Sub’ektiv idealizm vakillari (Berkli, Yum, Max va boshqalar) makon va vaqtga individual ong shakllari sifatida yondashadi. Xususan, D.Yum (1711-1776) uchun ular faqat idrokda mavjuddir. I.Kant (1724-1804) ham makon va vaqtga sub’ektiv deb qaraydi, ammo ularni aprior, ya’ni insonga tajribaga qadar berilgan hissiy mushohada shakllari sifatida tushunadi. I.Kant makon va vaqtni inson hissiyoti shakli – kuzatish shakli sifatida talqin qiladi. Unga ko`ra, aynan dunyoni bilishga harakat qilayotgan sub’ekt o`ziga berilgan dunyoning muayyan makon va vaqtdagi shakl-shamoyilini yaratadi.
Materialistik yondashuv makon va vaqtni ongdan tashqarida va undan qat’iy nazar mavjud deb hisoblaydi, ya’ni ular mavjudligining ob’ektiv xususiyatini qayd etadi. Mazkur yondashuv asosan tabiatshunoslikning I.N’yuton (1643-1727) va A.Eynshteyn (1879-1955) kabi atoqli namoyandalari ilgari surgan g`oyalarga tayanadi.
Makon va vaqt tabiati haqidagi metafizik yondashuvlarni rad etuvchi tabiiy ilmiy dalillar XIX asr oxirida fizikada elektromagnit nazariyasi yuzaga kelishi bilan shakllana boshladi. Uning rivojlanishi faylasuflarni bo`shliq haqidagi tasavvurlardan voz kechishga majbur qildi. Dastlab u «efir» to`g`risidagi g`oya bilan almashtirildi. Efir hamma joyda to`liq, lekin mutlaq va hech narsaga bog`liq bo`lmagan makonning shakli vazifasini bajardi. Keyinchalik bu tasavvurlardan ham voz kechildi.
Ammo substantsional va relyatsion kontseptsiyalar, Gegelning ob’ektiv idealizmi doirasidagi makon va vaqt haqidagi tasavvurlar singari, makon va vaqtning ob’ektiv mavjudligiga shubha qilmas edi. Falsafadagi butun sub’ektiv-idealistik yo`nalish uchun makon va vaqt – tasavvurlarning joylashuv usuli, binobarin, ular o`z kelib chiqishining psixologik manbaiga ega. Berklidan Maxga qadar makon va vaqt - sezgilarning tartibga solingan qatorlari shakllaridir, degan yondashuvni asoslovchi dalillar majmui amal qildi. Ingliz faylasufi Pirson fikriga ko`ra, makon va vaqt amalda mavjud emas, ular narsalarni idrok etishning sub’ektiv usuli, xolos. Makon – narsalarni idrok etish tartibi yoki kategoriyasi bo`lsa, vaqt voqealarni idrok etish kategoriyasidir. A.A.Bogdanov makon va vaqtni tashkil etuvchi va uyg`unlashtiruvchi inson tafakkuri mahsuli deb hisoblaydi.
Makon va vaqtni mutlaqo mustaqil atributlar sifatida qayd etuvchi metafizik substantsional kontseptsiya XIX-XX asrlarda fanning rivojlanish jarayonida o`z ahamiyatini butunlay yo`qotdi. Lobachevskiy makon va vaqtning evklid geometriyasi tavsiflamagan xossalari mavjud, degan taxminni ilgari surdi. Bu taxmin absolyut makon kontseptsiyasini inkor etadi, chunki makon faqat geometrik tavsiflanishi lozim edi. Asosiy g`oyalari A.Eynshteyn tomonidan 1905 yilda ta’riflangan maxsus nisbiylik nazariyasida makon va vaqtning geometrik xossalari ularda gravitatsion massalarning taqsimlanishiga bog`liq ekanligi aniqlandi. Unga ko`ra og`ir ob’ektlar yaqinida makon va vaqtning geometrik xossalari evklid geometriyasi tamoyillaridan uzoqlasha boshlaydi, vaqtning o`tish sur’ati esa susayadi. A.Eynshteyn (1916 yilda) o`zining umumiy nisbiylik nazariyasi bilan nafaqat makon va vaqtning substantsional kontseptsiyasiga, balki makon va vaqt mohiyatining sub’ektivistik aprioristik talqinlariga ham qaqshatqich zarba berdi. U makon va vaqt xossalari moddiy tizimlar harakati va o`zaro ta’siriga bog`liq ekanligini ko`rsatib berdi. A.Eynshteyn o`z nazariyasining mohiyatini tushuntirar ekan, shunday deb qayd etdi: «Ilgari qandaydir mo`’jiza yuz berib, barcha moddiy narsalar birdan yo`q bo`lib qolsa, makon va vaqt qoladi, deb hisoblashgan. Nisbiylik nazariyasiga ko`ra esa, bu holda narsalar bilan birga makon va vaqt ham yo`q bo`lib ketgan bo`ladi»14.
Hozirgi zamon tabiatshunosligi va falsafiy xulosalar nuqtai nazaridan ob’ektiv borliq makon, vaqt, harakat hamda modda va maydon turlari o`zaro ta’sirining uzviy bog`lanishidan iborat. Hozirgi olimlar yagona va ob’ektiv makon va vaqt kontinuumi to`g`risida so`z yuritishni ma’qul ko`radilar. Makon va vaqt moddiy jismlar mavjudligining o`zaro bog`langan shakllari sifatida tushuniladi. Makon – materiya borlig`ining ko`lamlilik, tarkibiylik kabi xossalari va uning o`zaro ta’sirlarini ifodalovchi shakli. Vaqt – materiya borlig`ining barcha ob’ektlar mavjudligining davomiyligini va keyingi holat o`zgarishlarini tavsiflovchi shakli. Dunyoda mavjud barcha jismlar makonda aynan uch yo`nalish bilan chegaralangani, barcha shakllarning eng yassisi ham uzunlik, kenglik va balandlikka ega bo`lgani sababli, makonimizning uch o`lchovliligi empirik jihatdan hamma joyda namoyon bo`luvchi dalil hisoblanadi. O`z makonimizda biz uning o`lchamlarini geometrik ifodalovchi uch perpendikulyarni bilamiz. Ammo jism makonda, aniqrog`i, uning makrodarajasida harakatlanmasdan, balki doimo vaqtda harakatlanadi Shu ma’noda, voqealarni ularning ketma-ketligi tartibida ajratuvchi masofani vaqt deb nomlash mumkin. Bu masofa o`tmishdan kelajak sari yo`nalishda bosib o`tiladi, mazkur yo`nalishni makonda tasavvur qilsak, u makon va vaqt kontinuumining to`rtinchi mezoni (o`lchovi) sifatida amal qiladi. Bundan dunyoda yuz bergan muayyan voqeani aniqlash uchun to`rt son zarur, degan xulosa kelib chiqadi. Vaqt nafaqat vaqt tartibini vujudga keltiradi, balki makon va vaqtning birlashgan tartibini belgilab beradi hamda Olamning kauzal (sababiy) tuzilishini ifodalaydi.