2. Morfogenez. Organizmning rivojlanishi mobaynida differensiyalashgan hujayralar asta-sekin o’zlariga mo’ljallangan joylarni egallab, u yerda ularning bo’linishi va o’sishi davom etadi. Bu jarayon morfogenezning bir bo’lagi hisoblanadi, chunki ayni shu hujayralarning bo’linishi va o’sishi natijasida yetilgan organizmga xos bo’lgan tizim-organlar, to’qimalar hosil bo’ladi. Morfogenez xususiyatlari har xil organizmda har xil bo’ladi. O’simliklarda morfogenez natijasida asosan poya, ildiz, barg va gullar hosil bo’ladi. Hayvonlarda morfogenez biroz o’zgacharoq o’tib, bunda xayvonlarning tashqi morfologik belgilari-shakllari keskin o’zgaradi, bu o’zgarish ayniqsa umurtqali hayvonlarda yaxshi kuzatilib, ularning to’qima va umurtqalarining keskin murakkablashishiga olib keladi.
3. Organizmning individual rivojlanishi - Ontogenezi. Individual rivojlanish yoki antogenez tiriklikning eng muhim xususiyatlaridan biridir. Bir hujayrali organizmlar antogenezi, ular hosil bo’lganidan boshlanib, qayta bo’linishi yoki o’lishi bilan tugallanadi.
Jinsiy usulda ko’payuvchi organizmlarda antogenez zigotaning hosil bo’lishidan boshlanib, ularning o’limi bilan tugallanadi. Ontogenez (yunoncha anton-mavjudot, genezzis-rivojlanish so’zlaridan olingan). Bu tushuncha 1866 yilda E.Gekkel tomonidan fanga kiritilgan.
Ontogenezning uchta tipi bor:
1. Lichinkali rivojlanish.
2. Lichinkasiz rivojlanish.
3. Ona qornida rivojlanish.
Lichinkali rivojlanish tuxum hujayrada sariq moddasi kam bo’lgan organizmlarda kuzatiladi. Ularning lichinkasi yetuk shaklidan o’z tuzilishi bilan farq qiladi.
Lichinkasiz ontogenez tuxumda oziq moddalar ko’p bo’lgan organizmlar (baliqlar, reptiliyalar, qushlarda) kuzatiladi, yosh organizmlar o’z tuzilishiga ko’ra yetuk organizmlarga ancha o’xshaydi.
Odamda va yuqori sut emizuvchilarda ona qornida rivojlanish uchraydi. Organizmning hamma hayotiy funksiyalari ona organizmi orqali amalga oshadi. Ontogenez asosan ikki davrga: 1) Embrional rivojlanish davri, 2) postembrional rivojlanish davriga bo’linadi.