Qonun – tizim elementlari o’rtasidagi umumiy va invariant aloqa. Ularning uchta turi mavjud.
Voqelik qonunlari bizning ongimizdan, biz ularni bilish-bilmasligimizdan qat’iy nazar mavjud va amal qiladi.
Fan qonunlari odamlar tomonidan anglab etilgan voqelik qonunlarining ongimizdagi in’ikosi. Har bir fan voqelikning muayyan sohasini o’z predmeti sifatida o’rganar ekan, mazkur sohada amal qiluvchi qonunlarni aniqlaydi. Ilmiy nazariya bilan qamrab olingan soha qancha keng bo’lsa, uning qonunlari shuncha umumiy bo’ladi. Fanda qonunlarning umumiylik darajasiga ko’ra murakkab ierarxiyasi mavjud. Umumiylik darajasi pastroq bo’lgan qonunlar umumiyroq qonunlarning ayrim ko’rinishlari sifatida amal qiladi va so’nggi zikr etilgan qonunlardan ularning oqibatlari sifatida keltirib chiqariladi.
Masalan, geometrik optikada yorug’likning aks etish va sinish qonunlari elektromagnit to’lqinlar tarqalishining umumiyroq qonunlaridan, ular esa, o’z navbatida, elektromagnit maydoni nazariyasining yanada umumiyroq qonunlaridan kelib chiqadi.
Har qanday qonun muayyan sharoitda amal qiladi. Qonun amal qilishining bazis va lokal sharoitlarini farqlash lozim. Bazis sharoitlar qatoriga qonunning amal qilish sohasini belgilovchi sharoitlar kiradi. Mazkur sharoitlardan tashqarida qonun amal qila olmaydi (ular yo’q bo’lgan taqdirda ularda amal qilayotgan tizim ham yo’q bo’ladi). Lokal sharoitlar qatoriga qonunning amal qilish sohasidagi sharoitlar kiradi. Qonun bu sharoitlarning har qanday variatsiyasida o’z kuchini saqlab qoladi, lekin ularning o’zgarishlari qonunning amal qilish natijalarining o’zgarishlariga sabab bo’ladi. Qonun lokal sharoitlarga nisbatan invariant, lekin u bazis sharoitlarga nisbatan invariant emas.
Hodisalarning muntazamligi, takroriyligida qonunlarning amal qilishi (shuningdek fenomenlogik qonun, empirik bog’lanish) qonuniyat-deb ataladi. Qonuniyatlar – bu qonunlarning namoyon bo’lishidir.
Dostları ilə paylaş: |