Vergiliyning adabiy-estetik qarashlari. Rim davlati O'rta Yer dengizi atrofidagi, Eron, Hindiston, Yunoniston, Misr, Karfagen, Kichik Osiyodagi juda ko'p mamlakatlarni harbiy qudratiga bo'ysundirib, bir necha asrlar davom etgan urushlarda juda ko'p shuhratli sarkardalarni va davlat arboblarini yetishtirdi. Lekin, Rim madaniy va ma'naviy taraqqiyotida Yunonistondan, Misrdan, Kichik Osiyo mamlakatlaridan orqada edi. Vergiliy Ellinizm davri Iskandariya shoirlaridan ilhomlanib, she'riyatda ilmiy va ma'rifiy g'oyalarni kuchaytirdi. U, haqqoniy, realistik she'rlar yozish maqsadida astronomiyani, geografiyani, bog'bonlar, dehqonlar, chorvadorlar mehnatining barcha sohalarini chuqur o'rganib chiqdi. Shoir georgikalarini o'qigan odam uning hunarmandchilikni, xatto iqtisodni ham yaxshi bilishidan hayratlanadi: “Erta bahor oqsoch Alp cho'qqilaridan dalalarga oshiqib oqqan muzday suvlar va Zefir (Mayin Havo) yerni yumshatganida, ho'kiz mo'lab, og'ir omochni tortar ekan, uning tishlari quyosh nurida yaltiraydi”. Bu yerda dala kuz, bahor va yozda shudgor qilinsa, hosil mo'lligidan omborlar yoriladi. Lekin buning uchun avval qay tarafdan shamol va yomg'ir kelishini, qanday yerda don, qanday yerda tokzor qilish (toshloqda), ota-bobolarning tajribalaridan foydalanish zarur. Dehqonlar yerning xususiyatilarini yaxshi bilgani uchun Rim falon joydan shafran, falon joydan temir, Hindistondan fil suyagi, Pontdan mo'yna, Epirdan (Makedoniya) g'alaba qozonuvchi toychoqlar keltiradilar.
Iskandariya ellinizm shoirlarining yuksak ilm-ma'rifati shon-shuhratidan ilohomlangan Vergiliy (o'sha zamondagi boshqa shoirlar ham o'zlarining ilmiy, ijtimoiy, adabiy-estetik qarashlarini ham maqolalarda emas, balki janr qonuniyatlariga ham unchalik rioya qilinmaydigan, hajmi ham, mavzulari ham cheklanmagan manzumalarida ifoda qilgan. Shoir qirg'inbarot urushlarga qarshi diniy tuyg'ularni muqaddas bilib, yosh imperator Avgustga maqtov aralash foydali maslahatlar ham beradi. Vergiliy juda nozik va ma'nodor qilib, xalqning aybi bo'lsa, halok qilish, qirib tashlash xudolarning ishidir, odamlar xudolarning ishiga aralashgani (ya'ni ko'pchilik lashkarboshilar va davlat arboblari o'zlarini xudo deb bilgani) uchun yer yuzida yovuzliklar, nohaqliklar ko'paymoqda. Butun dunyo urushlar alangasida. Halol va foydali mehnat quroli - omochga munosib hurmat yo'q, g'alla o'riladigan egri chalg'i, o'roqlar to'g'rilanib, qilich (nayza)ga aylantirildi. Yevropa daryolari notinch (parfiyaliklar, Mitridat bilan urushga ishora), Germaniyada janglar qilmoqda. Qo'shni shahar – davlatlar ham (ittifoq haqidagi) shartnomalarni buzib, o'zaro urishmoqdalar. Har tarafda nopok Mars quturgan. Vergiliy urush ma'budini nopok va quturgan, deb la'natlashi Rim poetik tafakkurida jur'atli yangilik edi.
Gorasiyning “Pizonlarga maktub” asarida poetika qoidalari yanada teranroq tahlil qilinadi. Arastu “Poetika”sidagi kabi, Gorasiy ham badiiy asarning avvalo tarkibi, kompozision binosi go'zal va pishiq, puxta bo'lishi zarurligini aytadi. U shoir ijodini rassomning asariga qiyoslaydi. Mabodo rassom otning bo'yniga odamning boshini, tanasiga qushlarning patini tasvirlasa yoki chiroyli ayolning belidan pasti qiltiriqli baliq bo'lsa, odamlar kulib kalaka qilganiday, kitob yozganida shoirning o'ylari ham bosirinqi tushdagi kabi, boshi, oyog'i yo'q arvohlarga o'xshamasligi kerak.
Shundan so'ng Gorasiy rassom va shoirlar tasvirda istalganicha fantaziya qilish huquqiga ega ekanligini aytar ekan, bu san'atlarda tasvirning hayotiyligi, shakl va mazmun yaxlitligi birinchi o'rinda turishini ta'kidlaydi. Lekin har qancha fantaziya bo'lsa ham, tasvirda quturib yugurgan hayvonga yuvoshlikni, ilon bilan qushlarni, yo'lbars bilan qo'zichoqlarni bir joyga qo'yish, jiddiy boshlanmaga masxarabozlarning rang-barang quroq ko'ylagini, dalada jildirab oqayotgan ariqqa Reyn daryosi ustidagi arka – peshtoqni, kema halokati va cho'kayotgan odamlar oldiga chiroyli sarv daraxtini chizib qo'yishi ma'noga putur yetkizadi, yaxlitlik buziladi13.
Badavlat Pizonlar xonadoni, bu oilaning otasi va o'g'illari she'r va drama san'atiga qiziqar edilar va bu sohada Gorasiyni o'zlariga ustoz deb, undan ijodiy maslahatlar so'rab turadilar. Gorasiy o'zining adabiy-badiiy nazariy qarashlarini bayon qilish uchun bu oilaning otasi va farzandlariga maktub shaklidan unumli foydalangan. Bu bilan shoir Pizonlar xonadoni shon-shuhratini oshirgan. Ular esa, chamasi, buyuk shoirga munosib sovg'a-salomlar berib turganlar. Shoir mana shu qadrdonlarga murojaat qilib, jonli suhbat tilida nazariy fikrlarni aniq-ravshan tushuntirishi kelgusi avlodlar uchun ham bu asarning qadr-qimmatini oshirgan.