b) Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi. Borliqdagi har bir narsa yoki hodisa qarama-qarshi tomonlarning birligidan iborat bo‘ladi. Har bir narsa va hodisa bir-birini taqozo qiluvchi va bir-birini o‘zaro inkor etuvchi tomonlar, xususiyatlar va tamoyillarga ega. Masalan, elektr manfiy va musbat, tabiatda esa o‘zaro tortilish va itarilish, tirik organizmda assimilyasiya va dissimilyasiya kabilar. Ana shu bir-birini taqozo etuvchi va o‘zaro bir-birini inkor qiluvchi tomonlar o‘rtasidagi munosabat ziddiyat deb ataladi. Xuddi shu ziddiyat qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi kurash va rivojlanishning sababi, manbai bo‘lib hisoblanadi. Rivojlanishning har bir bosqichi o‘ziga xos ziddiyatlar va turli qarama-qarshiliklarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va hal bo‘lishidan iborat.
Qarama-qarshiliklar va ularning o‘zaro munosabati, ziddiyat va ularning birligi jamiyatga, ijtimoiy hodisalarga, insonga, inson faoliyatiga, hatto uning bilish jarayoniga ham xosdir.
Taraqqiyot ziddiyatlarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va bartaraf etilishi jarayonidan iborat ekanligini tushunib olish uchun ayniyat, tafovut, ziddiyat, qarama-qarshilik kabi tushunchalarning o‘zaro munosabatlarini bilib olish lozim. Narsa va hodisalardagi o‘zaro o‘xshash tomonlar birligi ayniyat deyiladi. Ayniylik narsa va hodisalarning tomonlari va xususiyatlarining birga mavjudligini ifodalaydi. Har bir narsa yoki hodisada ayniylik bilan birga, tafovut ham mavjud bo‘ladi. Tafovut narsa va hodisalar tomonlarining har birining farq qiluvchi jihatlarining ifodalanishidir. Borliqda o‘z qarama-qarshi tomonlariga ega bo‘lmaydigan narsa va hodisa bo‘lmaydi. Binobarin, ularda ayniyat ham, tafovut ham bo‘ladi.
Tafovutlarning rivojlanishi ziddiyatning kelib chiqishiga olib keladi. Ziddiyatning mavjudligi taraqqiyotning manbai va harakatga keltiruvchi kuchini taqazo etadi.
Dialektikada qarama-qarshilik deb, borliqdagi narsa, hodisa va jarayonlarning o‘zaro bir-birini istisno qiladigan, shu bilan birga, bir-birini taqozo etuvchi tomonlari, tamoyillari va kuchlarining o‘zaro munosabatlari tushuniladi. Umuman, qarama-qarshiliklarni, ular orasidagi ayniyat, tafovut, ziddiyatlarni o‘rganish qarama-qarshiliklar birligi va kurashi haqidagi ta’limotning mohiyatini bilishga yordam beradi.
CHunki, har qanday narsa va hodisalarning o‘zgarishi va rivojlanishi ulardagi mavjud ziddiyatlar birligi va kurashi natijasida yuz beradi. Ziddiyatlar rivojlanib, keskinlashgan holatida hal qilinmasa, konfliktga aylanishi mumkin. Ziddiyatlarning hal qilinishi o‘zgarish va rivojlanishga, bir sifatdagi narsa yoki hodisaning boshqa sifatdagi narsa yoki hodisaga aylanishiga, yoki narsa yoki hodisa o‘rniga yangi narsa va hodisa paydo bo‘lishiga olib keladi.
Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi hamma sohada amal qiladi. Tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyoti ayni shu sababga binoan sodir bo‘ladi. Ziddiyatlarning mohiyatini bilmay taraqqiyotning sabablarini tushunib bo‘lmaydi.
Lekin har bir sohadagi ziddiyatlarni konkret o‘rganmoq va ularni alohida o‘ziga xos hal bo‘lish yo‘llarini to‘g‘ri bilmoq katta ahamiyatga ega. Buning uchun ziddiyatlarning xillari, ularning narsa va hodisalar rivojlanishi jarayonidagi rolini to‘g‘ri va aniq bilib olish lozim.
Ziddiyatlar juda xilma-xildir. Ular narsa va hodisalarning harakati va rivojlanishida turlicha rol o‘ynaydi hamda har xil vazifani bajaradi. Ular, odatda, ichki va tashqi, asosiy va asosiy bo‘lmagan, antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarga bo‘lib o‘rganiladi.
Ichki ziddiyat — bu narsa va hodisalarning o‘z ichidagi qarama-qarshi tomonlar, kuchlar o‘rtasidagi ziddiyatlardir.
Tashqi ziddiyat esa narsalar va hodisalar o‘rtasidagi ziddiyatlardir. Lekin ichki va tashqi ziddiyatlarni bunday bo‘lish nisbiy xarakterga ega. CHunki, bir munosabatda ichki ziddiyat boshqa munosabatda tashqi ziddiyat bo‘lishi mumkin. Masalan, turli tuzumdagi davlatlararo ziddiyat tashqi ziddiyat, ammo kishilik jamiyati miqyosida olinsa ular ichki ziddiyatlardir.
Ichki va tashqi ziddiyatlar rivojlanish jarayonida bir xil rol o‘ynamaydi. Rivojlanishning mohiyatini asosan, ichki ziddiyat belgilaydi. Tashqi ziddiyatlar rivojlanishga bilvosita, ya’ni ichki ziddiyatlar orqali ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, biz hozir mustaqil O‘zbekistonning istiqboli, uni rivojlantirish rejalarini tuzyapmiz. Bunda respublikamizning rivojlanishi, istiqboli ko‘p jihatdan mamlakatning ichidagi iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy muammolarni to‘g‘ri, ishning ko‘zini bilib hal qilishimizga bog‘liq. Biroq, respublikamiz xalqaro hamjamiyatlarda, mustaqil davlatlar hamdo‘stligida yashamoqda. Tashqi aloqa va munosabatlardagi muammolarni ham to‘g‘ri aniqlab hal qilinmasa, respublikamiz oldida turgan muhim vazifalarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Demak, rivojlanish, asosan ichki muammolarni hal qilishga bog‘liq, bo‘lsa ham, lekin tashqi ziddiyatlarni ham nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Hayotda ichki va tashqi ziddiyatlarning o‘zaro aloqadorligi va o‘zaro ta’sirini qat’iy hisobga olib ish tutgan taqdirdagina muvaffaqiyat qozonish mumkin.
Jamiyat hayotiga xos ziddiyatlarni tahlil qilganda, yana antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarni ham farq qilish zarur. Antagonistik ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari bir-biriga tubdan zid bo‘lgan kuchlar, ijtimoiy guruhlar va tabaqalar o‘rtasidagi ziddiyatlardir. Noantagonistik ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari bir-biriga mos keladigan yoki manfaatlarini o‘zaro kelishtirish mumkin bo‘lgan ijtimoiy guruhlar va tabaqalar o‘rtasidagi ziddiyatlardir. Antagonistik ziddiyatlar konfliktlarga olib kelishi ham mumkin. Bunday holda ular bir tomonning mag‘lubiyati va ikkinchi tomonning g‘alabasi bilan hal qilinadi. Umuman, hamma ziddiyatlarni o‘z vaqtida hal qilib borish zarur, aks holda ularning keskinlashib borishi kutilmagan oqibatlarni keltirib chiqaradi.
SHu bilan birga, ziddiyatlar masalasiga, ularni hal etishning shakl va usullariga ham dialektik tafakkur asosida yondashish lozim. Jamiyat ziddiyatlari xilma-xil shakl va usullar bilan bartaraf etilishi mumkin. Ulardan ba’zilari eskining emirilib borishi va yangining qaror topib borishi asosida hal qilinib borilsa, boshqalari ayni shu ziddiyatlarni tashkil qilgan qarama-qarshi tomonlarni o‘zaro kelishtirish, murosayu-madoraga keltirish, bir-birlari bilan o‘zaro siyosiy muzokaralar olib borish, bitimlar tuzish, hamjihatlik va hamkorlikka erishish yo‘llari bilan bartaraf etilishi va shu asosda taraqqiyotni ta’minlash mumkin. Keyingi vaqtda jamiyatdagi ziddiyatlarni hal qilishda qo‘llanilayotgan samarali usullardan biri konsensus (o‘zaro kelishuv)dir.
YAngicha tafakkurning qaror topishi bilan jamiyat ziddiyatlarini hal qilishda Gegel qayd qilib o‘tgan konsensus usulidan foydalanish maqsadga muvofiqligini ko‘rsatdi. Hozirgi davrda konsensus usuli jamiyat taraqqiyotida muhim rol o‘ynamoqda. Ayniqsa, uzoq muddatlar davomida bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib kelgan davlatlar, jamiyatdagi qarama-qarshi tomonlar, kuchlar, ijtimoiy guruhlar, harakatlar va partiyalar o‘rtasidagi ziddiyatlarni jamiyatning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib hal qilishda konsensus usuli juda qo‘l kelmoqda. Bu usul jahon xalqlarini milliy totuvlikka, o‘zaro hamkorlikka, hamjihatlik va birlikka, barqarorlikka erishishida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Konsensus usuli o‘zaro tinch yo‘l bilan olib borilayotgan muzokaralar, muloqotlar, referendumlar, xalqaro huquq normalari asosida ma’lum bir bitimga kelishuvlar, shular asosida eng muhim hujjatlar qabul qilishlar orqali olib borilmoqda. Jamiyatdagi bunday ziddiyatlarni hal qilishda, ayniqsa, xalqaro tashkilot (BMT va shu kabi)larning obro‘-e’tiboridan foydalanish, xalqaro hamjamiyatga teng huquqli a’zo bo‘lish va ularning jahon taraqqiyotiga ta’sirining ortib borishi ham muhim omil bo‘lmoqda.
Ziddiyatlarni o‘rganayotganda konkret sharoitni hisobga olish kerak. Davr va sharoitning o‘zgarishi bilan antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarni echish shakllari ham o‘zgarishi mumkin. CHunki ziddiyatlar ham o‘zgarib, bir-biriga o‘tib turadi.
Har bir sohaga xos ziddiyatlarning o‘ziga xos hal bo‘lish shakllari mavjud. Tabiatdagi ziddiyatlar, odatda stixiyali o‘z-o‘zicha paydo bo‘lib, rivojlanib, so‘ng o‘zlariga xos qonuniyatlar asosida hal etiladi. Jamiyatda esa ziddiyatlarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va hal qilinishi o‘ziga xos qonuniyatlar asosida kishilar tomonidan amalga oshiriladi. Masalan, jamiyatdagi antagonistik ziddiyatlar yo bu ziddiyatni tashkil etgan tomonlar o‘zaro muzokaralar olib borish orqali, yoki birining g‘alabasi, ikkinchisining mag‘lubiyati bilan hal qilinadi.
Umuman olganda, o‘zgarish va rivojlanish jarayonida turli-tuman ziddiyatlar paydo bo‘lishi, rivojlanishi va turlicha hal qilinishi mumkin. Bu bilan ziddiyatlar butunlay tugamaydi. Ularning eskilari o‘rniga yangilari paydo bo‘lib, ular ham ma’lum vaqtdan so‘ng eskirib, o‘rnini yana yangilari olib, shu asosda rivojlanish cheksiz davom etaveradi.
YUqorida aytilganlardan shunday xulosa chiqarish mumkin: ichki va tashqi, asosiy va asosiy bo‘lmagan, antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarni bir-biridan farq qilish zarur, lekin ular o‘rtasida mutlaq chegara yo‘q. Voqelikda ular o‘zaro chirmashib ketadilar, bir-biriga o‘tib turadi va taraqqiyotda xilma-xil rol o‘ynaydilar. SHuning uchun ziddiyatlarning har biriga konkret yondoshish, ular namoyon bo‘ladigan sharoitni, vaziyatni, shu taraqqiyot jarayonida o‘ynaydigan rolini to‘g‘ri hisobga olish muhim ahamiyatga ega.