2-ma’ruza. Transkripsiya. O‘zbek shevalaridagi fonetik qonun va -fayllar.org
H undoshi aksariyat shevalarda x undoshining fiziologik tabiatiga moslashadi, lekin shimoliy o‘zbek, qipchoq shevalarida bu undosh talaffuzda bor. Shuningdek, arabcha va forscha so‘zlardagi shu tillarga xos bo‘lgan ح (hoyi hutti), ﮪ (hoyi havvaz), ف (fe) harflarini ifodalaydigan undoshlar o‘zbek tili shevalarining artiku-latsion-akustik xususiyatlariga moslashgan.
O‘g‘uz, xususan, Xorazm shevalarida adabiy tildagi q undoshi o‘ziga xos artikulatsiyaga ega. Bu undosh mazkur shevalarda adabiy tildagi k va q undoshlari oralig‘ida talaffuz qilinadi, uni akut diakritik belgisi bilan ʹk kabi ifodalash mumkin:
A:talїʹknїη ma:lїn baʹktїm bä:ärdä, O‘zi durmїjїn u:jatadї sä:ärdä. Biširän a:šlari gö:znüη ja:šїnnan, Čaʹkmaʹk ta:š na:nїn bärär nä:ärdä (Qo‘shiqdan).
Bu misolimizdagi a:talїʹk, baʹktїm, čaʹkmaʹk so‘zlaridagi ʹk undoshi Xorazm va ba’zi o‘g‘uz tillariga ham xosdir.
Kontrast (juft)unlilar. Singarmonizmni saqlagan o‘zbek shevalarida unlilar old qator va orqa qator mavqelarga (pozitsiyalarga) ega bo‘ladi. Ular quyidagilar: i: ↔ ї:, i ↔ ї, ö ↔ o, ü ↔ u, a,ā ↔ ä(9-rasm). Bundan faqat e unlisigina mustasno, uning jufti yo‘q. Shevalarda kontrast unlilar ba’zan so‘z ma’nosining farqlanishiga ham xizmat qiladi: i:s hidni, їs qurumni (Qoraqalpog‘iston o‘zb. shev., shim. o‘zb. shev.), bilüvi “bilish”ni, bїluvї “fikr-o‘yi, xayoli”ni anglatadi (Turkiston).
O‘zbek shevalarida bir qator fonetik qonunlar amal qiladi. Ularning shevalarimizda mavjudligi o‘zbek tilining turkiy tillarga daxldorligini anglatib turadi. Jumladan, singarmonizm o‘zbek adabiy tilidan boshqa barcha turkiy tillarning asosiy fonetik qonunidir. Bu qonun o‘zbek tilining shahar va shahar tipidagi shevalaridan boshqa barcha shevalarida asosiy fonetik qonun sifatida amaldadir. Shuningdek, umlaut tovush mosligi kabi qonunlar ham o‘zbek shevalarining o‘ziga xosligini ta’minlagan.