Ishlab chiqarish tadbirkorligini tadbirkorlik faoliyatining asosiy turi desak xato bo‘lmaydi. Zero, bunday tadbirkorlik faoliyati tufayli mahsulot, tovarlar ishlab chiqariladi, xizmat ko‘rsatiladi, ma’lum ma’naviy qadriyatlar yuzaga keladi.
Ishlab chiqarish tadbirkorligining mohiyati. Tadbirkorlik faoliyati turlari nisbatan mustaqil bo‘lib, bir-birini to‘ldirib keladi. Tadbirkorlik faoliyatining barcha turlarini belgilab beruvchi ishlab chiqarish tadbirkorligining ustuvorligini tan olish kerak.
Innovatsion, ilmiy-texnik faoliyat, tovarlarni bevosita ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va shu sohadagi axborot bilan ishlash faoliyati ishlab chiqarish tadbirkorligiga kiradi. Ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan har bir ishbilarmon tadbirkorlik faoliyatining qaysi turi bilan shug‘ullanishini, qanaqa mahsulot ishlab chiqarishini, qanday xizmat ko‘rsatishini oldindan belgilab olishi lozim. Shu ish amalga oshgandan keyin tadbirkor marketing bilan shug‘ullanadi. Tovarga bo‘lgan talabni bilish maqsadida u tovarning potentsial iste’molchilari, haridorlari, ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tashlkilotlar bilan aloqa qiladi. Muzokaralar ishbilarmon va bo‘lajak haridorlar o‘rtasida shartnoma tuzilishi bilan yakunlanadi. Tuzilgan shartnoma tadbirkorlikdagi tavakkalchilikning oldini olishga imkon beradi. Shu ishlar amalga oshmasa, tadbirkor faqat og‘zaki va’dalar asosida ishlab chiqarish faoliyatini boshlaydi. Shakllangan barqaror bozor sharoitida rivojlangan mamlakatlarda og‘zaki kelishuvlar ishonchli kafolat bo‘lib, kerak bo‘lgan xollarda shartnoma, bitim shaklida rasmiylashtiriladi. Biroq, bizning mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti endi shakllanayotgan davrda og‘zaki bitimlarning kafolati past va tavakkalchilik kuchlidir.
Tadbirkorlik faoliyatining keyingi bosqichi ishlab chiqarish omillarini sotib olish yoki ijaraga olishdir.
Ishlab chiqarish omillari. Ma’lumki, ishlab chiqarish omillari ishlab chiqarish fondlari, ishchi kuchi, axborotdan iborat. Ishlab chiqarish fondlari o‘z navbatida asosiy va aylanma ishlab chiqarish fondlariga bo‘linadi.
Asosiy ishlab chiqarish fondlari (mehnat qurollari) inshootlar, uzatuvchi moslamalar, quvvatli mashina va jihozlar, ishchi mashina va jihozlar, o‘lchov uskunalari, laboratoriya jihozlari, hisoblash texnikasi, transport vositalari, ishlab chiqarish inventarlari va boshqa asbob-uskunalardan iborat. Asosiy ishlab chiqarish fondlariga tsex zavod va laboratoriya binolari kiradi.
Korxona hududi atrofidagi devorlar, ko‘priklar, neft quduqlari, ko‘mir koni qatlamlari va shunga o‘xshash boshqa qurilmalar inshoot jumlasiga kiradi. Uzatuvchi moslamalarga quvvatli kabellar, elektr uzatgich liniyalari, turli xildagi uzatgich quvurlari, neft va gaz uzatgich quvurlari kiradi. Quvvatli mashinalarga turli xildagi dvigatellar, turbinalar, byg‘ qozonlari va boshqalar kiradi. Asosiy ishlab chiqarish fondlarining muhim elementi bo‘lib ishchi mashinalar va uskunalar hisoblanadi. Ularga yordamchi tsexlarning barcha texnologik moslamalari, mashina va uskunalari kiradi. Asosiy fondlarning bu qismi shartli ravishda aktiv qismi deb hisoblanadi, chunki shu mashina va uskunalarda mahsulotlarning asosiy qismi tayyorlanadi. Transport vositalari tarkibiga avtomobil, temir yo‘l, xavo yo‘llari va boshqa transportlarning barcha turlari kiradi.