2.5. Auditning ishchi hujjatlarini tuzish Auditorlik faoliyatining barcha jabhalarida bo’lgani kabi ishchi hujjatlarni tuzish va uni yuritish bo’yicha maxsus standart ishlab chiqilgan. Auditorlik tashkiloti tomonidan o’tkaziladigan auditning tekshiruvi majburiy ravishda hujjatlashtirish bilan bog’lanishi, ya’ni qabul qilingan ma’lumotni auditorlik tekshiruvining mazkur standartiga muvofiq ravishda rasmiylashtirilgan auditorlik tekshiruvining ishchi hujjatlari to’plamida aks ettirilishi lozim. Ishchi hujjatlar to’plamini yanada aniqroq tasniflash uchun ularni quyidagi turlarga ajratish maqsadga muvofiqdir:
1. Mijoz hujjatlaridan nusxa;
2. Tekshiruv jarayonida auditor tomonidan tuzilgan hujjatlar;
3.Tekshiruv davomida mijozning yozma tasdiqlari.
4.Auditorlik tekshiruvining ishchi hujjatlar to’plamiga quyidagilar kiradi:
Mijoz hujjatlaridan nusxa. Mijoz hujjatlaridan olingan nusxalarni auditor o’zining ishchi hujjatlari bilan birga saqlashi lozim. Mijoz hujjatlariga quyidagilar kiradi:
– korxona Nizomi;
– ta’sis shartnomasi;
– ro’yxatdan o’tkazilganlik to’g’risidagi guvohnoma;
– aktsionerlar yig’ilishining bayonnomalari va boshqa yuridik hujjatlar;
– mijozning hisob siyosati;
– auditor tasdiqlashi lozim bo’lgan moliyaviy hisobot.
Bundan tashqari auditor mijoz haqida quyidagi ma’lumotlarni bilishi shart:
– aktsionerlar, ta’sischilar to’g’risida ma’lumot;
– asosiy faoliyat turi; – sho’’ba korxonalari tarkibi va joylashishi;
– mijoz rahbariyati, boshqaruvi haqida ma’lumot;
– korxonani boshqarish sxemasi;
– korxonaning kredit muassasalaridagi schetlari.
Auditorlik tekshiruvi jarayonida auditor tomonidan tuzilgan hujjatlar, auditning ishchi hujjatlari tarkibida katta hajmni egallaydi. Har bir auditorlik tashkilotida o’rnatilgan ichki standartlar bo’yicha bo’ladi. Bunday hujjatlarga quyidagilar kiradi:
– auditorlik tekshiruv dasturi;
– buxgalteriya hisobi tizimini baholash va o’rganish natijalari: buxgalterlari mansablari bo’yicha taqsimlanishini sxemalari;
– ichki nazorat tizimini o’rganish va baholash natijalari;
– mijozning soliq ttlash bo’yicha xususiyatlari (to’laydigan soliq turlari, stavkalari, imtiyozlar);
– hisobvaraqlardagi qoldiqlar tahlili;
– korxonaning moliyaviy holati tahlili;
– tekshirish davomida har bir auditorning bajaradigan ishlari grafigi;
– auditorlarning ekspert, konsultantlar bilan muloqotining nusxasi. Tekshirish davomida mijoz bilan yozma hujjatlariga quyidagilar kiradi:
– auditni o’tkazish bo’yicha xat-taklifnoma;
– shartnoma; – auditorning xat-majburiyatidan nusxa;
– auditorning mijoz rahbarlaridan olgan xatlari;
– mijozning auditorga yozgan xatlari;
– ekspert xulosalaridan nusxa;
– ma’muriyat axborotlari;
– auditorlik firma hisoboti;
– buxgalteriya hujjatlari va hisobotidagi xatolarni to’g’rilash to’g’risidagi bayonnoma;
– auditorlik tashkilotining xulosasi.