Oddiy hukmlar
Hukmlar tuzilishiga ko‘ra oddiy va murakkab bo‘ladi. Oddiy hukm deb tarkibidan yana bir hukmni ajratib bo‘lmaydigan mulohazaga aytiladi. Tarkibidan ikki yoki undan ortiq hukmni ajratish mumkin bo‘lgan mulohazalarga murakkab hukm deyiladi. Masalan, «Mantiq ilmini o‘rganish to‘g‘ri fikrlash madaniyatini shakllantiradi» degan mulohaza oddiy hukmni ifodalaydi. «Mantiq ilmi tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganadi», degan mulohaza murakkab humkmdir. Bu mulohazaning tarkibi ikki qismdan: «Mantiq ilmi tafakkur shakllarini o‘rganadi» va «Mantiq ilmi tafakkur qonunlarini o‘rganadi», degan ikki oddiy hukmdan iborat.
Mulohaza (hukm) tarkibida mantiqiy ega va mantiqiy kesimni ajratib ko‘rsatish mumkin. Mantiqiy ega-sub’ekt (S) fikr qilinayotgan predmet va hodisani bildiradi. Mantiqiy kesim-predikat (P) predmetga xos xususiyatni, munosabatni bildiradi. Predikatda ifodalangan bilimlar hisobiga sub’ekt haqidagi tasavvur boyitiladi. Hukmning sub’ekt va predikati uning terminlari deb ataladi.
Hukmning uchinchi zaruriy elementi mantiqiy bog‘lamadir. U sub’ekt va predikatni bir-biri bilan bog‘laydi, natijada hukm hosil bo‘ladi. Oddiy qat’iy hukmning formulasi quyidagicha yoziladi: S-P.
Oddiy hukmlar sifati va miqdoriga ko‘ra turlarga bo‘linadi. Sifatiga ko‘ra tasdiq va inkor hukmlar farqlanadi. Hukmning sifatini vantiqiy bog‘lama belgilaydi. Tasdiq hukmlarda belgining predmetga xosligi, inkor hukmlarda, aksincha, xos emasligi ko‘rsatiladi. Masalan, «A. Oripov O‘zbekiston Respublikasi Madxiyasining muallifidir»-tasdiq hukm, «Matematika ijtimoiy fan emas»-inkor hukm. Miqdoriga ko‘ra oddiy hukmlar yakka, umumiy va juz’iy hukmlarga bo‘linadi. Bunda sub’ektda ifodalangan predmetlarning soni, ya’ni uning hajmidan kelib chiqiladi.
YAkka hukmlarda birorta belgining predmetga xosligi yoki xos emasligi haqida fikr bildiriladi. Masalan: «O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlatdir», «Axmedov tarixchi emas».
Umumiy hukmlarda birorta belgining yakka predmetlar sinfining hammasiga yoki undagi har bir predmetga taalluqli yoki taalluqli emasligi haqida fikr bayon qilinadi. Masalan: «Har bir inson baxtli bo‘lishni hohlaydi», va «Hech bir aqlli odam vaqtini behuda sarflamaydi».
Juz’iy hukmlarda birorta belgining predmetlar to‘plamining bir qismiga xos yoki xos emasligi haqida fikr bildiriladi. Masalan: «Ba’zi faylasuflar notiqdir». «Ko‘pchilik talabalar dangasa emas». Juz’iy hukmlarda «ba’zi» so‘zi «hech bo‘lmasa bittasi, balki hammasi» degan ma’noda qo‘llaniladi. SHunga ko‘ra «Ba’zi toshlar tirik mavjudot emas», degan hukm chin bo‘ladi, chunki hech bir tosh tirik mavjudot emas.
Ma’lum ma’noda yakka hukmlarni umumiy hukmlar bilan tenglashtirish mumkin. CHunki har ikki hukmda ham to‘plamdagi predmetlarning har biriga nimadir taalluqli yoki taalluqli emas, deb ko‘rsatiladi. YAkka hukmlarda esa bu to‘plam birgina predmetdan iborat bo‘ladi.
Mulohazalarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlashda va ba’zi boshqa holatlarda oddiy hukmlarning miqdor va sifati bo‘yicha birlashgan klassifikatsiyasi (asosiy turlari) dan foydalaniladi. Ular quyidagilardan iborat:
1. Umumiy tasdiq hukmlar. Ular bir vaqtning o‘zida ham umumiy, ham tasdiq bo‘lgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Hamma talabalar mantiq ilmini o‘rganadilar». Bu hukmlar lotin alifbosidagi A harfi bilan belgilanadi va «Hamma S-Pdir» formulasi orqali ifodalanadi.
2. Umumiy inkor hukmlar bir vaqtning o‘zida ham umumiy, ham inkor bo‘lgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Hech bir ishbilarmon rejasiz ish yuritmaydi». Bu hukm»Hech bir S-P emas» formulasi orqali ifodalanadi va lotincha E harfi bilan belgilanadi.
3. Juz’iy tasdiq hukmlar bir vaqtning o‘zida ham juz’iy, ham tasdiq bo‘lgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Ba’zi talabalar mas’uliyatli». U lotincha I harfi bilan belgilanadi va «Ba’zi S-P dir» formulasi orqali ifodalanadi.
4. Juz’iy inkor hukm bir vaqtning o‘zida ham juz’iy, ham inkor bo‘lgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Ba’zi talabalar sport bilan shug‘ullanmaydilar». Uning formulasi «Ba’zi S-P emas»bo‘lib, lotincha O harfi bilan belgilanadi.
Dostları ilə paylaş: |