Yetti donishmandlar davri. Mashhur donishmandlarning birinchisi Fales hayoti va qarashlari haqida qadimgi yunon allomasi Diogen Laertiy qiziqarli ma'lumotlar beradi. Fales Kichik Osiyodagi Ioniya viloyatining Milet shahrida tug'ilgan. Qadimiyat donishmandlari va ulamolari Ksenofan, Gerodot, Geraklit va Demokrit ham Falesni astronomiya va geometriya ilmlari asoschisi, lekin bu ilmlarni u misrlik kohinlardan o'rgangan, deb yozadilar. Qadimgi yunonlilar she'riyatni hozirgi ma'nodagi borliqni badiiy-estetik idrok etish vositasi debgina qolmay, hayotni adolat va haqiqat talablari asosida o'zgartirish, davlat, jamiyat, xalqning keng tabaqalarining manfaatlarini himoya qilishning ma'naviy-mafkuraviy qurollari deb bilganlar. Shoir va atoqli davlat arbobi Solonning she'rlarini o'sha vaqtdagi va keyingi davr ilmiy-nazariy tafakkuri bilan shug'ullanuvchi olimlar ularning badiiy xususiyatlari, obrazlar tizimi, vazn va ohangdorligini emas, balki, asosan, mazmun jihatini tahlil etish bilan shug'ullanganlar. Diogen Laertiy o'z asarida har bir donishmand va shoirning eng muhim she'rlaridan parchalar keltirib, ular haqida keyingi davrlarda yashagan donishmandlarning fikrlarini va o'z fikrlarini ham aytadi. Uning yozishicha, «Aflotun «Protagor» asarida Falesni yetti donishmandning birinchisi» deb aytadi.
Masal janri va estetik qarashlar. Dunyo masalchilarining otasi deb nom olgan, Xilonning do'sti Ezop Kichik Osiyodagi Frigiyada tug'ilgan (mil. av. VI asr) zanji qul bo'lib, oqil, halol, rostgo'y, soddadil (demak, sofdil) bo'lgani uchun boshqa ayyor qullarga nisbatan xojasidan ko'p jabr-zulm ko'rgan. Oxiri ma'rifatli, donishmand yunon - Ksanfga uning donoligi, insoniy fazilatlari yoqib qolgan, shu sababli uni qul deb emas, do'sti va yaqin yordamchisi deb bilgan, tanqid va tanbehlariga, kinoya so'zlariga ham chidagan. Ezopning bir o'zi yetti donishmand bilan bahslashgan (shu sababli uning qatoriga kirmagan shekilli).
Ezop masallari tildan-tilga, eldan elga o'tib, mashhur bo'lib ketgan. Bu masallarda hukmron oliy tabaqa vakillarining zolimligi, johilligi, ochko'zligi, ba'zan oddiy insonlarning ham tabiatidagi, fe'l-atvori, qilmishlaridan aqlga, adolatga, ezgulikka zid hatti-harakatlar keskin tanqid qilingan.
Ezop masallarning badiiy-estetik saviyasi juda yuksak, til o'tkirligi, ma'no chuqurligi, ramzlar, tashbehlar, timsollar yorqinligi o'z davrida va keyingi zamonlarda ham ko'pchilikni qoyil qoldirgan. Barcha zamonlarning donishmandlari, adiblari, shoirlari Ezop tilidan, masallaridan adolatsevarlikni, haqgo'ylikni, eng keskin va muhim ijtimoiy fikrni ixcham, lo'nda, ramziy, majoziy qilib ifodalashni o'rganganlar. Ezop masallari tildan tilga, eldan elga o'tib, mashhur bo'lib ketgan. Ezopning ba'zi masallarida go'zallikni keragidan ziyod maqtovchi shoirlar ustidan kulib, ularning fikriga qarshi hayot haqiqati, hayotiy quvvat beruvchi, hayotni asrovchi kuchlar, masalan, kiyikning go'zal shoxi emas, balki ozg'in, xunuk bo'lsa ham oyoqlari uni o'limdan qutqaradi, degan g'oyani ramziy ma'noda ifoda qiladi.
Ezop zamonida go'zallik va nafosatga mavhum bir havas bilan qaramaganlar, har bir muayyan mavjudot yoki aniq manzara haqida uning go'zalligi o'ziga yoqimlimi yohud o'ziga zararli va boshqalar uchun foydalimi, shu haqda aniq fikr yuritganlar. Ezop nomsiz bir masalida kiyik o'zining chiroyli shoxlarini suvdagi aksida ko'rib, quvonib, mag'rurlangani, oyoqlari ingichka, xunuk ekanligidan xafa bo'lganini tasvirlaydi. Ammo Ezop masalida go'zallik agar erkin yashashga yordam bermasa, u keraksiz degan g'oyani ilgari suradi. Ezopning bu estetik bahosi hozirgi ba'zi olimlar o'ylaganidek, go'zallikka hissiy yondashuv emas, balki sog'lom aql bilan, ayni vaqtda hayotparvarlik ruhida yondoshuvidir. Kiyik, ohu hayotidan ayrilmasligi uchun unga go'zal shoxlar emas, balki baquvvat oyoqlar muhimroqdir. Boshqa bir masalida Ezop go'zallikka boshqacha estetik baho beradi. Ya'ni, u tabiiy go'zalliklarning boqiyligini maqtab, sun'iy go'zal bo'lib olganlarning aslida xunuk ekanligini fosh etadi.