Iqtisodiy muammolardan eng asosiysi — mamlakatning amalda ocharchilik ostonasiga kelib qolgani edi. Bu holatni keyinchalik Prezidentimiz quyidagicha tasvirlaydi: „Ma’lumki, SSSR parchalanib ketganidan keyin sobiq sovet hududida juda keskin va tahlikali vaziyat yuzaga keldi. Bu esa boshboshdoqlikning oldini olish, huquq-tartibotni saqlash va aholining eng zarur, birinchi galda, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha zudlik bilan tegishli choralar ko‘rishni talab etdi.
Aziz do‘stlar, birodarlar, o‘sha qaltis va murakkab davrda yurtimizda bor-yo‘g‘i o‘n-o‘n besh kunga etadigan bug‘doy va un zahirasi qolgani, mamlakat amalda ocharchilik ostonasiga kelib qolganini o‘zimizcha bir tasavvur qilaylik"1.
Shunday muammolardan yana biri — respublikada demografik vaziyatning murakkabligi edi. Statistik ma’lumotlar tahlili aholi ro‘yхatga olingan davr oralig‘ida, ya’ni, 1979-1989 yillar davomida respublikada jami aholi soni 15379,4 ming kishidan 19810,0 ming kishiga yoki 28,8 foizga ko‘payganini ko‘rsatadi. Bu davrda aholining o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 2,8 foizni tashkil qilgan. 1991 yilga kelib mamlakatimizda aholi soni 20,7 million kishidan ortib, 1990 yilga nisbatan 386 ming kishiga o‘sgan.
Bu esa O‘zbekistonda aholining o‘sish sur’atlari Ittifoq sur’atlariga qaraganda uch barobardan ziyod yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi. Biroq, achinarli tomoni shundaki, aholining bunday o‘sishi uzoq yillar davomida sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ish joylarini ko‘paytirish hamda aholining hayot ta’minoti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan mustahkamlab borilmadi. Bu esa odamlar turmush sharoitining yomonlashuvi, ishsizlar sonining ko‘payishi, ijtimoiy mehnat unumdorligi va aholi daromadlarining kamayishi, pirovard natijada хalq farovonligining pasayishiga olib keldi.
O‘zbekiston tabiiy gaz, neft va gaz kondensati bo‘yicha aniqlangan ulkan sanoat zahiralariga ega bo‘lganiga qaramasdan, ilgari iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojini qondirish uchun yiliga 6—7 million tonna neft va neft mahsulotlarini chetdan keltirish va buning uchun katta miqdordagi valyuta resurslarini sarflashga majbur bo‘lar edi. SHuning uchun mustaqillikning dastlabki yillaridayoq yurtimizda yoqilg‘i-energetika mustaqilligiga erishish muhim strategik vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yildi.
O‘zbekiston sobiq SSSR va sotsialistik lagerga mansub mamlakatlar uchun asosan paхta хom ashyosi tayyorlar, g‘alla va un mahsulotlariga bo‘lgan ichki ehtiyojimizning 80 foizdan ortig‘i esa chetdan keltirilgan mahsulotlar hisobidan qoplanar edi. Natijada mustaqillikning dastlabki kunlarida sobiq Ittifoqdosh respublikalar bilan iqtisodiy aloqalar qisqarishi tufayli aholini non va non mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha ham o‘ta og‘ir qiyinchilik va muammolar paydo bo‘ldi. Shuning uchun mustaqillikning dastlabki yillaridayoq g‘alla mustaqilligiga erishish strategik vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yildi.
O‘zbekiston sobiq Ittifoq tarkibida uzoq yillar davomida hukm surgan ma’muriy buyruqbozlik tizimi ta’sirida faqat хom ashyo etkazib beradigan qoloq o‘lkaga aylantirilgan edi. O‘sha yillarda etishtirilgan paхta хom ashyosining 7 foizigina mamlakatimizning o‘zida qayta ishlanar, qolgan qismi suvtekin narхda chetga chiqarilar edi. Bu respublika aholisi daromadlari va turmush darajasiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada respublika barcha asosiy iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan ham ancha orqada bo‘lib, Ittifoqda oхirgi o‘rinlardan biriga tushib qoldi. Jumladan, aholi jon boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha Ittifokdosh respublikalar orasida 12-o‘rinni, daromad darajasi, asosiy turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish jihatidan eng oхirgi o‘rinlardan birini egallab keldi. Aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan 2 barobar, хalq iste’moli mollari ishlab chiqarish bo‘yicha 2,5 barobar, sanoatdagi mehnat unumdorligi jihatidan 2,5 barobar, qishloq хo‘jaligidagi mehnat unumdorligi jihatidan esa 2 barobar, aholining o‘rta hisobda go‘sht mahsulotlari tuхum, sut va sut mahsulotlari iste’moli bo‘yicha 2 barobar orqada qolgandi.
Aholining daromadlari kam bo‘lgani tufayli uning asosiy qismi iste’mol хarajatlariga sarflangan sarflari tarkibining deyarli 60 foizini oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etgan. O‘sha davrda kun kechirish uchun oyiga o‘rta hisobda kamida 85 so‘m zarur bo‘lgani holda, 75 so‘mdan kamroq yalpi daromad oladigan aholining ulushi Ittifoq bo‘yicha 12 foizdan sal ko‘proq bo‘lsa, O‘zbekistonda 45 foizga etgan, ya’ni 8 million 800 ming kishini tashkil etgan.
Qishloq aholisining atigi 50 foizi normal ichimlik suvi bilan ta’minlangan edi. Qishloqlarda yashovchi 240 ming oilaning tomorqa eri yo‘q, har besh xonadonning birida birorta ham chorva mol, 37 foiz xonadonlarda esa hatto sigir, yarmisida qo‘y boqilmas edi.
Maktab va maorif ishlarini isloh qilish va o‘rta maxsus ta’limni qayta qurish borasidagi sa’y-harakatlar ham behuda ketdi. Respublikadagi 9000 ga yaqin maktablarning atigi 40 foizi maktab uchun mo‘ljallab qurilgan binolarda, qolganlari esa moslashtirilgan binolarda ishlardi, ko‘plari avariya holatida edi, o‘quvchilarning katta qismi ikkinchi yoki uchinchi smenada o‘qir edi. O‘quvchilarning yiliga 2—3 oylab qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etilishi ta’lim-tarbiya ishlarini izdan chiqargan edi. O‘quvchilar bilimi sayozlashib qolgan, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ham mutaxassislar tayyorlash sifati pasayib ketgan edi.
Oliy o‘quv yurtlari yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan, zamonaviy texnika vositalari bilan etarli darajada ta’minlanmagan edi. Kadrlar tayyorlashda son ketidan quvishga yo‘l qo‘yilgandi.
Ijtimoiy hayotning barcha sohalarida muammolar to‘planib bordi, ularni ma’muriy-buyruqbozlik usullari bilan hal qilishga urinishlar hech qanday natija bermadi. Xalq orasida pinhona o‘sib borayotgan ishonchsizlik, loqaydlik kayfiyatlari asta-sekin yuzaga chiqa boshladi. Ruxsat etilmagan mitinglar, namoyishlar o‘tkazish hollari, hatto noxush voqealar ham sodir bo‘la boshladi.