Makro sotsiolingvistika tilning u yoki bu darajada ijtimoiy omillar bilan shartlangan yirik ko‘lamdagi jarayonlarini o‘rganadi. Bu jarayon va munosabatlar jamiyatga to‘liqligicha yoki uning katta majmuasiga: ijtimoiy qatlam, etnos, etnik guruh kabilarga xos bo‘ladi. Masalan, tilning ijtimoiy differensiatsiyasini o‘rganish makro qatlamni: mazkur milliy til va uning kichik tizimlarini o‘z ichiga oladi.
Makroyondashuv ikki tillilikka bag‘ishlangan ko‘plab ishlarda keng kuzatiladi; tilni me’yorlashtirish va kodifikatsiyalash muammolari, shuningdek, til siyosati va lisoniy rejalashtirish masalalari ham eng avvalo, makro sotsiolingvistik yondashuv doirasida o‘rganiladi. Chunki bu masalalar mazkur til (yoki tillar)dan foydalanuvchi butun aholining yoki uning katta qismiga tegishli manfaatlarga taalluqli bo‘ladi. Masalan, bir davlatda yashovchi kichik elatlar tiliga xos siyosiy masalalarda tadqiqotchi shu etnos tilining alohida vakillari misolida emas, balki bu tilning u yoki bu darajada saqlanib qolganini butun etnos misolida o‘rganib chiqadi. Ko‘p millatli jamiyatda u yoki bu etnos tilining funksional xossalari, shakllari, ularning qandaydir tarkibiy qism sifatida biror bir milliy tilga kirganini tekshirish uchun ham mikroyondashuv talab qilinadi.
Makro sotsiolingvistikaga ijtimoiy darajada o‘ta muhim – lisoniy vaziyatlar tahlili bilan bog‘liq muammolar ham kiradi. Jamiyatning lisoniy hayotida makroyondashuv asosida tadqiq qilinishi kerak bo‘lgan muammolar ko‘p. Bu muammolarning turli tumanligi va ularning o‘ziga xos xususiyatlarini “Dunyoning turli hududlaridagi sotsiolingvistik muammolar” nomli yirik to‘plamga murojaat qilib ham bilib olish mumkin.
Ikki tillilik muammosi ham makro sotsiolingvistikada o‘rganiladi. Tilning sayqallanishi va uni kodlashtirish; til siyosati va tilni prognozlashtirish muammolari makro sotsiolingvistikaning obyekti hisoblanadi.
Lisoniy vaziyatlarning tahliliga bog‘liq muammolar ham makro sotsiolingvistika doirasida o‘rganiladi. Biror bir ijtimoiy-kommunikativ tizimning muloqot sohalariga bo‘linishi, kommunikativlik darajasini aniqlash kabilar shular jumlasidandir.