2.4. Biznesni bilish
Moliyaviy hisobot auditini o’tkazishda auditor, auditorning fikri bo’yicha moliyaviy hisobotga, tekshiruvga yoki auditorlik hisobotga ahamiyatli ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan hodisalar, operatsiyalar va qabul qilingan amaliyotni aniqlash va tushunish uchun etarli hajmda biznesni bilishi yoki unga oid bilim olishi lozim. Masalan, auditor bunday bilimlarni ajralmas tavakkalchilik va nazorat tavakkalchiligiga baho berishda hamda auditorlik muolajalarining tavsifi, muddati va hajmini aniqlashda qo’llaydi. Auditorning xizmat ko’rsatish uchun kerakli bo’lgan bilimlar darajasi iqtisod va sub’ekt o’z faoliyatini amalga oshirayotgan doirasida tarmoq bo’yicha umumiy bilimdan hamda sub’ekt o’z vazifasini qanday bajarayotganligi to’g’risida mufassal bilimdan iborat. Biroq, auditorga kerakli bo’lgan bilimlar darajasi, odatda, har doim sub’ekt rahbariyati ega bo’lgan bilimlar darajasidan pastroq.
Kelishuv qabul qilingunga qadar auditor audit qilinadigan sub’ektning tarmog’i, mulkchilik huquqi, rahbariyati va faoliyatiga oid dastlabki bilimlarni olishi lozim va audit o’tkazish uchun kerakli bo’lgan bilim darajasiga erishish imkonini ko’rib chiqishi kerak. Kelishuv qabul qilingandan so’ng qo’shimcha va batafsilroq ma’lumotlar to’planadi. Imkoni boricha kerakli bo’lgan bilimlar hajmini auditor kelishuv bajarilishining boshida olishi lozim. Auditni o’tkazish vaqtida oldin olingan ma’lumot baholanadi, yangilanadi va to’ldiriladi. Mijoz biznesi to’g’risida bilimlar olish ma’lumotni yig’ish va baho berishning uzluksiz va kumulyativ jarayoni va auditning barcha bosqichlarida olingan bilimlarni auditorlik dalillar va ma’lumot bilan bog’lanishini aniqlash hisoblanadi. Masalan, ma’lumot rejalashtirish bosqichida yig’ilishiga qaramasdan, auditor va uning yordamchilari biznes to’g’risida yanada ham to’liqroq tasavvur olishlariga qarab, keyingi bosqichlarda unga aniqlik kiritiladi va to’ldiriladi. Keyingi kelishuvlarda auditor oldin yig’ilgan ma’lumotni, jumladan oldingi yil bo’yicha ishchi hujjatlaridagi ko’rsatkichlarni yangilaydi va baho beradi. Auditor, shunigdek, oxirgi audit o’tkazilgandan so’ng sodir etilgan ahamiyatli o’zgartishlarni solishtirishga qaratilgan muolajalarni bajaradi. Auditor tarmoq va sub’ekt to’g’risida bilimlarni bir necha manbalarda olishi mumkin. Masalan: Ushbu sub’ekt va u qaraydigan tarmoq bilan oldingi ish tajribasidan.
Sub’ekt xodimlari bilan suxbatlar o’tkazishdan (masalan, direktor va etakchi mutaxassislar bilan).
Ichki audit xodimlari bilan suxbatlar o’tkazish va ichki audit hisobotlarini sharhlashdan.
Ushbu sub’ektga yoki ushbu tarmoqning boshqa korxonalariga xizmat ko’rsatgan auditorlar, huquqshunoslar va boshqa maslahatchilar bilan suxbat o’tkazishdan.
Ushbu tarmoqda ishlamaydigan kasbiy xabardor bo’lgan boshqa shaxslar bilan suxbat o’tkazishdan (masalan, ushbu tarmoqda ixtisoslashgan iqtisodchilar, ushbu tarmoqni tartibga soluvchi idoralar vakillari hamda buyurtmachi, mol etkazib beruvchi va raqobatchilar bilan). Tarmoqqa taalluqli bo’lgan nashrlardan (masalan, davlat statistikasi, sharhlovchi materiallar, maqolalar, tijorat jurnallar, banklar va qimmatli qog’ozlarga oid operatsiyalar bo’yicha vositachilar tomonidan tayyorlangan hisobotlar, moliyaviy gazetalar)..
Sub’ekt faoliyatiga ahamiyatli darajada ta’sir etuvchi qonunchilika oid va me’yoriy hujjatlardan.
Sub’ektning ishlab chiqarishga va ma’muriy xonalari joylashgan joylarga borishdan.
Sub’ekt tomonidan tayorlangan hujjatlardan (masalan, majlislar bayonnomalari, aktsiyadorlarga yuboriladigan yoki tartibga soluvchi idoralarga taqdim etiladigan materiallar, reklamaga oid materiallar, oldingi yillar bo’yicha yillik va moliyaviy hisobotlar, byudjetlar, sub’ekt rahbariyatining ichki hisobotlari, oraliq moliyaviy hisobotlar, boshqaruv siyosati bo’yicha rahbariyat, buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimlarini yuritish bo’yicha qo’llanmalar).
Dostları ilə paylaş: |