Tarbiya maqsadining aniqligi. O’zR mustaqilligining dastlabki yillaridayoq respublikada amalga oshirilishi ko’zda tutilayotgan tarbiya maqsadi aniq belgilab olindi. O’zRning “Ta’lim to’qrisida”gi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” g’oyalariga ko’ra ijtimoiy tarbiyaning asosiy maqsadi – erkin, ijodkor, mustaqil fikr egasi bo’lgan komil inson va malakali mutaxassisni tarbiyalab voyaga etkazishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish yo’lidagi asosiy vazifa – bu shaxsda umumiy madaniyat unsurlari, ya’ni, shaxsning aqliy, axloqiy, jismoniy, estetik, iqtisodiy, ekologik, huquqiy, siyosiy hamda mehnat madaniyatini tarbiyalashdan iborat.
Bolalar va kattalarning birgalikdagi faoliyati. O’qituvchi (tarbiyachi)ning tomonidan milliy va umuminsoniy qadriyatlarning to’g’ri anglanishi tarbiya jarayonida o’quvchi faolligini ta’minlashga yordam beradi. Dunyoqarashi to’la shakllanmagan bolalar uchun kattalarning hayotiy tajribalari, ularning shaxsiy namunalari tarbiyaviy ta’sir kuchiga ega.
O’z-o’zini anglash. Tarbiya insonda e’tiqod, demokratik qarashlar va hayotiy pozitsiyaning shakllanishiga olib keladi. Tarbiya mazmunining eng muhim unsurlaridan biri – bu insonning hayotiy o’z-o’zini anglashi, uning o’z shaxsiy hayoti va faoliyatining sub’ekti sifatida e’tirof etilishi bilan tavsiflanadi. Inson kamolotida fuqarolik, kasbiy va axloqiy o’z-o’zini anglash jihatlari muhim ahamiyatga egadir.
Tarbiyaning shaxsga yo’naltirilganligi. Mazkur g’oya ta’lim muassasasi amaliyotining markaziy nuqtasida tarbiyaviy ishlar dasturi, tadbirlar, ularning shakl, metod va vositalari emas. Balki o’quvchi turganligini anglatishga xizmat qiladi. Tarbiya jarayonida uning shaxsiy xususiyatlari, qiziqishlari, o’ziga xos xarakteri, o’z qadr-qimmatini anglash tuyg’ulari rivojlantirilib borilishi zarur.
Ixtiyoriylik. Tarbiyalanuvchilarning iroda erkinligisiz tarbiya g’oyalari mohiyatini qaror toptirish mumkin emas. Tarbiya jarayoni oqilona tashkil etilsa, bir vaqtning o’zida o’quvchi va o’qituvchi ma’naviyatini boyitishga xizmat qiladi. Agar tarbiyachi o’quvchining qiziqishi, faoliyati, o’rtoqlik va fuqarolik burchini anglash, mustaqillikka intilish tuyg’ularini ko’ra va anglay olsagina uning irodali ekanligi ayon bo’ladi. Tarbiyalanuvchining irodali bo’lishi ta’minlangan sharoitda uning shaxsiga ta’sir ko’rsatishga yo’naltirilgan faoliyat jarayonida samaraga erishiladi.