’lumki, "robot" so’zi bizning tilimizga ilmiy fantastikadan kirib kelgan. Birinchi bor bu so’zni oltmish yil oldin taniqli chex fantast yozuvchisi Karel Chepek ishlatgan. Ammo "mexaniq odamlar" undan oldinrok ham ma’lum edi. O’rta asrlarda inson iste’dodlariga ega bo’lgan musiqachi-qo’g’irchoq yoki rassom-qo’g’irchoqlar paydo bo’lganligi ma’lum.
Kompyuter asri boshlanishi bilan insonni og’ir va zararli mehnatdan ozod etadigan robotlar paydo bo’ldi.
Ular garchi odam qiyofasida bo’lmasa-da, ko’plab funktsiyalarni (ishlarni) bajara oladilar. Masalan, UzDAEWOOavto O’zbekiston - Koreya qo’shma avtomobil korxonasida turli ishlarni bajaradigan robotlar keng qo’llanilmokda.
Bugungi kunda robotlar mashinasozlik zavodlarida, po’lat quyish sexlarida, ximiyaviy laboratoriyalarda, qurilishda keng qo’llanilmoqda. Robotlarni yaratish bilan shug’ullanadigan texnikaning mahsus shohobchasi - robototexnika paydo bo’ldi.
Robotlar orasida keng tarqalgani bu robot manipulyatorlardir. Manipulyatorlar - o’ta sezgir va kuchli mexaniq qo’ldir.
Robotlarni kompyuter boshqarib turadi, ya’ni kompyuter robotning "miyasi"dir, ular telekameralar orqali "ko’rib", mikrofonlar yordamida "eshitadilar", ya’ni axborot qabul qiladilar. Maxsus datchiklar "sezgi" organi vazifasini o’taydi.
Marketing sohasi. Marketing inglizcha "market" (bozor) so’zidan olingan bo’lib, bozor, savdo sohasidagi faoliyatni anglatadi.
Marketingda eng asosiysi, bozorni, haridorlar talab va ehtiyojlarini chuqur va har taraflama o’rganish va ishlab chiqarishni shuning asosiga qurish, ikkinchi tomondan esa bozorga, mavjud talab va ehtiyojga faol ta’sir qo’rsatish, haridorlarning muayyan mollarga bo’lgan talablarini shaqllantirishdan iborat.
Marketingni kompyuterlarsiz, axborot texnologiyalarisiz tasavvur etib bo’lmaydi.
Ishlab chiqarish sohasi. Ishlab chiqarishning deyarli barcha sohalarida kompyuterlar qo’llanilib kelmoqda. Kompyuterlar ko’pgina texnologik jarayonlarni boshqarmoqda. Ular yordamida yangi mahsulotning chizmasini yaratishdan toki tayyor mahsulot bo’lib chiqqunga qadar bo’lgan barcha jarayonlarni avtomatlashtirish mumkin.
Mahsulot shaklini konstruktor kompyuter ekranida chizib, tegishli o’zgartirishlar yasab, qog’ozga chop etishi mumkin.
Mahsulotni ishlab chiqarish uchun kerakli barcha qurilmaning imkoniyatlari, unga ketadigan sarf-harajatlarni hisob-kitob qilishda va boshqa ishlarni bajarishda ham kompyuter beg’araz yordamchidir. Mahsulotni ishlab chiqarishda axborot asosiy kompyuterdan ishlab chiqarish liniyalariga etkaziladi. U erda axborotni qabul qilishga tayyor turgan robotlar kompyuter uzatgan dastur asosida mahsulotni yig’a boshlaydi. Tayyor mahsulotlar esa robotlar yordamida tekshirilib, omborlarga jo’natiladi.
Tibbiyot sohasi Ma’lumki, shifokorga borishni ko’pchiligingiz xush ko’rmaysiz. Birinchidan, siz bemorsiz. Sog’lom odam u yerga bormaydi. Ikkinchidan, u erda hamma joyda navbatda turishga tug’ri keladi. Masalan, registraturada kasallik varaqasi uchun, shifokorlar qabuliga kirish uchun va hokazo. Uchinchidan, shifokor yozib bergan dorilarni dorixonalardan izlash kerak bo’ladi.
Kompyuterlarning shifoxonalarda va poliklinikalarda paydo bo’lishi ko’p narsalarni, jumladan, yuqoridagi muammolarni ham tubdan o’zgartirib yuboradi. Endi siz tug’ridan-tug’ri shifokor huzuriga yul olasiz. Uning ish stolida odatdagi meditsina ish qurollaridan tashqari kompyuter ham joy olgan: uning xotirasida barcha bemorlarning kasallik tarixi yozib qo’yilgan. Agar siz oldin ham murojaat etgan bo’lsangiz, sizniki ham bo’ladi. Birinchi bor murojaat etayotgan bo’lsangiz siz haqingizdagi barcha axborotni shu erning o’zida shifokor kompyuterga kiritib qo’yadi. Kasalligingiz haqidagi barcha ma’lumotlar kompyuterga kiritilgach, sizning kasalligingiz haqida tashxis qo’yiladi va chop etish qurilmasi yordamida dorilar uchun retsept chop etib beriladi. Retseptni olib, boshqa kompyuter yordamida ushbu dorilarni eng yaqin bo’lgan qaysi aptekalardan topish mumkinligi haqida axborot olishingiz mumkin.
Kompyuter meditsinada boshqa ishlarga ham qodir. Masalan, tomograf - ya’ni siljib harakatlanadigan rentgen apparati insonning ixtiyoriy organi haqida to’liq ma’lumot olishi, ulardagi mikroskopik defektlar, chet jinslar (masalan, buyrakdagi tosh) haqida ma’lumot berishi mumkin. Tomograf uzatgan axborotni tezda qayta ishlash va ekranda ko’rsatish uchun albatta u kompyuter bilan bog’langan bo’lishi shart.