Markaziy Osiyolik qomusiy mutafakkirlarning dunyo sivilizatsiyasida tutgan; Xalifa al-Ma’mun taklifi bilan Abu Abdullox Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy shayx ul baytul donish - “Donishmandlar uyi”ning boshlig‘i etib tayinlandi.
Aynan xalifa Ma’munning Sharq olimlariga nisbatan chuqur hurmat bilan qaraganligi sababli O‘rta Osiyoning eng yirik olimlari Bog‘dodga jamlandi.
Xuddi shu vaqtlarda arablar orasida “Ilm daraxtining asosiysi Makkada-yu, hosili Xurosonda pishadur” degan ajoyib maqol tarqalgan edi. Nemis olimi Yu.Rushka IX-X asrlarda arab tilida yozilgan asarlar ro‘yxati bilan tanishib chiqib shunday xulosaga kelgan. “Deyarli barcha olimlar Xuroson, Movarounnahr va Farg‘onadan yetishib chiqqan edilar. Ularning har birlari ismlari oxirida vatanlari nomini qo‘shib aytishni odat qilgan edilar”. Bog‘doddagi ilmiy markaz haqida akademik V.V.Bartold shunday fikr aytadi. “Ma’munning xizmatlari evaziga Bog‘dod o‘ziga musulmon olamida ma’lum bo‘lgan va qaysi burchagida bo‘lmasin eng kuchli adabiyotchi va olimlarni o‘z bag‘riga chaqirib oldi. Bunda O‘rta Osiyoning ulushi buyuk edi”. Shunday qilib, xalifa Ma’mun davrida Bog‘dodda kutubxonalar ochilib, g‘arb va sharqning qadimgi dunyosi, merosi o‘rganila boshlangan edi. U “Bayt ul-hikma”da aytilgan koinot va yer yuzidagi muammolarni bajarish uchun 70-dan ortiq yetuk olimlarni jalb etgan. Axmad al-Farg‘oniy ham bu topshiriqni bajarishga kirishib, yer yuzi xaritasini tuzishda faol ishtirok etgan. Ushbu xarita “Ma’munning Dunyo xaritasi” nomi bilan yuritilib, 840 yillarda tugallangan. Lekin bu xarita saqlanib qolmagan bo‘lsa ham, Axmad al-Farg‘oniy asarlari orqali dunyo xalqlari mazkur xarita bilan tanishishga muyassar bo‘lganlar.
Turonning jahonga mashhur olimlaridan biri Muhammad ibn Muso Xorazmiy bo‘lib, u taxminan 783 yilda tug‘ilgan va 850 yilda Bog‘dodda vafot etgan.
Xorazmiy xalifa Ma’mun raxnamoligida islom Sharqining fanlar akademiyasi - “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlar uyi”)da ishladi. Bu ilm dargoxida u juda ko‘plab astronomik kuzatishlar olib bordi. Uning nomini tarixda abadiy qoldirgan asarlaridan biri - “Al-Jabr va-l muqobala”dir. Bu asar g‘arb va sharq olimlariga algebra fani bo‘yicha dasturiy amal bo‘lib xizmat qildi. “Algoritm” va “Algebra” degan atamalar Xorazmiy nomi bilan bog‘liqdir. Al-Xorazmiyning arifmetikaga bag‘ishlangan bu kitobi XII asrdayoq Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilingan. O‘sha paytlarda ko‘chirilgan nusxasi hozir ham Kembrijda saqlanmoqda. Bu asar bir necha asrlar davomida Yevropa universitetlarida “Algoritm kitobi” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Rim papasi Silvesto rim raqamlari o‘rniga Xorazmiy ishlab chiqqan arab raqamlarini Yevropada iste’molga kiritish to‘g‘risida farmon berdi.
Xorazmiy shuningdek “Kitob surat al-az” (“Yer surati”) degan risola ham yozdi. Asarda Ptolomeyning “Geografiya” nomli kitobini butunlay qayta ishlab, sharq mamlakatlari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar berdi.
Bu kitobda Orol dengizining tasviri ham berilib, 637 ta muhim joylar, 209 ta tog‘ning geografik tafsiloti berilgandi. Olimning bu kitobi Sharqda geografiya fanining rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Xorazmiy o‘zining matematika, geografiya, tarix, musiqa, astronomiya va boshqa fanlarga taalluqli asarlari bilan jahon fani taraqqiyotiga keng yo‘l ochib berdi. Jahon axlining 1983 yili Muhammad Muso Xorazmiyning 1200 yilligini zo‘r tantana bilan nishonlaganligi buyuk vatandoshimizga ko‘rsatilgan cheksiz hurmatidir. Shunday qilib, buyuk alloma Muhammad Muso Xorazmiyning nodir asarlari, yaratgan ta’limoti, ijtimoiy-falsafiy qarashlari hozirgi avlod uchun bitmas-tuganmas xazina, mustaqilligimiz uchun xizmat qiladigan bebaho ma’naviy boylikdir.
Ensiklopedist allomalardan yana biri al-Farg‘oniy taxminan 797 yilda Farg‘ona vodiysining Quva shahrida tug‘ilib, 861 yilda Qoxirada vafot etgan. Axmad Farg‘oniyning ilmiy faoliyati Bog‘dod bilan, ulug‘ mutafakkir olim Muhammad Muso Xorazmiy rahbarligida faoliyat ko‘rsatgan “Bayt ul-hikma” bilan bog‘liqdir. U Bog‘dod va Damashqdagi rasadxonalar qurilishiga qatnashib Bog‘doddagi falakshunoslik maktabiga rahbarlik qiladi. Keyinroq, 861 yilda Misrda yashagan chog‘ida Nil daryosida joylashgan Ravz orolida suv satxini o‘lchaydigan nilometr asbobini takomillashtirdi. Bu asbob hozirgacha saqlanmoqda. Uning atrofidagi qurilmalarga granit toshlarga oyat, xadis so‘zlari bitilganini, tabiatga bo‘lgan muxabbat ramzi deb bilsa bo‘ladi.
O‘rta Osiyoda taraqqiy etgan islomiy fan va madaniyatning dastlabki atoqli vakillaridan biri olamshumul alloma Axmad ibn Muhammad Farg‘oniyni, arab dunyosida “Hisob” (matematik), Yevropada esa “Alfraganus” deb atashgan. Axmad al-Farg‘oniy 25 yoshida Xo‘jand orqali Samarqandga, so‘ng Buxoro orqali xalifa Ma’mun ibn Xorun ar-Rashid huzuriga borib ilm-fan xizmatida bo‘lgan. Uning nomini jahonga mashhur qilgann asari “Astronomiya negizlari” bo‘lib unda buyuk mutafakkir o‘zi yashagan davrdagi falakiyotga oid bilimlarni tartibga soldi va uni yangi xulosa va natijalar bilan boyitdi. “Astronomiya negizlari” asari Yevropada Kopernikkacha bo‘lgan falakiyot ilmidan asosiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qildi. Shuning uchun allomaning asarlari XII asrda lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Yevropa tillariga tarjima etilgandan so‘ng uning lotinlashtirilgan nomi “Alfraganus” shaklida g‘arbda bir necha asr davomida keng tarqaldi. XVI asrdayoq Oydagi katerlardan biriga alloma nomi berildi.
Allomaning ilm-fan va jahon ma’naviyatida tutgan o‘rni va roliga o‘rta asr Sharq tarixchilari Abul Faraj, al-Kiftiy ibn Nazimlarning asarlarida alohida to‘xtalib o‘tgan. Shuningdek, so‘nggi yillarda nashr etilgan ilm va madaniyat tarixiga bag‘ishlangan kitoblarda ham al-Farg‘oniy buyuk olim sifatida qayd etiladi. Shu xususda Prezidentimiz I.A.Karimov shunday degan edilar: “Tariximiz necha-necha ming yilliklarga borib taqaladi. Gapning indollosini aytishimiz kerak: ayrim odamlar hali lungi tutib yurgan davrlarda bizning ota-bobolarimiz yulduzlar jadvalini tuzganlar”.
Abu Nasr Farobiy (873-950yy) nafaqat O‘rta Osiyo va Sharqning, balki butun dunyoning asrlar osha e’tirof etib, katta hurmatga sazovor bo‘lib kelayotgan buyuk mutafakkir va qomusiy olimi, mashhur faylasufidir.
Sharq uyg‘onish davrining ulug‘ namoyondasi bo‘lgan Farobiy 873 yilda Aris daryosining Sirdaryoga quyiladigan joyidagi Forob qishlog‘ida tug‘ilgan. U dastlabki bilimni Forobda olgach, Toshkent, Samarqand, Buxoro va O‘rta Osiyoning boshqa o‘lkalarida taxsil oladi, lekin u o‘zining bu yerlarda ilmga e’tiyojini qondira olmaydi. Ilmga katta hayotiy e’tiyoj sezgan Farobiy jahon ilm markazlaridan biri Bog‘dodda qo‘nim topdi. Bu yerda u tinmay o‘qib o‘rganadi, arab tili va adabiyotini mukammal egalladi, Shom, Misr o‘lkalarida o‘qidi, mudarrislik qildi.
Farobiy ilmning barcha sohalarida ijod qilib, buyuk asarlar yozdi. XII-XIII asrlarning yirik olimi Zahiriddin al-Bayhaqiy fikricha, islom o‘lkalari olimlari orasida unga teng keladigan odam dunyoga kelgan emas.
Farobiy yirik faylasuf, tilshunos, mantiqchi, riyozatchigina emas, shu bilan birga, sotsiolog, tibbiyotchi, psixolog, musiqa ilmining nazariyotchisi va amaliyotchisi hamdir. “Falsafani o‘rganishda nimalarni bilish kerak?”, “Falsafiy savollar va ularga javoblar”, “Mantiqqa kirish”, “She’r san’ati”, “Shoirlarning she’r yozish san’ati va qonunlari haqida”, “Ilmlarning kelib chiqishi to‘g‘risida”, “Aql to‘g‘risida”, “Inson a’zolari haqida risola”, “Fozil shahar odamlari qarashlari”, “Davlat haqida” kabi 160 dan ortiq qimmatli asarlar yozdi.
Qadimgi yunon falsafasini, xususan Aristotel asarlarini chuqur va mukammal bilish, tarjima qilish, ilmiy she’rlar yozish, targ‘ib tashviq ishlarida Farobiyga tenglashadigan donishmand bo‘lmagan.
Farobiy jaxon fani taraqqiyotiga qo‘shgan bebaho hissasi bilan shu darajada katta shuxratga erishganki, uni hayotligidayoq, Aristoteldan keyingi yirik mutafakkir Muallim as-Soniy “Ikkinchi muallim”, “Sharqning Aristoteli” nomlari bilan atashdi.
Farobiy ilk o‘rta asr sharoitida aql va ilm tantanasi, ma’naviy ozodlik, inson takomili va adolatli jamiyat uchun kurashgan siymo edi. Shu o‘rinda Farobiyning ijtimoiy hayot, jamiyat, masalalaridagi muhim falsafiy qarashlari katta ahamiyatga egadir. U o‘zining “Fozil shahar odamlarining qarashlari” kitobida davlatni har tomonlama yetuk, o‘zida eng yaxshi insoniy fazilatlarni namoyon qilgan kishilar yordamida boshqarish zarurligini qayd etadi. Shuningdek, u har tomonlama yetuk, aholini ilmiy-ma’rifatga olib boruvchi ideal jamiyat haqidagi fikrni olg‘a suradi. Farobiy “Fozil shahar odamlarining qarashlari” kitobida davlatni boshqaruvchi hokim Olloxdan boshqa hech kimga bo‘ysunmasligi kerak, u tabiatan o‘n ikkita xislat fazilatni o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lishi zarur deydi. Shu bilan birga uning fikricha shahar hokimi bilimli, ma’rifatga xavasli, taom yeyishda, ichkilikda o‘zini tiya biladigan, haq va haqiqatni sevadigan, yomonlardan jirkanadigan kishi bo‘lishi lozim.
Musulmon uyg‘onish davrining yana bir qomusiy olimi Abu Ali ibn Sinodir. Insoniyat Abu Ali ibn Sino (980-1037yy)ni jahon fanining ulug‘ arbobi, uyg‘onish davri madaniyatining yirik namoyondalaridan biri sifatida biladi.
Buyuk alloma ellik yetti yil umr ko‘rgan bo‘lsa, buning 18 yilini ilm-taxsiliga sarf qildi. Shu yillar davomida to‘rt yuz ellikdan ortiq asarni yozdi. Uning bu asarlari ilm-fanning barcha sohalariga taalluqlidir. Ana shu asarlari bilan Ibn Sino O‘rta Osiyo xalqlari madaniyatini dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqdi. Shuning uchun uni “Shayx ur-rais” - “Olimlar olimi” deb atashgan edi.
Ibn Sino asarlarining 40 dan ko‘prog‘i tibbiyotga, 30 dan ortig‘i tabiiy fanlar va musiqaga oid bo‘lib, qolganlari falsafa, mantiq, ahloq, iloxiyot, ijtimoiy-siyosiy mavzularda edi. Bizga 160 ga yaqin asari yetib kelgan. “Kitob ush-shifo” (“Shifo kitobi”), “Donishnoma”, “Kitob ul-koinot” (“Koinot kitobi”) kabi ilmiy asarlari, 5 jildli “Kitob al-qonun fit-tib” (“Tib qonunlari kitobi”) ko‘p asrlar davomida tibbiyotdan asosiy dastur qilib kelindi, hozir ham birqancha dorilfununlarda o‘rganiladi.
Shunday qilib, Ibn Sino o‘z asarlarida tabiat, jamiyat rivojlanish qonuniyatlari to‘g‘risida qimmatli xulosalar berib, kishi aqlini nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatdi. Tabiat sirlari va haqiqatni bilish mumkinligiga qattiq ishonadi. Shuning uchun ham olim odamlarni bir-biri bilan do‘st, inoq bo‘lib yashashga chorlaydi. Odamlar sofdil, samimiy do‘st bo‘lib yashasa, bir yoqadan bosh chiqarsa, har qanday mushg‘ulot oson bo‘lishiga qattiq ishonadi.
Xorazmlik buyuk olim Abu Rayxon Beruniy (973-1048yy) jahon fani va madaniyati taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shgan siymolardan hisoblanadi.
Beruniy bilan G‘aznada yashagan mashhur tarixchi Abul Fayz Bayhaqiy (1077 yilda vafot etgan) olimga baho berib, bu odam ilmi adabda, narsalarning mohiyatini aniqlashda, xandasa va falsafada shu qadar bilimdon ediki, uning zamonida unga tenglashadigan hech kim yo‘q edi. XIII asrda yashagan yirik olim Yoqut Xamaviy ta’biri bilan aytganda, zamona ilm va aqlda unga teng keladigan boshqa olimni ko‘rmadi. Beruniy 16 yoshidan astronomik kuzatishlar olib borganligi ma’lum. Ustozi xorazmlik atoqli olim Abu Nasr ibn Iroq al- Mansur (1035 yilda vafot etgan). 12 ta asarini Beruniyga bag‘ishlagan. Dunyoda birinchi globus (diametri 5 m li yarim shar) yasagan. Beruniy Xorazmdagi “Ma’mun akademiyasi”ga rahbarlik qilib bir qancha shogirdlar chiqargan. Beruniy butun kuchi, hayoti, aql-idroki va tafakkurini ilm-fanga bag‘ishlagan allomalardan biri edi. Beruniyning ilmiy merosi 160 dan ortiq kitob va risoladan iborat. “Al-qonun al-Ma’sudiy”, “Xindiston”, “Geodeziya”, “Xronologiya”, “Minerologiya”, “Saydona” (“Dorivor o‘simliklar haqida kitob”) asarlarida insoniyat uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan g‘oyalarni o‘rtaga tashlagan. Ayniqsa, buyuk mutafakkir “qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Xindiston” kabi tarixiy asarlarida tabiat, jamiyat taraqqiyoti va uning istiqboli haqida fikr berib, unda mehnatning, ilm-fanning roli beqiyos ekanligini uqtirib o‘tadi.
Beruniy jamiyat taraqqiyotini fan taraqqiyotida ko‘radi, ilm diniy va hududiy chegaralarga qaramay inson va jamiyatga xizmat qilishi kerak deb hisoblaydi. “Mening butun fikri-yodim, qalbim, bilimlarni targ‘ib qilishga qaratilgan, chunki men bilim orttirish lazzatidan baxramand bo‘ldim, buni men o‘zim uchun katta baxt deb hisoblayman”, -deb yozgan edi olim.
Biz yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, IX-XII acrlarda aniq va tabiiy fanlardan matematika, astronomiya, geodeziya, minerologiya, tibbiyot, botanika va boshqa soxalar ancha taraqqiy etdi.
Mashxur astronom va matematik olim Nasriddin Tusiy (Abu Ja’far Muxammad ibn Muxammad ibn Xasan, 1201-1274 yy.) fan taraqqiyotiga katta xissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlardandir. Uning «Axlodi Nasriy», «Tajrid» kabi asarlari sharqda keng tarqalgan bo‘lib, minerologiya, tibbiyot, fizika, mantiq, falsafa va boshqa soxalarga oid asarlar yaratib, ushbu fanlar rivojiga kata hissa qo‘shdi.
IX-XII asrlarda O‘rta Osiyoda o‘rta asr tarixshunosligi rivoj topib, arab va fors tillarida bir qancha yirik tarixiy va geografik asarlar bitilgan. Bu borada Abu Bakr Narshaxiyning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. U 899 yilda Buxoroda tug‘ilib, 959-960 yillarda vafot etgan. Undan meros tariqasida yagona asari “Buxoro tarixi” bugungacha yetib kelgan. Uni 1128 yilda quvalik tarixchi Abu Nasr al-Kuboviy qisqartirib, voqealar bayonini davom ettirib fors tiliga tarjima qilgan. Bu tarjimaning qayta ko‘chirilgan va voqealari bayoni (1220 yillargacha yetkazilgan nusxasi) bizgacha yetib kelgan. “Buxoro tarixi” O‘rta Osiyoda islomgacha bo‘lgan diniy e’tiqod va urf-odatlar, islom dinining tarqalishi, Muqanna voqeasi haqida ma’lumot beruvchi asosiy manba hisoblanadi. Unda somoniylar davridagi voqealar, ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayot keng yoritilgan. Shunday qilib, Narshaxiy merosi xalqimizning ma’naviy boyligi sifatida avlodlarga xizmat qilib kelmoqda.
X asrlarga kelib sharqda buyuk davlatlar – Somoniylar, G‘aznaviylar, Qoraxoniylar hukmron davlat sifatida barqaror bo‘lgan bir sharoitda Xorazm ham qudratli va mustaqil davlat sifatida tarkib topgan. Bu davrda Xorazmda Ma’muniylar sulolasi (995-1017 yy) xukmronlik qilgan.
Halifa al-Ma’mun “Bayt ul-hikma” sining shuhrati tez orada xalifalikning barcha yerlariga yetadi. IX asr oxiri X asr boshlarida xalifalikdan mustaqillikka erishgan hududlarning hukmdorlari yo an’ana sifatida, yoki Ma’munga taqlid qilib, o‘z saroylarida ma’rifat ahlini to‘plashga urinadilar. Lekin bu urinishlarning ko‘pi muvaffaqiyatsiz bo‘lib chiqadi. Faqat ba’zi hollarda xukmdorlar saroylarida shoirlar va muarrixlar to‘planib, ular asosan maddohlik bilan mashg‘ul bo‘lganlar.
Bu borada Xorazmning hukmronlari – Xorazmshohlar alohida o‘rin tutadi. Xorazmda, uning qadimiy poytaxti Katda (hozirgi Beruniy) 305 yildan to 995 yilgacha afrig‘iylar hukm suradi. Lekin 712 yildan boshlab Xorazmning ikkinchi qadimgi shahri Gurganch arablar tomonidan qo‘yilgan amirning qarorgohi vazifasini bajaradi. Bu amirlar alohida Iroqiylar sulolasini tashkil qildi. Ikkala sulola ham Xorazmshohlarning qadimgi odati bo‘yicha o‘z saroylarida maslahatgo‘y sifatida islomgacha zardushtiylik koxinlarini, islom davrida esa obro‘li olimlarni saqlab turardilar.
995 yili Gurganch amiri Ma’mun I ibn Muhammad ibn Iroq Afrig‘iylar sulolasiga barham beradi va poytaxtni Gurganchga ko‘chirib, o‘zini Xorazmshoh deb e’lon qiladi. Aftidan, bu sulola almashinishi Xorazmdagi siyosiy barqarorlikka putur yetkazgan ko‘rinadi, chunki ba’zi olimlar, jumladan Iroqiylarga xayrixoh bo‘lgan Beruniy ham Xorazmni tark etishga majbur bo‘ladilar. 998 yili Ma’mun I vafot etib, Ali ibn Ma’mun taxtga o‘tirganidan keyin Xorazmdagi siyosiy ahvol barqarorlashadi. To‘la ishonish mumkinki, uning otasiyoq Gurganchga Xorazmning barcha ilmiy salohiyatini mujassamlashtirishga uringan. Lekin uning vafoti bunga imkon bermadi. Bu ishni uning o‘g‘li Ali ibn Ma’mun sharaf bilan bajardi.
Ali ibn Ma’mun ana shunday og‘ir siyosiy muhitda dono va zukko maslahatchilarga muxtoj edi. Uning baxtiga tog‘asi Abu Nasr ibn Iroq (X asr-1034yy) o‘z davrining o‘ta bilimdon olim edi. U tirikligidayoq “o‘z davrining Ptolemeyi” degan laqabni olgandi. Undan tashqari Abu Nasr ibn Iroq Abu Rayhon Beruniyni o‘z xonadonida tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Ana shu ikki siymo tufayli Iroqiylar saroyida ilm ahli uchun ideal sharoit yaratiladi. Bu ikki shaxs yaqin va o‘rta sharqdagi ko‘plab olimlar bilan shaxsiy yozishmada edilar. Buning ustiga X asr oxiriga kelib Somoniylar sulolasiga barham beriladi. Ibn Iroq va Beruniyning takliflari bilan 1004 yildan boshlab Nishopur, Balx va Buxorodan va hatto arab Iroqidan ham olimlar Gurganchga kela boshladilar. Shu tariqa Gurganchda “Dorul hikma va maorif” nomini olgan ilmiy muassasa to‘la shakllanadi. Bu ilmiy muassasada xuddi Bag‘doddagi “Bayt ul-hikma”dagi kabi ilmning barcha sohalarida tadqiqot va izlanishlar olib boriladi. Beruniy keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu muassasada suryon va yunon tillaridan ba’zi asarlar tarjimalari ham bajarilgan.
Ali ibn Ma’mun vafotidan keyin (1009) uning ukasi Ma’mun ibn Ma’mun Xorazmshohlar taxtini egallaydi. U Beruniyni saroyga yaqinlashtiradi va o‘ziga eng yaqin maslahatchi qilib oladi. Ma’mun akademiyasi faoliyati uchun yanada kattaroq imkoniyatlar ochiladi.
O‘rta Osiyo xalqlari buyuk tarixga ega. Ko‘plab olimlar fikrlariga ko‘ra, bu o‘lkada eramizdan oldingi IX asrdan VII asrgacha shaharlar madaniyati beto‘xtov rivojlana boshlagan. IX-XII asrlarda O‘rta Osiyoda yerga ishlov berish, chorvachilik, bog‘dorchilik sohalarida katta yutuqlarga erishilgan. Ayniqsa IX-XII asrlar ushbu o‘lka xalqlari uchun buyuk yuksalish davri bo‘lgan.
Xorazm hukmdorlarining faol hatti-harakatlari tufayli IX asrning ikkinchi yarmida Xorazmshohlar davlati vujudga kelib, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy yuksalishi ham aynan IX-XII asrlarda yuz berdi.
X asrda Xorazm Somoniylar davlati tarkibiga kirgan. Lekin xorazmshohlar sulolasi Amudaryoning o‘ng tomonida hukumronlikni davom ettirganlar, Somoniylar esa Ko‘xna Urganchda qarorgohga ega bo‘lib, fakat Xorazmning chap qirg‘og‘ini idora qildilar.
X asr oxirida Qoraxoniylar zarbalari ostida Somoniylar davlati qulagach, mamlakatni Afrig‘iylar sulolasi vakili Abu Abdulloh Muhammad boshqara boshladi. U Kat (hozirgi Beruniy) shahrini o‘zining qarorgohi deb e’lon qildi. Bu davrda Xorazmning chet davlatlar bilan aloqalari yanada kuchaygan edi. Turli sohalardagi bunday munosabatlar mamlakat shimoliy-g‘arbida joylashgan Gurganch shahrining yuksalishiga olib keldi. Xorazm amalda ikkita mustaqil davlatga bo‘linib ketdi: Shimoliy Xorazm poytaxti Ko‘xna Urganch bo‘lsa, janubiy Xorazm hukmdori - xorazmshoh qarorgohi Katda joylashgan edi. Bu ikkala shahar ham O‘rta Osiyodagi yirik savdo markazlari bo‘lgan.
Ma’mun ibn Muhammad (995-999), Ali ibn Ma’mun (999-1009) lar davlat mustaqilligini yanada mustahkamlab, uning harbiy qudratini oshirdilar. Endi uni qo‘shni mamlakatlar jumladan, Xurosonda tashkil topgan G‘azna podsholigi, Arab xalifaligi, Kiev Rusi ham uni tan olar edi. Xorazm boshqa davlatlar siyosatiga ham faol ishtirok etadigan bo‘ldi. Hatto Kiev qnyazi Vladimir ham islom diniga o‘tish istagini bildirib, Xorazmga o‘z vakillarini yuborganligi haqida ma’lumotlar bor. Ma’muniylar mamlakat hududini ham ancha kengaytirishga muvaffoq bo‘ldilar: endi Xorazm Sirdaryo, Kaspiy (Xozor) dengizi, Volgabo‘yi oraliqlarini o‘z ichiga olgan edi.
Chet davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy aloqalarning o‘sishi, mamlakat mustaqilligining mustahkamlanishi o‘lkada ilm-fan, madaniyatning yuksalishiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. Xorazmliklar uzoq o‘lkalarga borib savdo qilishlari natijasida o‘zga xalqlar madaniy hayoti bilan tanishishga ega bo‘lganlar. Xorazmda osoyishtalik va tinchlik qo‘shni mamlakatlar olimlari, shoiru san’atkorlarini o‘ziga tortar edi.
Xorazmshoh Ali ibn Ma’mun ham bilimdonligi va ilmga bo‘lgan qiziqishi bilan mashhur edi. U hukumronlik qilgan davrda Gurganch sharqdagi eng yirik ilm-fan va madaniyat markazlaridan biriga aylandi. Ali ibn Ma’mun saroyiga olimu-ulamolarni yig‘adi, ijodiy faoliyat uchun ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab quvvatlaydi.
Ali Ibn Ma’mun Gurganchda masjidlar, madrasalar, kasalxonalar qurdirgan. Shahar ko‘chalarida tozalik yuqori darajada bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin. Zero, o‘sha davrlarda bunga jiddiy e’tibor bilan qaralgan. Yo‘llarga silliqlangan toshlarning yotqizilishi, shahar hayotining a’lo darajada tashkil qilinganligi IX-XII asr ko‘chalarining alohida tartibli bo‘lishiga olib kelgan.
Demak, Ma’mun ibn Ma’mun akademiyasi poydevori uning akasi Ali ibn Ma’mun davridayoq qo‘yilgan edi.
Xorazmshoh Ma’mun ibn Ma’mun akademyasi (“Majlisi ulamo”)da Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Saxl Masixiy, Abu Nasr ibn Iroq, Abu Said ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Miskavayx, Abul Xayr Hammor, Abu Mansur as-Saolibiy, Ahmad Muhammad as-Saxriy, Abu Muhammad Ibn Xidr al-Xo‘jandiy, Zaynuddin Jurjoniy, Abulkarim Zirg‘aliy, Abu Abdulloh al-Vazir, Abul Xasan Ma’mun, Abu Muhammad Xorazmiy, Abduavval ibn Abdusamadiy, Abu Azoq ibn Baxnom, al-Qosiy, Abu Abdulloh Iloqiy, Abusaid Shabibiy, Abu Abdulla al-Biy an-Naysaburiy, al-Xorojiy, al-Xamdakiy, Ihmad Ma’suriy, Abu Muhammad Rakkoshiy, Abu Abdulloh Ibn Xomid Xorazmiy, Abubakr Muhammad Xorazmiy, Qamariy, Ahmad ibn Muhammad as-Suhayli al-Xorazmiy va boshqa olimlar ijod qilganlar. Ular matematika, astronomiya, ruhiyat, al-ximiya, mantiq, tibbiyot, falsafa, tarix, tilshunoslik, ta’lim-tarbiya, adabiyot, musiqa, geografiya, geodeziya, topografiya, mexanika singari turli fan sohalari bilan shug‘ullanib, ularning kelajakda jahon miqyosidagi rivojiga zamin yaratganlar.
Abu Nasr Mansur Ali Ibn Iroq (Arroq X asr-1034yy.) - Beruniyga ustozlik qilgan buyuk matematik, astronom. U xaqda atoqli matematik, shoir va astronom Umar Xayyom “Matematika bilan shug‘ullanganlar ichida eng ulug‘i”, -degan edi. Ibn Iroqning “Podsho al-Magesti”, “Isloh kitob Manamus”, “Geometriyadan savollarga javob” va boshqa asarlari ma’lum.
Abu Saxl Iso Ibn Yahyo Al-Jurjoniy Al-Masihiy (970-1011yy.)- Ma’mun akademiyasi falsafa, ruhshunoslik, tibbiyot, ahloq masalalari bilan shug‘ullangan buyuk alloma. Hayoti va ilmiy ijodi davomida ko‘plab shogirdlar ham tayyorlagan Masihiyning “Umumiy tibbiyot kitobi”, “Ruh xaqidagi kitob”, “Tibbiyotga doir yuz masala” asarlari ma’lum.
Abu Ali Ahmad Ibn Muhammad Ibn Ya’qub Ibn Miskavayx (Mashkuya) - atoqli tarixchi, ma’rifatparvar, musulmon mamlakatlarining tadqiq qilgan allomaning “Xalqlarning tajribalari xaqida kitob” asarida qimmatli tarixiy ma’lumotlar mujassamlashgan. “Jovidoni Xirad” risolasida esa uning ma’rifiy-axloqiy qarashlari aks ettirilgan.
Abu Mansur Abdumalik ibn Muhammad ibn Ismoil As-Saolibiy - tarix, adabiyot, mantiq, tilshunoslik bo‘yicha qomusiy bilimlar sohibi, akademiyaning eng sermahsul ijodkorlaridan. Kishilar ahloqi, so‘zlashish odobi muammolariga oid ko‘plab asarlar muallifi bo‘lgan alloma bizga boy meros qoldirgan. Saolibiy “Asr ahllarining Fozillari xaqida zamonasining durdonasi”, “Afzal xulqlar”, “Til qonunlari va arab tili sirlari”, “Ajoyib ma’lumotlar” va boshqa asarlar muallifidir.
Abu Ubayd Juzjoniy – hakim Abu Ali ibn Sino shogirdi, falsafa, tibbiyot, fiqx sohalari bilan shug‘ullangan. Juzjoniy ustozi merosini saqlash borasida ayniqsa fidoyilik namunasini ko‘rsatdi. Uning mashhur asari “Olimlar boshlig‘i (ibn Sino)ning tarjimai holi”dir. Juzjoniy ustozi asarlarini kunt bilan o‘rganishdan tashqari jarrohlik operasiyalarida ham ishtirok etgan. Tibbiyotga doir “Shohlar tabobati”, “Tabobatlik maqsadi”, “Xorazmshohlar xazinasi”, “Tabobat sohasidagi estalik” asarlari uning qalamiga mansubdir. Ulardan eng yirigi 12 jildlik “Xorazmshohlar xazinasi” edi. Bu asarlar bizgacha yetib kelmasada, o‘z davrida tibbiyot fani taraqqiyotiga katta hissa qo‘shganiga gumon yo‘q. Alloma ustozi ibn Sinoning “Al-Qonun” asarini qisqartirib, uni ixchamlashtirganligi natijasida olimlar undan kengroq foydalana olganlar.
Ma’mun o‘z saroyida olimlar bilan ilmiy muzokaralar o‘tkazib turgan. Ular turli sohalar bo‘yicha xilma-xil muammolarga oid o‘z fikrlarini bildirganlar, baxslashganlar. Bunday ilmiy anjuman g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar hadya qilingan, muruvvat ko‘rsatilgan.
Allomalarga Beruniy boshchilik qilgan bo‘lib, xorazmshohning bosh vaziri, ilm-fan homiysi as-Saxriy ham olimlar uchun haqiqiy ijodiy muhit yaratishda o‘z xizmatlarini ayamagan. Allomalar ko‘xna Urganchning boy kutubxonasida mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lganlar, o‘z shogirdlari bilimlarini chuqurlashtirib, tafakkurini kengaytib borganlar. Akademiya vakillari nafaqat O‘rta Osiyo, balki butun Sharq va G‘arb mamlakatlarida ilm-fan yuksalishiga munosib hissa qo‘shganlar. Ular Gurganch ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, Movarounnaxr va Xurosonda uning nufuzi yanada oshishiga baholi qudrat xizmat qilganlar.
IX-XII asrlarda Movarounnahr va Xorazmda adabiyot, she’riyat rivoj topdi. Uning rivojiga Rudakiy (858-941yy), Abu Mansur Daqiqiy (956-980yy), Abdulxasan Balxiy (915 yili tug‘ilgan.Vafot etgan yili noma’lum) va ko‘pgina boshqa shoirlar katta hissa qo‘shdilar.
Rudakiy IX asr oxirida Panjikent yaqinida Panjrudak qishlog‘ida tug‘ildi. Yoshlik chog‘idayoq u rud (chang) chalishni yaxshi o‘rgangan, she’r yozib kuy bastalagan va xofizlik qilgan. Xalq orasida katta obro‘ga ega bo‘lib, hatto Somoniylar hukmdori Nasr ibn Axmad (914-943yy) tomonidan sozanda va shoir sifatida saroyga chaqirtirib olingan.
Rudakiy o‘z she’rlarida ona Vatanini, uning tabiati va aholisini, insoniy his-tuyg‘ularini tarannum etadi. Shoir haqsizlik va adolatsizlikni qoralaydi. Bu davrning zakovatli shoirlaridan yana biri Daqiqiy edi. Avval u Chag‘oniyon hukmdorlari, so‘ngra somoniylar saroyiga taklif etiladi. Daqiqiy an’anaviy saroy she’riyatidan farqli o‘laroq, xalq rivoyatlari va epik dostonlar asosida yangi poetik yo‘nalishda ijod qiladi. U Abu Mansurning nasriy “Shoxnoma”si asosida birinchi bo‘lib, she’riy “Shoxnoma” asarini yaratishga kirishadi. Biroq ming bayt yozib bo‘lgach, shoir o‘z g‘ulomi tomonidan fojiona o‘ldiriladi. Daqiqiyning “Gushtaspnoma” deb nomlangan ming baytini keyinchalik Abulqosim Firdavsiy o‘z “Shoxnoma”sining kirish qismiga qo‘shgan.
Abulqosim Firdavsiy (934-1030yy) fors-tojik adabiyotining mumtoz shoiri. U dunyoga mashhur “Shoxnoma” asarini yaratdi. Bu doston Eron va Turon xalqlarining o‘tmishiga bag‘ishlangan bo‘lib, vatanparvarlik ruhida yozilgan. “Shoxnoma” jahon adabiyoti xazinasining noyob durdonalaridan biri hisoblanadi. Asar juda ko‘p tillarga, jumladan o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.
XI asrda yashab ijod qilgan Maxmud Qoshg‘ariyning hayoti va ijodiy faoliyati to‘g‘risida kam ma’lumotlar yetib kelgan. Bobosi Muhammad va otasi Xusayn Qoshg‘ardagi Beregon shahridan bo‘lgan. Qoshg‘ariylar oilasi Bolasog‘unga (Qirg‘izistonning hozirgi To‘qmoq shahri) ko‘chib kelishganda Maxmud hali yosh bola edi. Bo‘lajak olim bu shaharda o‘z ilmini oshirib, arab, fors tillarini o‘rgandi. U yoshlik chog‘idayoq xalq jonli tilidan so‘z va iboralarni qunt bilan yozib bordi, har bir so‘z, iborani sharhlash va ma’nosini aniqlashga intildi. Qoshg‘ariy turkiy xalqlar tarixi, tili, madaniyati, urf-odatlarini puxta o‘rganish maqsadida butun O‘rta Osiyoni kezib chiqdi. Ana shu to‘plagan boy dalillar asosida xalqimizning buyuk olimi “Javoxirun naxv fi lug‘ati turk” (Turkiy tillarning sintaksisi durdonalari) va “Devonu lug‘otit turk” (“Turk tilining lug‘ati”) asarini yaratdi. Olimning bu asari 1074-1075 yilarda yozilgan bo‘lib, hozir bu nodir qo‘lyozma asar Istambulda saqlanmoqda. Asar katta ahamiyatga ega bo‘lib, unga dunyo xaritasini ilova qiladi va rus (Kichik Osiyo)dan to Xitoy hududlarigacha cho‘zilib ketgan yerlarda yashovchi turkiy xalqlar tarixi, geografiyasi, urf-odatlari, turmush tarzi, madaniyati to‘g‘risida boy ma’lumotlar beradi. Shuningdek asarda olim turkiy yozuv to‘g‘risida g‘oyatda qimmatli fikrlarni bayon qiladi va 18 harfdan iborat turk (uyg‘ur) alifbosini keltiradi. Asarda imlo masalasida ham muhim ma’lumotlar bor.
Xullas, she’riy usulda yozilgan buyuk mutafakkir Maxmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida yuksak ezgulik g‘oyalari, mehnatsevarlik, shaxsiy qahramonlik, g‘animlarga nafrat kabi qarashlar o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun bu asar hamon o‘zining ilmiy, tarixiy, ma’rifiy qimmatini saqlab kelmoqda.
Qoraxoniylar saltanati davrining buyuk siymolaridan biri bolasog‘unlik adib Yusuf Xos Xojib bo‘lib, hozirgacha bizga ma’lum bo‘lgan yagona didaktik badiiy-falsafiy “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga boshlovchi bilim”) asari bilan jahonga mashhur va ma’lum. Bu asarda ahloq-odob, ilm-ma’rifat, bola tarbiyasi, jamoat joylarida o‘zini tutish, so‘zning ahamiyati va qadri, mexmondorchilik qoidasi, turmush tarzi va inson ma’naviy olamining ko‘p masalalari yoritilgan. Ma’rifat jarchisi bo‘lgan Yusuf Xos Xojib markazlashgan kuchli davlat barpo etish uchun kurashuvchi donishmand, adolatli hukmdor qiyofasini ham chizadi. U xalq va davlat, davlat boshlig‘i va fuqaro, olimlar, hokim, qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalar, hukmron tabaqalarning hokimiyat, xalq oldidagi burchi haqida g‘oyatda zarur muammolarni ilgari suradi. Shu bilan birga ulug‘ olim o‘ta ziyraklik va donishmandlik bilan turli tabaqadagi kishilarnng dunyoqarashlari, hayot tarzlari, odatlari, ahloqlari haqida falsafiy mulohazalar silsilasini yaratdi. U kishilarni dunyoviy fanlarni chuqur o‘rganishga, yuqori darajada ma’lumotli bo‘lishga chaqiradi. Ana shunday falsafiy g‘oyalar ilgari surilgan “Qutadg‘u bilig” asari xalqaro maydonda tan olingan asardir. Olimning mazkur asari xalqimiz ma’naviy boyligining eng muhim durdonalaridan hisoblanadi.
Turkiy adabiyotning yirik va zabardast vakillaridan biri Axmad Yugnakiydir. (XII asr oxiri- XIII asr boshlari) Uning hayoti va ijodiy faoliyati haqida ma’lumot juda kam bo‘lib, adibning yagona merosi “Hibatul- haqoyiq” (“Haqiqatlar armug‘oni”)dir.
Ahmad Yugnakiyning “Xibatul-haqoyiq” asari o‘zbek adabiy merosining buyuk namunasi sifatida uning keyingi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi. Doston dunyoning bir necha tillariga tarjima qilingan.
IX-XII asrlarda Movarounnahr va Xorazmda me’morchilik va san’at yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Bunga, albatta, o‘rta asr jamiyatining ijtimoiy-siyosiy tuzumi va bu davrda to‘la g‘alaba qozongan islom dini mafkurasi madaniy hayotning bu sohasiga ham kuchli ta’sir qildi.
Bu davrga kelib, Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, O‘zgan va Marv kabi shaharlarda ko‘plab saroy, machit, madrasa, minora, xonaqox, maqbara, tim va karvonsaroylar qurildi. Buxoro shahridagi Ismoil Somoniy, Zarbuloq yaqinida joylashgan Tim qishlog‘idagi Arabota, Karmanadagi Mirsayyid Bahrom maqbaralari, Buxorodagi Nomozgox, Minorai Kalon, Vobkent va Jarqo‘rg‘on minoralari o‘sha davr me’morchiligining namunalaridir. Bu yodgorliklar X-XI asrlarda Movarounnahrda o‘ziga xos me’morchilik g‘oyat rivoj topganligidan dalolat beradi.
IX-XII asrlarda me’morchilik bilan birga naqqoshlik va o‘ymakorlik sanoati ham ancha rivojlandi. Bu davrga kelib naqqoshlik va tasviriy san’at o‘zgacha tus oldi. Endilikda jonli mavjudotlarni tasvirlashda murakkab geometrik va islimi gulli naqshlar ishlashga o‘tiladi.
Ayniqsa, bu davrlarda Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlar qulolchilik, misgarlik, zargarlik rivojlangan markazga aylandi.
Shunday qilib, IX-XII asr me’morchiligi va unda ishlangan me’moriy naqsh uslublari o‘z navbatida mehnatkash aholining did, nafosat va binokorlik g‘oyalari bilan chambarchas bog‘langan xalq me’morchiligining sermazmun ijodini namoyish etadi. IX-XII asrlarda musiqa sanoati ham g‘oyat taraqqiy qiladi.
Manbalarda Abu Bakr Rubobiy, Bunasr, Buamir, Chanchi Lukariy kabi sozandalarning nomlari saqlanib qolgan. Rudakiy rud va tanbur kabi sozlarni chaladigan va hushovoz hofiz bo‘lgan.
Bu davrda xalq kuylari asosida “Rost”, “Xusravoniy”, “Boda”, “Ushshoq”, “Buslik”, “Sipoxon”, “Navo”, “Basta”, “Tarona” kabi yangi-yangi kuylar ijod qilindi.
Bu davrlarda ulug‘ allomalarimiz Farobiy va Abu Ali ibn Sinolar musiqa, musiqashunoslikka katta e’tibor beradilar va nodir asarlar yaratadilar.
IX-XII asrlarda O‘rta Osiyo hududida dunyoviy fan va madaniyat bilan bir qatorda islom madaniyati ham rivojlandi va taraqqiy etdi. Ayniqsa Movarounnahrda Samoniylar davlatini qaror topishi va uning ravnaqida islom ruhoniylarining hissasi katta bo‘ldi. Shu boisdan ularning obro‘si oshib, Buxoro sharqda islom dinining eng nufuzli markazlaridan biriga aylandi. Mamlakat ma’naviy hayotining tayanchi bo‘lgan islom mafkurasiga bu davrda “ustod” -din va ilm peshvolari raxnamolik qilardilar. Keyinchalik din peshvolari va islom ulamolarining raxnamosi shayx ul-islom deb yanada ulug‘landi. Shayx ul-islomdan keyin xatiblar turardi. Islom mafkurasi Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshoxlar hukmdorlarining tashqi va ichki siyosatlarida bosh yo‘naltiruvchi g‘oyaviy kuch bo‘lib xizmat qildi. Asta-sekin jamiyat a’zolari o‘rtasida ham islom diniga, Qur’oni karimga e’tiyoj kuchaydi. Natijada o‘lkamizda Qur’oni karimni sharhlovchi va tafsirini bayon qiluvchi asarlar yozgan ulug‘ islomshunos allomalar yetishib chiqdi. Imom Abu Mansur Moturidiy (870-944yy), imom Abu Lays ibn Muhammad Samarqandiy, imom Zamaxshariy (1075-1144yy), imom Nasafiylar (1027-1114yy) ana shular jumlasidandir.
Islom madaniyatining Qur’oni karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan nodir manbalardan biri hadislar, ya’ni Muhammad alayhissalomning diniy va ahloqiy ko‘rsatmalari, hikmatli so‘zlarining majmuidir.
Hadischilikning rivojlanishida IX asr oltin davr hisoblanadi. Buning sababi butun islom dunyosida eng nufuzli deb tan olingan oltita ishonchli xadislar to‘plamining mualliflari shu asrda yashaganlar. Yana shu narsa diqqatga sazovorki, mazkur olti Muxadisning deyarli hammasi O‘rta Osiyo tuprog‘idan yetishib chiqqanlar.
“Hadis ilmidagi Amir ul-mo‘miniyn” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan imom Ismoil al-Buxoriy (810-870yy) bo‘lib, 810 yil 20 iyulda Buxoroda tavallud topdi. Favqulodda qobiliyat hotiraga ega bo‘lib, 10 yoshdan xadislarni o‘rgana boshlagan va butun umrini xadis ilmiga bag‘ishlagan. Hijoz, Misr, Iroq, Huroson va boshqa o‘lkalarda yashab 600 mingdan ortiq xadis to‘plagan. Ulardan eng ishonchlilarini saralab 4 jildli “Al-jomi’ as-sahih” (“Sahihi Buxoriy”) to‘plamini tuzadi. Bu asar islom dunyosida Qur’ondan keyin ikkinchi manbaa sanaladi, islom dorilfununlarida asosiy darslik sifatida o‘rganiladi. Imom Buxoriy “Al-adab ul-mufrad” (“Adab durdonalari”), “Kitob asmo as-sahobi” (“Sahobalar ismlari kitobi”), “Tarixiy Buxoro” (“Buxoro tarixi”) va boshqa ko‘plab asarlar yozib qoldirgan.
Ulug‘ bobolarimiz qatorida Al-Buxoriy tavvalludi 1225 yilligining “YuNESKO” xomiyligida 1998 yil oktabr oyida dunyo miqyosida nishonlanganligi katta tarixiy voqea bo‘ldi.
Islom dunyosida nom qozongan buyuk muxaddis olimlardan biri Abu Iso Muxammad at-Termiziy 824 yilda Termiz shahrida tug‘iladi. 894 yilda vafot etgan. 1990 yilda bu ulug‘ muxaddis tavalludining 1200 yilligini Turkiston musulmonlari keng nishonladilar. Abu Iso Muxammad at-Termiziy Samarqand, Buxoro, Marv va boshqa shaharlarda mashhur ulamo va muxaddislar asarlarini o‘rganib, islom dunyosining boshqa shahar va mamlakatlariga safar qiladi. Xususan, Hijoz, Makka, Iroq, Xuroson va boshqa joylardagi buyuk xadisshunoslar bilan muloqotda bo‘ladi. Ayniqsa, uning kamolotga yetishida Ismoil Buxoriyning o‘rni katta bo‘lgan. Nishopur shahrida istiqomat qilgan Imom Buxoriy atrofida to‘plangan ko‘p shogirdlarining eng mashhuri ham Imom Termiziy edi.
Ulug‘ muxaddis olim at-Termiziy xadislar to‘plab, bir qancha asarlar yaratgan. “Jome us-saxix” yoki “Sunnani Termiziy”, “Kitob ilal”, “Kitob at-tarix”, “Kitob at-Shomil an-Nabaviya”, “Kitob az-suxd” va boshqalardir.
Turkiy islom dunyosidagi buyuk mutasavvuf olim, sharq tasavvufida iz qoldirgan “Yassaviya” tariqatining asoschisi va turkiy klassik she’riyatining ulug‘ vakillaridan biri bo‘lmish Xoja A’mad Yassaviy 1096 yili Sayramda tug‘ilgan. Ilmiy adabiyotlarda vafoti 1165-1167 yillar deb ko‘rsatilgan. Yassaviy tariqatining birinchi va asosiy fazilati uning xalqchilligidir. Unda ham Olloh ham inson madh etiladi. Yassaviy o‘z “Hikma”larida insonni ulug‘laydi, uni adolatsizlikdan, zulmdan himoya etishga chiqaradi. Bu haqda u “qayda ko‘rsang ko‘ngli siniq maxram bo‘lgil, andog‘ mazlum yo‘lda qolsa, hamdam bo‘lgil” deydi. Axmad Yassaviy Buxoroga borib, Yusuf Xamadoniydan ta’lim oladi. Buyuk mutafakkirning asosiy maqsadi odamlarni Ollohni tanishga, uning yaqini bo‘lishiga da’vat etadi. Axmad Yassaviy inson o‘z pokligini saqlashi, gunoh orttirmasligi uchun nima ish qilish kerak, degan savolga o‘zicha javob beradi. U dunyodan yuz o‘girishi, umrini odamlardan uzoqda, yolg‘izlikda, uzlatda toat-ibodat bilan o‘tkazishi lozim deb hisoblaydi. Buni u Ollohga yaqin bo‘lishning, o‘ziga u dunyoda saodat ta’min etishning shartlaridan biri deb hisoblaydi. Agar inson jonini qiynab bo‘lsada, ibodat qilsa, nafsiga bardosh bersa, o‘shanda xudoning diydoriga yetadi, deydi. Shunday qilib, diniy ulamolarimizning falsafiy ta’limotlarida mehnatkash xalqning azob-uqubatlari va orzu-umidlari o‘z ifodasini topgan.
Tasavvuf ta’limotining buyuk siymolaridan biri xorazmlik Najmiddin Kubro (1145-1221yy) edi. Tasavvufdagi maxsus Kubraviya tariqati uning nomi bilan bog‘liq. U zamonasining yirik olimlaridan hisoblanib “Favoix al-jamol va favotix al-jalol” (“Jamolining muattarlari va kamolatning egalari”) “Al-usul al-amara” (“O‘nta qonun va qoidalar”) nomli asar va risolalar yozgan.
Najmiddin Qubro tariqati buyuk Xorazm davlati asta-sekin inqirozga yuz tutayotgan davrda yuzaga keldi. Odamlarni poklanishga, hayotga ishonch bilan qarashda, dunyoviy muhabbatni ulug‘lashda Qubraviya tariqati katta o‘rin tutdi. Unda tarkidunyochilik emas, balki mehnat asosida Olloh vasliga yetish g‘oyalari ilgari suriladi. Kubraviya tariqatida xalq va Vatan uchun xizmat qilish, Vatan mustaqilligi uchun kurashish g‘oyasi ustivorlik qiladi. Uning ta’limoti shunchaki quruq so‘z, shior, g‘oya bo‘lib qolmasdan, amaliy ahamiyatga ega ta’limotdir. Najmiddin Qubro Xorazm himoyasi uchun mo‘g‘ullarga qarshi jangga kiradi va shaxid bo‘ladi.
XIV asrda O‘rta Osiyo hududida tasavvuf ilmi Bahovuddin Naqshband (1318-1389yy) nomi bilan mashxur bo‘lib, u Buxoro yaqinidagi Xinduyon qishlog‘ida tug‘ilgan. Bahovuddin dastlabki ilmni Xoja Muhammad Samosidan, so‘ngra Said Amir Kuloldan olgan.
Naqshbandiya tariqati mehnat qilish va o‘zining halol mehnati bilan kun ko‘rish vazifasini yuklaydi: “Dil Olloh yodi bilan, qo‘l mehnat bilan band bo‘lsin” (“Dil ba yoru dast ba kor”) degan so‘zlar Naqshbandiya ta’limotining bosh naqlidir. Insonni mehnatga chorlash har bir jamiyatda ham, tabiiyki, umumtaraqqiyotga ijobiy ta’sir etgan.
Naqshbandiya ta’limoti taraqqiyotiga keyingi asrlarda Alisher Navoiy, Abduraxmon Jomiy, Xoja Ahror kabi allomalar katta hissa qo‘shdilar.
XIII asr boshlaridagi mo‘g‘ullar bosqini natijasida o‘lkamizda madaniyat o‘choqlari barbod bo‘ldi, san’at obidalari vayron etildi, mamlakat og‘ir tushkunlikka uchradi. Aholining ko‘p qismi qirildi, hunarmand axli qul etildi. Asrlar davomida Xitoy va Hindiston O‘rta Osiyo orqali Kichik Osiyo (Rum) va Yevropaga boruvchi mashhur ipak yo‘li mo‘g‘ullar bosqini davrida yo‘qolib ketdi. Bu davrda ilm va ma’rifatga ham katta zarar yetdi.