Demak, takror ishlab chiqarishning alohida ehtiyojlarini qondirish va uzluksiz
takror ishlab chiqarish jarayonini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun ijtimoiy
boylikni shakllantirish, taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlariga yo‘naltiriladigan
maqsad va vazifalarning yechilishini aniqlash moliyaviy siyosat deyiladi.
Moliyaviy siyosatga
quyidagicha boshqa ta’rif berish ham mumkin:
moliyadan foydalanishning metodlari, uni
tashkil qilishning amaliy shakllari va metodologik prinsiplarining majmui (yig‘indisi)
moliyaviy siyosat deyiladi.
Ayrim hollarda moliyaviy siyosat davlatning o‘z funksiyalarini bajarishi uchun moliyaviy
munosabatlardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan davlat organlarining ma’lum bir faoliyati
sifatida talqin qilinadi. Bunday talqin o‘zida bir necha xavfni mujassam etadi. Buning boisi
shundaki, iqtisodiyot taraqqiyotida davlatning roli to‘g‘risidagi jamiyatda hukmron bo‘lgan
tasavvurlarga muvofiq ravishda davlatning vazifalari va funksiyalari ham o‘zgaradi,
takomillashadi. Masalan, mamlakat iqtisodiyotiga davlatning aralashuvi, aholi turmush darajasi
ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini tenglashtirish va shunga o‘xshash davlatning funksiyalari va
vazifalarini aniqlaydigan boshqa bir qancha masalalar hamon munozaraligicha qolmoqda. Buning
ustiga, moliyaviy siyosatdan faqat davlatning funksiyalarini bajarish vositasi (instrumenti) sifatida
foydalanish davlat hokimiyat organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan moliyaviy
tizimning boshqa subyektlari, ya’ni aynan mamlakatning aholisi va xo‘jalik yurituvchi subyektlari
manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshiliklarni keltirib chiqaradi.
Masalan, ko‘plab mutaxassislar, shu jumladan, davlat hokimiyat organlarining vakillari
tomonidan amaldagi soliq mexanizmining kamchiliklari mavjudligi, biznesning ayrim sohalari
uchun esa uning oqibati juda yomon natijalarga olib kelishi mumkinligi ilmiy va amaliy jihatdan
asoslansa-yu, moliyaviy siyosat uzoq vaqt davomida o‘zgarmasdan qolaversa, amalga
oshiriladigan soliq islohotlari uning mohiyatini o‘zgartirmasa, bunday holda davlatning moliyaviy
siyosati davlat hokimiyatining tegishli organlari tomonidan faol ravishda hayotga tatbiq
etilayotgan alohida shaxslar guruhining moliyaviy siyosatiga aylanib
qolishi mumkin.
Yuqorida bayon qilingan fikrlardan quyidagi uch mantiqiy xulosa kelib chiqadi:
• birinchidan, moliyaviy siyosat faqat o‘z manfaatlarini ko‘zda tutadigan hokimiyat organlarining
u yoki bu maqsadlarga erishishining vositasi emas, balki jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy
vazifalarini yechish vositasi bo‘lishi kerak;
• ikkinchidan, davlatning moliyaviy siyosati faqat davlat hokimiyat organlarining emas, balki
moliyaviy tizim barcha subyektlarining manfaatlarini hisobga olishi lozim;
• uchinchidan, davlat moliyaviy siyosati va davlat hokimiyat organlarining moliyaviy siyosati
aynan bir xil narsa emas, ularni bir-biridan farq qilishini tushunish kerak.
Shunday qilib, davlat moliyaviy siyosatini mamlakat moliyaviy tizimning barcha
bo‘g‘inlarida moliyaviy resurslarning o‘sishini mutanosiblashtirilgan (balanslashtirilgan) holda
ta’minlash bo‘yicha davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining bir qismi sifatida e’tirof etish kerak.
Xorijiy tajribalarning ko‘rsatishicha, moliyaviy resurslarning mutanosiblashtirilgan holda
o‘sishining zarurligini inkor etish mamlakat moliyaviy tizimning o‘zini degradatsiyalashuviga,
iqtisodiyotning yemirilishi va vayron bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Moliyaviy siyosatning o‘ziga xos bo‘lgan eng asosiy xususiyati shundan iboratki, bu siyosat
mamlakat ishlab chiqaruvchi kuchlarining rivojlanishiga va iqtisodiy muvaffaqiyatlarga uzluksiz
ravishda ta’sir ko‘rsatib turishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Bunday siyosat aholining turmush
darajasi oshishini ta’minlab va davlat daromadlarining miqdorini ko‘paytirib, moliyaviy
xo‘jalikka nisbatan eng yuqori natijalarni berishi mumkin.
Moliyaviy siyosatning ana shunga yo‘naltirilganligi orqali uning quyidagi eng asosiy
maqsadini aniqlash mumkin: jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi turmushining
darajasi va sifatini oshirish uchun moliyaviy sharoitlarni yaratish moliyaviy siyosatning eng asosiy
maqsadidir. Agar gap korxonalarning moliyaviy siyosati xususida ketadigan bo‘lsa, bu narsa
korxona moliyaviy menejerlarining biznesni yuritish maqsadlariga erishish borasidagi maqsadga
yo‘naltirilgan faoliyatini anglatadi. Korxona moliyaviy siyosatining
maqsadi quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
• raqobat kurashi sharoitida korxonaning sog‘lom faoliyat ko‘rsatishiga erishish;
• yirik moliyaviy muvaffaqiyatsizliklardan va kasodga (bankrotga) uchrashdan himoyalanganlik;
• raqiblar bilan kurashda yetakchilikka (lider bo‘lishga) erishish;
• korxonaning bozor qiymatini ko‘paytirish;
• korxona iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
• mahsulot ishlab chiqarish va sotish hajmini oshirish;
• foydani maksimallashtirish;
• xarajatlarni minimallashtirish;
• rentabelli faoliyatni ta’minlash
• va boshqalar.
Korxona moliyaviy siyosatining u yoki bu maqsadlaridagi ustuvorlik, eng avvalo, biznesni
yuritishning maqsadlariga muvofiq ravishda aniqlanadi. Qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun
tegishli moliyaviy mexanizmdan foydalaniladi. Moliyaviy siyosat moliyaning o‘zida (boshqaruv
obyektlarida) bevosita mujassam bo‘lgan boshqaruvning salohiyatli imkoniyatlarini, ishning
konkret metodlari, moliyaviy tizimning (boshqaruv subyektlari) organlarini tashkil qilish bilan
yagona maqsadga birlashtirishga imkon beradi. Amaliyotda moliyaviy siyosat moliyaviy tizim
orqali amalga oshirilib, uning faoliyati quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi:
• moliyaviy tizim bo‘g‘inlarining o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarini inobatga olib moliyaviy
boshqaruvni amalga oshirish;
• barcha moliyaviy muassasalar funksiyalarining umumiyligi;
• barcha quyi boshqaruv organlarining faol ishtirokida markazdan umumiy boshqarish.
Moliyaviy siyosatni amalga oshirishning asosiy metodologik tamoyillari quyidagilardan iborat:
• pirovard maqsadga bog‘liqlik;
• xo‘jalik barcha tarmoqlarining makroiqtisodiy balanslashtirilganligi (muvozanatliligi,
mutanosibligi);
• jamiyat barcha a’zolarining manfaatlariga mos kelishi;
• real imkoniyatlar asosida ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarni hisobga olish.
Moliyaviy siyosatning amalga oshirilishini davlat tomonidan o‘z funksiyalari va dasturlarini
(uzoq, o‘rta va qisqa muddatli) bajarish uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularni taqsimlash
va qayta taqsimlashga yo‘naltirilgan davlat tadbirlarining majmui ta’minlaydi. Bu tadbirlarning
orasida moliyaviy munosabatlarning shakllari va normalarini huquqiy tartibga solish
(reglamentatsiya
qilish) muhim o‘rin egallaydi.
Moliyaviy siyosat o‘z-o‘zidan yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin emas. Uning yaxshi yoki
yomon ekanligi jamiyatning yoki uning ma’lum bir qismining manfaatlariga qanchalik
muvofiqligi va qo‘yilgan maqsadlarga erishish hamda aniq vazifalarning yechilishiga qanchalik
ta’sir ko‘rsatganligi bilan belgilanadi.
Hukumatning moliyaviy siyosatiga baho berish va uni o‘zgartirish bo‘yicha tavsiya berish uchun,
birinchi navbatda, butun jamiyat manfaatlari va aholining alohida guruhlari manfaatlarini ajratgan
holda jamiyat taraqqiyotining aniq dasturiga, yechilishi lozim bo‘lgan masalalarning muddatlari
va metodlarini aniqlagan holda istiqboldagi va yaqin yillardagi vazifalarning tavsifiga ega bo‘lmoq
lozim. Faqat ana shunday sharoitdagina moliyaviy siyosatni amalga oshirishning konkret
mexanizmini ishlab chiqish va unga xolisona baho berish mumkin.
Agar moliyaviy siyosat ijtimoiy taraqqiyotning ehtiyojlarini, jamiyat butun qatlamlarining va
alohida guruhlarining manfaatlarini, aniq tarixiy sharoitni va hayotning o‘ziga xos xususiyatlarini
qanchalik aniq darajada hisobga oladigan bo‘lsa, uning natijaliligi shunchalik yuqori bo‘ladi.
Bir vaqtning o‘zida, moliyaviy siyosatning muvaffaqiyatliligi muvofiqlashtirish mexanizmining
sifatli ishlab chiqarilishiga va jamiyat turli qatlamlari manfaatlarining amalga oshirilishiga hamda
davlatning ixtiyorida bo‘lgan real imkoniyatlarning mavjudligiga, ya’ni jamiyat ijtimoiy
tuzilmasidagi hamda ijtimoiy ong va ruhiy (psixologik) holatidagi o‘zgarishlarni hisobga olgan
holda moliyaviy siyosatning amalga oshirilishiga, ayrim hollarda, birbiriga qarama-qarshi ta’sir
ko‘rsatuvchi omillarning ta’siridan har tomonlama foydalanish mexanizmining ishlab chiqilishiga
bevosita bog‘liq.
Moliyaviy siyosat, eng avvalo, moliyaviy resurslarning maksimal hajmini shakllantirishga
yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Chunki aynan moliyaviy resurslar har qanday o‘zgarishlarning
moddiy asosini tashkil etadi. Shunga muvofiq ravishda moliyaviy siyosatni aniqlash va uni
shakllantirish uchun davlatning moliyaviy
ahvoli to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar zarurdir. Huquqiy demokratik davlatda moliyaviy
statistikaning ko‘rsatkichlari keng jamoatchilikka ham tegishli bo‘lishi kerak. Moliyaviy
hisobotlar esa doimiy, o‘z vaqtida beriladigan, hamma olishi mumkin bo‘lgan va eng asosiysi
ishonchli bo‘lmog‘i lozim. Moliyaviy siyosatning mazmuni u qamrab olishi mumkin bo‘lgan
moliyaviy munosabatlar rivojlanishi yo‘nalishlarining umumiy kompleksi bilan belgilanadi.
Ularning tarkibiga quyidagilar kirishi mumkin:
• moliyaviy siyosatning umumiy konsepsiyasini (uning maqsadlarini, prinsiplarini, vazifalarini,
amalga oshirish bosqichlarini va eng samarali metodlarini) ishlab chiqish;
• makrodarajada va bozor iqtisodiyotining subyektlari darajasida iqtisodiy o‘sishni
rag‘batlantiradigan bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga mos bo‘lgan dinamik holdagi moliya
mexanizmini shakllantirish;
• markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan resurslar va moliyaviy oqimlarning samarali
boshqarilishini oshirish bo‘yicha choralar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish;
• ijtimoiy takror ishlab chiqarish va iqtisodiyotni istiqbolli restrukturizatsiya qilishdagi roliga
muvofiq ravishda ijtimoiyiqtisodiy tizimning barcha darajalari va sohalari bo‘yicha moliyaviy
resurslarni oqilona (optimal) taqsimlashni tashkil qilish;
• iqtisodiy o‘sishning joriy va istiqboldagi moliyaviy salohiyatini shakllantirish.
Shuningdek, moliyaviy siyosatning mazmuni, uning asosiy yo‘nalishlari jamiyat taraqqiyotida
davlatning roli to‘g‘risidagi fanning rivojlanish darajasiga va iqtisodiyotni boshqarishda davlat
ishtirokining darajasini aniqlaydigan tegishli nazariy konsepsiyalarga, moliyaviy siyosatni amalga
oshirishning alohida vositalaridan foydalanishda, ya’ni moliyaviy munosabatlarni tashkil
etishning aniq shakllarida namoyon bo‘ladi. Shunga asosan ta’kidlash joizki, yigirmanchi asrda
jamiyatning taraqqiyotida davlatning roli to‘g‘risidagi masala bo‘yicha moliya nazariyasining
asosiy yo‘nalishlari mumtoz burjuaziya siyosiy iqtisodchilari A.Smit (1723-1780) va D.Rikardo
(1772-1823) hamda ingliz iqtisodchisi J.Keyns (1883-1946) va ularning izdoshlari tomonidan
aniqlangan. Mumtoz siyosiy iqtisod asoschilari bo‘lgan A.Smit va D.Rikardolar
konsepsiyalarining mohiyati shundan iboratki, davlat iqtisodiyotga aralashmasdan erkin raqobatni
saqlamog‘i lozim va
jamiyat xo‘jalik hayotini tartibga solishda asosiy rol bozor mexanizmlariga berilishi kerak. Ana
shu prinsiplarni inobatga olgan holda yigirmanchi asrning 20-yillari oxiriga qadar moliyaviy
siyosat davlat xarajatlari va soliqlarni cheklashga, davlatning muvozanatli (balanslashtirilgan)
byudjetini ta’minlashga qaratildi. Shu maqsadlarga muvofiq ravishda moliyaviy munosabatlarni
tashkil etish, asosan, harbiy, boshqaruv va davlat qarzini qaytarish hamda unga xizmat qilish
xarajatlarini byudjetdan moliyala shtirish orqali davlat funksiyalarining amalga oshirilishini
ta’minladi. Byudjet daromadlari esa, asosan, egri (bilvosita) soliqlar yordamida shakllantirildi.
XX asrning 20-yillari oxirlaridan boshlab keynschilik nazariy konsepsiyasi ustunlik qila
boshlab, unga ko‘ra iqtisodiyot taraqqiyotida davlatning rolini takror ishlab chiqarish jarayonining
siklik rivojlanishiga aralashish va uni tartibga solish orqali kuchaytirish zarurligi asoslandi.
Bunday moliyaviy siyosatni amalga oshirishning asosiy vositasi sifatida yangi ish joylarini
yaratishga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari maydonga chiqdiki, bu narsa bir vaqtning o‘zida bir
necha iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarning yechilishiga imkon berdi: aholining bandlik darajasi ortdi
va aksincha, ishsizlik kamaydi; tadbirkorlik faoliyati o‘sdi; qo‘shimcha talab shakllantirildi; MD
miqdori ko‘paydi; ijtimoiy ehtiyojlarni moliyalashtirishda katta imkoniyatlar paydo bo‘ldi va h.k.
Davlatning iqtisodiyotga aralashuvi Davlat byudjeti xarajatlari hajmining oshishiga olib keldi va
shunga muvofiq ravishda bir vaqtning o‘zida davlat daromadlari miqdorining oshirilishini
ta’minlashga qaratilgan moliyaviy choralar ko‘rildi. Daromad solig‘i davlat daromadlarini
oshirishning asosiy manbaiga aylandi. Uni
hisoblashda soliqqa tortishning progressiv stavkalari qo‘llanildi. Soliqlarning bunday tizimi MDni
taqsimlashda davlatning rolini oshirishga olib keldi.
Moliyaviy yo‘nalishda har ikkala nazariy konsepsiyalar o‘rtasidagi farq mohiyatan byudjet
defitsitini turli tarzda baholanishi bilan belgilanadi. Agar birinchi konsepsiya defitsitsiz byudjetni
shakllantirish va undan foydalanishning zarurligidan kelib chiqqan bo‘lsa, ikkinchi konsepsiya esa
byudjet defitsitining bo‘lishi mumkinligiga yo‘l qo‘ygan va buning ustiga iqtisodiy o‘sishni
rag‘batlantirishda byudjet defitsitiga faol rol ajratgan. Haqiqatan ham XX asrning 30-60-yillarida
keynscha moliyaviy siyosat deb nom olgan siyosat g‘arb mamlakatlarida o‘zining samaradorligini
isbotladi. Davlat iqtisodiyotga aralashuvining kengayishi va davlat tartibga soluvchi
funksiyasining kuchayishi oqibatida moliyaviy munosabatlarni tashkil qilish murakkablashdi.
Davlat xarajatlarini defitsitli moliyalashtirish siyosati davlat kreditining rivojlanishini belgilab
berdi. Uzoq va o‘rta muddatli qarzlarni jalb etish ssuda kapitallari bozorining rivojlanishiga olib
keldi va o‘zining ahamiyati bo‘yicha davlat moliyaviy resurslarini shakllantirishning ikkinchi
manbaiga aylandi. Buning natijasida MDni qayta taqsimlashda moliyaning roli yanada kuchaydi.
XX asrning 70-yillarida iqtisodiy nazariyaning neo-klassik yo‘nalishi moliyaviy
siyosatning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarini belgilab berdi. Bu konsepsiya davlatning tartibga
soluvchi rolidan voz kechmasa-da, lekin uning iqtisodiyotga va ijtimoiy sohaga aralashuvi
darajasini biroz chekladi. Amalda esa davlatning aralashuvi kamaymadi va aksincha biroz
kuchaydi. Chunki bunday aralashuv endilikda faqat Davlat byudjetining daromadlari va xarajatlari
orqali amalga oshirilib qolinmasdan, balki pul muomalasini, valyuta kursini, ssuda kapitallari va
qimmatli qog‘ozlar bozorini ham tartibga solish orqali sodir etildi. Buning natijasida davlatning
ta’sir doirasi kengaydi va kapitallar oqimida uning roli kuchaydi. Bularning barchasi
taraqqiyotning qayta qurilish tuzilmasiga va ijtimoiy omillariga o‘zining ta’sirini ko‘rsatdi. Ayni
davrda rivojlangan mamlakatlarning moliyaviy siyosati boshqa zamonaviy nazariyalar yordamida
amalga oshirilib, bu nazariyalar amalda tartibga solish ikki tizimining qo‘shilib ketganligidan
iborat. Shunga muvofiq ravishda ayrim davlatlar davlat tomonidan tartibga solishning ham
keynschilik va ham neokeynschilik tizimining turli-tuman elementlaridan foydalanishyapti.
Sovet davlatida va sotsialistik orientatsiyada (yo‘nalishda) bo‘lgan barcha mamlakatlarda
moliyaviy siyosat K.Marks (1818-1881) va V.I.Leninning (1870-1924) nazariy konsepsiyalari
ta’sirida shakllandi. Sotsialistik davlatning mohiyati va funksiyalari haqidagi markscha-lenincha
nazariya sovet davlati moliyaviy siyosatining asosiy prinsipini – moliyaviy markazlashtirishni –
belgilab berdi. Faqat davlatning ixtiyorida moliyaviy resurslar kata qismining to‘planishinigina
emas, balki moliyaviy munosabatlarni tashkil etishda davlatning yakka hokimligini ko‘zda
tutuvchi moliyaviy markazlashtirish zaruriyatga aylandi. Chunki davlatning
funksiyalari shu qadar kengaytirildiki, ularning eng asosiylari xo‘jalik-tashkilotchilik va madaniy-
tarbiyaviy funksiyalar bo‘lib qoldi.
Sovet davlati iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ehtiyojlarini byudjetdan to‘liq
moliyalashtirdi. Jamiyat taraqqiyotini ta’minlashda davlatning roli keskin oshdi. Chunki iqtisodiy
va ijtimoiy rivojlanishning barcha sohalariga davlat rejalari yordamida bevosita rahbarlik qildi.
Bu, albatta, xususiy mulk shakllarining davlat (umumxalq) mulkiga aylanishi bilan belgilanadi.
Shunga muvofiq ravishda davlat MDni qayta taqsimlashning soliq shakllaridan ishlab chiqarish
sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqsimlashga va Davlat byudjeti orqali qayta taqsimlashga o‘tdi.
Moliyaviy markazlashtirish yana shunda namoyon bo‘ldiki, davlat bevosita va monopol ravishda
baholarni shakllantirish, pul muomalasi, hisob-kitoblar tizimi va kredit munosabatlarini ham
tartibga soldi. Shunday qilib, boshqaruv tizimining barcha qiymat elementlari butun ishlab
chiqarish jarayonlarini boshqarib turuvchi yagona ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga amalda
birlashtirildi. Bunday moliyaviy siyosat bir ijtimoiy munosabatlar tizimidan insoniyat tarixi uchun
mutlaqo yangi bo‘lgan ikkinchi ijtimoiy munosabatlar tizimiga o‘tilishini, sovet davlati oldida
turgan va
faoliyatining turli bosqichlarida vujudga kelgan sotsial-iqtisodiy muammolarning yechilishini
kafolatladi. Bu moliyaviy siyosatni yetarli darajada samarali bo‘lgan moliyaviy siyosat deyish
mumkin. Chunki chor Rossiyasidan, fuqarolar urushidan, chet el harbiy intervensiyasidan meros
bo‘lib qolgan favqulodda murakkab moliyaviy vaziyatga qaramasdan fashistlar Germaniyasi bilan
urush arafasida Sovet davlati yyetarli darajada kuchli iqtisodiy salohiyatni yaratishga muvaffaq
bo‘ldi, urushda g‘alaba qozondi va qiyosiy qisqa muddatlarda urushdan vayron bo‘lgan xalq
xo‘jaligini tikladi.
II jahon urushidan keyingi yillarda Sovet davlatining moliyaviy siyosati g‘arb
mamlakatlari va eng avvalo, AQSh bilan qurollanish poygasi va kosmosni rivojlantirishdagi
musobaqani (raqobatni) moliyaviy jihatdan ta’minlashga qaratildi.
Bir vaqtning o‘zida sotsialistik lager mamlakatlariga juda katta miqdorda moliyaviy yordamlar
ko‘rsatildi:
• ularning taraqqiyotida sotsialistik orientatsiyani (yo‘nalishni) ta’minlash uchun;
• sotsialistik mamlakatlarni sanoati rivojlangan mamlakatlarga aylantirish uchun;
• kuchli harbiy ittifoqchilarni shakllantirish va umuman mudofaa qobiliyatini mustahkamlash
uchun.
Bu maqsadlarga erishish uchun xomashyo bazasini va eng avvalo, neft va gaz qazib chiqarishni
o‘ta yuqori sur’atlarda amalga oshirish talab etildi. Yangi qazilma boyliklarini o‘zlashtirish
(ularning geografiyasi shimoli-sharq tomonga qarab kengaya boshladi) juda katta miqdordagi
moliya resurslarning bo‘lishini taqozo etdi. Chunki bu narsalar faqatgina yangi hududlarni
o‘zlashtirish, o‘sha hududlarga katta miqdorlarda ishchi kuchini ko‘chirish (mehnatga haq
to‘lashning oshirilgan normalari bilan birgalikda) bilan bir qatorda yangidan neft va gaz
quvurlarini qurish yordamida amalga oshirildi. Xalqaro bozorda neft va gazning bahosi yuqori
bo‘lib turgan paytlarda ularni eksport qilish xarajatlarni ma’lum darajada qoplagan edi. Shunday
bo‘lishiga qaramasdan, bunday moliyaviy siyosatni amalga oshirish MDni tegishli tarzda qayta
taqsimlanishini talab qildi. Buning natijasida mamlakatda harbiy-sanoat kompleksi taraqqiy etgan
bir tomonlamali iqtisodiyot yaratildi.
Davlat tomonidan belgilangan maqsadlar nuqtayi-nazaridan urushdan keyingi davrning moliyaviy
siyosat va uni amalga oshirish choralarini nosamarali deb aytish unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Hukumat rasmiy hujjatlarida aholi turmush darajasi oshayotganligini bayon etish, albatta, bu
boshqa narsa. Shunday
bo‘lishiga qaramasdan aholining turmush darajasi mehnatga haq to‘lashning darajasiga va qishloq
xo‘jaligi, oziq-ovqat va yyengil sanoat, fuqarolik qurilishi va iste’mol predmetlari ishlab
chiqaruvchi tarmoqlarning rivojlanish darajasiga bog‘liq. Agar harbiy-sanoat kompleksida
(mamlakat aholisining kattagina qismi
shu sohada band edi) mehnatga haq to‘lashning darajasi qiyosiy jihatdan yuqoriroq bo‘lishiga
qaramasdan, hatto unda ishlayotgan aholi ham o‘zining iste’mol talablarini qondirish imkoniyatiga
ega emas edi. Shuning uchun ham iste’mol bozorining rivojlanishida ortda qolish urushdan keyingi
davrda sovet davlati moliyaviy siyosatning samaradorligini salbiy baholashning sababidir.
Moliyaviy siyosatni ishlab chiqishda moliyaviy resurslarni taqsimlash va qayta
taqsimlashning negizida quyidagilarning yotishi prinsipial ahamiyatga egadir:
• taqsimlash munosabatlarining subyektlarini, ya’ni moliyaviy resurslarning egalari va
taqsimlovchilarini tanlash;
• yuridik shaxslar va aholining o‘z ehtiyojlarini qondirishdagi mustaqillik darajasi va davlatning
funksiyalariga bog‘liq ravishda davlat ixtiyoridagi moliyaviy resurslarning markazlashtirilish
darajasini aniqlash;
• birinchi darajali ijtimoiy ehtiyojlar va ularni qondirish choralarini aniqlash va shularga mos
ravishda moliyaviy resurslardan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
• moliyaviy resurslarni shakllantirishning manbalari va metodlarini tanlash.
Moliyaviy siyosat o‘ta nozik va ko‘p qirrali tushuncha hisoblanadi. Agar umumiy holda
uning sohasi jamiyat taraqqiyotining alohida bosqichlarida hukmronlik qilgan nazariy
konsepsiyalardan kelib chiqqan holda iqtisodiy va sotsial sohalarni boshqarishda davlatning
ishtirok etish parametrlari bilan aniqlansa, uning qiymat munosabatlarining elementlari bo‘yicha
tabaqalanishi moliyaviy tizimning rivojlanganligiga va uning ayrim bo‘g‘inlarining mustaqilligiga
bog‘liq bo‘ladi.
Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi bizga mustaqil moliyaviy siyosatni yuritishga
imkon berdi. Qisqa fursatlarda O‘zbekiston moliyaviy siyosatning tamoyillari ishlab chiqildi va u
izchillik bilan amaliyotga joriy etila boshlandi. Yangi moliyaviy siyosatning asosiy mazmuni
shundaki, u davlatning iqtisodiyot tarmoqlarini har taraflama rivojlantirish orqali xalqning yuqori
turmush darajasini ta’minlash vazifasiga xizmat qilishga yo‘naltirilgan.
Nazorat savollari
1. Bozor isloxotlari sharoitida davlat moliya siyosatining vazifalari va xususiyatlari?
2. Moliya mexanizmining xujalik mexanizmida tutgan urni?
3. Moliyaviy dastaklar samarali faoliyatini ta’minlash muammolari?
4. Moliya mexanizmining ynstitucional tarkibi?
5. Davlat ijtimoiy siyosatidagi moliya siyosatini kelib chikishi.
6. Moliya siyosatini olib borishdagi funkciyasi.
7. Soliq siyosati.
Dostları ilə paylaş: |