Umumiy aloqadorlik tamoyili. Rang-barang dunyoda har bir ob’ekt ko’p sonli xossalarga ega bo’lib, ular boshqa ob’ektlar bilan o’zaro aloqa jarayonida namoyon bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda, har qanday tuzilma boshqa tuzilmalar bilan aloqaga kirishish orqali namoyon bo’ladi. SHunday qilib, har bir ob’ekt o’zga ob’ektlar bilan qonuniy bog’lanadi va bu ob’ektlar bilan o’zaro ta’sirga kirishish jarayonida ishtirok etadi.
Aloqa. Falsafada aloqa deganda makon yo vaqtda bir-biridan muayyan masofada uzoqlikda joylashgan ikki yoki bir necha hodisa yoki ob’ektning o’zaro aloqa jarayoni tushuniladi. Ob’ektlar diskretlik, shakllanganlik va nisbatan mustaqillikdan mahrum bo’lgan joyda aloqalar mavjud bo’lishi mumkinmi? O’z-o’zidan ravshanki, shakllangan, nisbatan mustaqil narsalar mavjud bo’lmagan joyda aloqa mavjudligini taxmin qilish ham mumkin emas. SHu sababli umumiy aloqa kategoriyasi «narsa», «uzluklilik», «uzluksizlik», «cheksizlik», «tuganmaslik» tushunchalari bilan tavsiflanadi. Hozirgi ilmiy bilimga tayanuvchi borliqning falsafiy talqini olamning universal yaxlitligini, dunyoning birligini ochib beradi. Dialektika kategoriyalari borliqning universal aloqalarini bilish shakli hisoblanadi.
Munosabat. Aloqa tushunchasi o’zaro aloqa, harakat, munosabat tushunchalari orqali yoritiladi. «Hozirgi zamon falsafa lug’ati»da2 munosabat tushunchasi «narsalarning o’zaro mavjudlik usuli, ularda yashirin xossalarning namoyon bo’lish omili» sifatida ta’riflangan. Bu ta’rifda munosabatni tavsiflovchi quyidagi jihatlar farqlanadi: birinchidan, narsalarning o’zaro mavjudligi, yaqinlashuvi, birlashuvi. Ikkinchidan, munosabat narsaning xossalarini namoyon etish, ya’ni harakatga keltirish usuli sifatida amal qiladi. Uchinchidan, narsalarning birlashuvi sifatidagi munosabat ta’sirida kooperativ effekt, ya’ni narsalar holatlarining bir-birini o’zgartirishi yuz beradi. Bunda munosabat yuzaga kelgunga qadar yashirin holda mavjud bo’lgan narsalarning xossalari bir-biriga o’tadi va namoyon bo’ladi.
Xullas, munosabat, bir tomondan, narsalarning o’zaro aloqasini, boshqa tomondan esa – ularning alohida-alohida mavjudligini nazarda tutadi.
Dostları ilə paylaş: |