Temur va temuriylar davrida Markaziy Osiyoda fan taraqqiyoti. XIII asrning ikkinchi yarmi va XIV asr boshlarida shahar va qishloqlarda xo‘jalik hayotining jonlanishi bilan, shubxasiz mo‘g‘ullar bosqini davrida inqirozga yuz tutgan fan, adabiyot, ma’rifat va madaniyatning ayrim tarmoqlari ham tiklana boshlandi. Bu davrda fan va adabiyot asosan mo‘g‘ullar hukmronligi o‘rnatilmagan-Kichik Osiyo, Janubiy Eron va Hindistonda taraqqiy etadi. Faqat XIV asr boshlariga kelgandagina adabiy muhit markazlari Movarounnahr va Xurosonga ko‘chdi. Bu jarayon Amir Temur hokimiyat tepasiga kelib markazlashgan davlat tashkil etgan davrda kuchaydi va sivilizatsiya yangi bosqichga ko‘tarildi. Avvalo, davlatchilik qonun-qoidalari puxta shakllandi. Sohibqiron fan, madaniyat, sanoat, me’morchilikning ibratli homiysi bo‘lgan. Temuriylar sulolasi madaniy yuksalishga katta hissa qo‘shib ketgan.
Tarix Amir Temurning ilm-fan va madaniyat, adabiyot, san’at, me’morchilik, shaharsozlik ishining ustasi, siyosiy va hayotga nisbatan mushoxada doirasi keng bo‘lgan sinchkov va qiziquvchan suhbatdosh sifatidagi qiyofasini ham qoldirgan.
O‘z sohasida kamolotga intilish temuriylar davri hunarmandchiligining asosiy xususiyatiga aylandi. Bu ayniqsa me’morchilikda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Amir Temur uchun uning topshirig‘iga ko‘ra barpo etilgan inshootlarning ulug‘vorligi siyosiy sohadagi vazifalardan biri edi. Bu Oqsaroy peshtoqiga bitilgan “Agar bizning kuch qudratimizga shubha qilsang, biz qurdirgan imoratlarga boq!” degan yozuvda aniq ifodasini topgan.
Ijtimoiy-diniy ahamiyatga ega bo‘lgan masjid, madrasa, maqbara yoki dunyoviy hokimiyatga aylangan hukmdorlarning saroylari va aslzodalarning qarorgoxlari singari inshootlarda temuriylar davri me’morchiligining eng yuksak yutuqlari yorqin namoyon bo‘ladi.
Amir Temur davrida Samarqandda faqat ikkita madrasa qurilgan edi, xolos. Mirzo Ulug‘bek va Shohrux davrida esa madrasalar safi ancha kengaydi. Mirzo Ulug‘bek topshirig‘iga binoan Buxoroda (1417 y.), Samarqandda (1420 y.) va G‘ijduvonda (1433 y.) madrasalar qurildi.
Amir Temur oromgohlar barpo qilishga nixoyatda ishqiboz edi, uning istagi bilan Samarqand atrofida o‘n ikkita beqiyos bog‘ yaratilgan. Sharq manbalarida bu bog‘larning nomlari ko‘rsatiladi. Ayrimlarini Klavixo ham eslab o‘tgan.
Dastlab XIV asrning 70-yillarida Kuxak tog‘i etagida “Bog‘i Naqsh jahon” qurilgan. 1378 yili Temur xotini Tuman og‘a uchun “Bog‘i Bexisht” barpo qildi. “Bog‘i Amirzoda”, Shohrux, “Bog‘i Bo‘ldi”, “Bog‘i Dilkusho”, “Bog‘i Shamol”, “Bog‘i Zog‘on”, “Bog‘i baland”, va boshqa bir qancha bog‘lar barpo etilgan.
Ayniqsa, Shohizinda majmuasi Temur va temuriylar davrining umumiy me’morchilik uslubini aks ettiradi. Mazkur yodgorlik nafaqat me’muriy san’at, balki bezak san’atining ham shox asaridir.
Shunday qilib, Temur va temuriylar davridagi O‘rta Osiyo me’morchiligi yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Saroylar va xususiy qarorgohlar xalq ko‘zidan pana bo‘lsa ham shahar maydonlarini bezagan yodgorliklar, katta-katta masjid, karvonsaroylar, timlar, maqbaralar xalq uchun ochiq edi. Shu tariqa me’morchilik xalqni go‘zallikka jalb etib, didni tarbiyalay boshladi.
Umuman olganda, Temur va temuriylar davridagi moddiy va ma’naviyat yodgorliklarining bizgacha yetib kelgan ayrim namunalarining o‘zi ham mamlakatda barqarorlik vaziyatida xalq hunarmandlari bu sohalarda naqadar buyuk yutuqlarga erisha olish imkoniyatlari mavjudligini yaqqol namoyon etdi.
Qadimdan yig‘ilgan bilimlar, qilingan tajribalar natijasida hunarmandchilik ham yuksaldi. Masalan, Amir Temurning buyrug‘i bilan 1397 yilda «Isfaxonlik usta Izzaddun ibn Tojiddin yasagan Turkiston qozonining vazni 2 tonnadan ziyod, ustki doirasining diametri 2,5 metr» keladigan, butkul naqsh bilan qoplangan, yetti xil metall qotishmasi (haftijush) jezdan ishlangan qozon yasaldi. Ushbu qozon Xuja Ahmad Yassaviy (taxm. 1103 - 1166 yy.) masjidi uchun xijriy 801, ya’ni milodiy 1399 yilda xaj safari xadiyasi sifatida berilgani qayd etilgan. Hozir ushbu osor otiqalar Axmad Yassaviy majmuotining katta zalida saqlanmoqda.
XV asrda shishasozlik xunarmandchiligi bilimlari keng rivojlanib borgan. Samarqandda shishasozlar maxallasi bo‘lgan. Manbalarda ta’kidlanishicha, shishadan turli shakldagi idishlar: ko‘zacha, qadax, siyohdon, doridon, surmadon, tuvak va sumaklar hamda boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari yasalgan. Binokorlik, to‘qimachilik anjomlari, dastgoxlari harbiy anjomlari, xayotiy zaruriyat buyumlari ishlab chiqarish kengaygan.
Amir Temur vafotidan keyin temuriy shahzodalar o‘rtasida boshlangan kurashlar va harbiy yurishlar mamlakatning ichki hayotiga salbiy ta’sir etsa-da, biroq Shohrux (1405-1447), Mirzo Ulug‘bek (1409-1449) va Sulton Xusayn (1469-1506) hukmronlik qilgann davrlarda mamlakatda ma’lum darajada qaror topgan tinchlik tufayli ilgaridan davom etib kelayotgan an’analar asosida ilm-fan va madaniyat yanada jonlandi. Bu davrda Samarqandda ham, Xirotda ham Temur an’analari davom ettirilib, bu poytaxt shaharlarda olimu fuzalolar, shoir-u bastakorlar, me’moru binokorlar va mohir hunarmandlarning kattagina guruhi to‘plangan edi. Movarounnahrda, xususan, Samarqandda ilm-fan va san’atning taraqqiyotida zamonasining madaniy muhitida tarbiyalanib, yoshligidayoq mashhur olim sifatida shuxrat qozongan Mirzo Ulug‘bekning roli va hissasi nihoyatda buyuk bo‘ldi. Movarounnahr va Xurosonning boy va serqirra madaniyati va islom dunyosining ma’naviy an’analariga suyangan Mirzo Ulug‘bek mamlakatining ravnaqi, ayniqsa uning kamolotida ilm-fanning naqadar muhimligini yaxshi tushunardi. Manbaalarda keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Mirzo Ulug‘bek buyuk mutafakkirlardan Ahmad Farg‘oniy, Farobiy, Muso Xorazmiy, Beruniy va Ibn Sinolarni asarlarini qunt bilan o‘rganadi. Ularning asarlari orqali qadimgi yunon olimlari: Aflotun (Platon), Arastu (Aristotel), Gippokrat, Ptolemeylarning klassik asarlari bilan ham tanishadi.
Amir Temur va temuriylar - Amir Temur (1370-1405 yy.) Shohrux Mirzo (1405-1447 yy.), Mirzo Ulug‘bek (1409-1449 yy.), Abu Sayid (1451-1469 yy.) va Sulton Xusayn (1469- 1506 yy.) hukmronlik k,ilgan davrlarda mamlakatda (Movarounnahr va Xuroson)da ilm-fan va madaniyat rivoj topdi.
2. Mirzo Ulug‘bek va uning ilmiy merosi.
Mirzo Ulug‘bekning asl ismi Muhammad Tarag‘ay. Sohibqiron Amir temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek 1394 yil 22 martda Temurning harbiy yurishi davrida Sultoniya shahrida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek buyuk astronom, matematik, davlat arbobi. U O‘rta Osiyo xalqlari ilmu fani va madaniyatini o‘z davrida dunyo fanining oldingi safiga olib chiqqan buyuk olimlaridan biridir.
Mirzo Ulug‘bekning hayoti, ayniqsa uning bolalik yillari haqida ma’lumotlar juda kam. Mirzo Ulug‘bek Shoxruxning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, onasi Gavharshodbegim nufuzli qipchoq amirlaridan G‘iyosiddinning qizi edi. Amir Temur saroyida hukm surgan an’anaga ko‘ra shahzodani Amir Temurning katta xotini Saroymulkxonim tarbiyasiga topshiradilar.
Mirzo Ulug‘bekning bolalik yillari haqida yana shuni ham aytish kerakki, u hamisha bobosining diqqat e’tiboriga sazavor bo‘ldi. Amir Temur butun muhabbatini ziyrak, hamma narsani bilishga harakat qilgan nabirasiga qaratadi va uning tarbiyasiga zo‘r e’tibor berdi. Mirzo Ulug‘bekni bilimdon va tajribali murabbiylar tarbiyalab, xat-savod chiqardilar, diniy va dunyoviy ilmlarning asosi bilan tanishtirdilar. Bir qator manbalarda keltirishicha, 1397-98 yillardayoq, kelajakda katta shoir va olim bo‘lib yetishgan shayx Orif Ozariy Mirzo Ulug‘bekning murabbiysi qilib tayinlangan edi.
Mirzo Ulug‘bek juda yosh bo‘lishiga qaramay, davlat kengashlariga, mas’ul qabul marosimlariga ham kiritilar va hamisha bobosining chap tomonida o‘tirar edi. Demak, Amir Temur bu nabirasini davlat ishlarini boshqarishga ham tayyorlab borgan.
Mirzo Ulug‘bekning yoshligi Movorounnahrda markazlashgan yirik davlat yuzaga kelgan sharoitda, bobosi Amir Temurning muzaffar harbiy yurishlari davrida o‘tdi. Amir Temur Mirzo Ulug‘bekni ko‘pincha bu yurishlarda o‘zi bilan birga olib yurdi. Masalan, 1398 yili Hindistonga, 1399-1404 yili Kichik Osiyoga, 1404 yili Xitoyga qilgan yurishlarida Mirzo Ulug‘bek bobosi yonida bo‘ldi. 1404 yili Temur o‘z nabirasi Mirzo Ulug‘bekka Toshkent, Sayram, Ashpara va butun Mo‘g‘ulistonni suyurg‘ol qilib berdi.
Amir Temur vafotidan so‘ng (1405 yili) Temuriylar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash boshlandi, siyosiy parokandalik kuchaydi. Bu kurash natijasida 1409 yili Xuroson va Movorounnahrda ikki mustaqil davlat yuzaga keldi. Markazi Hirot shahri bo‘lgan Xurosonga Shohrux, markazi Samarqand bo‘lgan Movorounnahrga Mirzo Ulug‘bek hukmdor bo‘ldi.
Mirzo Ulug‘bek bobosi singari harbiy yurishlar qilmadi. Uning harbiy yurishlari yaqinlashib kelayotgan xavf-xatarni bartaraf qilishga qaratilgan bo‘lib, qisqa muddatli bo‘lgan. Masalan, 1424 yil noyabrda Mirzo Ulug‘bek qo‘shinlari Mo‘g‘ulistonda Mirzo Ulug‘bek ishonchini oqlamagan Shermuhammadxonga qarshi katta yurish qilib, 1425 yil bahorida g‘alaba qozondi.
1427 yili quyi Sirdaryo havzasidagi hududlarni davo qilib chiqqan ko‘chmanchi qipchoqlar honi Baroqxonga qarshi yurishda mag‘lubiyatga uchradi. Shundan so‘ng 20 yil mobaynida harbiy yurish qilmadi.
1447 yili Shohruh vafot etgach, Mirzo Ulug‘bek Xurosonni Movarounnahr bilan birlashtirib, kuchli davlat tuzishga harakat qildi, lekin qattiq qarshilikka duch keldi. 1448 yil bahorida Hirot yaqinidagi Tarnob degan joyda Mirzo Ulug‘bek bilan jiyani Alovuddavla o‘rtasida katta jang bo‘lib, qo‘shinning chap tomonida Mirzo Ulug‘bekning katta o‘g‘li Abdullatif, o‘ng tomonida katta o‘g‘li Abdulaziz qo‘mondonlik qildi. Jang Mirzo Ulug‘bek g‘alabasi bilan tugadi, lekin g‘alabanoma Abdullatif nomidan emas, faqat Abdulaziz nomidan e’lon qilindi. Bundan tashqari Abdullatifning Hirotdagi Ixtiyoriddin qal’asidagi mol-mulkini davlat mulkiga o‘tkazilishi o‘g‘ilning otaga nisbatan dushmanligini yanada oshirdi. Mirzo Ulug‘bek Hirotda Abdullatifni qoldirib, o‘zi Samarqandga ketdi.
O‘g‘ilning otaga dushmanligidan Mirzo Ulug‘bekning raqiblari mohirona foydalandi. 1449 yil kuzida Abdullatif qo‘shinlari Mirzo Ulug‘bekka hujum qilib, uni yengdi. Abdullatifning roziligi va ruhoniylarning fatvosi bilan Mirzo Ulug‘bek Samarqand shahri yaqinidagi Damashq qishlog‘ida qatl etildi. Uning jasadi Samarqandga dafn etilgan.
Mirzo Ulug‘bekning hukmronlik yillarida Samarqand yanada gullab yashnadi; hunarmandchilik, me’morchilik va adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi. Mirzo Ulug‘bek farmoyishi bilan Buxoroda (1417), Samarqandda (1420), G‘ijduvonda (1433) madrasalar va Marvda xayriya muassasalari qurildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli qurilishlari poyoniga yetkazildi. Mirzo Ulug‘bek talaygina jamoat binolari, ya’ni karvonsaroy, tilni, chorsu, hammom va hokazolarni ham barpo ettirgan.
Mirzo Ulug‘bekdan jahon fani va madaniyati rivojiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilgan ilmiy va madaniy meros qolgan. Shulardan biri “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” deb nomlangan astronomik jadval hisoblanadi.
Mirzo Ulug‘bek tibbiyot va musiqa bilan qiziqqan, she’rlar ham yozgan. Alisher Navoyining “Majolis un-nafois” va Abu Toxirxojaning “Samariya” asarlarida uning she’rlaridan namunalar keltiriladi. Uning davrida ko‘pgina asarlar arab va fors tilidan eski o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Mirzo Ulug‘bek tashkil etgan boy kutubxonada turli fanlarga oid 15000 dan ortiq qo‘lyozma kitoblari bo‘lgan.
Mirzo Ulug‘bek yunon olimlaridan Aflotun, Arastu, Gipparx, Ptolemeylarning klassik asarlari bilan tanish bo‘lgan va o‘z vatandoshlari Ahmad Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy kabi olimlarning asarlarini yaxshi o‘rgangan. Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi (1420 y) faqat oliy uquv yurtigina emas, rasadxona bilan birga olganda o‘sha davrning akademiyasi ham edi. Zamonasining mashhur olimi, Mirzo Ulug‘bekning ustozi, matematik va astronom Qozizoda Rumiy madrasa muallimlaridan biri bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bekning o‘zi ham astronomiyadan dars bergan, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Muyniddin, Mansur Koshiy, Muhammad Birjoniy Mirzo Ulug‘bek maktabining taniqli astronomlari edilar. Mirzo Ulug‘bek olib borgan ilmiy ishlarida unga yaqindan yordam bergan shogirdlaridan biri Ali Qushchidir.
Samarqanddagi XV asr me’morchilgining nodir namunalaridan biri Ulug‘bek rasadxonasidir. Bu inshoot Mirzo Ulug‘bek farmoyishi bilan 1428-29 yillarda Kuhak (Cho‘ponota) tepaligida Obirahmat arig‘i buyida bunyod etilgan.Rasadxona silindr shaklida uch qavatli, balandligi 30,4 metrdan iborat o‘lkan bino. Rasadxona o‘rta asrlarda asbob-uskunasi jihatidan ham beqiyos bo‘lgan. Sharq astronomiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari ham shu yerda yaratilgan.
Boburning yozishicha, Ulug‘bek rasadxonasining sirti qoshin va chiroyli bezaklar bilan bezatilgan. Uning katta zallari katta–kichik xonalari bo‘lgan rasadxona ichiga o‘rnatilgan katta asbob yordamida quyosh, oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlik bilan o‘rganilgan. Rasadxonada kutubxona ham bo‘lgan, ichki devorda osmon tasviri, yulduzlar xaritasi, tog‘-dengiz va mamlakatlar, shuningdek Yer shari tasviri ishlagan. Mirzo Ulug‘bek o‘ldirilgach, rasadxona vayron qilingan.
3. Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari
Samarqand munajjimlari va ularning g‘amxo‘r, mohir yetakchisi bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek falakiyot fanining taraqqiyotga salmoqli hissa qo‘shdi. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari astronomiya ilmi tarixida alohida o‘rin tutadi va u o‘rta asr falakiyot fanining durdonasi hisoblanadi.
“Ziji jadidi Ko‘ragoniy” avvalambor Mirzo Ulug‘bek bosh qosh bo‘lgan Samarqand rasadxonasining ko‘p yillik mehnati samarasi Sharq klassik astronomiyasining nazariy va amaliy masalalarini o‘zida mujassamlashtirgan, uni yangi dalilu-isbotlar bilan boyitgan shoh asardir.
“Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asosan ikki qismdan: katta muqaddima va 1018 ta sobita yulduzlarning o‘rni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat. Muqaddimaning o‘zi to‘rtta mustaqil qismga bo‘lingan. Ular:
Birinchi qismi yetti bobdan iborat. “Tarix, ya’ni xronologiyaning ma’rifati” deb nomlanadi. Astronomiyaning muhim poydevorlaridan hisoblangan sana yoki yil hisobi, boshqacha so‘z bilan aytganda yunonlar, arablar, eronliklar hamda uyg‘urlar qabul qilgan yil hisoblash usullari, ularning milliy bayramlari, shuningdek bu sanalarni kelib chiqishi masalalari bayon etiladi.
Ikkinchi qismi “Vaqtlar va unga taalluqli narsalar” deb nomlangan. Bu qism 22 bobdan iborat. Osmon burjlarining og‘ishi, hatti-ustivonning chiqish o‘rni, yulduzlarning chiqishi va botish joylari, nisfan-nahor soatining rasad o‘rni bo‘lmish Samarqand kengligi nisbati; Shusha, Kayravon, Urmiya, Naxichevvon, Bulg‘or, Madonin, Bagdod, Basra, Kozerun, Istahr, Hamadon, Ray, Doigon, Badhiz, Saraxs, Marv, Balx, Buxoro, O‘sh, Qashg‘ar, Chin, Beshbaliq, Qoraqurum, Samarqand, Tabriz, Usrushona, Xo‘jand, Axsikat, Shosh, Tibet, Kashmir kabi shaharlarning (hammasi bo‘lib 638 ta joy) koordinatalari, yetti iqlim va uning ma’rifati singari masalalar haqida gap ketadi.
Uchinchi qismi 13 bobni o‘z ichiga oladi va “Yulduzlarning ravshanligi va o‘rni” deb ataladi. Unda Yulduz va sayyoralarning quyosh atrofidagi haraqati zo‘r bilim va mahorat bilan sharhlanadi.
To‘rtinchi qismi “Yulduzlarning doimiy harakati” deb nomlanadi. Bu qismda astrologiya masalalariga, ya’ni yulduzlarning holati va harakatiga qarab taqdirni belgilash masalalari haqida to‘xtalgan. Undan tashqari kishi taqdirini oldindan belgilash uchun qanday qilib qur’a (goroskop) tuzish yo‘llari ham ko‘rsatib berilgan.
Mirzo Ulug‘bekning sana va sayyoralarning yillik harakatlari haqidagi hisoblari ham hozirgi hisob-kitoblarga juda yaqindir. Quyida shunga bir ikkita misol qeltiramiz (A.Ahmedovning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”, T., 1996 asaridan olindi):
Yulduz yilining hisobi:
Hindlar - 365 kun 6 soat 12 minut 30 sek.
Xoldeylar - 365 kun 6 soat 11 minut 00 sek.
Aristarx - 365 kun 6 soat 10 minut 49 sek.
Sobit ibn Qurra – 365 kun 6 soat 9 minut 12 sek.
Mirzo Ulug‘bek - 365 kun 6 soat 10 minut 8 sek.
Aslida - 365 kun 6 soat 9 minut 6 sek.
Mirzo Ulug‘bek bu yerda hammasi bo‘lib bir minutu ikki sekundga yanglishgan xolos.
Sayyoralarning yillik harakati.
Ulug‘bek hisobicha
Hozirda
Zuhal
120 13’ 39
120 13’ 36
Mushtariy
300 20’ 34
300 20’ 31
Mars
1910 17’ 5
1910 17’ 10
Xulkar
2340 17’ 32
2240 17’ 30
Atorud
530 43’ 13
530 43’ 3
“Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarining ikkinchi bo‘imi astronomiya va trigonometriyaning amaliy masalalariga bag‘ishlangan. Unda 1018 ta sabita yulduzning holati aniq qo‘rsatib berilgan.
Mirzo Ulug‘bek asaridagi eng asosiy narsa, albatta qimmatbaho gulli matoga o‘xshovchi, terilgan arab harflaridan iborat, raqamlar joylashtirilgan jadvaldir. Bu jadvalda 1018 ta yulduzning o‘rni aniq ko‘rsatilgan. Ulardan 900 tasi Samarqand rasadxonasida aniq qilib tekshirilgan, qolgan yulduzlarni Mirzo Ulug‘bek kuzata olmagan yoki bunga ulgura olmagan. Ularning samodagi o‘rni boshqa astronomlarning kuzatuvlari bilan hisobga olingan.
Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarining asosiy qimmati Gippardan keyin XVI asr o‘tgach, birinchi marta o‘z kuzatishlariga asoslangan holda ko‘p yulduzlarning o‘rnini qaytadan aniqlashdan iboratdir. Mirzo Ulug‘bek o‘ziga nisbatan nihoyatda talabchan, olim sifatida ham olib borgan kuzatishlari nihoyatda vijdonli kishi bo‘lishi fan uchun alohida qimmatga ega. U o‘zidan oldingi olimlar ishini tekshirar ekan, shunday yozadi:
“Biz ma’lum bo‘lgan yulduzlarning Samarqand kengligida ko‘rinmaydigan 27 tasidan boshqasini qayta kuzatdik. Bular quyidagilar: Mehrob turkumidan yetti yulduz, kema turkumidan 8 yulduz, o‘ttiz oltidan qirq birgacha va qirq to‘rtdan qirq beshgacha, o‘n bir yulduz, Sentavradan, yigirma yettinchidan oxirigacha va yana bitta yulduz Bo‘ri yulduzlar turkumidan o‘ninchi yulduzni, biz bu yigirma yetti yulduzni o‘tgan davr farqini hisobga olgan holda Abdurahmon So‘fiyning asaridan oldik. Bundan tashqari, Abdurahmon Sufiy o‘zi kuzatmagan, lekin Ptolomey tomonidan o‘rni ko‘rsatilgan sakkiz yulduzni ko‘rsatib o‘tadi. Biz bu yulduzlarni qanchalik kuzatmaylik topa olmadik. Shuning uchun ham ularni jadvalimizda ko‘rsatmadik. Ulardan 14 tasi karvon yulduzlar turkumidan, 11 tasi Bo‘ri, 6 tasi Janubiy Nahan yulduzlar turkumidandir”.
Mirzo Ulug‘bek jadvalni bevosita tuzishga 1437 yili kirishgan. Bu raqam hisoblashlar vaqtida bir necha marta eslanadi. Jadval ustida u umrining oxirigacha ishladi, unga aniqliklar, qo‘shimchalar kiritib bordi. Uning bevaqt o‘limigina bu ishni to‘xtatib qo‘ydi.
Jadvalning bizgacha yetib kelgan nusxalaridagi ko‘pgina noaniqliklarga Mirzo Ulug‘bek aybdor emas. Astranomiyadan tamoman bexabar bo‘lgan hattotlar tomonidan yetti martagacha ko‘chirilgan bu jadval sira ham tushunmaydigan jadval bo‘lib qoldi. Ular jadvalni sonlar arab harflarida ifodalanadigan “abjad” usulida ko‘chirganlar. Bunda kerakli nuqta o‘z o‘rniga emas, boshqa o‘ringa qo‘yilsa yoki harfning qaysidir qismidagi zeru-zabar sal quyuqroq qilinsa o‘sha son tamoman o‘zgarib ketishi mumkin. “Ziji jadidi Kurag‘oniyni” ko‘chirishda bunday hollar yuz bergan bo‘lishi tabiiydir.
Mirzo Ulug‘bek matematika, geometriya, falakiyot, tarix fanlarida qilgan olamshumul kashfiyotlari bilan ilm-fan sahifalarida o‘chmas iz qoldirdi. Shuning uchun ham u barcha avlodlarning taxsiniga sazavor bo‘ldi.
Mirzo Ulug‘bekning aniq fanlardan boshqa ilmlarga ham rag‘bati zo‘r edi. U she’riyat va musiqa bilan ham shug‘ulllangan. Olimning tarix ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan zo‘r ulushi shubhasiz beqiyodir.
Mirzo Ulug‘bek saroyida tarjima ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bir talay qimmatli asarlar arab va fors tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Mirzo Ulug‘bekning o‘zi ham bir necha mashhur asarlari bilan ilm fanga salmoqli hissa qo‘shgan. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari falakiyot ilmining ajoyib maxsullaridan biri sifatida Sharq mamlakatlaridagina emas, balki Yevropa, Ameriqada ham katta shuhrat topdi. Uni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishda olimning shogirdi Alouddin Ali Qushchi (1404-1474 yy) va ma’rifatparvar temuriy Abdulqosim Boburning (1405-1457 yy) xizmati katta bo‘ldi. Adulqosim Bobur 1450 yili Samarqand podshosi sulton Abusayid berib yuborgan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” nusxasini ko‘paytirishni buyuradi. Ali Qushchi esa boshqa noyob kitoblar bilan qo‘shib, 1471 yili Turkiyaga olib ketadi va shu yo‘l bilan uning Yevropaga ham tarqalishiga sabab bo‘ldi.
XII asrdan boshlaboq O‘rta Osiyolik olimlarning tadqiqotlari g‘arbiy Yevropaga juda tez yoyilib bordi. Biz yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek Ali Qushchining Istambuldagi faoliyati orqali G‘arbiy Yevropa olimlari Mirzo Ulug‘bek va uning ilmiy merosi bilan XV asrdayoq tanishgan edilar.
Ingliz sharqshunos olimi, Oksford unnversitetining professori Jon Grivs (1602-1652 yy.) 1638 yili Istambulga keladi. Qaytishda Jon Grivs o‘zi bilan Mirzo Ulug‘bek «Zij»i jadidi Ko‘ragoniy (Ko‘ragoniyning yangi astronomik jadvali) asarining bir nusxasini Angliyaga olib ketadi. U 1648 yilda Mirzo Ulug‘bekning «Zij»i asaridagi 98 yulduznnng jadvalini nashr qiladi. O‘sha yilning o‘zida Jon Grivs «Zij»i asaridagi geografik jadvalni ham nashr qildiradi. 1650 yilda esa u «Zij» asaridagi birinchi maqolasini lotincha tarjimasini nashr etadi. Jon Grivs 1652 yili mazkur oxirgi ikki ishni qayta nashr ettiradi.
Mirzo Ulug‘bek tadqiqotlarini ingliz olimi va sharqshunosi Tomas Xayd (1636-1703 yy.) fors va lotin tilida, polyak olimi Yan Geveliy (1611-1687 yy.), fransuz sharqshunos olimi A.A.Sediyo (1808-1876 yy.), amerikalik olim E.B.Nobl va boshqa olimlar jahonning ko‘pgina tillarida nashr qildilar.
Turkiya, Eron, Afg‘oniston. Hindiston va Ovrupa mamlakatlarining olimlari Mirzo Ulug‘bekning tadqiqot usullaridan foydalangan holda, uning rasadxonasiga o‘xshatib o‘sha davrlardayoq rasadxonalar qurishni boshlagan edilar.
Mirzo Ulug‘bek yashagan davr, uning ilmiy va madaniy merosini Rus olimlaridan V.V.Bartold o‘rgandi. Arxeolog V.L.Vyatkin 1908 yili Ulug‘bek rasadxonasi xarobalarini topdi. 1996 yilda A.Ahmedov tomonidan o‘zbek, rus va ingliz tillarida “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari tarjima qilinib, Amir Temur yubileyining 660-yilligi munosabati bilan Fransiyada katta olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Bundan tashqari Mirzo Ulug‘bekning hayoti va faoliyati haqida pesa, (M.Shayxzoda “Ulug‘bek”); roman (O.Yoqubov “Ulug‘bek xazinasi”) va boshqalar yaratilgan. Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati haqida muhim ma’lumotlar Bo‘riboy Ahmedovning asarlarida berilgan. Tarixchi tomonidan 1994 yilda nashr etilgan “Ulug‘bek” asari bu borada muhim ahamiyatga ega.
Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi Movarounnahrda o‘z zamonasiga nisbatan mukammal astronomik asbob uskunalar bilan jihozlangan oliy darajadagi ilmgohga aylangan edi. Rasadxonada Mirzo Ulug‘bek bilan birga mashhur matematik va astronomlardan- zamondoshlari o‘rtasida “Aflotuni zamon” faxriy nomini olgan Saloxidin Muso Ibn Muhammad Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, o‘z davrining Ptolemeyi nomi bilan shuhrat qozongan Alouddin Ali ibn Muhammad Ali Qushchi va boshqa olimlar ilmiy kuzatish olib bordilar. Xullas, Mirzo Ulug‘bek Samarqandda astronomiya maktabini yaratdi.
Bu maktabning ko‘zga ko‘ringan namoyondalaridan biri G‘iyosiddin Jamshid bo‘lib, astronomiyaga oid “Ziji xoqoni”, “Bog‘lar sayri” va “Osmon narvoni”, matematikaga oid “Xorda va sinuslar haqida risola”, “Hisob kaliti” va “Doira haqida risola” kabi asarlarni yozdi. Bu borada Qozizoda Rumiyning “Arifmetikaga oid risola”, “Astronomiyaning mohiyatiga izohlar”, “Sinus haqida risola” kabi asarlari jahonga mashhurdir. Ushbu maktabning iste’dodli namoyondasi Ali Qushchi bo‘lib, u ham matematika, astronomiyaga oid 6 ta risolaning avtoridir.
Yuqorida nomlari zikr etilgan asarlarga o‘sha davr olimlaridan Qozizoda Rumiy nabirasi Miram Chalabiy va Abul Ali Birjandiylar tomonidan yozilgan sharhlar muhim ilmiy ahamiyatga egadir. Ayniqsa, sharq klassik astronomiyasining nazariy va amaliy masalalarini o‘zida mujassamlashtirgan shoh asar Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” (“Ko‘ragoniyning yangi astronomik jadvali”) nomli kitobidir. Bu asar 1437 yil yozilib tugallangan bo‘lsa ham, unga muallif umrining oxiriga qadar bajargan ilmiy tadqiqot natijasida tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritib bordi.
“Ziji Jadidi Ko‘ragoniy”dan tashqari Mirzo Ulug‘bek “Tarixi arba ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) nomli tarixiy asar hamda musiqa ilmiga oid 5 ta risola yozgan. Mirzo Ulug‘bekning ilmiy faoliyatiga G‘iyosiddin Jamshid, Miram Chalabiy, Davlatshoh Samarqandiy, Alisher Navoiylar yuksak baho berganlar. Mirzo Ulug‘bek o‘zining cheksiz aql-idroki, ilmiy salohiyati, odilona siyosati bilan qariyib qirq yil mobaynida Movarounnahrning donishmand hukmdori bo‘lib, xalqimizning azaliy orzusi - tinchlik, totuvlik, har tomonlama taraqqiyotni qaror toptirish yo‘lida mislsiz shijoat va matonat ko‘rsatdi. Uning umumbashariy qadriyatlarga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, bugungi kunda ham o‘lkan ahamiyat kasb etmoqda va O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirish yo‘lida katta xizmat qilmoqda.
4. Temuriylar davrida yetishib chiqqan fan namoyondalari.
Amir Temur va temuriylar davrida jahon fani taraqqiyotiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan ko‘plab adib va olimlar yetishib chiqdilarki, ular o‘sha davrlarda fanlarning turli tarmoqlarini o‘z ilmiy qarashlari bilan boyitdilar. Ulardan biri mashhur astronom Ali Qushchi (Mavlono Alouddin Ali ibn Muxammad Qushchi, 1403-1474 yy.) matematika va astronomiyaga oid risolalar yozgan. U o‘z asarlarida fasllar almashinuvi yerning quyoshga yaqinlashuvi quyosh nuri harorati ta’sirining natijasi, deb hisoblagan. Oy va quyosh tutilishini ilmiy jihatdan asoslab bergan. Shuningdek, Ali Qushchi, Mirzo Ulug‘bek, al-Koshiylar bilan hamkorlikda matematika sohasida sonlar nazariyasiga muhim hissa qo‘shdi.
Buyuk matematik va astronom Qozizoda Rumiy (Saloxiddin Muso ibn Muxammad ibn Maxmud, taxm. 1360-1437 yy.). Mirzo Mirzo Ulug‘bekning ustozi edi. Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabining yaratilishida uning xissasi katta bo‘lgan. Qozizoda Rumiy «Aflotuni zamon» (o‘z davrining Platoni) degan faxrli nomga sazovor bo‘lgan. Atoqli matematik va astronom al-Koshiy (G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, taxm. 1430 y. vafot etgan) birnnchi bo‘lib matematika faniga pozitsion asosida unli kasrlarni kiritdi va uni nazariy asosladi. Sii 1° va j (Pi) sonini unli sistemada 17 xonagacha aniqlik bilan hisoblab chiqdi.
XIV-XV asrlarda O‘rta Osiyodagi olimlar fan soxalarining rivojlanishiga o‘lkan hissa qo‘shdilar. Buxoro shahrida maxsus shifoxona qurildi, unda ilmiy- tadqiqot ishlari ham olib borildi. Bu yerda tibbiy va ilmiy adabiyotlar kutubxonasi tashkil qilindi. Qurilish arxitekturasi bilimlari binolar rejasini tuzish, poydevorlar o‘rnini hisoblab chiqish, gumbazlar shakllarini yasash va boshqa ishlar bilim darajasidan fan darajasiga ko‘tarildi.
XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asr O‘rta Osiyo xalqlari adabiyoti taraqqiyotida yangi va juda sermahsul davr bo‘ldi. Bu davrda zamonasining iste’dodli va yetuk shoirlari va adiblari Kutb, Sayfi Safoiy, Haydar Xorazmiy, Durbek, Amiriy, Yaqiniy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy va boshqalar yashab ijod qiladilar.
Durbek tomonidan qayta ishlangan “Yusuf va Zulayxo” dostoni, toshkentlik shoir Atoiyning devoni, Lutfiyning “Zafarnoma” va “Gul va Navro‘z” asarlari shu davr badiiy adabiyotining durdonalaridir. Bu davr o‘zbek shoirlari ichida Lutfiy (1366-1465yy) alohida o‘rin tutadi. Navoiyga qadar o‘zbek she’riyatida Lutfiy darajasiga yetadigan shoir o‘tmagan. U birgina o‘zbek tilida asarlar yaratib, qolmadi, balki tojik tilida ham qasidalar yozdi. Lutfiy ijodida haqiqat va adolatni sevish, shafqat va muruvvatli bo‘lishni targ‘ib qilish, ilm va san’atni sevish kabi fikrlar katta joy olgan.
Bu davr badiiy adabiyoti taraqqiyotida buyuk tojik shoiri Abdurahmon Jomiy (1414-1492), hamda o‘zbek klassik adabiy tilining asoschisi va o‘zbek klassik adabiyotining sardori Alisher Navoiylarning hissasi kattadir. Lirika sohasida Sa’diy, Xofiz va Kamol Xujandiy qatorida turgan Jomiy juda sermahsul olim va istedodli adib edi. U 99 ta kitob yozib XV asr adabiyotida mavjud bo‘lgan deyarli barcha janrlarda asarlar yaratdi. Jomiyning eng yirik va mashhur asari yettita katta dostondan iborat. “Xaft avrang” “Bahoriston” va “Xiradnomai Iskandar” nomli falsafiy didaktik doston va ahloqiy-ta’lim asarlar bo‘lib, “Xirodnomasida” u zulm, ochko‘zlik qizg‘anchilikni qoralaydi.
Alisher Navoiy (1441-1501yy.) shoir, mutafakkir, davlat arbobi, o‘zbek adabiy tili va mumtoz adabiyotining asoschisi. Alisher Navoiy (1472-1487 yillarda Xusayn Boyqaroning vaziri) davlatni mustahkamlash, adolat va xalq farovonligi uchun kurashadi, mamlakat obodonchiligiga katta ahamiyat berib, ilm va san’at ahliga hamiylik qiladi. Navoiy til, adabiyot, musiqa, tarix, falsafa, astronomiya, tarbiya negizlari sohasida ko‘plab ilmiy asarlar yozdi. “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Mahbub ul-kulub”, “Lison ut-tayr” shular jumlasidandir.
Navoiy asarlarida muhabbat va sadoqat, do‘stlik va qardoshlik, adolat va tinchlik zo‘r mahorat bilan tarannum etiladi.
XV asrda Movarounnahr va Xurosonda tarix fani ham keng rivoj topdi. Shomiy, Sharofiddin Ali Yazdiy, Hofizi Abru, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir, Izfizoriy, Davlatshoh va boshqa ko‘plab tarixchilar temuriylar davlatining ikki poytaxti Samarqand va Xirotda yashab ijod etdilar.
Shunday qilib, XV asrda Movarounnahrning poytaxti Samarqandda ilm-fan sohasidagi buyuk kashfiyotlar, noyob asarlar bilan ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari salmog‘iga qarab fikr yuritilsa, Mirzo Ulug‘bek astronomiya maktabini o‘z davrining akademiyasi deyish mumkin. Mirzo Ulug‘bek tevaragiga 100 dan ortiq olimni o‘z bag‘rida yetishtirgan, ismi jahonga mashhur Samarqand rasadxonasi shu vazifani o‘tagan. “Samarqand akademiyasi” dastavval bundan 225 yil muqaddam mashhur fransuz faylasuf, yozuvchi va tarixchi olimi Volter (1694-1773yy) tomonidan e’tirof etilgan. Bu 1010 yilda Xorazmning qadimiy poytaxti Gurganchda tashkil etilgan o‘ziga xos akademiya “Donishmandlar uyi” (“Ma’mun akademiyasi”)dan keyingi ikkinchi “Dor ul-ilm” edi. Bu dor ul- ilmning poydevori bo‘lgan Mirzo Ulug‘bekning astronomiya maktabi o‘rta asrlar musulmon Sharqi va endigina uyg‘onayotgan Yevropa astronomiyasining rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Shuning uchun Amir Temur va temuriylar davridagi moddiy va ma’naviy yuksalishning ahamiyatini inobatga olib ko‘pchilik tarixchi va adabiyotchi olimlar bu jarayon ikkinchi renesans davri deb talqin etmoqdalar.