2.2-Ma’ruza. Tabiatshunoslik o‘qituvchisi (kasbiy tayyorgarligi, ijodiy va ijtimoiy faolligi, ma\'naviy-ahloqiy sifatlari, g‘oyaviy-siyosiy yetukligi)ga qo‘yiladigan umumiy talablar
Bilimlarni yozma tekshirish. Tekshirishning bu turi savollarga yozma javob berish yoki yozma topshiriq bajarish tarzida o’tkaziladi. Yozma ishlar uchun o’rganilgan ob‘ektlarni sanab berish bilan bog’liq bo’lgan:
-tabiat hodisalari, landshaftlarning ayrim elementlari va odamlarning xo’jalik faoliyatlari o’rtasidagi aloqa yoki o’zaro bog’liqlikni ochib beruvchi;
-bolalarning tabiatshunoslik tushunchalarini bilib olganliklarini aniqlovchi; -tabiatdagi kuzatish va natijalarni ta‘riflashni mo’ljallagan, tabiiy ob‘ekt yoki jarayonlarni rasmlar chizish yordamida tasvirlash; tabiat ob‘ektlarini tanib olish bilan bog’liq bo’lgan savollar taklif qilinadi.
Misol tariqasida “Dala o’simliklari” mavzusi (3-sinf) bo’yicha tekshirish ishi uchun savollar keltiramiz:
Paxta mevasi nima deb ataladi?
G’allaning poyasi nima deb ataladi?
Poliz o’simliklarining qaysilarini bilasiz?
Uzum qanday ko’paytiriladi?
Yirtqich qushlar qanday foyda keltiradi?
Yozma ish uchun tezis tipidagi dasturlashtirilgan topshiriqlar, test, raqamli diktantlar, dasturlashtirilgan kartochkalardan foydalanilishi mumkin.
Bilim, uquv va ko’nikmalarni baholash. O’quvchilarning og’zaki javoblari ularning bilimlarini aks ettiradi va o’qituvchi tomonidan har bir o’quvchining qanday o’zlashtirayotganligini, u o’quv materialini qanchalik egallaganligini ko’rsatuvchi baholar bilan qadrlanadi. Shuning bilan birga ular ma‘lum darajada o’qitishning sifatini ham aniqlaydi, chunki o’quvchilar bilimi uning asosiy o’lchovidir.
Bilimlarni baholash intensivligini oshirish uchun bir necha o’quvchilardan bir vaqtda so’rash uslubini qo’llash mumkin. Masalan, bir o’quvchi sinf oldida o’qituvchiga javob beradi, 2-3 o’quvchi doskada rasmlar chizadi, bir necha o’quvchi didaktik dasturlashtirilgan test va kartochkalar bilan ishlaydi.
O’quvchilar bilimini baholashda materialni ular qanchalik aniq va ravon tushunganliklari, javobning aniqligi va to’liqligi, shuningdek, uning shakli, ya‘ni bilimni bayon qilishning izchilligi va to’g’riligi hisobga olinadi. Tabiatshunoslik bo’yicha o’quvchilar bilimlarini baholashning o’lchovlarini sinflar bo’yicha keltiramiz:
sinf. Birinchi sinf yakunida o’qitishning oxiriga kelib, bolalar yil fasllarining xarakterli belgilarini; bir nechta buta o’t o’simliklarining, yaqin atrofdagi bir nechta hayvonlarning nomlarini bilishlari va ularni taniy olishlari; tabiatda o’zini tutish qoidalarini bilishlari va bajarishlari kerak.
Birinchi sinfda baho qo’yilmaydi, ammo muvaffaqiyatli javoblar rag’batlantiriladi.
sinf. Ikkinchi sinfda “5” bahosi yil fasllarining ayrim belgilarini bilganlarga;
3-4 daraxt, buta, o’t o’simliklari va xona o’simliklarini, shuningdek, qushlar va hasharotlarning 3-4 ta turini bilgan va farqiga bora olganlarga qo’yiladi. Bolalar, shuningdek, tabiatda muntazam kuzatishlar olib borgan va ularni “Kuzatishlar kundaligi”da qayd qila olgan bo’lishlari; xona o’simliklarini to’g’ri sug’ora olishlari, ularni parvarish qilishni bilishlari; shaxsiy gigiyena qoidalarini, kun va ovqatlanish rejimini bilishlari hamda bajarishlari kerak.
“4” baho ham “5” baho kabi o’lchovlar bo’yicha qo’yiladi, ammo javobda ba‘zi noaniqliklarga yo’l qo’yilgan bo’ladi.
“3” baho o’quvchi tabiatdagi o’z kuzatishlarini qayd qila olish, ular to’g’risida ravon aytib bera olish uquvlarini yetarli egallamaganida qo’yiladi. Salbiy baho qo’yilmaydi.
3-sinf. “5” baho o’z joyida eng ko’p tarqalgan mavsumiy hodisalar to’g’risidagi to’liq bilimlarga, ular to’g’risida sabab, oqibat bog’lanishlarini ko’rsatish bilan va o’zining tabiatdagi kuzatishlariga tayanib hikoya qila olish uquviga; o’z joyida ko’proq tarqalgan o’simlik va hayvonlar, ularning yashash sharoitlari to’g’risida (darslik va tabiatni kuzatish kundaligi hajmida) hikoya qila olish uquviga; o’z joyidagi odamlarning yil fasllari bo’yicha mehnatlari to’g’risida aytib bera olish uquviga qo’yiladi. O’quvchilar odam organizmi va uning salomatligini saqlash to’g’risida aniq tasavvurga ega bo’lishlari, tabiatda muntazam kuzatish olib borishlari va ularni kuzatishlar kundaligida qayd qilib borishlari; havo haroratini to’g’ri o’lchay olishlari, gerbariylarni rasmiylashtira bilishlari, kundalik materiallari bo’yicha kuzatishlariga yakun chiqara olishlari kerak.
“4” bahosini qo’yishda ham o’sha talablarga rioya qilinadi, biroq bunda biroz noaniqlikka yo’l qo’yilgan bo’ladi.
“5” va “4” baholari faqat darslik materialini bilgangagina emas, balki shuning bilan birga o’quv-tajriba maydonchasidagi va ekskursiya vaqtidagi faol ishlariga, kuzata olishlariga va tabiatning o’zidan bilim ola bilishiga ham qo’yiladi.
“3” baho tabiat to’g’risidagi noaniqlik, uzuq bilimlarga, sabab-oqibat aloqalarini aniqlay olmaslikka, tabiatning mahalliy hodisalari, o’simlik va hayvonlari, tabiatdagi odamlar hayoti to’g’risida bilim yetarli bo’lmaganda, tabiatda kuzatishlarni muntazam olib bormaganda va kuzatishlar kundaligini sistemali yuritmaganda qo’yiladi.
Salbiy baho qo’yilmaydi.
4- sinf. “5” baho dasturning asosiy mavzulari bo’yicha aniq bilimlarga, reja bilan xaritaning farqiga borish, kompasdan foydalanish, joyida ufq tomonlarini farqiga borish, o’z o’lkasi tabiati to’g’risida (darslik yoki mahalliy o’lkashunoslik qo’llanmasi hajmida) gapirib berish, o’z kuzatishlaridan amalda foydalanish uquvlariga, shuningdek Vatanimiz tabiati to’g’risida to’g’ri, to’liq hikoyaga, har xil zonalar tabiatidagi sabab-oqibat aloqalarini ko’rsata olishiga; tabiatga ehtiyotlik munosabati nimadan iboratligi va kishilar tabiatni qanday ehtiyot qilayotganliklarini tushuntira olishiga; amaliy ishlarni to’g’ri bajarishi va kuzatishlar kundaligini muntazam yuritishiga qo’yiladi.
“4” baho o’sha bilimlar uchun qo’yiladi, ammo javob berishda uncha katta bo’lmagan noaniqlikka yo’l qo’yilgan bo’ladi.
“3” baho bilimlarning noaniqligi, to’la bo’lmaganligi, o’quv materialini bo’sh ekanligi, hikoyada o’z kuzatishlaridan foydalana olmaganligi va amaliy ishlarni va kuzatishlar kundaligi yuritishni sifatsiz bajarganligi uchun qo’yiladi.
“2” bahosi o’quvchi kerakli narsani topolmagan va uning xususiyatlarini to’g’ri ta‘riflay olmagan, shuningdek, shu guruhning xarakterli belgilarini ko’rsata olmagan, hodisalarni tushuntirolmagan va aniq misollar keltirolmagan, tajriba o’tkazolmagan va xulosalarni ifodalay olmagan hollarda, shuningdek, u javobida adashganda, biroq materialni tushunganda qo’yiladi.
“1” baho o’quvchi butunlay javob bermagan yoki “taxminan” javob bergan, materialni tushunmagan hollarda qo’yiladi.
O’qituvchi bu me‘yorlardan foydalana borib, har o’quvchining individual xususiyatlarini, uning o’quv materialini o’zlashtirishdagi harakatlarini, o’zining kamchiliklari va qiyinchiliklarni bartaraf qilish qobiliyatini hisobga olishi zarur.
Baho sinfdagi yoki joylardagi aniq amaliy ish uchun ham qo’yilishi mumkin. Bunda ishning izchil va puxta bajarilishi, o’quvchining mustaqillik darajasi, olingan xulosalarning to’g’riligi, ularni ifodalana olishi hisobga olinadi. Kamida oyda bir marta o’quvchilarning kuzatishlar kundaligidagi ishlar baholanadi. Bunda kuzatishlarning mustaqilligi, o’z vaqtida o’tkazilganligi, ob-havoni qayd qilish to’g’riligi hisobga olinadi. “Kuzatishlar kundaliklari” da o’quvchilar yo’l qo’ygan imlo xatolari albatta tuzatiladi, ammo tabiatshunoslik bo’yicha baho qo’yishda hisobga olinmaydi. O’quv choragi yoki yili uchun yakuniy baho qo’yishda o’quvchi dastur talablarida ko’rsatilgan bilim, uquv va ko’nikmalarni qanchalik egallaganliklarini hisobga olish lozim. Bunda o’quvchilarning og’zaki javoblari, ularning amaliy faoliyati va kuzatishlar kundaligini yuritish sifati hisobga olinadi.