Maslahat xizmatlarining mohiyati va bosqichlari. Ma’lum bir sohada o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi kishiga maslahatchi deyiladi. Chet ellarda boshqaruv bo‘yicha pulli maslahat konsalting deb yuritiladi. Iqtisodiyot va boshqaruv bo‘yicha Yevropa Federatsiyasi Maslahatchilar Assotsiatsiyasining ta’rificha menejment-konsalting boshqaruv bo‘yicha muammo va imkoniyatlarni aniqlash, ularga baho berish, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda xolisona maslahat berish hamda yordam ko‘rsatishdir.
Sanoati rivojlangan mamlakatlarda mablag‘larni maslahatli xizmat shaklida intellektual kapitalga kiritish yangi uskuna yoki ilg‘or texnologiyalarni sotib olishga ketgan mablag‘lar bilan tengdir. Mablag‘lar ishlatishning ushbu ko‘rinishi bizning mamlakatimizda endi amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda intellektual imkoniyatlardan iqtisodiyot va boshqaruv sohalarida to‘laligicha foydalanish yaxshi samara beradi. Ko‘p korxonalar o‘zlarining intellektual imkoniyatlaridan to‘la va samarali foydalana olmasliklari sababli bozor iqtisodiyoti sharoitida qiyin ahvolga tushib qolgan. O‘z vaqtida maslahatchilar yordamidan foydalangan rahbarlar moliyaviy-xo‘jalik faoliyatida iqtisodiy samaraga erishganlar.
Ekspertli maslahat – konsaltingning eng passiv shaklidir. Maslahatning bu turida maslahatchi diagnostika, qaror qabul qilish va ularni joriy etishni mustaqil ravishda amalga oshiradi. Mijoz esa bunday hollarda maslahatchiga kerakli axborot yetkazib berishi zarur bo‘ladi.
Jarayon maslahatida – loyihani ishlab chiqish bosqichlarida konsalting firma maslahatchilari mijoz bilan faol ish olib borib, yuzaga kelgan muammolarni hamkorlikda tahlil qiladi va kerakli takliflar beradi.
O‘rgatuvchi maslahatida – mutaxassislarning asosiy maqsadi g‘oyalarning yuzaga kelishi, yechimlar qabul qilish uchun asos tayyorlashdir. Shu maqsadda mijozlar uchun ma’ruzalar o‘qiladi, seminarlar o‘tkaziladi, o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqiladi. Umuman olganda mijozlar kerakli nazariy va amaliy axborotlar bilan ta’minlanadi. Amalda esa yuqoridagi har bir maslahat turlari sof holda qo‘llanilmaydi, ular kombinatsiyalashgan shaklda uchraydi.