Reja:
1. Marketingning g‘oyaviy asoslari.
2. Kompaniyada marketingning roli.
3. Bozor iqtisodiyotida marketingning roli.
4. Marketingni ustuvor rolining o‘zgarishi
1. Marketingning g‘oyaviy asoslari.
“Marketing” so‘zi keng tarqalgan bo‘lsa-da, asosan quyidagi uch jihatning birida keng ishlatiladi. Marketing - bu reklama, sotishni rag‘batlantirish va xaridorga ta’sir ko‘rsatish, ya’ni boshqacha qilib aytganda, mavjud bozorlarni egallab olish uchun foydalaniladigan savdoning o‘ta muhim vositalari majmuasidir.
Marketing - faqatgina katta korxonalarning imkoniyatiga to‘g‘ri keladigan bozorni tahlil qilish vositalari majmuasi bo‘lib, ular ehtiyojlarni va talabni tahlil qilishga istiqbolli va ilmiy yondoshuvni ishlab chiqish uchun foydalaniladi.
Marketing – bu iste’mol jamiyatining arxitektoridir, ya’ni bu sotuvchilar iste’molchilarni tijorat yo‘li bilan ekspluatatsiya qiladigan bozor tizimidir. Tobora ko‘proq tovar sotish uchun muttasil yangi ehtiyojlarni yaratib borish lozim. Bunda xuddi ishchilar ish beruvchidan ajratib qo‘yilgani singari, xaridorlar sotuvchidan ajratib qo‘yiladi.
Bu - o‘ta soddalashtirilgan qarashlar ortida marketing konsepsiyasining uch jihati yotadi: faol jihat (bozorga kirib borish), tahliliy jihat (bozorlarni tushunish) va g‘oyaviy jihat (fikrlash shakli). Marketingni uning faol jihatidan tushunish, ya’ni marketingga bir necha sotish usullari sifatida qarash (operasion marketing) tendensiyasi ko‘p uchraydi va uning tahliliy jihatiga (strategik marketing) yetarlicha baho berilmaydi.
Marketingga bunday qarash - marketing va reklama hamma narsaga qodir, ular bozorni qudratli kommunikasiya usullari yordamida istalgan narsani qabul qilishga majbur qila oladi, degan mavhum fikrga asoslangandir. Bunday sotish usullari ko‘pincha xaridorlarning aniq ehtiyojlarini qondirish istagiga mutlaqo bog‘liq bo‘lmaydi. Asosiy e’tibor sotuvchining ehtiyojlariga, ya’ni savdoni amalga oshirishga qaratiladi. SHuning uchun marketingni strategik jihatdan ishlab chiqish va marketing strategiyasini tushunish muhim ahamiyatga ega.
Marketing strategiyasi firma imkoniyatlarini bozordagi holatga muvofiqlashtirish, qo‘yilgan maqsadlarga erishishning kompleks vositalarini belgilashdan iborat.
Strategiya - bir muncha qiyin va mavhumlashtirilgan amaliy faoliyat falsafasi sifatida namoyon bo‘ladi. Strategiya aniq sharoitda va o‘zgarishlar ta’sirida oydinlashtirilib, orientirlarga aylanadi. Tegishli davr mobaynida, qisqa muddatda, tegishli sharoitdan kelib chiqqan holda qabul qilinadigan qarorlarda, tavakkalchilik siyosatida (uni xavf-xatar darajasiga ko‘ra) uslublar yig‘indisi - taktika tarzida ushbu strategiyani amalga oshiradi.
Umumlashtirib aytganda, marketing strategiyasi o‘zaro bir-biri bilan besh asosiy jihat - bozorni tanlash, maqsadni tanlash, mablag‘ va muddatlarni tanlash, samaradorlikni nazorat qilish, muqobil strategiyani tanlashdan iborat. Bu holda iste’molchining ustuvorlik tamoyilini ham ko‘rib chiqsak bo‘ladi. Aslida marketing asosini, uning konsepsiyasini tashkil qiluvchi nazariya yoki g‘oya mutlaqo boshqachadir. U iste’molchining ustuvorlik tamoyilidan kelib chiqadigan shaxsiy tanlash nazariyasiga asoslanadi.
✓ Insonlar hayotdan manfaat olishga intiladilar. Aynan shaxsiy manfaatning ko‘zlanishi kishilarni mehnatga undaydi, o‘sishning, shaxsiy kamolotning harakatlantiruvchi kuchi vazifasini o‘taydi va oxir-oqibatda butun jamiyatning farovonligini belgilab beradi.
✓ Manfaatlarning xarakterini did, madaniyat, qadriyatlar va hokazolarga bog‘liq bo‘lgan shaxsiy qarashlar belgilaydi.
Bozor iqtisodiyotining asosida biz to‘rtta markaziy g‘oyani ko‘rishimiz mumkin. ✓ Aynan erkin va raqobatli ayirboshlash yordamida kishilar va ular bilan hamkorlik qiladigan tashkilotlar o‘z maqsadlariga erishadilar. Agar ayirboshlash erkin bo‘lsa, u faqat ikkala tomon uchun ham foydali bo‘lgan taqdirdagina amalga oshadi, agar ayirboshlash raqobatli bo‘lsa, u holda ishlab chiqaruvchilarning bozordagi o‘rnini suiiste’mol qilish xavfi cheklangandir.
✓ Bozor iqtisodiyoti mexanizmlari shaxsiy erkinlik tamoyiliga va ayniqsa, iste’molchining ustuvorlik tamoyiliga asoslangandir. Tizimning axloqiy negizi kishilarning o‘z xatti-harakatlari uchun javobgar ekanligini hamda o‘zlari uchun nimaning yaxshi va nimaning yomon ekanligini o‘zlari hal qilishlariga asoslanadi.
Marketing sohalari.
Marketing harakatlari sohasini uch asosiy bo‘lakka bo‘lish mumkin.
Iste’mol marketingi, bunda ayirboshlash firmalar va pirovard iste’molchilar, jismoniy shaxslar yoki oilalar o‘rtasida amalga oshiriladi.
Sanoat marketingi yoki firmalararo marketing, bunda ayirboshlash jarayonida ikkala tomon sifatida tashkilotlar ishtirok etadi.
Ijtimoiy marketing, u muzeylar, universitetlar va shu kabi daromadsiz tashkilotlarning faoliyat sohalarini o‘z ichiga oladi.
1.1.-rasm. Marketingning ikki qiyofasi
Marketingning ikki ko‘rinishi. Mazkur harakat falsafasining qo‘llanilishi 1.1-rasmda ifodalangandek, firma faoliyatining ikki yo‘nalishini ko‘zda tutadi.
1. Birinchi yo‘nalish - iste’molchilarning hal qiluvchi guruhlari ehtiyojlari va talablarini muntazam va doimiy tahlil qilib borish, shuningdek, kompaniyaga tanlab olingan xaridorlar guruhlariga raqobatchilarga qaraganda yaxshiroq xizmat ko‘rsatishga imkon beruvchi va shu yo‘l bilan ishlab chiqaruvchiga raqobatchilikdagi barqaror ustunlikni ta’minlovchi samarali tovar va xizmatlar konsepsiyasini ishlab chiqishdan iborat.
2. Ikkinchi yo‘nalish esa potensial xaridorlarni xabardor qilish va xaridorlarni izlash xarajatlari kamayganda tovarning o‘ziga xos sifatlarini namoyish qilish maqsadida savdoni va kommunikasiyalar siyosatini tashkil qilishdan iborat. Operasion marketingning roli shulardan iborat.
“Marketing” atamasi tom ma’noda bozor sari harakatlanish jarayoni ma’nosini beradi, bu atama jarayonning ichki ikkiyoqlamalik xossasini to‘la ochib bera olmaydi va marketingning “tahliliy” jihatiga nisbatan uning “faolroq” tomoniga ko‘ra ko‘proq urg‘u beradi. Bu ikkiyoqlamalikni xarakterlash uchun “strategik” va “operasion” marketing atamalaridan foydalaniladi.
2. Kompaniyada marketingning roli
Operasion marketing qisqa muddatga mo‘ljallangan rejalashtirishning mavjud bozorlarga qaratilgan faol jarayondir. Bu tovar, sotish, narx va kommunikasiyalarga oid taktik vositalardan foydalanish yo‘li bilan kerakli savdo hajmiga erishishning klassik tijorat jarayonidir.
Marketingning firmaning iqtisodiy operasiyalarida o‘ynaydigan roli 1.2.-rasmda ko‘rsatilgan. Bu yerda boshqaruvning to‘rt asosiy funksiyasi (tadqiqot va ishlab chiqish, ishlab chiqarish, marketing va moliya) o‘rtasidagi asosiy moliyaviy aloqalar keltirilgan.
Operasion marketingning asosiy maqsadi – tovar sotishdan daromadlar hosil qilish, ya’ni maqsadli aylanmalardir. Bu sotishning eng samarali usullaridan foydalangan holda xarid uchun buyurtmalarni “sotish” hamda qabul qilish va ayni paytda xarajatlarni kamaytirishni anglatadi.