Transkripsiya haqida umumiy ma’lumot.Transkripsiya lotincha qayta yozish degan ma’noni bildiradi. Transkripsiyaning ta’rifi: Shevalardagi konkret nutq tovushlarini, ya’ni fonemaning variatsiyalari, variantlarini yozuvda ifodalash uchun qo‘llaniladigan harflar, ishoralar sistemasiga transkripsiya deyiladi(5-rasm). Bu ta’rif ayni o‘rinda fonetik transkripsiyani anglatadi, chunki konkret nutq tovushini yozib olishda fonetik transkripsiyadan foydalaniladi.
Transkripsiya qo‘llanish doirasiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi:
1. Xalqaro transkripsiya. Bu transkripsiya lotin alifbosiga asoslanadi. Bu transkripsiya, masalan, ingliz tilini o‘rganish jarayo-nida qo‘llanilmoqda.
2. Milliy transkripsiya. Bu transkripsiya har bir milliy tilning amalda bo‘lgan yozuvi tizimiga asoslanadi. O‘zbek shevalarini yozib olishda qo‘llanilgan transkripsion tizim professor V. V. Reshetov tomonidan ishlab chiqilgan va u rus alifbosi asosidagi o‘zbek grafikasiga asoslangan, lekin o‘zbek dialektologlari, garchand, V. V. Reshetov transkripsiyasidan foydalanishsalar-da, shevalarni yozib olishda har doim ham unga to‘la rioya qilishmaydi, chunki shevalardagi tovushlarni belgilashda har bir tadqiqotchi ma’lum darajada erkinlikka ega bo‘ladi.
Transkripsiya xorijiy tillarni va til tarixini o‘rganishda ham qo‘llaniladi. Bu xorijiy tillardagi va yodgorliklardagi u yoki bu fonemaning talaffuz (artikulatsion-akustik) me’yorini belgilash zaruriyatidan kelib chiqadi.
Transkripsiyani transliteratsiyadan farqlash zarur. Transliteratsiya bir til doirasida bir yozuv tizimidagi matnlarni ikkinchi yozuv tizimiga o‘girishni bildiradi. Masalan, arab yozuvidagi matnlarni kirilga, kirildan lotin yozuvi asosidagi o‘zbek yozuvga ko‘chirish transliteratsiyadir.
Transkripsiyaning fonetik va fonematik turlari bor. Fonematik transkripsiya tildagi fonemalarning talaffuz normalarini belgilaydi hamda yuqorida ta’kidlanganidek, bunday transkripsiya xorijiy tillarni va til tarixini o‘rganishga joriy etiladi. Fonetik transkripsiya esa nutqdagi fonemaning variatsiyasi bo‘lgan konkret nutq tovushlarini yozib olishda qo‘llaniladi. Bu transkripsiyadan shevalarni o‘rganishda foydalaniladi.
Translatsiya tushunchasi ham bor. U bir yozuvdagi matnning ikkinchi yozuvga kompyuter dasturi vositasida o‘girilishini bildiradi.
Transkripsiya uchun, odatda, har bir tilda amalda bo‘lgan yozuv asos qilib olinadi, lekin joriyda bo‘lgan yozuvdagi harflar transkripsiya tizimi uchun yetarli bo‘lavermaydi. Shu jumladan, joriy o‘zbek alifbosidagi harflar ham o‘zbek shevalarini yozib olishda uning turli fonetik xususiyatlarini ko‘rsatish uchun yetarli emas, shu tufayli ham mavjud harflarga qo‘shimcha belgilar qo‘yiladi, ba’zan esa boshqa yozuv tizimidan harf qabul qilinadi. Demak, sheva materiallarini yozib olish chog‘ida har bir dialektolog ijodiy yondashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.